PF-1150-son Farmon · 03.05.1995

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 50 yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-1150
  • Qabul qilingan sana:03.05.1995
  • Kuchga kirgan sana:04.05.1995
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:«Халк сузи» 85 (1087)

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 50 yilligi munosabati bilan, insonparvarlik prinsipiga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 20-bandi asosida qaror qilaman:

1. Quyidagi mahkumlar ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolardan ozod qilinsinlar:

a) ikkinchi jahon urushining qatnashchilari, shuningdek Chernobil AESidagi halokat oqibatlarini bartaraf qilishda qatnashgan shaxslar;

b) ayollar va voyaga yetmaganlar;

v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;

g) birinchi va ikkinchi guruh nogironlari.

2. Ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgan jinoyatlari uchun hukm qilingan va tayinlangan muddatning kamida yarmini oʻtab boʻlgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

3. Birinchi marta qasddan jinoyat qilib, besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va tayinlangan muddatning kamida yarmini oʻtab boʻlgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

4. Mazkur Farmon asosida ozod qilinmaydigan quyidagi shaxslarning oʻtab boʻlinmagan jazo muddati qisqartirilsin:

a) axloq tuzatish ishlariga, qamoqqa hukm qilinganlarning, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlarning qolgan muddati — yarmiga;

b) birinchi marta qasddan jinoyat qilganligi uchun besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarning qolgan muddati — uchdan bir qismiga;

v) birinchi marta qasddan jinoyat qilganligi uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilganlarning qolgan muddati — toʻrtdan bir qismiga.

5. Oʻta ogʻir jinoyatlari uchun, oʻqotar quroli bilan hamda giyohvandlik vositalarini sotish va oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlari uchun hukm qilganlarga, oʻta xavfli retsidivistlarga, shuningdek jazoni oʻtash tartibotini ashaddiy buzuvchilarga nisbatan ushbu Farmonning 1, 2, 3-moddalari qoʻllanilmasin.

Farmonning 4-moddasiga muvofiq tartibotni ashaddiy buzuvchilarning jazo muddati qisqartirilmasin.

6. Farmon eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va toʻrt oy mobaynida ijro etilishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1995-yil 3-may,

PF-1150-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.