Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2016-yil 29-dekabrdagi PF-4907-son Farmoniga muvofiq, mamlakatimiz ilm-fani nufuzini yanada oshirish, ilmiy-texnologik salohiyatini yuksaltirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, Fanlar akademiyasi aʼzolari tarkibini fanning ustuvor yoʻnalishlarida olib borayotgan faol ilmiy-tadqiqot izlanishlari natijalari bilan respublika va xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilgan taniqli olimlar hisobiga kengaytirish, mavjud ilmiy maktablar anʼanalarini davom ettirish va yangi maktablar yaratilishini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Hayʼati va tegishli fan ixtisosliklari boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan haqiqiy aʼzolarining tavsiyasiga asosan quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib tasdiqlansin:
2. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yoʻldoshev Fanlar akademiyasining tasdiqlangan haqiqiy aʼzolarining asosiy faoliyat yoʻnalishlari doirasida 2018-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin, ijrosini nazoratga olsin va rejalashtirilgan barcha tadbirlarni tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan zarur choralarni koʻrsin.
“Yoʻl xaritalari”da Fanlar akademiyasining tasdiqlangan haqiqiy aʼzolari tomonidan, jumladan, quyidagi yoʻnalishlardagi tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilsin:
ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat;
ilmiy natijalarni amaliyotga joriy qilish;
joylarda ilmiy maktablarni rivojlantirish;
oʻz faoliyatiga tegishli hududiy va tarmoq muammolarining ilmiy asoslangan yechimlarini ishlab chiqishda faol ishtirok etish;
taʼlim jarayonida ishtirok etish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish;
xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro miqyosda Oʻzbekiston ilm-fani nufuzini yuksaltirish;
ilm-fan taraqqiyotini taʼminlash va innovatsion jarayonlarni jadallashtirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning mazmun-mohiyatini, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini joylarda keng targʻib qilish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yoʻldoshev Fanlar akademiyasining tasdiqlangan haqiqiy aʼzolarining 2018-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritalari” ijrosi monitoringini yuritsin hamda yilning har chorak yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tahliliy maʼlumot kiritib borsin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-dekabr,
PF-5293-son