PF-5395-son Farmon · 03.04.2018

Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlash faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5395
  • Qabul qilingan sana:03.04.2018
  • Kuchga kirgan sana:04.04.2018
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/18/5395/1003

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining muvofiqlashtirilgan va kelishilgan faoliyatini taʼminlash mamlakatimizni rivojlantirishning bugungi bosqichida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish sharoitlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, davlat organlari ayrim rahbarlari tomonidan boshqaruvga oid qarorlar qabul qilishda masʼuliyatni zimmasiga olmaslik yoki vakolat doirasidan tashqariga chiquvchi, koʻpincha amaldagi qonun hujjatlari normalariga zid qarorlar qabul qilish holatlarining saqlanib qolishi koʻzlangan islohotlarning toʻliq amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Yuzaga kelgan holat ishonib topshirilgan sohada aniq natijalarga erishish uchun vazifalar, vakolatlar va javobgarlikni aniq belgilash, boshqaruvga oid qarorlarni qabul qilishda davlat organlarining toʻliq mustaqilligini taʼminlash, shuningdek, yuqori turuvchi tuzilmalarning mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga asossiz aralashuviga chek qoʻyish zaruratini taqozo etadi.

Huquqiy tartibga solishning tizimliligi va barqarorligini, davlat boshqaruvi tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy hamda sud-huquq sohalarini isloh qilish boʻyicha qonun hujjatlari normalarining bir xil qoʻllanilishini taʼminlash, ekspert-huquqiy taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish, olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishi uchun barcha darajadagi rahbarlarning harakatlarini birlashtirish va shaxsiy masʼuliyatini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda maslahatchining boʻlinmalari deb yuritiladi) asosiy vazifalari etib belgilansin:

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)

davlat boshqaruvi tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining harakatlarini birlashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy masalalar boʻyicha faoliyatini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qonun ijodkorligi sohasidagi konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishga koʻmaklashish;

Parlament, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, davlat hokimiyati mahalliy vakillik organlari bilan samarali hamkorlikni tashkil etish;

davlat boshqaruvi tizimining samarali faoliyat yuritishiga, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalaridagi islohotlarning toʻliq amalga oshirilishiga, qonunlarning soʻzsiz ijro etilishiga toʻsqinlik qiluvchi, shuningdek, rasmiyatchilik, sansalorlik hamda korrupsiya koʻrinishlari uchun shart-sharoit yaratuvchi tizimli muammolar va kamchiliklarni, huquqiy boʻshliqlarni aniqlash;

davlat boshqaruvi tizimini, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini isloh qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani kompleks tahlil qilish hamda uni tatbiq etish boʻyicha takliflar tayyorlash;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudlar faoliyatida huquqiy tartibga solishning tizimliligi va barqarorligini, bir xil va toʻgʻri huquqni qoʻllash amaliyotini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat boshqaruvi tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini isloh qilish boʻyicha qarorlarining ijrosi ustidan tizimli monitoring hamda nazoratni amalga oshirish;

Hukumatning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash, uning ijro etuvchi apparatini optimallashtirish, vazirliklarning ishonib topshirilgan sohalar uchun masʼulligini kuchaytirish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida vakolatlar va javobgarlik sohalarini aniq belgilab berish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tahlil qilish, ularning joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, hududlarda islohotlar strategiyasini amalga oshirish borasidagi javobgarligi va mustaqilligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, uning fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari huquq va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlashdagi rolini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

adliya, prokuratura va ichki ishlar organlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish borasidagi faoliyatini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, ular faoliyatini tizimli tahlil va monitoring qilish;

sudlar, adliya, prokuratura va ichki ishlar organlarida kadrlarga oid davlat siyosati olib borilishini taʼminlash, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibot, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish holati toʻgʻrisida xabardor qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi, siyosiy boshpana berish, shuningdek, amnistiya aktini qoʻllash va Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etish masalalari boʻyicha konstitutsiyaviy vakolatlari amalga oshirishini taʼminlash.

