PF-5285-son Farmon · 14.12.2017

Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5285
  • Qabul qilingan sana:14.12.2017
  • Kuchga kirgan sana:15.12.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/17/5285/0409

Respublikada keng turdagi sifatli toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari (keyingi oʻrinlarda toʻqimachilik mahsuloti deb yuritiladi) ishlab chiqarilishini tashkil etish, uning ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan davr mobaynida toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini (keyingi oʻrinlarda toʻqimachilik sanoati deb yuritiladi) rivojlantirish uchun zarur huquqiy baza va qulay sharoitlar shakllantirildi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan oʻrganishlarda mamlakat toʻqimachilik sanoatining izchil rivojlanishiga toʻsiq boʻlayotgan qator tizimli muammolar aniqlandi,xususan:

birinchidan, tarmoqning yetarli salohiyatiga qaramasdan, yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotni ishlab chiqarishda uygʻunlashgan texnologik zanjirning mavjud emasligi sababli 2017-yilning birinchi yarim yilligida ishlab chiqarilayotgan toʻqimachilik mahsulotlarining respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi atigi 4,6 foizni tashkil etdi;

ikkinchidan, toʻqimachilik sanoatining boshqaruv tizimi tarmoqning zamonaviy rivojlanish tendensiyalariga javob bermaydi, bu esa hal etilmagan muammolarning toʻplanib qolishiga olib kelmoqda hamda uning jadal modernizatsiya qilinishiga toʻsqinlik qilmoqda;

uchinchidan, milliy standartlar va toʻqimachilik mahsulotlarining sinovlari boʻyicha laboratoriyalarning xalqaro standartlar va talablar bilan uygʻunlashtirish ishlarining qoniqarsizligi, shuningdek, sifat menejmenti zamonaviy tizimlarini joriy etishning past darajada ekanligi mahalliy mahsulotlarni yirik xorijiy savdo bozorlariga chiqarishga, eksport salohiyatini yuksaltirishga hamda mahsulotlar sifati va xavfsizligiga boʻlgan ishonchni oshirishga toʻsiq boʻlmoqda;

toʻrtinchidan, tarmoqqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasi mavjud muammolarni tizimli tahlil qilish va toʻqimachilik sanoati rivojlanishining istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash uchun shart-sharoit yaratmayapti;

beshinchidan, xom ashyo va ishlab chiqarish resurslarining nooqilona taqsimlanishi, logistika va muhandislik infratuzilmasini tashkil etishdagi kamchiliklar ishlab chiqarish quvvatlari ancha qismining toʻxtab qolishiga, iqtisodiy yoʻqotishlarga va oqibatda mahsulotlar tannarxining oshishiga, shuningdek, ishlab chiqarish rentabelligining pasayishiga olib kelmoqda;

oltinchidan, toʻqimachilik yarim tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilishning barqaror ustunlik qilishi, yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va jahon bozorlarida munosib raqobatlashishga qodir boʻlgan milliy brendlarni shakllantirishning yetarli darajada emasligi toʻqimachilik sanoati korxonalari daromadlarini oshirish imkonini bermayapti;

yettinchidan, kadrlar tayyorlash tizimi toʻqimachilik sanoatining real ehtiyojlariga javob bermaydi, tarmoqni rivojlantirishning dolzarb masalalari boʻyicha oʻqitishning innovatsion yoʻnalishlarini joriy etish va ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish yuzasidan xalqaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagan.

Respublika toʻqimachilik sanoatining jadal rivojlanishini taʼminlash, yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, uni yirik xorijiy bozorlarga yanada ilgari surish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi toʻqimachilik sanoatini yanada isloh qilishning muhim yoʻnalishlari etib belgilansin:

birinchidan, toʻqimachilik sanoatining iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan toʻqimachilik mahsulotlarining, eng avvalo, yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh toʻqimachilik mahsulotlarini yuqori texnologik ishlab chiqarishga qayta yoʻnaltirish orqali hajmi va sifatini oshirish;

ikkinchidan, toʻqimachilik sanoatining boshqaruv tizimini ilgʻor menejment texnologiyalari, tarmoq korxonalariga har tomonlama koʻmaklashish va koʻllab-quvvatlashning, shu jumladan ularning rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni hal etishda samarali shakllarini joriy etgan holda tubdan qayta koʻrib chiqish;

uchinchidan, toʻqimachilik sanoati sohasidagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini xalqaro talab va standartlarga uygʻunlashtirish, shuningdek, mahsulotlar sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va akkreditatsiyadan oʻtkazish orqali yanada takomillashtirish;

