PQ-3513-son Qaror · 06.02.2018

Xorazm viloyatida tadbirkorlik subyektlariga davlat mulki obyektlarini sotish va kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3513
  • Qabul qilingan sana:06.02.2018
  • Kuchga kirgan sana:08.02.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3513/0671

Tadbirkorlik subyektlariga ishlatilmayotgan va qurilishi tugallanmagan davlat mulki obyektlarini sotish, yangi raqobatdosh sanoat ishlab chiqarishlarini yanada qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, shu asosda Xorazm viloyati aholisiga yangi ish oʻrinlarini yaratish va daromadlarini oshirish maqsadida:

1. Xorazm viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Xorazm viloyatida ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari negizida kichik sanoat zonalarini (keyingi oʻrinlarda — KSZ) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga 1-ilovadagi roʻyxatga muvofiq, rozilik berilsin.

Xorazm viloyati hokimiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi bilan kelishilgan holda Xorazm viloyatida ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari negizida kichik sanoat zonalarini tashkil etish roʻyxatiga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

2. “Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Xorazm viloyati KSZlari va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarida amalga oshiriladigan loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan ikki oy muddatda vakolatli tijorat banklari orqali belgilangan tartibda qayta moliyalashtiriladigan 50 mln. AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasini ochsin.

Belgilansinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlari import uskunalari va mazkur uskunalar uchun butlovchi buyumlar harid qilinishiga ajratiladi;

kreditlarni soʻndirish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining soʻndirish jadvaliga muvofiq, soʻndirish sanasidagi kurs boʻyicha milliy valyutada amalga oshirilishi mumkin.

3. Belgilansinki:

Xorazm viloyati KSZ hududida joylashgan davlat koʻchmas mulki tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli 5 yillik ijaraga beriladi, keyinchalik ushbu mulk biznes-reja parametrlarini bajarish, ish oʻrinlarini yaratish va saqlab qolish, soliqlarning barcha turlarini va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash sharti bilan xususiylashtirib beriladi;

Xorazm viloyati KSZ hududida joylashgan davlat koʻchmas mulkidan foydalanishda ijara haqi nulinchi stavkada belgilanadi;

KSZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.

(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-99-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)

4. Xorazm viloyati hokimligi (Sobirov) bir oy muddatda:

mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq, ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari negizida KSZlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin;

Xorazm viloyati hokimligi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat unitar korxonasi shaklida KSZning yagona direksiyasini tashkil etsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Gʻulomov) manfaatdor vazirliklar va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda bir oy muddatda:

1-ilovada koʻrsatilgan, foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini belgilangan tartibda Xorazm viloyati hokimligiga oʻtkazilishini;

topshiriladigan aktivlarning balans narxi summasida ularning ustav jamgʻarmalarida davlat ulushi va xoʻjalik boshqaruvi organlari ulushini tegishli ravishda kamaytirgan holda ishlatilmaydigan obyektlarni Xorazm viloyati hokimligiga topshirish masalasini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari boshqaruvi organlari yigʻilishlarida koʻrib chiqilishi tashabbuslarini oldi surilishini taʼminlasin.

6. Quyidagilar:

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)

keyinchalik samarali foydalanilishi uchun davlat boshqaruvi organlariga tezkor boshqarish va boshqa tashkilotlarga begʻaraz foydalanishga topshiriladigan davlat mulki obyektlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Xorazm viloyati shaharlari (tumanlari) hokimlariga “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” DUK bilan birgalikda balansida obyekti boʻlgan idoralar tomonidan tegishli tumanning (shaharning) budjetiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ajratmalarni yoʻllagan holda, shahar (tuman) hokimining tegishli murojaatidan keyin balansidagi obyekt mulkini ikki oy ichida ijaraga berilishi taʼminlanmaganligi holatida, tumanlar (shaharlar) hududida joylashgan va respublika davlat boshqaruvi organlari tasarrufidagi davlat mulki boʻlgan foydalanilmayotgan obyektlarni (maydonlarni) (xususiylashtirilishi nazarda tutilmagan obyektlardan tashqari) tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun bir yil muddatga ijaraga berish toʻgʻrisidagi qarorlarni qabul qilish huquqi berilsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan qoʻshimcha va oʻzgartishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R. Xolmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri B.A. Xodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi R.A. Gʻulomov va Xorazm viloyati hokimi I.M. Sobirov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 6-fevral,

PQ-3513-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3513-son qaroriga 1-ILOVA

Xorazm viloyatida ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari negizida tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalari

* “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi, Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan tuman(shahar)lar hokimliklari bilan birgalikda aniqlashitirilishi lozim.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3513-son qaroriga 3-ILOVA

Keyinchalik samarali foydalanilishi uchun davlat boshqaruvi organlariga tezkor boshqarish va boshqa tashkilotlarga begʻaraz foydalanishga topshiriladigan davlat mulki obyektlari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.