PQ-3626-son Qaror · 28.03.2018

Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3626
  • Qabul qilingan sana:28.03.2018
  • Kuchga kirgan sana:29.03.2018
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3626/0957

Mamlakatimizda karantindagi zararli organizmlar Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni taʼminlash, shuningdek, oʻsimlik va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bunday sharoitda xavfli zararkunandalar, oʻsimliklar kasalligi, begona oʻtlardan respublika hududining ishonchli himoyasini taʼminlovchi ichki va tashqi oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat tadbirlarining samarali tizimini yoʻlga qoʻyish hamda ularning mamlakat ichida tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik borasidagi ishlarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi ishlarning ahvolini oʻrganish fitosanitar xavfsizlikni toʻlaqonli taʼminlashga hamda chet el mamlakatlari, kompaniya va korporatsiyalar bilan tashqi savdo aloqalarini kengaytirishga, eksport salohiyatini oshirish, mahsulotlarni tashqi bozorlariga olib chiqishga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligini aniqladi.

Oʻsimliklar karantini sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro normalar va qoidalarga muvofiqlashtirish yuzasidan faol ishlar olib borilmayapti, buning natijasida xorijiy hamkorlar tomonidan mahalliy mahsulotlarning oʻrnatilgan standartlarga muvofiq emasligi oʻz davlatlarining bozorlariga olib kirilishini rad etish holatlari qayd etilmoqda hamda chet eldan moliyaviy va grant mablagʻlarini jalb etish jarayoni murakkablashmoqda.

Respublika mintaqalarida hozirgi kunga qadar eksportga joʻnatiladigan hamda karantin zararkunandalari, oʻsimliklar kasalliklari, begona oʻtlar tashuvchisi boʻlishi mumkin boʻlgan chet davlatlardan olib kiriladigan urugʻlar, oʻsimliklar, oʻsimlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha laboratoriyalar mavjud emas.

Oʻsimliklar karantini sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning taʼsirchan tizimi mavjud emas, buning natijasida, mutaxassislarning kasbiy mahoratlari, ularning ushbu sohadagi ish koʻnikmalari oshirilishini taʼminlanmayapti.

Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati boʻlinmalarining zaif moddiy-texnik taʼminoti, ulardagi xodimlar, ayniqsa, joylarda ishlovchilarning karantin tadbirlarini oʻtkazish uchun zarur uskunalar bilan taʼminlanmagani hamda ularning moliyaviy va ijtimoiy taʼminoti yetarli darajada boʻlmaganligi oʻzlariga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni samarali va sifatli bajarish imkonini bermaydi.

Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, mamlakatda fitosanitar xavfsizlikni taʼminlash sohasida davlat nazoratining yaxlit tizimini yaratish maqsadida hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. Oʻsimliklar karantini sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi idoralararo ishchi guruh tuzilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar idoralararo ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:

oʻsimliklar karantini sohasidagi ishlar holatini kompleks oʻrganish;

Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklar karantini sohasidagi xalqaro shartnomalarga, shu jumladan Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro Konvensiyaga (Rim, 1951-yil) qoʻshilishi boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligini oʻsimliklar karantini sohasidagi barcha xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlash yuzasidan takliflar tayyorlash;

xorijiy davlatlar karantin xizmatlari bilan (Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Tailand Qirolligi, Yaponiya, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Latviya Respublikasi, Bangladesh, Hindiston Respublikasi, Afgʻoniston Islom Respublikasi va boshqalar) oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik qilish boʻyicha bitimlarni tuzish masalasini ishlab chiqish, shu jumladan bunday bitimlar loyihalarini tayyorlash.

