PQ-3628-son Qaror · 29.03.2018

Davlat organlarining ekspert-tahlil faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3628
  • Qabul qilingan sana:29.03.2018
  • Kuchga kirgan sana:30.03.2018
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3628/0978

Mamlakatimizni rivojlantirishning bugungi bosqichida davlat organlari faoliyatini takomillashtirish va 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi maqsadlariga erishish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, davlat organlarining axborot-tahlil ishlarini tashkil etishning zamonaviy talablarga javob bermayotgani amalga oshirilayotgan islohotlarni toʻliq va oʻz vaqtida roʻyobga chiqarish, mavjud muammolarni samarali hal etish va rivojlantirishning innovatsion gʻoyalarini ilgari surishga toʻsqinlik qilmoqda.

Mazkur holat har bir davlat organi tizimida islohotlar ijrosini ekspertlik jihatdan taʼminlashning yangi, samarali va sifatli tizimini yaratish, ular boʻlinmalarining oʻzaro muvofiqlashgan tahliliy faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etishni taqozo etmoqda.

Davlat organlarining 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va topshiriqlarida belgilangan tadbirlarning kompleks va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga qaratilgan ekspert-tahlil faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Davlat boshqaruvi organlari, shuningdek respublika ahamiyatidagi davlat organlarida (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari) 20 nafargacha tashabbuskor va malakali mutaxassislardan iborat doimiy faoliyat yuritadigan ekspert-tahlil guruhlari (keyingi oʻrinlarda — ekspert-tahlil guruhlari) tuzilsin.

Belgilansinki, ekspert-tahlil guruhlari, birinchi navbatda, davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat yuritayotgan davlat organlarida 1-ilovaga muvofiq reja-jadval asosida tuziladi.

2. Quyidagilar ekspert-tahlil guruhlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat organida 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasining ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyatni axborot-tahliliy va ekspert-huquqiy jihatdan taʼminlash;

olib borilayotgan islohotlarni hamda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni amalda bajarish mexanizmlarini amalga oshirishga amaliy koʻmaklashish;

davlat organi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning amalda bajarilishini puxta tizimli tahlil qilish, ularning samarali amalga oshirilishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan kamchilik va muammolarni aniqlash;

qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlarining toʻliq va samarali ijrosiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish;

innovatsion gʻoyalarni ishlab chiqish, qonunchilikni takomillashtirish, davlat xizmatlari koʻrsatishning tartib-taomillarini soddalashtirish hamda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, shuningdek, boshqaruvni tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy etish boʻyicha takliflar kiritish;

normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlarida nazarda tutilganlarini, shuningdek, tegishli soha va tarmoqlarda huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflarni oʻz vaqtida va sifatli tayyorlash;

tegishli xalqaro tajriba va xorijiy qonunchilikni doimiy oʻrganish hamda oʻrganish natijalarini Oʻzbekiston Respublikasi sharoitlarida joriy etishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqish;

davlat organi faoliyatiga taalluqli sohada olib borilayotgan islohotlarning amalga oshirilishini taʼminlashdagi dolzarb masalalar boʻyicha seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, simpoizumlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

ekspert-tahlil guruhi davlat organi faoliyatini axborot-tahlil va ekspert-huquqiy jihatdan taʼminlashning, olib borilayotgan islohotlarni hamda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni amalda bajarish mexanizmlarini amalga oshirishga amaliy koʻmaklashishning samaradorligi va tezkorligi, shuningdek, ushbu qarorning 2-bandida koʻzda tutilgan boshqa vazifalar ijrosi uchun bevosita javobgardir;

ekspert-tahlil guruhi tarkibini tasdiqlash, shuningdek, uning tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish davlat organining birinchi rahbari tomonidan davlat organi faoliyatiga mutasaddilik qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalari va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kompleksi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)

ekspert-tahlil guruhi davlat organining bevosita birinchi rahbariga boʻysunadi;

ekspert-tahlil guruh tarkibiga kiritilgan mutaxassislarga, shu jumladan boshqa davlat organlari va tashkilotlar, yuqori turuvchi va markaziy tashkilotlar mutaxassislariga boshqa belgilangan toʻlovlardan tashqari davlat organining budjetdan tashqari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoʻshimcha ravishda har oylik mehnat haqi fondi (pul taʼminoti) ikki baravargacha boʻlgan miqdorda toʻlanadi;