toʻrtinchidan, tarmoqqa toʻqimachilik mahsulotlari mahalliy va xorijiy bozorlarining holati hamda rivojlanish tendensiyalari haqidagi ishonchli va oʻz vaqtida axborotlar olishni taʼminlash imkonini beruvchi ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, tarmoq rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash maqsadida uni tizimli va kompleks tahlil qilish;

beshinchidan, paxta xom ashyosini yetishtirishdan boshlab, unga dastlabki ishlov berish, mahsulotni paxta tozalash korxonalarida keyingi qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor toʻqimachilik mahsuloti chiqarish bosqichigacha boʻlgan ishlab chiqarishni integratsiya qilishni nazarda tutuvchi rivojlanishning klaster modelini amalga oshirish;

oltinchidan, xom ashyo resurslari taqsimotining mutanosibligi va tashkil etilayotgan tarmoq korxonalarining logistika va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bilan oʻzaro uzviy bogʻliqlikda, shu jumladan koʻp funksiyali transport-logistika xablarini qurish, yuklarni yetkazishning optimal yoʻnalishlari hamda yoʻlaklarini tanlash, shuningdek, transportda yuk tashish tariflarini optimallashtirish orqali joylashuvini taʼminlash;

yettinchidan, yuqori sifatli tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportini kengaytirish, milliy brendlarni jahon bozorlariga ilgari surish maqsadida ishlab chiqarish jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalar, nou-xau, dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy etish, furnitura va aksessuarlarning zamonaviy namunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish;

sakkizinchidan, talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha yoʻnalishlarni kengaytirgan holda toʻqimachilik sanoati uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarini tarmoqning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini, shuningdek, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni faollashtirish.

2. Oʻzbekiston Respublikasida toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda “Yoʻl xaritasi” deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishiga shaxsan javobgardir.

3. 2018-yil paxta hosilidan boshlab, eksperiment tartibida mahalliy toʻqimachilik sanoati korxonalari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilaridan (keyingi oʻrinlarda fermer xoʻjaliklari deb yuritiladi) paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berish, shu jumladan quyidagi shartlarni nazarda tutuvchi tizim joriy etilsin:

xarid qilinadigan paxta navi va hajmi, uni yetkazib berish muddatlari hamda tartibi fermer xoʻjaligi va toʻqimachilik sanoati korxonasi oʻrtasida tuziladigan fyuchers shartnomasida belgilanadi;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-dekabrdagi PF-205-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2023-y., 06/23/205/0934-son)

paxta xom ashyosini dastlabki qayta ishlash paxta tozalash korxonasi tomonidan qayta ishlash asosida yoxud toʻqimachilik korxonasi tomonidan xususiy yoki ijaraga olingan paxta tozalash korxonasida amalga oshiriladi;

toʻqimachilik sanoati korxonalari fermer xoʻjaliklarining xarajatlarini (chigit, mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash materiallari, oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, ish haqini toʻlash va koʻrsatilgan xizmatlarga haq toʻlash xarajatlari, boshqa sarf-xarajatlar) tuzilgan shartnoma qiymatining kamida 60 foizini avans berish yoʻli bilan moliyalashtirishni amalga oshiradi;

toʻqimachilik sanoati korxonalari tomonidan xarid qilinadigan paxta xom ashyosi narxi fermer xoʻjaliklarining haqiqiy xarajatlarini va rentabelligini tahlil qilishdan kelib chiqib, shartnoma asosida belgilanadi va davlat ehtiyojlari uchun oʻrnatilgan narxlardan past boʻlmasligi lozim;

toʻqimachilik sanoati korxonalari olingan chigitni shartnoma asosida yogʻ-moy korxonalariga, qoʻshimcha mahsulotlarni (lint, oʻlik paxta) boshqa isteʼmolchilarga realizatsiya qiladi;

toʻqimachilik sanoati korxonalari tomonidan xarid qilingan paxta xom ashyosidan faqatgina uni keyinchalik chuqur qayta ishlash uchun foydalaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

2018-yil 10-yanvarga kadar muddatda toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, paxta-toʻqimachilik klasterlari ishtirokchilari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berish tizimiga kiritilayotgan eksperimentni hisobga olgan holda, paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalarining fermer xoʻjaliklari bilan oʻrnatilgan tartibda qayta tuzilishini;