(2 — 4-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)

5. Inspeksiya boshligʻiga quyidagi huquq berilsin:

zarur hollarda, Inspeksiyaning markaziy apparati, oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari va uning tarkibiga kiruvchi boshqa tashkilotlar tuzilmasiga xodimlarning belgilangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish;

Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Inspeksiya xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

Inspeksiya boshligʻi va oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari boshliqlari lavozimiga koʻra tegishlicha Oʻsimliklar karantini boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri oʻsimliklar karantini boʻyicha bosh davlat inspektorlari hisoblanadilar;

oʻsimliklar karantini boʻyicha tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yoʻllari, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlari xizmat majburiyatlarini bajarishda maxsus formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilarini kiyib yuradilar;

inspektorlarni formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilar bilan taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilarning namunalarini tasdiqlasin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda oʻsimliklarning agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlovini amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kamida 2 tadan oʻsimliklar klinikasi tashkil etilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Inspeksiya, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻsimliklar klinikasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha barcha zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni koʻrsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)

9. Inspeksiya Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda karantin laboratoriyalarining tashkil qilinishini hamda ularning karantin tadbirlarini amalga oshirish uchun kerakli boʻlgan barcha zarur laboratoriya uskunalari va texnik vositalar bilan jihozlanishini taʼminlasin.

10. 2018-yilning 1-aprelidan Inspeksiya va oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan kelib tushadigan davlat boji va yigʻimi koʻrinishidagi tushumlar Jamgʻarmaga 80 foiz miqdorida, shu jumladan Inspeksiya xodimlarining moddiy ragʻbatlantirilishiga — Jamgʻarmaga kelib tushadigan mablagʻlarning 10 foizidan ortiq boʻlmagan miqdori yoʻnaltirilishi belgilab qoʻyilsin.

2017-yilning 1-dekabridan 2018-yilning 1-apreligacha budjetga oʻtkazilishi lozim boʻlgan davlat boji va yigʻimi koʻrinishidagi tushumlar Inspeksiya tomonidan 2018-yilning oxiriga qadar qoplanishi belgilansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Chora-tadbirlar dasturida koʻrsatilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Inspeksiyaning asoslantirilgan buyurtmasi asosida Inspeksiyaga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan maqsadli yoʻnaltiriladigan 15 milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

12. Quyidagilar:

oʻsimliklar klinikasi 2018-yilning 1-iyulidan 2022-yilning 1-yanvariga qadar yer soligʻi, yuridik shaxslarning daromad va mol-mulk soligʻidan hamda yagona soliq toʻlovlarini toʻlashdan;

2020-yilning 1-yanvariga qadar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlarga koʻra oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini takomillashtirish hamda mamlakatda karantin holatni yaxshilash uchun Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan respublikada ishlab chiqarilmaydigan yoki yetarli hajmda ishlab chiqarilmaydigan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, uskunalar, asbob va priborlar, mashina va mexanizmlar, kompyuter va diagnostika texnikasi bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod qilinsin.

13. 2018-yil 1-maydan oʻsimliklar karantini boʻyicha tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yoʻllari, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlariga, qonun hujjatlarida belgilangan ustama va qoʻshimcha toʻlovlardan tashqari, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har chorak yakuni boʻyicha mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishganligi uchun Inspeksiya boshligʻi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan faoliyatni baholashning reyting tizimiga muvofiq belgilanadigan, quyidagi miqdorlardagi ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar beriladi:

70 balldan 80 ballgacha toʻplagan inspektorlarga — lavozim maoshiga 50 foizgacha;

80 balldan 90 ballgacha toʻplagan inspektorlarga — lavozim maoshiga 100 foizgacha;

90 balldan 100 ballgacha toʻplagan inspektorlarga — lavozim maoshiga 150 foizgacha.

14. Inspeksiya, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida, uning Nukus va Termez shaharlaridagi filiallarida, Andijon qishloq hoʻjaligi institutida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har uch yilda kamida bir marotaba oʻtkaziladigan Inspeksiya xodimlarini, birinchi navbatda tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yoʻllari, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;

Toshkent davlat agrar universitetida oʻsimliklar karantini va himoyasi kafedrasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda 2018 — 2020-yillarda oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati xodimlarini chet elda qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturini tasdiqlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3249-son qarorining 1 va 2-bandlari, hamda uning 1, 2, 3, 3a, 3b va 4-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

17. Inspeksiya manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar boʻyicha takliflar kiritsin:

oʻsimliklar karantini sohasidagi qonun hujjatlarining buzilishiga nisbatan maʼmuriy javobgarlikni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.R. Inoyatov hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 28-mart,

PQ-3626-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-martdagi PQ-3626-son qaroriga 7-ILOVA

2018 — 2020-yillarda Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini takomillashtirish

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.