PQ-2980-son Qaror · 19.05.2017

2017-2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2980
  • Qabul qilingan sana:19.05.2017
  • Kuchga kirgan sana:19.05.2017
  • Holati:Amalda

Buxoro — Markaziy Osiyoning qadimiy shaharlaridan boʻlib, Buyuk Ipak yoʻlidagi eng yirik va mashhur savdo markazlaridan biridir. Shahar umumjahon tamadduni rivojlanishining eng muhim bosqichlari bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan oʻzining ming yillar davomida shakllangan boy va noyob tarixi bilan madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy-diniy qadriyatlarning rivojlanishiga ulkan hissasini qoʻshib kelgani bilan butun dunyoda shuhrat qozongan.

1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi YUNESKOning Butun jahon merosi shaharlari roʻyxatiga kiritilgani uning tarixiy jihatdan bebaholigi, butun maʼrifatli dunyo uchun madaniy va sivilizatsion ahamiyatining toʻgʻridan-toʻgʻri isboti boʻldi.

Mustaqil rivojlanish davrida Oʻzbekistonning butun turizm tarmogʻi kabi Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turistik salohiyatini targʻib qilish, turizmning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish davlatning doimiy diqqat-eʼtibori markazida turibdi. Bugungi kunda Buxoro viloyatida turizm industriyasi va unga yondosh infratuzilmani rivojlantirishda band boʻlgan turistik faoliyat subyektlari soni jadal surʼatlarda oshib bormoqda.

Shu bilan birga, qayd etish lozimki, hududning mavjud turistik salohiyatidan yetarli darajada samarali foydalanilmayapti. Yevropa, Afrika, Osiyo va MDH davlatlaridan sayyohlar oqimini samarali jalb qilish uchun Buxoro shahri va Buxoro viloyatining yangi zamonaviy qiyofasini yaratish, shahar va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, turizm sohasi subyektlari, shu jumladan, zamonaviy mehmonxonalar sonini oshirish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.

Xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari va xorijiy turoperatorlar uchun axborot turlarini amaliy tashkil etishni kengaytirish.

Xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari va xorijiy turoperatorlar uchun axborot turlarini amaliy tashkil etishni kengaytirish hamda turizm sohasida zamonaviy kadrlarini tayyorlash bilan bogʻliq boʻlgan tadbirlarni amalga oshirish talab etilmoqda.

Buxoro shahri va Buxoro viloyati turizm salohiyatini yanada rivojlantirish va undan foydalanish samaradorligini oshirish, betakror tarixiy-madaniy va meʼmoriy meros obyektlari bilan sayyohlarni keng tanishtirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va hududda zamonaviy turizm infratuzilmasining jadal rivojlantirishni taʼminlash, zamonaviy talablarga muvofiq koʻrsatilayotgan turizm, mehmonxona va transport xizmatlari roʻyxatini kengaytirish va sifatini oshirish maqsadida:

1. 2017 — 2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish Dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha uni samarali amalga oshirilishi taʼminlansin:

yangi mehmonxonalar, madaniy-sogʻlomlashtirish va savdo-koʻngilochar markazlarini, turizmni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan sharoitlarni yaratish bilan birga boshqa turistik infratuzilma obyektlarini qurish;

umumiy ovqatlanish tizimini takomillashtirish va turistlar kechki boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishlari uchun sharoitlar yaratish, shu jumladan, qurilishi hisobiga zamonaviy restoranlar, oʻzbek milliy musiqasining teatrlashtirilgan konsert dasturlarini oʻtkazish, madaniy meros obyektlari hududida milliy urf-odat va anʼanalarni namoyish etish;

aviareyslar va “Afrosiyob” elektropoyezdi reyslari sonini oshirish yoʻli orqali, transport xizmati, avia va temiryoʻl infratuzilmasini yaxshilash, Buxoro shahrining tarixiy qismi atrofida sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan kompaniyani tashkil etish, turistik namoyish obyektlariga olib boradigan avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish;

Buxoro shahri hududini obodonlashtirish, shu jumladan Buxoro shahrining markaziy qismining batafsil planining yangilangan loyihasini tasdiqlash, shahar markazida ixtisoslashtirilgan suvenir va sovgʻa doʻkonlari joylashtirilgan yangi “savdo” koʻchasini tashkil qilish, turistik infratuzilma obyektlarida bankomat va terminallarni oʻrnatish, valyuta ayirboshlash punktlarini tashkil etish, butunjahon axborot Internet tarmogʻidan foydalanishga keng imkoniyat taʼminlagan holda, sayyohlar gavjum boʻlgan joylarda Wi-Fi-zonalarni tashkil etish;

