PQ-3514-son Qaror · 07.02.2018

Ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3514
  • Qabul qilingan sana:07.02.2018
  • Kuchga kirgan sana:08.02.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3514/0672

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2018-yil 3-fevraldagi PF-5326-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri sifatida ichki turizmni jadal rivojlantirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida:

1. “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — Amaliy chora-tadbirlar rejasi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi:

a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

bir oy muddatda turizm infratuzilmasining bandligini hisobga olgan holda hududlar hamda jalb etilgan tashkilotlar miqyosida turlar va ekskursiyalarni tashkil qilish jadvallarini tasdiqlasin;

yoshlarni turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish boʻyicha axborot-targʻibot tadbirlarining muntazam oʻtkazilishini taʼminlasin;

turistlar oqimining mavsumiyligi hamda hududlarning turizm infratuzilmasi toʻliq jalb etilishini inobatga olib, shu jumladan turizm faoliyati subyektlarini jalb etgan holda Amaliy chora-tadbirlar rejasining samarali amalga oshirilishi uchun zarur choralar koʻrsin;

b) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirish doirasida ommaviy axborot vositalarida hamda Internet tarmogʻida, shu jumladan respublikaning barcha shaharlarida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” shiori ostida tashqi reklama vositalarini (shit-bannerlar hamda tashqi ekranlar uchun roliklar) tayyorlash va oʻrnatish yoʻli bilan ichki turizmni keng targʻib qilish tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlasin.

(2-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

3. Turizm qoʻmitasi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan joylashtiriladigan tashqi reklama ijtimoiy reklamaga tenglashtiriladi.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda 2018 — 2020-yillarda respublikaning har bir hududida kamida 100 ta joy hisobga olinib markaziy koʻchalar, aholi gavjum joylar hamda trassalarda joylashgan shitlar, ekranlarda ichki turizmga oid tashqi reklama begʻaraz oʻrnatilishini taʼminlasin.

5. Belgilab qoʻyilsinki, Dastur doirasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga turistik-ekskursiya turlari uchun toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar:

taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun — oʻz mablagʻlari va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobidan;

tashkilotlar xodimlari uchun — oʻz mablagʻlari, ish beruvchi mablagʻlari (budjet tashkilotlari uchun — tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari) va jamoaviy shartnomalarga muvofiq boshqa mablagʻlar hisobidan;

yetim bolalar, kam taʼminlangan oilalar farzandlari, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ularning umumiy sonidan kamida 20 foizi qamrab olinishi taʼminlangan holda — xayriya mablagʻlari, shuningdek, har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti koʻrsatkichlarida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan;

pensionerlar hamda urush va mehnat faxriylari uchun — oʻz mablagʻlari, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining mablagʻlari va xayriya mablagʻlari hisobidan;

faol xotin-qizlar uchun — oʻz mablagʻlari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi mablagʻlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablagʻlari va xayriya mablagʻlari hisobidan;

mahalla faollari va yosh oilalar uchun — oʻz mablagʻlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablagʻlari hisobidan tenglik asosida qoplanadi.

Mazkur Dasturda ishtirok etish ixtiyoriy ekanligi belgilab qoʻyilsin.

6. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga:

jamoaviy shartnomalarga ragʻbatlantirish chorasi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga oʻz xodimlarining kamida 10 foizini oila aʼzolari bilan birgalikda har yili dam olishga (ichki turizmga) yuborishni nazarda tutadigan xodimlarning jamoaviy va oilaviy dam olishini tashkil qilish normasini kiritish;

xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq ular uchun qulay boʻlgan vaqtda sayohat qilish va dam olish uchun taʼtilning foydalanilmay qolgan qismi hisobidan dam olish kunlari (otgul) berish;

Dastur tadbirlarini amalga oshirish doirasida har yili 30-dekabrgacha davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari uchun turistik-sayohat turlarini tashkil qilish jadvallarini tasdiqlash tavsiya etilsin.

