Mamlakatda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda va modernizatsiya qilinmoqda, bu aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirish imkonini beradi.
2003-yildan buyon tadbirkorlik subyektlarini “yagona darcha” tamoyili boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyalari (keyingi oʻrinlarda Inspeksiyalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshirib kelingan.
2016-yil 1-yanvardan boshlab Inspeksiyalar negizida Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari (keyingi oʻrinlarda Yagona markazlar deb yuritiladi) tashkil etildi.
2017-yil 1-fevraldan Yagona markazlarning tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuzilmasidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga oʻtkazilishi mazkur sohani rivojlantirish boʻyicha keyingi qadam boʻlib, vertikal boshqaruvni shakllantirish, ularning samarali faoliyatini tashkil etish imkonini berdi. Natijada Yagona markazlar tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 33 tagacha oshdi.
2017-yil 1-apreldan boshlab roʻyxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilganligi “Doing Business 2018” global reytingidagi “Biznesni roʻyxatdan oʻtkazish” koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekistonning mavqeyini 24-oʻrindan 11-oʻringa yaxshilashga xizmat qildi.
Shu bilan birga, davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimining aholi va tadbirkorlik subyektlari ehtiyojlarini toʻliq qanoatlantiradigan sifat jihatidan yangi darajaga oʻtishiga ayrim tizimli muammolar toʻsqinlik qilmoqda. Xususan:
birinchidan, “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish imkoniyatidan faqat tadbirkorlik subyektlari foydalanishi mumkin. Bunda fuqarolar hanuzgacha turli davlat organlarida hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha murakkab tartib-taomillardan oʻzlari oʻtishga majbur boʻlmoqda;
ikkinchidan, qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalarining mavjud emasligi, ular idoralararo integratsiya qilinishining past darajada ekanligi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan barcha davlat xizmatlari majmuasidan qulay va oʻz vaqtida foydalanishni taʼminlamayapti;
uchinchidan, koʻpchilik davlat xizmatlarini koʻrsatishning tartib-taomillari murakkab va foydalanish uchun qiyin boʻlib qolmoqda, narxni shakllantirish mexanizmlari shaffof emas, alohida hollarda tor idoraviy manfaatlarda “monopol” xizmatlar koʻrsatishga talablar belgilanmoqda;
toʻrtinchidan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining past darajada ekanligi, qogʻoz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolgan andozalari asossiz moliyaviy xarajatlarga, fuqarolar koʻp vaqt kutib qolishi va navbatlar yuzaga kelishiga hamda oqibatda, ayrim hollarda korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelmoqda;
beshinchidan, davlat xizmatlari koʻrsatishni, shu jumladan real vaqt rejimida masofadan monitoring qilish va jamoatchilik fikrini oʻrganish orqali nazorat qilish va sifatini baholashning taʼsirchan tizimi mavjud emas.
Yuqorida qayd etilgan omillar aholining davlat xizmatlaridan keng foydalanishini taʼminlash, ularni koʻrsatish bilan bogʻliq vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish, aholining davlat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini oshirish imkonini bermaydi.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimining sifat jihatidan yangi darajaga oʻtishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini tubdan isloh qilishning eng muhim yoʻnalishlari deb hisoblansin:
birinchidan, davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida ularning sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkoniyatini tubdan oshirish orqali “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulugʻvor gʻoyani soʻzsiz amalga oshirish;
ikkinchidan, Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlarini ham yuridik, ham jismoniy shaxslarga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha xizmatlarni taqdim qiluvchi Davlat xizmatlari markazlariga oʻzgartirish;
uchinchidan, davlat xizmatlarining har bir turi boʻyicha “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyiliga koʻra davlat xizmatlari koʻrsatish mexanizmini, eng avvalo, ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish, vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olishi hisobiga soddalashtirishni nazarda tutuvchi maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash;
toʻrtinchidan, davlat xizmatlari koʻrsatish sohasiga innovatsion yechimlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning maʼlumotlar bazalarini idoralararo elektron hamkorlik yagona tizimiga integratsiya qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlari koʻrsatish amaliyotini kengaytirish;
beshinchidan, davlat xizmatlarini, shu jumladan olis joylarga chiqish orqali (“mobil davlat xizmatlari”) koʻrsatishning maqbul, qulay va shaffof uslublaridan, mazkur sohada byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishini bartaraf etishga qaratilgan navbatni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi va ishlarning uzaytirilgan grafigidan foydalanish;
oltinchidan, davlat xizmatlari koʻrsatish sifati va tezkorligini monitoring qilish va baholashning ilgʻor mexanizmlarini joriy etish, aholi bilan qayta aloqaning samarali tizimini, shu jumladan tezkor aloqalarni, rasmiy saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalarda on-layn soʻrovlarni tashkil qilish;
yettinchidan, davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida malakali kadrlarni tizimli tayyorlash va qayta tayyorlashni, ularning malakasini, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning yetakchi ixtisoslashgan muassasalarida stajirovka oʻtash orqali tizimli ravishda oshirishni tashkil etish.
