Mamlakatimizni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish sharoitlarida moliya, soliq va bojxona organlarining uygʻun va samarali ishlashi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, mazkur organlar faoliyatining tashkil etilishi zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga javob bermaydigan eski qarashlar va tamoyillarga asoslanib qolmoqda, ushbu vaziyat esa ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda toʻxtatib turuvchi omil boʻlib qolmoqda.
Xususan, moliya organlarining ishi joylardagi haqiqiy vaziyatni, aholi va tadbirkorlik subyektlari ehtiyojlarini hisobga olmagan holda erishilgan ijobiy moliya-iqtisodiy koʻrsatkichlarga tayanishni davom ettirmoqda, mazkur holat esa oʻz navbatida iqtisodiyotni boshqarishning zamonaviy tamoyillarini joriy etishga va real bozor munosabatlariga toʻlaqonli oʻtishni taʼminlashga toʻsqinlik qilmoqda.
Soliq organlari faoliyatidagi ayrim muammolar va kamchiliklar saqlanib qolayotganligi, soliqqa tortish bazasini kengaytirish hisobiga soliq yukini tushirish, soliqlar yigʻilishini oshirish, soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini taʼminlash, soliq toʻlovchilarning, ayniqsa tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha muhim vazifalarni hal etishni taʼminlashga yoʻl qoʻymayapti.
Byurokratiya va sansalorlik, bojxona organlari faoliyatining shaffof emasligi, bojxona jarayonlarining zamonaviy shakllarini joriy etish muddatlarini asossiz ravishda choʻzib yuborish mamlakatimizning investitsion jozibadorligini tushirib yubormoqda, shuningdek, uning obroʻ-eʼtibori hamda yetakchi xalqaro tashkilotlarning baho berish reyting koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Tizimli muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish, mamlakatimizni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirish sharoitlarida moliya, soliq va bojxona organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy islohotlar Konsepsiyasiga muvofiq:
1. Moliya, soliq va bojxona organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishga yoʻnaltirilgan takliflarni tanqidiy oʻrganish va tayyorlash boʻyicha Ishchi komissiya (keyingi oʻrinlarda — Ishchi komissiya) ilovaga muvofiq tuzilsin.
Ishchi komissiyaning (B. Mavlonov) asosiy vazifalari etib moliya, soliq va bojxona organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishga yoʻnaltirilgan takliflarni tanqidiy oʻrganish va tayyorlash belgilansin, bunda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
faoliyatni rejalashtirish hamda kompleks tahlil qilish shu jumladan barcha darajadagi mazkur organlar xodimlari tomonidan xizmat yuki va hajmini hisobga olgan holda boshqarish va nazorat qilish samaradorligi tizimi, ichki idoraviy va tashqi nazoratning amaliy mexanizmlarini yaratish;
moliya, soliq va bojxona organlari vazifalari va funksiyalarining dolzarbligi, ularni amalga oshirish mexanizmlari hamda javobgarlik sohalarining zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga javob berishi;
qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishini tezkor kuzatib borish va taʼminlashga yoʻl qoʻyadigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga shtatlar sonini maqbullashtirish;
budjetning daromad qismini, shu jumladan yakka tartibdagi imtiyozlar va preferensiyalarni bekor qilish, soliq va bojxona toʻlovlarining tushumlari qoʻshimcha va asoslangan zaxira mablagʻlarini qidirib topish, xoʻjalik jamiyatlari ustav jamgʻarmalaridai davlat ulushidan dividendlar olish hisobidan oshirish;
minimal xarajatlar hisobiga xorijda qoʻllaniladigan ilgʻor va sinovdan oʻtkazilgan yuqori natijalarga erishish usullarini joriy etish hisobiga ishlash mexanizmlarini qayta koʻrib chiqish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun byurokratik jarayonlar va boshqa toʻsiqlarni bartaraf etish, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda bojxona rasmiylashtiruvi muddatlari va qiymatlarining asoslanganligini taʼminlash;
moliya, soliq va bojxona qonun hujjatlarini xalqaro tamoyillar va standartlarga unifikatsiya qilish va uygʻunlashtirish;
bojxona infratuzilmasi, shu jumladan bojxona postlari va ularning moddiy-texnik jihozlanganligi darajasi, bojxona jarayonlarini sifatli va tezkor amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yuqori texnologiyali uskunalarning mavjudligi, bojxona chegarasi orqali oʻtish punktlarida ikki yoʻlakcha tizimini yoʻlga qoʻyish;
soliq va bojxona organlari faoliyatiga soliq va bojxona nazoratini amalga oshirishning ilgʻor shakl va uslublarini joriy etish;
jumladan jismoniy va yuridik shaxslar bilan moliya, soliq va bojxona organlari hamkorligining toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa qilmaslik shakllarini joriy etish orqali davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yaxshilash;
kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish, moliya, soliq va bojxona organlarini malakali mutaxassislar bilan toʻldirish;
moliya, soliq va bojxona organlari xodimlarini shu jumladan ularning faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini joriy etish hamda ijtimoiy himoya choralarini kuchaytirish orqali moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish.
2. Ishchi komissiya (B. Mavlonov):
uch kun muddatda ishchi guruhlar tarkibini, moliya, soliq va bojxona organlari faoliyatini tanqidiy oʻrganishning batafsil reja-jadvalini tasdiqlasin;
oʻrganish natijalari boʻyicha 2018-yil 15-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga moliya, soliq va bojxona organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritsin.
Ishchi guruh faoliyatiga xorijiy konsultantlar va boshqa mutaxassislarni jalb qilishga ruxsat etilsin.
3. Mazkur farmoyishga muvofiq belgilangan vazifalarni samarali bajarish uchun vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga Ishchi komissiyaga har tomonlama koʻmaklashishni taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Ushbu farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-yanvar,
F-5182-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-yanvardagi F-5182-son farmoyishigaILOVA
Moliya, soliq va bojxona organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishga yoʻnaltirilgan takliflarni tanqidiy oʻrganish va tayyorlash boʻyicha Ishchi komissiya
Izoh:
Ishchi komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.