7. Turizm qoʻmitasi davlat organlari va boshqa tashkilotlarga guruhli sayohatlarni tashkil qilish uchun mahalliy turoperatorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish, shuningdek, mehmonxona va transport tashkilotlariga tashkil etilgan turlar, shu jumladan yashash va kelib-ketish (uchib borish) uchun imtiyozlar taqdim etish boʻyicha takliflar yuborishda yordam koʻrsatsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

8. 2018-yil 10-fevraldan boshlab 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagi tartib joriy etilsin, unga koʻra:

(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi PQ-232-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 07/22/232/0378-son)

ish beruvchining turizm sohasida faoliyat koʻrsatish boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan subyektlardan xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun respublika boʻylab turistik yoʻllanmalarni sotib olish xarajatlari xodimning daromadi sifatida koʻrib chiqilmaydi hamda yuridik shaxsdan olinadigan foyda soligʻini hisoblab chiqishda chegirib qolinishi lozim;

jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab turistik yoʻllanmalarni turizm sohasida faoliyat koʻrsatish boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan subyektlardan sotib olishga yoʻnaltirilgan xarajatlar summasiga kamaytiriladi. Bunda turistik yoʻllanma (ayirboshlanadigan vaucher), avia va temir yoʻl chiptalari, avtotransport tashkilotlarining hisob-fakturalari (chiptalari) va joylashtirish vositalari cheklari tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi;

turizm sohasida faoliyat koʻrsatadigan subyektlarning soliq solinadigan bazasi Oʻzbekiston turizm brendi va “Uzbekistan.travel” sayti reklamasi boʻlgan bosma mahsulotlarni (xaritalar, risolalar, bukletlar, flayerlar va boshqalar), suvenir va qadoqlash mahsulotlarini (sumkalar, paketlar, maktab daftarlari, yorliqlar, gʻiloflar, kiyim-kechaklardagi va oshxona anjomlaridagi yozuvlar) tayyorlash va chop etishga yoʻnaltiriladigan xarajatlar summasiga kamaytiriladi.

9. Tijorat banklariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga turizm sohasida faoliyat koʻrsatish boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan subyektlardan Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab sayyohlik turlarini sotib olish uchun 10 million soʻmgacha isteʼmol kreditlarini ajratish va kreditni ish haqi hisobidan qoplash imkoniyatini berish tavsiya etilsin.

10. Belgilansinki:

turizm obyektlari (meʼmoriy yodgorliklar va boshqalar) hamda infratuzilmasi (mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari, turistik yoʻnalishlar va boshqalar) joylashgan joylarning belgi-ishoralari va koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan tematik turistik xaritalar adadini koʻpaytirish va ularni tarqatishga kartografiya ishlarini amalga oshirish uchun litsenziya (ruxsatnoma) olinishi talab etilmaydi;

turistlarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar (davlat muzeylari, galereyalar, madaniy meros obyektlari va qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar maʼmuriyatlari va boshqalar) oʻz faoliyatidan tushadigan tushumlarning kamida 5 foizini oʻz faoliyati hamda taqdim etayotgan turizm xizmatlari bayon etilgan reklama-tarqatish materiallarini oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlash va adadini koʻpaytirish uchun majburiy tartibda yoʻnaltiradi. Bunda ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilgan xarajatlar summasi bu tashkilotlarning soliqqa tortiladigan bazasidan chiqarib tashlanadi.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda turizmni rivojlantirish uchun yuqori salohiyatga ega tuman va shaharlarda joylashgan hamda asosan muhandislik kommunikatsiyalar bilan taʼminlangan foydalanilmayotgan yer uchastkalarini 2-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha uch oy muddatda xatlovdan oʻtkazsin hamda keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xulosasiga asosan har bir hududda umumiy maydoni kamida 20 gektar boʻlgan 20 ta yer uchastkasi hisobidan kelib chiqib, turizm sohasidagi loyihalarni (mehmonxonalar, mehmonxona uylari, kempinglar, motellar va boshqa joylashtirish vositalari, tematik xiyobonlar, muzeylar, galereyalar va boshqa inshootlar qurish) amalga oshirish maqsadida tadbirkorlik subyektlari hamda potensial investorlarga taqdim etish uchun ajratsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tanlab olingan foydalanilmayotgan yer uchastkalarida 2018 — 2022-yillarda turizm infratuzilmasini tashkil etish doirasidagi xarajatlar:

yangi loyihalar (maketlar)ning dizayn-eskizlarini ishlab chiqish uchun — budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mablagʻlari;

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishga ruxsat beruvchi hujjatlarni olish uchun — tegishli tumanlar (shaharlar) mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilab qoʻyilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda turistik yigʻimlar, mehmonxona xizmatlarini sertifikatlash hamda joylashtirish vositalarining javobgarlik qoidalarini saqlab qolgan holda, tashrif buyuruvchilarni roʻyxatga olish boʻyicha maxsus elektron avtomatlashtirilgan dasturda joylashtirish vositalari orqali xususiy uylarga (xonadonlarga) mehmonlarni vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish tartibini joriy etsin;

turizm toifasiga oid mehmonxonalar va mehmonxona uylarining namunaviy loyihalarini, shu jumladan xorijiy loyiha tashkilotlaridan budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan sotib olsin va keyinchalik ushbu loyihalarni turizm infratuzilmasi obyektlarini qurish tashabbusini koʻrsatgan tadbirkorlik subyektlariga begʻaraz taqdim etsin. Bunda namunaviy loyihalarni muayyan hududga biriktirish Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy boʻlinmalari tomonidan begʻaraz asosda taʼminlanadi.