(2-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
(3-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
4. 2018-yil 1-yanvardan Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirilsin, kuyidagilar ularning asosiy vazifalari sifatida belgilansin:
jismoniy va yuridik shaxslarga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha, shu jumladan olis joylarga chiqqan holda davlat xizmatlari koʻrsatish;
davlat xizmatlari servisining yuqori sifati, tezkorligi, shaffofligi, qulayligi va foydalanish imkoniyatini taʼminlash, mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarga yoʻl qoʻymaslik;
idoralararo hamkorlikni, eng avvalo, davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur hujjat va axborotlarni tezkorlik bilan olishni taʼminlovchi elektron hamkorlikni amalga oshirish;
davlat xizmatlari koʻrsatishda jismoniy va yuridik shaxslarga malakali axborot va maslahat yordamlarini taqdim etish;
vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatishda qonun hujjatlari va maʼmuriy reglamentlar talablariga rioya etilishini taʼminlash.
(5-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
(6-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
(7-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ilgʻor xalqaro amaliyotni oʻrganish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari binolarining ularda Davlat xizmatlari markazlarini joylashtirishni ham nazarda tutgan holda namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin va koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari zamonaviy binolarini tasdiqlangan loyihalarga muvofiq, eng avvalo, davlat-xususiy sheriklik shartlarida qurish choralarini koʻrsin;
yangi binolar foydalanishga topshirilgunga kadar Davlat xizmatlari markazlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari binolarida, zarur hollarda esa — jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini sifatli koʻrsatish uchun zarur sharoitlarni yaratgan holda boshqa binolarda joylashtirishni taʼminlasin.
9. Quyidagilar:
Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi oʻrinlarda Kompleks chora-tadbirlar deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq;
2018 — 2020-yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan, “yagona darcha” tamoyili boʻyicha faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb yuritiladi) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.A. Xudaybergenov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar va Roʻyxatning amalga oshirilib borilishini har oyda koʻrib chiqsin.
(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2412-son va 2017-yil 1-fevraldagi “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2750-son qarorlariga muvofiq Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
10. Roʻyxatda koʻrsatilgan masʼul davlat organlari va boshqa tashkilotlar belgilangan muddatlarda:
Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur hujjat va boshqa aktlarning namunaviy shakllari, blankalarini ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarining tegishli turlarini koʻrsatish boʻyicha, shu jumladan boshqa davlat organlari va oʻzga tashkilotlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadigan hujjatlar va maʼlumotlarni fuqarolardan talab etish bekor qilinishini nazarda tutgan holda maʼmuriy reglamentlar loyihalarini ishlab chiqsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralga kadar muddatda Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirishni taʼminlasin.
Belgilansinki, 2018-yil 1-fevraldan boshlab davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar ularning Davlat xizmatlari yagona reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlaydi, 2018-yil 1-iyundan boshlab esa mazkur reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlarini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Adliya vazirligiga xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish uchun texnik koʻmaklashish mablagʻlari va grantlarni jalb qilish masalalarini ishlab chiqishda, shuningdek, mazkur Farmonda nazarda tutilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirishda koʻmaklashsin.
13. Agentlik, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator, “Oʻzinjiniring” Respublika loyiha instituti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-martga qadar muddatda Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari uchun zarur axborot tizimlari, resurslari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish va integratsiya qilish va apparat-dasturiy komplekslarni oʻrnatishning konsepsiyasi, texnik-iqtisodiy hisob-kitobi va texnik topshirigʻi tayyorlanishini hamda tasdiqlash uchun oʻrnatilgan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda:
tasdiqlangan konsepsiya, texnik-iqtisodiy hisob-kitob va texnik topshiriq asosida Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari uchun axborot tizimlari, resurslari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqilishini, shuningdek, apparat-dasturiy komplekslar oʻrnatilishini taʼminlasin;
Roʻyxatda koʻrsatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ularning axborot va telekommunikatsiya tizimlari, maʼlumotlar bazalari, serverlari va boshqa uskunalarini inventarizatsiyadan oʻtkazib, keyinchalik ularni Agentlikning axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin va idoralararo elektron hamkorlikni joriy etsin;
Agentlik bilan birgalikda uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlarini zarur video, audio va boshqa uskunalar bilan jihozlashni taʼminlasin hamda real vaqt rejimida davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonini masofadan kuzatishni tashkil qilsin.
14. Vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari davlat xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga soʻzsiz rioya etilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi haqida qatʼiy ogohlantirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga soʻzsiz rioya etilishi ustidan qonun hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻygan aybdor shaxslarga nisbatan taʼsirchan choralarni koʻrgan holda tizimli nazorat oʻrnatsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A. Xudaybergenov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 12-dekabr,
PF-5278-son
(1-ilova Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga 2-ILOVA
Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga 3-ILOVA
2018 — 2020-yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan, “yagona darcha” tamoyili boʻyicha faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari
Izoh: mazkur Roʻyxatda nazarda tutilgan davlat xizmatlari koʻrsatiladigan Davlat xizmatlari markazlari davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan idoralararo elektron hamkorlik holatidan, shuningdek, Markazlar bino va inshootlarining tayyorligidan kelib chiqqan xolda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari tomonidan belgilanadi.
Ushbu Roʻyxatga Davlat xizmatlari markazlari bino va inshootlarining tayyorligidan kelib chiqqan xolda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan tuzatishlar kiritilishi mumkin.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6269/0704-son)