PQ-3509-son Qaror · 06.02.2018

Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3509
  • Qabul qilingan sana:06.02.2018
  • Kuchga kirgan sana:07.02.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3509/0658

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2018-yil 3-fevraldagi PF-5326-son Farmonini ijro etish, shuningdek, respublikaga turistlar oqimini koʻpaytirish, kirish turizmini milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish, mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini keng targʻib qilish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Viza rejimini yanada soddalashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;

Kirish turizmini yanada rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;

Turizmni rivojlantirish masalalarida oʻzaro hamkorlikni faollashtirishni taʼminlash boʻyicha masʼullar biriktiriladigan mamlakatlar va hududlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi PQ-3836-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitada Ziyorat turizmini qoʻllab-quvvatlash boʻlimini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin, unga ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekiston toʻgʻrisida Islom dini va boshqa jahon dinlarining madaniy-tarixiy va ilmiy-teologik markazi sifatida axborot materiallarini targʻib qilish va tarqatish yuklansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun:

ustuvor mamlakatlar va hududlardan Oʻzbekiston Respublikasiga turistlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni;

Oʻzbekiston Respublikasida ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini kiritsin.

5. Turizm qoʻmitasi va “Uzbekistan airways” AJ Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini Oʻzbekistonning turizm imkoniyatlarini namoyish etadigan zarur axborot materiallari bilan taʼminlasin, shuningdek, zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga joylashgan mamlakatida “Oʻzbekiston” turizm brendini targʻib qilishga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish uchun Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan mablagʻlar ajratsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy turistlarni jalb qilish prognozini va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlarini joylashgan mamlakatdan turistlar oqimini koʻpaytirganlik uchun budjet mablagʻlari hisobidan mukofotlash, shuningdek, respublikaga turistlar oqimini oshirish boʻyicha yuklangan vazifalarni lozim darajada bajarmaganligi uchun javobgarlik choralarini qoʻllash tartibini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKga Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda xorijiy turistlarni jalb qilish prognozini tasdiqlash hamda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning xorijdagi vakolatxonalari rahbarlari va xodimlarini joylashgan mamlakatidan turistlar oqimini koʻpaytirganlik uchun oʻz mablagʻlari hisobidan mukofotlash, yuklangan vazifalarning bajarilishi taʼminlanmagan holatlarda esa, javobgarlik choralarini qoʻllash tizimini joriy etish tavsiya etilsin.

7. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKga qatnovlar raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida xalqaro qatnovlar uchun aviachiptalarni tannarxidan past narxlarda sotish huquqi berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning soliq solinadigan bazasini arzonlashtirilgan narxlar boʻyicha sotilgan aviachiptalar summasiga kamaytirish mexanizmini joriy etsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:

2018-yil 1-martgacha turistlarga tezkor yordam koʻrsatish uchun yagona qisqa umumrespublika telefon raqamiga ega boʻlgan Call-markazning faoliyati autsorsing shartlarida tashkil etilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Call-markazga murojaat qilgan turistlarga tezkor yordam koʻrsatish masalalarida idoralararo oʻzaro hamkorlikni taʼminlasin.

Belgilansinki, Turizm qoʻmitasining Sall-markazi faoliyat yuritishi bilan bogʻliq xarajatlar Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

9. Belgilansinki:

turistlar uchun yoʻnalishni moʻljalga olishni yengillashtirish maqsadida chet tillaridagi (ingliz, rus va boshqa tillarda) koʻrsatkichlarni oʻrnatish tashabbusi bilan chiqqan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ushbu koʻrsatkichlarda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar (xizmatlar va ishlar)ning reklamasini joylashtirish huquqi beriladi, bunda reklama sohasiga oid qonunchilik talablariga rioya qilinishi taʼminlangan holda joylashtirilayotgan reklamaning umumiy maydoni koʻrsatkich maydonining 40 foizidan koʻp boʻlmasligi lozim;

turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi, roʻyxati qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan hamda barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli koʻrsatkichlar oʻrnatilgan obyektlar bundan mustasno.

10. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Turizm qoʻmitasi va Madaniyat vazirligi har chorakda va yil yakunlariga koʻra respublikaning turizm imkoniyatlari va salohiyati, uning tarixiy shaxslari, tarixi, madaniyati, anʼanalari, sporti toʻgʻrisidagi eng yaxshi video, foto va audiomateriallarni aniqlash boʻyicha tanlovni tashkil qilish va oʻtkazish orqali mahalliy va chet ellik gʻoliblarni aniqlagan holda tegishlicha Ekologiya jamgʻarmasi, Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga taqdirlashni taʼminlasin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda 2018-yildan boshlab har yili daromadlar prognozi ortigʻi bilan bajarilgan mablagʻlar va boshqa budjetdan tashqari manbalarning mablagʻlari hisobiga xalqaro turizm koʻrgazmalari va yarmarkalarida ishtirok etish, keyinchalik chet el jamoatchiligi orasida tarqatish maqsadida tegishli axborot materiallarini tayyorlash hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarida reklama kampaniyalarini ishga solish orqali hududlarning turizm salohiyatini targʻib qilish uchun mablagʻlar ajratsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oltin buyumlar hamda belgilangan tartibda tayyorlangan oʻlchovli yombilar xorijiy turistlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi tartibining soddalashtirilishini nazarda tutadigan Hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda:

Madaniyat vazirligi va “Oʻzbekkino” milliy agentligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi hamda “Oʻzbekkino” milliy agentligining buyurtmanomalariga koʻra xorijiy ijodiy guruhlarga respublikaning turizm salohiyati toʻgʻrisidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirish va ulardan foydalanish uchun ruxsatnomalarni berish tartibini koʻzda tutadigan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2018-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida “Qarshi” xalqaro aeroportini “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning tarkibidan chiqarib, xalqaro aeroportlarni boshqarish boʻyicha maxsus kompaniya boshqaruviga berish, aeroport hududida “Ochiq osmon” rejimini, shu jumladan, loukoster aviakompaniyalarini jalb qilgan holda joriy qilishni nazarda tutuvchi “Qarshi” xalqaro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3217-son qarori bilan tashkil etilgan Xorijlik turistlar, jumladan, ziyorat qilish maqsadida kelayotgan turistlar uchun viza va roʻyxatdan oʻtish tartibotlarini bosqichma-bosqich soddalashtirishga doir takliflar tayyorlash boʻyicha ishchi guruhga har chorakda tegishli maʼlumotlar kiritgan holda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Viza rejimini yanada soddalashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

15. Turizm qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

ushbu qaror bilan tasdiqlangan Kirish turizmini rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borilishini;

monitoring yakuniga koʻra Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashga rejalashtirilgan chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun har chorakda takliflar kiritib borilishini taʼminlasin.

(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

16. Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A. Aripov):

(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning soʻzsiz, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy va tizimli nazorat tashkil etilishini;

vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari — masʼul ijrochilarning ushbu qaror bilan tasdiqlangan Kirish turizmini yanada rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasining soʻzsiz bajarilishi yuzasidan ular tomonidan koʻrilayotgan amaliy choralarning har chorakda eshitilishini taʼminlasin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R. Xolmuradov va Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining raisi A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 6-fevral,

PQ-3509-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3509-son qaroriga 1-ILOVA

Viza rejimini yanada soddalashtirish boʻyichaamaliy

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3509-son qaroriga 2-ILOVA

Kirish turizmini yanada rivojlantirish boʻyichaamaliy

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3509-son qaroriga 3-ILOVA

Turizmni rivojlantirish masalalarida oʻzaro hamkorlikni faollashtirishni taʼminlash boʻyicha masʼullar biriktiriladigan mamlakatlar va hududlar

Izoh: turizmni rivojlantirish masalalarida mamlakatlar va mintaqalar bilan oʻzaro hamkorlikni faollashtirishni taʼminlash uchun masʼullar boshqa ishga oʻtganda Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtirish kengashi tomonidanmazkur masalalarr ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.