“Ipak va ziravorlar”, “Qovun sayli”, “Shahar kuni”, “Sharq taomlari”, “Buxoro hunarmandlari” kabi festivallarni oʻtkazish hisobiga keng qamrovli reklama kampaniyasini oʻtkazish va Buxoro brendini targʻib etish, xorijiy turistik tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun axborot turlarini tashkil etish hamda ommaviy va mashhur xorijiy telekanallarda mavjud turistik salohiyatni targʻib qilish, butunjahon axborot Internet tarmogʻidagi maxsus veb-saytlarda va mashhur ijtimoiy tarmoqlarda hududning tarixi, obidalar va yodgorliklarga bagʻishlangan maqolalarni joylashtirish;

kasb-hunar kollejlari oʻqituvchilari, hududning turistik tarmogʻi xodimlarini oʻqitish va malakasini oshirish ishlarini tashkil etish, sayyohlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni keng jalb qilgan holda turistik faoliyati subyektlari va transport tashkilotlari xodimlari uchun seminarlar va mahorat darslarini (master-klass) oʻtkazish orqali Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turistik tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlashni taʼminlash;

yangi turistik yoʻnalishlarni tashkil etish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish, shu jumladan, Shofirkon tumanidagi “Ogʻitma” koʻli atrofida turistik infratuzilmasini rivojlantirish, “Jayron” ekologik markazining “Qabul markazi”ni kapital taʼmirlash va uning atrofida hayvonot parkini tashkil etish, Peshku tumanidagi “Qoraqir” koʻlida ov, plyaj va sport turizmi bilan shugʻullanish uchun zarur sharoitlarni yaratish, “Afshona” muzeyi atrofidagi hududni obodonlashtirish va ixtisoslashtirilgan uy- shifoxonalarni qurish;

2017 — 2021-yillarda turizm xizmatlari eksporti hajmini 2,1 barobar, turistlar sonini esa 1,9 barobarga oshishini taʼminlash.

2. 2017 — 2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish Dasturini amalga oshirish yuzasidan nazoratni taʼminlash boʻyicha 2-ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) tashkil etilsin.

Ishchi guruh (A.N. Aripov):

Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirishni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish;

Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni bosqichma-boskich amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni bir oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash;

Dasturga kiritilgan loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun xorijiy investitsiyalar, donor-mamlakatlarning kredit va grant mablagʻlari, xalqaro moliya institutlarini jalb etish zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Ishchi guruhning asoslangan takliflari asosida, Dastur parametrlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

3. Buxoro viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:

uch oy muddatda BUXORO shahrining tarixiy qismi va boshqa joylarida qulay muhit boʻlishni yaratishga yoʻnaltirilgan, shaharning tarixiy qismi hududida va boshqa joylarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan keng miqyosdagi obodonlashtirish hamda qurilish ishlari hajmi va parametrlaridan kelib chiqqan holda, Buxoro shahri markaziy qismining mufassal rejasiga belgilangan tartibda oʻzgartirishlarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura- shaharsozlik kengashiga koʻrib chiqish uchun taqdim etsin;

Buxoro shahrining tarixiy qismini loyihalashtirish va moddiy madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilishning uzoq muddatli konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etish uchun YUNESKO va boshqa shu kabi donorlik tashkilotlari, Yevropa mamlakatlarining yetakchi ekspert-maslahatchilari jalb etsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi Buxoro viloyatining alohida qoʻriqlanadigan tarixiy-madaniy hududlari — Buxoro shahrining tarixiy markazi va muhofaza ostidagi hududlarida, uning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan noyob obyekt ekanligini hisobga olib, qurilish, taʼmirlash-tiklash va boshqa ishlarni amalga oshirishda Butunjahon madaniy va tabiiy merosini himoya qilish Konvensiyasi (Parij, 1972-y.) normalari hamda YUNESKO Butunjahon merosi Markazining tavsiyalariga muvofiq uning arxitekturasiga minimal aralashuv yuzasidan zarur choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan konsepsiya asosida, uch oy muddatda 2018 — 2027-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining qayta taʼmirlash va tiklash ishlari amalga oshiriladigan tarixiy-madaniy merosi obyektlarining manzilli roʻyxatini hamda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining barcha moddiy madaniy meros obyektlarida qayta taʼmirlash va tiklash ishlarini yakunlashning aniq muddatlari koʻzda tutilgan tarmoq jadvalini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqaro moliya institutlarining texnik hamkorligi va grant hamda donorlik tashkilotlarining mablagʻlarini jalb etishda zarur koʻmak bersin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Buxoro viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda “Asaka” aksiyadorlik tijorat bankining:

Buxoro shahrida sayyohlar kechayu-kunduz boʻsh vaqtlarini maroqli oʻtishiga toʻlaqonli sharoitlarni taʼminlash, uning hududida zamonaviy kam qavatli mehmonxonalar, madaniy-sogʻlomlashtirish va savdo-koʻngilochar markazlari qurilishi bilan birga, “Qadimiy Buxoro” turistik zonasini tashkil etish;

Buxoro shahrining tarixiy qismida (“Shahriston” bozori hududida) milliy meʼmoriy anʼanalardagi uslub, bezaklarni qoʻllagan hamda tarixiy koʻrinishini saqlab qolgan holda, ikki qavatli uylardan iborat anʼanaviy hunarmandchilik ustaxonalari va milliy suvenirlar. zardoʻzlik buyumlari, kitob mahsulotlari, meva va sabzavotlar, shirinliklar hamda sayyohlar oʻrtasida talab yuqori boʻlgan boshqa mahsulotlar sotiladigan doʻkonlari mavjud hunarmandlar shaharchasi va usti yopiq bozor qurish borasidagi takliflari maʼqullansin.

6. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki — “Qadimiy Buxoro” turistik zonasini qurish” loyihasini moliyalashtirish sxemasini tashkillashtirishni taʼminlovchi, shu jumladan, rossiyalik tadbirkor A.B. Usmonovning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini va xayriya mablagʻlarini jalb qilish orqali vakolatli bank etib;

“Asaka” aksiyadorlik tijorat banki — “Buxoro shahrining tarixiy qismida hunarmandlar shaharchasi qurish” loyihasini amalga oshirish doirasida qurilgan obyektlarni sotib olish istagini bildiradigan hunarmandlar va tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli tijorat va ipoteka kreditlarini ajratilishini taʼminlovchi vakolatli bank etib belgilansin.

7. Belgilansinki, “Qadimiy Buxoro” turistik zonasini qurish” va “Buxoro shahrining tarixiy qismida hunarmandlar shaharchasini qurish” loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Asaka” aksiyadorlik tijorat bankining maxsus tashkil etilgan tegishli investitsiya kompaniyalari (keyingi oʻrinlarda — investitsiya kompaniyalari) tomonidan amalga oshiriladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Qadimiy Buxoro” turistik zonasini qurish” va “Buxoro shahrining tarixiy qismida hunarmandlar shaharchasini qurish” loyihalarini amalga oshirishning tashkiliy tadbirlari boʻyicha hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasinlar.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Qadimiy Buxoro” turistik zonasini qurish” va “Buxoro shahrining tarixiy qismida hunarmandlar shaharchasini qurish” loyihalarini amalga oshirish doirasida uskunalar, xom ashyo, butlovchi buyumlar, qurilish va boshqa materiallarni sotib olish uchun investitsiya kompaniyalarining, shuningdek, “Qadimiy Buxoro” turistik zonasida faoliyat yurituvchi boshqa tadbirkorlik subyektlarining buyurtmanomalariga binoan mablagʻlarning oʻz vaqtida konvertatsiya qilinishini taʼminlasin.

10. “Qadimiy Buxoro” turizm hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, investitsiya kompaniyalari 2020-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda:

yer soligʻi, daromad soligʻi, yuridik shaxslarning mulk soligʻi, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi va Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga majburiy toʻlovlardan;

(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-apreldagi PF-5398-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2018-y., 06/18/5398/1004-son)

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinadigan asbob-uskuna, xom ashyo, butlovchi buyumlar, qurilish va materiallari bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlari bundan mustasno) ozod qilinsin.