ekspert-tahlil guruhi oʻz faoliyatini davlat organining birinchi rahbari tomonidan tasdiqlanadigan ish rejalari asosida amalga oshiradi;

ekspert-tahlil guruhi mutaxassislari davlat organining xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari tajribasini oʻrganish va faoliyati bilan tanishish maqsadida xorijiy mamlakatlarga chiqayotgan delegatsiyalari tarkibiga kiritilishi shart;

davlat organlari ekspert-tahlil guruhlari faoliyatiga shartnoma asosida boshqa tashkilotlarning, shu jumladan xorijiy tashkilotlarning ekspertlari va mutaxassislarini jalb etish huquqiga ega;

ekspert-tahlil guruhlarining faoliyati davlat organi faoliyatiga mutasaddilik qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalari va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining axborot-tahlil departamenti tomonidan muvofiqlashtiriladi.

(3-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)

4. Davlat boshqaruvi organi, shuningdek respublika ahamiyatidagi davlat organining ekspert-tahlil guruhi faoliyatini tashkil etishning namunaviy sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Quyidagilarga:

a) davlat organlarining birinchi rahbarlariga — faoliyat yoʻnalishi va bajariladigan ishlarning hajmidan kelib chiqqan holda, davlat organi faoliyatiga mutasaddilik qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalari va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kompleksi bilan kelishilgan holda ekspert-tahlil guruhlari aʼzolarining ushbu qarorda belgilangan sonini koʻpaytirish;

(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)

b) ekspert-tahlil guruhlariga:

davlat organining maʼlumotlar bazalaridan (shu jumladan elektron shakldagi) axborot, statistik va boshqa materiallarni olish;

guruhga yuklatilgan vazifalarni bajarishda ekspert jihatdan amaliy koʻmaklashish uchun davlat organi boʻlinmalari xodimlarini jalb etish;

davlat organi boʻlinmalaridan uning faoliyatini yanada takomillashtirish hamda tayyorlanayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha takliflarni soʻrab olish;

davlat organi boʻlinmalaridan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash boʻyicha qilingan ishlar natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni talab qilib olish huquqi berilsin.

6. Davlat organlari:

bir oy muddatda davlat organiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda ekspert-tahlil guruhi faoliyatining ushbu qaror bilan tasdiqlangan namunaviy sxema asosida tashkil etilishini taʼminlasinlar;

ekspert-tahlil guruhi uchun zamonaviy kompyuter va boshqa texnika vositalari bilan jihozlangan, keng qamrovli Internet tarmogʻi bilan taʼminlangan alohida xonalar ajratish hamda ular faoliyatining oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda boshqa tashkiliy masalalarni hal etish choralarini koʻrsinlar.

7. Xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlariga ushbu qarorning talablarini hisobga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mutasaddi kompleksi bilan kelishilgan holda doimiy faoliyat yuritadigan ekspert-tahlil guruhlarini tuzish tavsiya etilsin.

8. Belgilansinki, ekspert-tahlil guruhlarining tarkiblari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keyinchalik ularni 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va topshiriqlari ijrosini taʼminlashga jalb etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalariga tizimli ravishda taqdim etiladi.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 29-mart,

PQ-3628-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PQ-3628-son qaroriga 1-ILOVA

Davlat boshqaruvi organlari va respublika ahamiyatidagi davlat organlarida ekspert-tahlil guruhlarini tashkil etish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PQ-3628-son qaroriga 2-ILOVA

Davlat boshqaruvi organi, shuningdek respublika ahamiyatidagi davlat organining ekspert-tahlil guruhi faoliyatini tashkil etishning

Izoh: ekspert-tahlil guruhi tarkibiga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish davlat organi faoliyatiga mutasaddilik qiluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni tegishli xizmati va (yoki) Vazirlar Mahkamasi kompleksi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Ekspert-tahlil guruhi tarkibiga kiritilgan mutaxassislarga qoʻshimcha toʻlov davlat organi xodimlariga belgilangan muddatlar va tartibda har oylik mehnat haqi fondi (pul taʼminoti)ning ikki barobarigacha miqdorda amalga oshiriladi. Bunda davlat organlarining faoliyat yuritayotgan kadrlar zaxirasidagi xodimlari uchun mehnat haqi fondi (pul taʼminoti) davlat organlarida yoki ular ishga yuborilgan idoraviy quyi tashkilotlarda beriladigan toʻlovlarni qoʻshgan holda hisoblab chiqariladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.