3. Maslahatchining boʻlinmalariga quyidagi huquqlar berilsin:

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)

davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan statistik, tahliliy va boshqa maʼlumotlarni, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat boshqaruvi tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini isloh qilish boʻyicha qarorlari ijrosiga oid maʼlumotlarni soʻrab olish;

davlat boshqaruvi tizimining samarali faoliyat yuritishiga, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalaridagi islohotlarning toʻliq amalga oshirilishiga toʻsqinlik qiluvchi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirish, tizimli kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga yangi normativ-huquqiy hujjatlarni yoki boshqa hujjatlarni qabul qilish hamda amaldagilarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha koʻrilishi majburiy boʻlgan takliflar kiritish;

respublika davlat boshqaruvi organlari va hokimlarning qonun hujjatlariga, amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga nomuvofiq boʻlgan, jumladan individual imtiyoz va preferensiyalar berishni nazarda tutuvchi hujjatlarini qayta koʻrib chiqish hamda bekor qilish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga koʻrib chiqish uchun kiritish;

davlat organlari va tashkilotlarining tashkiliy-shtat tuzilmalarini qayta koʻrib chiqish hamda optimallashtirish, rasmiyatchilik, sansalorlik, sarf-xarajatlar va korrupsiya koʻrinishlarining koʻpayishiga olib keluvchi ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarining ijro etilmaganligi holatlari boʻyicha materiallarni aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini koʻrib chiqish uchun davlat organlariga, jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kiritish.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF–5650-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF–5650-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)

umummajburiy koʻrsatmalar, jumladan individual imtiyoz va preferensiyalar berishni nazarda tutuvchi koʻrsatmalarni oʻz ichiga olgan hukumat va idoraviy bayonnoma qarorlari, yozma topshiriqlarni qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi;

hukumat bayonnoma qarorlari loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi va ular imzolanganidan keyin hisobga olinishi shart;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi “Davlat organlarining ekspert-tahlil faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3628-son qaroriga muvofiq davlat organlarida tashkil etiladigan doimiy faoliyat yurituvchi ekspert-tahlil guruhlarining ishini tashkil etish va muvofiqlashtirish Maslahatchining boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF–5650-sonli Farmoni tahririda)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti boʻshatilayotgan 35 nafar shtat birligi, Institut tomonidan amalga oshirilayotgan va muvofiqlashtirilayotgan loyihalar, shuningdek, Institut balansida boʻlgan mol-mulk va boshqa tovar-moddiy qimmatliklar Xizmatga oʻtkazilgan holda tugatilsin.

6. Belgilab qoʻyilsinki, Maslahatchining boʻlinmalari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi idoralar:

(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF–5650-sonli Farmoni tahririda)

a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan, jumladan:

tegishli sohalardagi ahvolni birgalikda oʻrganish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini monitoring qilish;

ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilishning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlashni tashabbus qilish va ularni ishlab chiqish;

rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasini hamkorlikda oʻrganishni, tegishli sohalarda xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga ilgʻor xorijiy tajribani kiritish hamda tashkilotlarning tavsiyalarini amalda roʻyobga chiqarish boʻyicha takliflar tayyorlashni tashkil etish;

yetakchi mutaxassis (konsultant)larni, jumladan xorijiy mutaxassis (konsultant)larni hamkorlikdagi ishlarga jalb etish orqali;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan, jumladan:

joylardagi ahvolni tanqidiy oʻrganishni, qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishiga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolar va kamchiliklarni aniqlashni tashkil etish, shuningdek, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish;

qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning ayniqsa, joylarda soʻzsiz ijro etilishini va ushbu hujjatlar amalga oshirilishining sifati, muddati hamda samaradorligi ustidan taʼsirchan nazoratni tashkil qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali yaqindan hamkorlik qiladi.