Belgilansinki, mazkur bandda koʻrsatilgan bojxona imtiyozlarini qoʻllagan holda olib kirilgan asbob-uskunalar, xom ashyo, butlovchi buyumlar, qurilish va boshqa materiallar olib kirilgandan soʻng uch yil mobaynida ular sotilgan yoki bepul berilgan taqdirda bojxona toʻlovlari qonunchilikda belgilangan tartibda toʻliq hajmda undiriladi.

11. Buxoro viloyati hokimligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “Qadimiy Buxoro” turistik zonasi va hunarmandlar shaharchasining aniq chegaralarini (10 gektardan kam boʻlmagan) ikki oy muddatda belgilasin, shuningdek, ularni qurish uchun investitsiya kompaniyalariga belgilangan tartibda yer uchastkalari ajratsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki bilan birgalikda ishga tushirishning aniq muddatlarini belgilagan holda “Qadimiy Buxoro” turistik zonasi hududida va hunarmandlar shaharchasida quriladigan obyektlarning manzilli roʻyxatini uch oy muddatda tasdiqlasin;

qonunchilikda belgilangan tartibda egalariga kompensatsiya toʻlagan holda tarixiy va madaniy qiymatga ega boʻlmagan eski uy-joy va boshqa binolarning belgilangan tartibda buzilishini, shuningdek, Buxoro viloyati mahalliy budjeti hisobidan barcha zarur tashqi kommunikatsiya-muhandislik va kommunal infratuzilmalarning quriladigan obyektlarga yetkazilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Buxoro viloyatining ziyoratgoh va qadamjolariga tashrif buyurish davomida Buxoro shahrining tarixiy qismida xorijiy va mahalliy sayyohlarning qulay va xavfsiz vaqt oʻtkazishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda “Qadimiy Buxoro” turistik zonasida va shaharning boshqa joylarida turli shoular, tarixiy voqealarni namoyon etgan holda teatrlashtirilgan tomoshalar, folklor jamoalari va zamonaviy estrada xonandalarining chiqishlari, modalar namoyishi va boshqa koʻngilochar tadbirlarning tashkil qilinishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda “Qadimiy Buxoro” turistik zonasi va Buxoro shahrining tarixiy qismida ochiq “Wi-Fi” zonalari faoliyatini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Arxitektura va qurilish davlat qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda:

savdo shahobchalari, mehmonxonalar, koʻngilochar va boshqa sayyohlik namoyishi obyektlarini tashkil etish maqsadida foydalanilmayotgan moddiy madaniy meros obyektlarini investorlarga berish tartibini soddalashtirish boʻyicha uch oy muddatda taklif kiritsin, zarur hollarda moddiy madaniy meros obyektlarini va ularga tutash hududlarni investitsiya majburiyatlarini olgan holda ijaraga berishga doir tadbirkorlik faoliyati subyektlarining takliflarini koʻrib chiqish boʻyicha sayyor yigʻilishlari oʻtkazilishini nazarda tutsin;

ichki hovlisining buzilgan qismini tiklash (tozalash) boʻyicha ishlarni 2021-yilga qadar yakunlashni taʼminlagan holda “Ark” majmuasini toʻliq taʼmirlash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda Sharq marvaridi boʻlgan noyob muzey-shahar sifatida Buxoro shahrining brendini ishlab chiqish hamda ommabop xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarining faol ishtirokida 2017 — 2019-yillarda “Muqaddas Buxoro — maʼrifiy Islom markazi” shiori ostida keng reklama kampaniyalarini oʻtkazishni nazarda tutgan holda Buxoro shahri va Buxoro viloyatiga sayyohlar oqimini oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrsin.

14. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 19-may,

PQ-2980-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi PQ-2980-son qaroriga 1-ILOVA

2017 — 2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish

Izoh.

1. Hisoblangan qiymat loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish yakunlariga koʻra aniqlashtirilishi lozim.

2. Mazkur Dasturning ijrosini nazorat qilish va monitoringini tashkillashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan taʼminlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi PQ-2980-son qaroriga2-ILOVA

2017 — 2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turistik salohiyatini jadal rivojlantirish Dasturi amalga oshirilishi ustidan nazoratni taʼminlash boʻyicha Ishchi guruh

Izoh: Ishchi guruhning aʼzolari boshqa ishga oʻtishganida uning tarkibiga ana shu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmalariga tegishli funksiyalarni bajarish vazifasi yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.