PQ-3493-son Qaror · 25.01.2018

Oʻzbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3493
  • Qabul qilingan sana:25.01.2018
  • Kuchga kirgan sana:25.01.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3493/0617

OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

1. 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish Davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilab qoʻyilsinki, 2018-yil 1-iyuldan boshlab OIV infeksiyasiga tashxis qoʻyish bilan shugʻullanuvchi tumanlararo diagnostika laboratoriyalari hududiy OITSga qarshi kurashish markazlari tarkibiga kiritiladi va markazlarga ushbu laboratoriyalarni moliyalashtirish, moddiy-texnik taʼminlash hamda faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish yuklanadi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamoat tashkilotlari faoliyati va hamkorligini muvofiqlashtirsin;

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni ajratsin;

kelgusi yillarda retrovirusga qarshi preparatlar va OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxslarni davolash samaradorligi monitoringini olib borish uchun zarur boʻlgan test-sistemalar bilan taʼminlashga Davlat budjetidan mablagʻlar ajratish bosqichma-bosqich oshirib borilishini nazarda tutsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda OIV infeksiyasi va qoʻshimcha kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolash uchun zarur boʻlgan diagnostikumlar va test-sistemalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar kiritsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Davlat dasturida belgilangan tadbirlar ijrosi ustidan monitoring olib borilishini va har chorakda amalga oshirilgan tadbirlar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobotlar taqdim etilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha zarur choralar koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda OIV infeksiyasining oldini olish, tashxis qoʻyish hamda davolash sohalarida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boʻyicha tizimli ishlarni olib borsin, ilmiy va innovatsion tadqiqotlar natijalari sogʻliqni saqlash amaliyotiga tatbiq etilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Adliya vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitasi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika kengashi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda OIV infeksiyasi yuqish xavfi yuqori boʻlgan guruhlar, xususan, mehnat migrantlari va ularning oila-aʼzolari, shuningdek, maishiy xizmat koʻrsatish muassasalari xodimlari orasida OIV infeksiyasining profilaktikasi boʻyicha tushuntirish-targʻibot ishlarini hamkorlikda amalga oshirish shartligini nazarda tutuvchi tartib ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

6. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi aholi orasida OIV infeksiyasining oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash masalalari boʻyicha axborot-maʼrifiy ishlar olib borsinlar.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha tarmoq rejasini tasdiqlasin va bajarilishini taʼminlasin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:

davolash-profilaktika muassasalarini ehtiyojlaridan kelib chiqqan xolda, sterilizatsiya boʻlimlari va punktlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy apparatlar va asbob-anjomlar bilan toʻliq jihozlash uchun zarur mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin;

davolash-profilaktika muassasalarini bir marotaba ishlatiladigan tibbiy asbob-anjomlar, test-sistemalar, diagnostikumlar va sarflovchi materiallar bilan taʼminlasin;

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasida 2018-yilda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan Davlat dasturining ijrosi tahlili natijalari boʻyicha 2019-yilda OIV infeksiyasiga qarshi kurashish sohasidagi kompleks chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqqan xolda qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R. Kasimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q. Akmalov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 25-yanvar,

PQ-3493-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi PQ-3493-son qaroriga ILOVA

2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.