7. Xizmat:

bir hafta muddatda Xizmatning tuzilmasi, uning Nizomi va shtat jadvali tasdiqlanishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi, shuningdek, Xizmatning masʼul xodimlari lavozimlariga nomzodlar boʻyicha takliflar;

Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Hukumatning sifat jihatidan yangi, zamonaviy va samarali faoliyat yurituvchi tizimini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasining, jumladan uning ijro etuvchi apparatini optimallashtirish, vazirliklar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ishonib topshirilgan sohalar uchun masʼulligi va mustaqilligini kuchaytirish, shuningdek, qarorlar qabul qilishda vakolatlar hamda mutasaddi boʻlgan sohalarni aniq belgilab berishni nazarda tutgan holda, kiritilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirokida katta mablagʻ va resurslarni jalb qiladigan, asossiz hamda samarasi past yigʻilishlar va majlislar oʻtkazishga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

10. Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.R. Inoyatov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 3-aprel,

PF-5395-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-apreldagi PF-5395-son FarmonigaILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi PF-4974-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmonida:

1) 2-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;

2) 1-ilovada:

6-bandning uchinchi xatboshisidagi “Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati” soʻzlari bilan almashtirilsin;

8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“8. Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati:

davlat boshqaruvi tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining harakatlarini birlashtiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy masalalar boʻyicha faoliyatini taʼminlaydi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qonun ijodkorligi sohasidagi konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;

Parlament, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, davlat hokimiyati mahalliy vakillik organlari bilan samarali hamkorlikni tashkil etadi;

davlat boshqaruvi tizimining samarali faoliyat yuritishiga, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalaridagi islohotlarning toʻliq amalga oshirilishiga, qonunlarning soʻzsiz ijro etilishiga toʻsqinlik qiluvchi, shuningdek, rasmiyatchilik, sansalorlik hamda korrupsiya koʻrinishlari uchun shart-sharoit yaratuvchi tizimli muammolar va kamchiliklarni, huquqiy boʻshliqlarni aniqlaydi;

davlat boshqaruvi tizimini, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini isloh qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani kompleks tahlil qiladi hamda uni tatbiq etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudlar faoliyatida huquqiy tartibga solishning tizimliligi va barqarorligini, bir xil va toʻgʻri huquqni qoʻllash amaliyotini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat boshqaruvi tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini isloh qilish boʻyicha qarorlarining ijrosi ustidan tizimli monitoring hamda nazoratni amalga oshiradi;

Hukumatning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash, uning ijro etuvchi apparatini optimallashtirish, vazirliklarning ishonib topshirilgan sohalar uchun masʼulligini kuchaytirish, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida vakolatlar va javobgarlik sohalarini aniq belgilab berish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;

mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tahlil qiladi, ularning joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, hududlarda islohotlar strategiyasini amalga oshirish borasidagi javobgarligi va mustaqilligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, uning fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari huquq va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlashdagi rolini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

adliya, prokuratura va ichki ishlar organlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish borasidagi faoliyatini takomillashtiradi va muvofiqlashtiradi, ular faoliyatini tizimli tahlil va monitoring qiladi;

sudlar, adliya, prokuratura va ichki ishlar organlarida kadrlarga oid davlat siyosati olib borilishini taʼminlaydi, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibot, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish holati toʻgʻrisida xabardor qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi, siyosiy boshpana berish, shuningdek, amnistiya aktini qoʻllash va Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etish masalalari boʻyicha konstitutsiyaviy vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlaydi”;

21-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Yordamchi xodimlar Devonning Ishlar boshqaruvchisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Axborot-resurs markazi xodimlari hamda Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatining yordamchi xodimlari mazkur Xizmat rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi”;

3) 2-ilovaning “Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati” bloki “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati” bloki bilan almashtirilsin;

4) 3-ilovada:

5-band chiqarib tashlansin;

“Masʼul Xizmat” grafasining 6 — 8 va 14-bandlaridagi “Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi PQ-3161-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining reglamentida:

a) 13-bandning uchinchi xatboshisidagi “Siyosiy-huquqiy masalalar” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 18 va 19-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“18. Devonga kelib tushgan qonun Devonning Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatiga yuboriladi.

