PQ-3482-son Qaror · 18.01.2018

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi qarorlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-avgustdagi PQ-3238-sonli qarori)

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3482
  • Qabul qilingan sana:18.01.2018
  • Kuchga kirgan sana:19.01.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3482/0595

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-avgustdagi PQ-3238-sonli qaroriga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida energiya samaradorligini yanada ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi qarorlariga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.

2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 18-yanvar,

PQ-3482-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-yanvardagi PQ-3482-sonli Farmoniga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi qarorlariga kiritiladigan qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish hamda oʻzlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda:

a) 2-bandining beshinchi xatboshi “zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni, energoservis shartnomalariga muvofiq qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalar” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

b) 1-ilovadagi:

3-bandi quyidagicha mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hisobiga energiyani tejash salohiyati va energetika resurslarini iqtisod qilish hamda boshqa sarf-xarajatlarni baholash;

zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hisobiga energetikaning asosiy fondlarini yangilash va obyektlar quvvatini oshirish salohiyati”;

4.3-bandining ikkinchi xatboshidagi “texnik qayta jihozlash” soʻzlaridan keyin “shu jumladan, energiyani tejash va energetika resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini roʻyobga chiqarish” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

5-bandi quyidagicha mazmundagi xatboshp bilan toʻldirilsin:

“zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hisobiga energetika resurslarini va boshqa sarf-xarajatlarni iqtisod qilishning kutilayotgan hajmi”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-apreldagi PQ-2934-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomning 8-bandi “v” kichik bandidagi oltinchi xatboshi “shu jumladan, energoservis hamkorligi toʻgʻrisidagi bitimlar asosida” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.