2018-yil 15-yanvarga kadar muddatda toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqimachilik sanoati korxonalari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berishning kiritilayotgan tizimini hisobga olgan holda, paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalari fermer xoʻjaliklari bilan qayta tuzilishidan kelib chiqib, eksperiment oʻtkazish uchun hududlar va yer uchastkalari maydonlarining belgilanishini;

toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqimachilik sanoati korxonalari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga shartnoma tuzgan fermer xoʻjaliklarini aniqlashni hisobga olgan holda, 2018-yil 1-fevralga kadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xoʻjaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamgʻarmasining daromadlari va xarajatlari balansi shakllantirilishini;

2018-yil 15-yanvarga kadar muddatda 2018-yil hosilining paxta xom ashyosi uchun davlat xaridi narxi belgilanishini;

qayta tuzilgan shartnomalarni hisobga olgan holda, 2018-yil 20-yanvarga qadar muddatda toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, paxta-toʻqimachilik klasterlari ishtirokchilari bilan paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalari bilan qamrab olinmagan fermer xoʻjaliklari kesimida 2018-yil hosilining paxta xom ashyosi ekilishi uchun “Oʻzpaxtasanoat” AJ buyurtmasining hajmi aniqlanishini taʼminlasin.

4. Toʻqimachilik sanoati korxonalari, “Oʻzbekyengilsanoat” AJ aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:

Oʻzbekiston toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari uyushmasini (keyingi oʻrinlarda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi deb yuritiladi) tashkil etish;

“Oʻzbekyengilsanoat” AJni uning mol-mulklari va davlatga tegishli boshqa mablagʻlari, shuningdek, debitor qarzdorligini keyinchalik “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga begʻaraz oʻtkazish orqali tugatish;

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tuzilmasida tizimli muammolarni bartaraf etish, marketing innovatsiyalarini faol joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli va ustuvor yoʻnalishlarini aniqlashni taʼminlovchi maslahat organi — Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

5. Quyidagilar:

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi aʼzolari toʻqimachilik sanoati korxonalari va tashkilotlari hisoblanishi;

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining joriy taʼminoti va faoliyatini moliyalashtirish uyushma aʼzolarining badallari va ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi;

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi va uning oʻrinbosarlari uyushma aʼzolari umumiy yigʻilishining qarori bilan saylanishi;

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi bir vaqtning oʻzida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti Vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari hisoblanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

6. Quyidagilar “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

xom ashyoni qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotni ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha yagona kompleks sifatida, shu jumladan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va koʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarida tadqiqotlar oʻtkazish asosida tarmoqni barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;

toʻqimachilik sanoati sohasidagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini xalqaro talab va standartlarga uygʻunlashtirish, shuningdek, mahsulotlar sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va akkreditatsiyadan oʻtkazish orqali takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrish;

toʻqimachilik sanoati korxonalarining faoliyatiga innovatsion texnologiyalar, shu jumladan dizaynerlik ishlanmalari, nou-xau, sifat menejmenti tizimlari va zamonaviy marketing xizmatlari keng joriy etilishini taʼminlash;

ichki bozorni yuqori sifatli mahalliy toʻqimachilik mahsulotlari bilan toʻldirish va uning eksport geografiyasini, shu jumladan turli axborot resurslarida hamda mamlakatdagi va xorijdagi koʻrgazma tadbirlarida milliy brendlarni yoʻnaltirishni ilgari surish va toʻqimachilik sanoati korxonalarining salohiyatini namoyish qilish orqali kengaytirish boʻyicha tizimli kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

toʻqimachilik sanoatiga chet el investitsiyalarini, shu jumladan logistika va muhandislik infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida faol jalb qilish;

toʻqimachilik sanoati korxonalari, paxta-toʻqimachilik klasterlarini hududlar salohiyatining yanada rivojlanish istiqbollaridan, xom ashyo bazasi, infratuzilmasi, mehnat resurslari va bozorlarning mavjudligidan kelib chiqib joylashtirishga koʻmaklashish;

tarmoqning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda toʻqimachilik sanoati sohasida kadrlarga boʻlgan real ehtiyojni va ularni tayyorlashning istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirishda ishtirok etish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish;

tarmoqning jadal rivojlanishi va toʻqimachilik sanoati korxonalarining barqaror faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