(13-bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)

14. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining ichki turizmni yanada rivojlantirish hamda turizm infratuzilmalarini takomillashtirish maqsadida hududlarda kichik turizm zonalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki, kichik sanoat zonalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari qoidalari kichik turizm zonalariga ham tatbiq etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2018-yilning 1-iyuliga qadar tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini ajratishning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etgan holda hududlarda kichik turizm zonalarini yaratish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda quyidagi summalar uchun soliq solinadigan bazani kamaytirish tartibini bir oy muddatda tasdiqlasin:

100 million soʻmgacha — xoʻjalik yurituvchi subyektlarning 2025-yilning 1-yanvariga qadar sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini qayta tiklash, kapital taʼmirlash va qurishga yoʻnaltirilgan xarajatlari;

(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi PQ-232-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 07/22/232/0378-son)

12 million soʻmgacha — har yili 2025-yilning 1-yanvariga qadar xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan sanitariya-gigiyena tarmoqlarini (farroshlar ish haqi, gigiyena, tozalash va yuvish vositalarini sotib olish, kommunal xarajatlarni toʻlash), turizm infratuzilmasi obyektlarini (tarixiy va meʼmoriy yodgorliklar, muzeylar, teatrlar, madaniyat uylari, umumiy ovqatlanish punktlari, xizmat koʻrsatish obyektlari, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari, avtomobillar uchun vaqtincha toʻxtash joylari, yoʻlboʻyi infratuzilmasining servis xizmatlar koʻrsatiladigan hududlari, bozorlar, rastalar, doʻkonlar va odamlar gavjum boʻladigan boshqa joylarni) saqlashga yoʻnaltirilgan xarajatlari.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining xulosasi asosida zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini yaratish loyihalarini amalga oshiradigan tadbirkorlik subyektlari va potensial investorlarga shaharlar va tumanlarning tegishli qismlarida reklama va ixcham savdo nuqtalari uchun joylar taqdim etsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:

manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Amaliy chora-tadbirlar rejasi bajarilishi ustidan doimiy monitoringni;

monitoring natijalari boʻyicha Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashga rejalashtirilgan chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun har chorakda takliflar kiritilishini taʼminlasin.

(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

17. Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Aripov):

(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning soʻzsiz, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy va tizimli nazorat tashkil etilishini;

vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar — masʼul ijrochilar rahbarlarining Amaliy chora-tadbirlar rejasini soʻzsiz amalga oshirish borasida ular tomonidan koʻrilayotgan amaliy choralar haqidagi hisobotlari har chorakda eshitib borilishini taʼminlasin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida “Eski shahar” turizm zonasini barpo etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2017-yil 7-sentabrdagi PQ-3260-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R. Xolmuradov va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining raisi A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 7-fevral,

PQ-3514-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-fevraldagi PQ-3514-son qaroriga 1-ILOVA

“Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish Dasturini amalga oshirish boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-fevraldagi PQ-3514-son qaroriga 2-ILOVA

Ichki turizm rivojlanishi uchun yuqori salohiyatga ega boʻlgan tumanlar va shaharlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-fevraldagi PQ-3514-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-sentabrdagi “Toshkent shahrida “Eski shahar” turizm zonasini barpo etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3260-son qaroriga kiritiladigan

1. 3-banddagi “kompanii “Demir Group” soʻzlari “sovmestnomu predpriyatiyu OOO “Inter Tourism” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. 4-bandning birinchi xatboshidagi “kompaniya “Demir Group” soʻzlari “sovmestnoye predpriyatiye OOO “Inter Tourism” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. 5-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi “kompaniyey “Demir Group” soʻzlari “sovmestnim predpriyatiyem OOO “Inter Tourism” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. 6-banddagi “kompaniya “Demir Group” soʻzlari “sovmestnoye predpriyatiye OOO “Inter Tourism” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.