PQ-3622-son Qaror · 23.03.2018

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasini qisman oʻzgartirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3622
  • Qabul qilingan sana:23.03.2018
  • Kuchga kirgan sana:23.03.2018
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/3622/0884

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya kilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3573-sonli qarori, “Respublikada urugʻlik kartoshka yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 23-fevraldagi PQ-3558-sonli qarori, “Oʻzbekiston Respublikasida limonchilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-martdagi PQ-3586-sonli qarori, “Respublikada kavrak plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xomashyosini qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirish hamda eksport qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-martdagi PQ-3617-sonli qaroriga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi ijro etuvchi tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari ― “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi ― Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini va yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari lavozimi tugatilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi ijro etuvchi tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari ― Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini va yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari lavozimi kiritilsin.

3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining:

“Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3573-sonli qaroriga muvofiq:

“Oʻzvinosanoat-xolding” AJ “Oʻzsharobsanoat” AJ etib qayta nomlandi;

“Oʻzsharobsanoat” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tarkibiga oʻtkazildi;

“Respublikada urugʻlik kartoshka yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 23-fevraldagi PQ-3558-sonli qarori bilan respublikada Kartoshka yetishtiruvchilari uyushmasi tuzildi;

“Oʻzbekiston Respublikasida limonchilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-martdagi PQ-3586-sonli qarori bilan Limon yetishtiruvchilari va eksporterlari uyushmasi tuzildi;

“Respublikada kavrak plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xomashyosini qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirish hamda eksport qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-martdagi PQ-3617-sonli qarori bilan Kavrak yetishtiruvchilari va eksporterlari uyushmasi tuzildi.

Belgilansinki, Kartoshka yetishtiruvchilari uyushmasi, Limon yetishtiruvchilari va eksporterlari uyushmasi, Kavrak yetishtiruvchilari va eksporterlari uyushmalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining Qishlok va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.

4. Quyidagilar:

a) Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari boʻyicha axborot-tahlil departamenti huzuriga:

Qishloq va suv xoʻjaligi, qishlok xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari boʻyicha axborot-tahlil departamentiga vinochilik va alkogol mahsulotlarini ishlab chikarish masalalari boʻyicha shtat birliklari va funksiyalari;

Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish masalasi boʻyicha Axborot-tahlil departamentining intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha funksiyalari oʻtkazilsin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari boʻyicha axborot-tahlil departamenti tarkibiga kiritilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga* muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

6. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov 15 kun muddatda:

a) quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari ― Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi ― Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksining rahbari;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari ― Qishloq va suv xoʻjaligi, qishlok xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari funksional vazifalariga;

b) quyidagilarga:

Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish masalasi boʻyicha Axborot-tahlil departamenti;

Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari boʻyicha Axborot-tahlil departamenti;

Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari boʻyicha Axborot-tahlil departamenti toʻgʻrisidagi nizomlarga tegishli oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarni kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi (R.V. Abduqodirov):

bir xafta muddatda ― Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining shtatlar jadvaliga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;

20 kun muddatda ― yangidan kiritilayotgan lavozimlar boʻyicha funksional vazifalarni tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat kilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi R.V. Abduqodirov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 23-mart,

PQ-3622-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.