Devonning Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati qonun bilan tartibga solinadigan masalalarning mazmunidan kelib chiqqan holda, uni ekspert jihatdan oʻrganib chiqish yoki Xizmat huzuridagi Maslahat kengashi muhokamasiga kiritishi mumkin.

19. Devonning Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati qonunning huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlaydi. Huquqiy ekspertiza natijasida qonunni imzolash mumkinligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining eʼtirozlari bilan qaytarish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlanadi.

Devonning Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati Qonunni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga koʻrib chiqish uchun kiritadi”;

v) 22-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Devonning Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatiga normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manbalarda eʼlon qilinishi, shuningdek ularning tizimlashtirilgan hisobi yuritilishini tashkil etish uchun”;

g) 23-bandning birinchi xatboshisidagi “Siyosiy-huquqiy masalalar” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 49-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatiga norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, parlamentarizm, saylov va siyosiy tizim, davlat boshqaruvi tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini isloh qilish, sudlar, adliya, prokuratura va ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek fuqarolik, siyosiy boshpana berish, amnistiya va afv etish masalalari boʻyicha”;

e) 52 va 53-bandlarning birinchi xatboshilaridagi “Siyosiy-huquqiy masalalar” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

j) 55-band chiqarib tashlansin;

z) 56-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“56. Loyiha huquqiy ekspertizadan oʻtqazilgandan keyin Devonning Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati rahbari tomonidan koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati vakolatiga kiritilgan masalalarga oid hujjatlari bundan mustasno”;

i) 58-banddagi “koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritadi” soʻzlari “ularni koʻrib chiqish uchun Devonning Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatiga kiritadi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati vakolatiga kiritilgan masalalarga oid hujjatlari bundan mustasno” soʻzlari bilan almashtirilsin;

k) 64-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatiga normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manbalarda eʼlon qilishni tashkil etish (zarurat boʻlganda), shuningdek ularning tizimli hisobini yuritish uchun”;

l) 65-bandda:

birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati loyiha imzolangandan keyingi kundan kechiktirmay uni quyidagilarga yuborilishini taʼminlaydi”;

ikkinchi xatboshidagi “Siyosiy-huquqiy masalalar” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

m) 66-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“66. Devonning Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati:

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining elektron shakllarini, shuningdek ularga axborot-tahlil materiallarni hujjatni ijrochilar va aholiga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirish uchun;

tegishli tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining elektron shakllarini rasmiy eʼlon qilish uchun (zarurat boʻlgan taqdirda);

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmatiga - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining elektron shakllarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-resurslarida eʼlon qilish uchun (zarurat boʻlgan taqdirda) yuboradi";

n) 69-bandning birinchi xatboshisidagi “Devonning farmonni imzolashga kiritgan tarkibiy tuzilmasi tomonidan Devonning Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati bilan birgalikda” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati tomonidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;

o) 118 va 123-bandlardagi “Siyosiy-huquqiy masalalar” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

p) Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini imzolanish va eʼlon qilish tartibi sxemasi (1-ilova) quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini imzolanish va eʼlon qilish tartibi SXEMASI

r) 2-ilovada (Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori va farmoyishini tarqatish reyestri):

3-banddagi “Siyosiy-huquqiy masalalar” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

12-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

55-band chiqarib tashlansin;

s) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlash, koʻrib chiqish, imzolash va eʼlon qilish sxemasi (4-ilova) quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlash, koʻrib chiqish, imzolash va eʼlon qilish SXEMASI

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PQ-3628-son “Davlat organlarining ekspert-tahlil faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 8-bandidagi “Siyosiy-huquqiy masalalar” soʻzlari “Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.