Sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish va keng turdagi yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarilishini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mazkur tarmoqdagi mavjud tizimli muammolarga barham berish bozorni sifatli, xavfsiz, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirish va butun mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning eng muhim sharti hisoblanadi.
Shu bilan birga, xom ashyo bazasining cheklanganligi, jumladan muqobil yogʻ olinadigan ekinlardan yetarlicha foydalanmaslik yogʻ-moy korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini toʻliq ishga solishni taʼminlash va bozorning sifatli yogʻ-moy mahsulotlariga boʻlgan talabini qanoatlantirish imkonini bermaydi.
Yogʻ-moy korxonalarida zamonaviy texnologiyalarning past darajada joriy etilganligi ishlab chiqarish faoliyatini lozim darajada nazorat qilish va hisobini yuritishga toʻsqinlik qilmoqda, xom ashyo va tayyor mahsulotlarni talon-toroj qilish holatlariga, shuningdek, boshqa suiisteʼmolchiliklarga olib kelmoqda.
Xom ashyo resurslari va tayyor yogʻ-moy mahsulotlarini taqsimlashning samarasiz va zamonaviy bozor prinsiplariga javob bermaydigan mexanizmi koʻp sonli chayqovchilik boʻgʻinlari va bozorda sunʼiy taqchillik yuzaga kelishiga hamda oqibatda yogʻ-moy mahsulotlari narxining asossiz oʻsishiga olib kelmoqda.
Yogʻ-moy tarmogʻini zamonaviy bozor mexanizmlarini keng joriy etish asosida jadal rivojlantirishni taʼminlash va yogʻ-moy sanoatini boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi vazifalariga muvofiq:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan yogʻ-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish tizimlarini oʻrganish natijalari;
“Oʻzpaxtasanoateksport” XKga tegishli boʻlgan “Oʻzpaxtayogʻ” AJ ustav kapitalidagi ulush Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-noyabrdagi “Paxtachilik tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3408-son qaroriga muvofiq davlat mulkiga nominal qiymat boʻyicha oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Yogʻ-moy mahsulotlarini ishlab chiqarishning resurs bazasini kengaytirish, yogʻ-moy korxonalaridagi asbob-uskunalarni modernizatsiya qilish, ularni ishlab chiqarish jarayonini nazorat qilish va hisobini yuritishning zamonaviy tizimlari bilan jihozlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi yogʻ-moy tarmogʻini jadal rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining:
shrot va sheluxani sotish boʻyicha “Ozuqa yem taʼminoti” MCHJ korxonalarini tugatish;
keyinchalik sanoatda qayta ishlash uchun moʻljallangan ekstraktli paxta yogʻi birja savdolari orqali mulkchilik shaklidan qatʼi nazar ekstraktli paxta yogʻini qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlariga va tegishli (muvofiqlik va gigiyenik) sertifikatlarga ega boʻlgan mahalliy korxonalarga sotilishi haqidagi tartibni belgilash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin. Bunda tegishli (muvofiqlik va gigiyenik) sertifikatlarni olish uchun ekstraktli paxta yogʻi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar mahalliy korxonalarga 1 tonnagacha hajmda sotiladi, sotib olingan ekstraktli paxta yogʻini qayta sotish esa faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PQ-4484-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2019-y., 07/19/4484/3883-son)
4. 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatga oʻsimlik yogʻini ishlab chiqaruvchilar import yogʻ-moy xom ashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzdonmahsulot” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda omuxta yem ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha, jumladan:
omuxta yem ishlab chiqarish yuzasidan amaldagi quvvatlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish;
omuxta yem ishlab chiqarish uchun bozordagi ehtiyoj va mamlakatda mavjud boʻlgan resurs bazasini oʻrganish;
chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sektorlari boʻyicha omuxta yem tayyorlashning ilmiy asoslantirilgan retsepturalarini ishlab chiqish;
makkajoʻxori va boshqa boshoqli don ekinlaridan, shuningdek, yogʻ-moy, un mahsulotlari, spirt va pivo ishlab chiqarishdagi chiqindilardan omuxta yemning zamonaviy sanoat ishlab chiqarishini tashkil etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi xamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda:
chigitni qayta ishlovchi yogʻ-moy korxonalarini chigitni yuklash, qabul qilish, saqlash va qayta ishlash jarayonini real vaqt rejimida kuzatish, jumladan xom ashyo, yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni oʻlchash va hisobini yuritish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimlar bilan;
chigit, paxta yogʻi, shrot va sheluxani tashiydigan yuk avtomashinalarining harakatlanishini real vaqt rejimida monitoring qilib borish uchun ularni zamonaviy GPS trekerlar bilan jihozlash boʻyicha choralar koʻrsin.
7. “Oʻzpaxtayogʻ” AJ Toshkent shahar, Shota Rustaveli koʻchasi, 8-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Z.T. Mirzayev, N.S. Otajonov va S.R. Xolmurodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-yanvar,
PQ-3484-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiiing 2018-yil 19-yanvardagi PQ-3484-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi yogʻ-moy tarmogʻini jadal rivojlantirish boʻyicha
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)