7. “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

8. Paxta-toʻqimachilik klasterlarini oʻrta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi komissiya (keyingi oʻrinlarda Ishchi komissiya deb yuritiladi) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Ishchi komissiya Buxoro va Navoiy viloyatlarida paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilishining borishini oʻrganish natijalarini hisobga olgan holda, bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Paxta-toʻqimachilik klasterlarini oʻrta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

toʻqimachilik sanoati korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqib, hududlarda paxta-toʻqimachilik klasterlarini joylashtirish tartibi, ularni shakllantirish muddatlari va bosqichlarini belgilash;

paxta-toʻqimachilik klasteri ishtirokchilariga yer, suv va boshqa resurslardan samarali va oqilona foydalanishni hisobga olgan holda, tabaqalashtirilgan soliq imtiyozlarini koʻllash imkoniyati;

tashkiliy-xoʻjalik munosabatlarning shakllari, asosiy kompaniyaning paxta-toʻqimachilik klasteri ishtirokchilari oldidagi majburiyatlari;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning klaster modelini tashkil qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani tizimli tahlil qilish va joriy etish;

paxta xom ashyosiga davlatning buyurtmasini bosqichma-bosqich qisqartirishni taʼminlaydigan xususiy kapital va chet el investitsiyalarini jalb etish hisobiga qishloq xoʻjaligida moliyaviy munosabatlarni yaxshilashga taʼsir etish istiqbollarini baholash;

qishloq xoʻjaligi va boshqa qoʻshimcha mahsulotlar ishlab chiqarishning (chorvachilik, issiqxona xoʻjaliklari va boshqalar) qayta ishlash tarmoqlari rivojlanishiga taʼsirini tahlil qilish.

9. Belgilab qoʻyilsinki, toʻqimachilik sanoati korxonalari:

(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PF-6011-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 06/20/6011/0780-son — 2020-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)

2021-yil 1-yanvarga qadar muddatda toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha import qilinadigan paxta, sunʼiy va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa materiallar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinadi;

(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PF-6011-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 06/20/6011/0780-son — 2020-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)

qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori sifatli mahsulotlarni yagona “Uztextile” belgisi bilan eksport qiladi.

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga davlat bojini toʻlamagan holda uyushma aʼzolarining manfaatlarini koʻzlagan xolda davlat organlari va boshqa tashkilotlar qarorlari, ushbu organlar mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi berilsin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PF-6011-sonli Farmoniga asosan 2020-yil 1-oktabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 06/20/6011/0780-son)

11. “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralga kadar muddatda toʻqimachilik sanoati sohasida, shu jumladan mavjud xalqaro akkreditatsiyaga ega laboratoriyalar sonini koʻpaytirish, toʻqimachilik sanoati milliy standartlarini xalqaro standartlarga tezkor va toʻliq muvofiqlashtirishni taʼminlash, toʻqimachilik sanoati korxonalarida zamonaviy sifat menejmenti tizimini joriy qilishni nazarda tutuvchi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” AJ bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda mahalliy paxta tolasini sotish uchun, shu jumladan boshqa mamlakatlar-yetishtiruvchilarning paxta hajmlarini jalb qilishni nazarda tutgan holda ixtisoslashtirilgan elektron savdo maydonlarini tashkil etish, shuningdek, toʻqimachilik sanoati uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan aksessuarlar, furnituralar, boʻyoqlar va kimyoviy vositalarning doimiy faoliyat koʻrsatuvchi yarmarkasini tashkil qilish boʻyicha takliflar kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi buyurtmalari boʻyicha toʻqimachilik sanoat korxonalari tomonidan jalb qilinayotgan chet el mutaxassislariga kirish vizalarini rasmiylashtirishni taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining buyurtmalari boʻyicha toʻqimachilik sanoat korxonalari tomonidan jalb qilinayotgan chet el mutaxassislariga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishi, shuningdek, ularni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish hamda ularning uzaytirilishini taʼminlasin.

(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 06/24/104/0551-son)

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 1-iyuldagi “Respublika yengil sanoatini boshqarishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-3102-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Z.T. Mirzayev, N.S. Otajonov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 14-dekabr,

PF-5285-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-dekabrdagi PF-5285-son Farmoniga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish

Izoh: normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining turlari soha va tartibga solish masalalariga qarab oʻzgartirilishi (bir hujjatga birlashtirilishi) mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-dekabrdagi PF-5285-son Farmoniga 2-ILOVA

Oʻzbekiston toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari uyushmasi ijro etuvchi apparatining

Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 43 birlik

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-dekabrdagi PF-5285-son Farmoniga 3-ILOVA

Paxta-toʻqimachilik klasterlarini oʻrta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi komissiya

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan shaxslar kiritiladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi PF-5870-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.