F-5155-son Farmoyish · 28.12.2017

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmoyish
  • Raqami:F-5155
  • Qabul qilingan sana:28.12.2017
  • Kuchga kirgan sana:28.12.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 08/17/5155/0472

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon qilingan gʻoya va koʻrsatmalarni hayotga joriy etishning har tomonlama puxta oʻylangan, asoslantirilgan tashkiliy-huquqiy hamda moliyaviy-iqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini (keyingi oʻrinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha komissiyalar zimmasiga Harakatlar strategiyasini 2018 — 2021-yillarda amalga oshirish boʻyicha yillik davlat dasturlari loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da Harakatlar strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ilovaga muvofiq tarkibda yigʻma ishchi guruh tashkil etilsin.

Yigʻma ishchi guruh (O. Murodov) Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha komissiyalar bilan birgalikda:

2017-yilda Harakatlar strategiyasini amalga oshirilishini, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va xatolarni, jamoatchilik, milliy hamda xalqaro ekspertlar fikrlarini oʻrganish natijalarini, shuningdek oʻtkazilgan konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari yakunlarini tanqidiy tahlildan oʻtkazsin;

2018-yilning 5-yanvarigacha boʻlgan muddatda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasini (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) ishlab chiqsin.

3. Davlat dasturi loyihasini tayyorlashda quyidagi muhim, ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishiga alohida eʼtibor qaratilsin:

Davlat dasturi “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu gʻoyani hayotga soʻzsiz joriy etishga qaratilgan siyosatning mantiqiy davomi boʻlishi kerak;

Davlat dasturida “qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom maʼnoda xalq boʻlishi shart”, “mamlakat hayotiga taalluqli eng muhim qarorlar xalq bilan bevosita muloqot asosida, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilinadi” degan tamoyillarni roʻyobga chiqarish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni aks ettirish zarur;

belgilanayotgan tadbirlar xalq bilan bevosita muloqot natijalariga asoslanishi, shuningdek aholining keng qatlamini bezovta qilayotgan dolzarb muammolarning yechimini, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalaridagi vaziyatni tubdan yaxshilash boʻyicha amaliy qadamlarni koʻzda tutishi kerak;

keng koʻlamli islohotlar va oʻzgarishlar, birinchi navbatda, aholi farovonligini uzoq kelajakda emas, aynan bugun yaxshilashga yoʻnaltirilgan boʻlishi hamda ularning kundalik hayotida aks etishi kerak;

yangi sharoitlarda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish va keng rivojlantirish fuqarolarning ehtiyojlarini qondirishni taʼminlovchi ustuvor yoʻnalish boʻlishi kerak;

oʻsib borayotgan global raqobat sharoitida barqaror iqtisodiy ravnaqqa erishish innovatsion rivojlanish modeliga oʻtish, innovatsiyalar, yangi texnologiyalarni hayotga faol joriy etish, shuningdek progressiv, zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor fuqarolar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali taʼminlanishi kerak;

ishlab chiqilayotgan tadbirlar aniq natijaga yoʻnaltirilgan, ravshan maqsad va amalga oshirish mexanizmiga ega boʻlishi, shuningdek boshqa dasturlar doirasida bajarilayotgan chora-tadbirlar bilan oʻzaro bogʻliq boʻlishi kerak.

4. Yigʻma ishchi guruh (O. Murodov):

2018-yilning 5-yanvaridan 18-yanvarigacha boʻlgan davrda Davlat dasturi loyihasini keng jamoatchilik muhokamasini, shu jumladan Internet tarmogʻiga joylashtirish orqali tashkil etsin;

2018-yilning 20-yanvarigacha boʻlgan muddatda jamoatchilik muhokamasi natijalari va kelib tushgan takliflarni tahlil qilgan holda qayta ishlangan Davlat dasturi loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.

5. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha komissiyalar rahbarlari zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 28-dekabr,

F-5155-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi F-5155-son farmoyishiga ILOVA

“Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da Harakatlar strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha yigʻma ishchi guruh

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.