PF-5409-son Farmon · 11.04.2018

Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5409
  • Qabul qilingan sana:11.04.2018
  • Kuchga kirgan sana:12.04.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/18/5409/1059

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq respublikada davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish, xususiy mulkning ustuvorligini yanada kuchaytirish, biznes tashabbuslar, startaplarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan kompleks institutsional va tarkibiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha qabul qilinayotgan choralar samaradorligi va natijadorligi yetakchi xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklarining ijobiy baholarida xolisona aks ettirilmoqda. Jahon bankining “Biznesni yuritish — 2018” hisobotida Oʻzbekiston tadbirkorlik uchun yanada qulay sharoitlar yaratish boʻyicha islohotchi davlatlar qatorida jahonda birinchi oʻntalikka kirdi.

Shu bilan birga, bir qator yoʻnalishlarda tadbirkorlik sohasini davlat tomonidan tartibga solishning byurokratlashgan metodlari hali ham saqlanib qolmoqda, bu esa, oʻz navbatida, mahalliy biznesning raqobatdoshligini jadal rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitiga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni tatbiq qilish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish boʻyicha davlat siyosatining izchilligiga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga toʻsqinlik qilmoqda. Xususan:

birinchidan, tadbirkorlik faoliyati sohasida zamonaviy talablarga javob bermaydigan, umrini oʻtab boʻlgan koʻp miqdordagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari saqlanib qolmoqda;

ikkinchidan, biznes jarayonlarini boshqarishning bozor mexanizmlari juda sekinlik bilan tatbiq etilmoqda, shu jumladan, tartibga solish funksiyalari haddan tashqari markazlashgan, oʻzini oʻzi tartibga solish va jamoatchilik nazorati mexanizmlari sust darajada qolmoqda;

uchinchidan, tadbirkorlar hanuzgacha ayrim vakolatli organlar tomonidan litsenziya va ruxsatnoma berish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirishda maʼmuriy tartib-taomillarning choʻzilish holatlari bilan toʻqnashmoqda;

toʻrtinchidan, vakolatli davlat organlari oʻrtasida litsenziya va ruxsat berish xususiyatidagi hujjatlarni tubdan qisqartirish, maʼmuriy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish va ochiqlik darajasini oshirishga qaratilgan oʻzaro hamkorlik zarur darajada olib borilmayapti.

Biznesni yuritishdagi ortiqcha byurokratik jarayonlarni tubdan qisqartirish, xususiy mulkning daxlsizligini himoya qilish va kafolatlashning bozor hamda huquqiy mexanizmlarini muntazam ravishda izchil mustahkamlab borish, respublikada investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan kuchlarni jamlash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-5308-sonli Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari borasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishning soddalashtirilgan mexanizmlarini belgilash, shaffoflikni taʼminlash, biznes bilan oʻzaro munosabatlarda huquqiy aniqlikni mustahkamlash va davlat organlari tomonidan asossiz maʼmuriy nazoratni bekor qilish orqali litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi qonunchilikni jadal takomillashtirish;

litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sonini bosqichma-bosqich qisqartirish, jamoatchilik nazorati, oʻzini oʻzi tartibga solish, sertifikatlash, akkreditatsiyalash, fuqarolik huquqiy javobgarlikni sugʻurtalash, texnik tartibga solish va boshqa zamonaviy usullar orqali tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullaridan keng foydalanish;

davlat boshqaruvi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy qilish, shu jumladan, litsenziyalar va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni berishda idoralararo hamkorlik mexanizmlaridan (G2G), shuningdek, “yagona darcha” tamoyilidan (G2B), eng avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tarkibiy boʻlinmalari orqali keng foydalanish.

(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning:

2018-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining ayrim turlarini, shu jumladan, ularning baʼzi turlarini birlashtirish yoʻli bilan 1 va 2-ilovalarga muvofiq bekor qilish;

2018-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalar va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlarini 3-ilovaga muvofiq qisqartirish;

2018-yil 1-iyundan boshlab faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash boʻyicha funksiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan tegishli davlat organlariga 4-ilovadagi roʻyxatga muvofiq oʻtkazish;

2018-yil 1-iyundan boshlab litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni berish funksiyasini respublika davlat boshqaruv organlaridan ularning hududiy boshqarmalariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklaridan tuman (shahar) hokimliklariga 5-ilovadagi roʻyxatga muvofiq oʻtkazish;

2018-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni 6-ilovaga muvofiq amalga oshirish boʻyicha takliflari qabul qilinsin.

3. 2018-yil 1-iyundan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq tibbiyot va farmatsevtika faoliyati, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyat, koʻchma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari va teleradioeshittirishlarni tarqatish tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish, shuningdek, neft, gaz va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash va sotishni amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyalardan tashqari, faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish huquqini beradigan barcha litsenziyalar amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

litsenziyalanadigan faoliyat turi doirasida bajariladigan (koʻrsatiladigan) ishlar (xizmatlar)ning aniq roʻyxati faoliyatning tegishli turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda koʻrsatiladi;

agar litsenziyalovchi organ litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati davomida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilmasa, litsenziya daʼvogari koʻrsatilgan muddat oʻtganidan soʻng litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilgan holda arizada koʻrsatilgan faoliyat turini amalga oshirishga haqlidir. Bunda litsenziyalovchi organ litsenziya daʼvogarining yozma xabarnomasi olingandan keyin besh ish kuni ichida unga litsenziya berishi shart.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:

litsenziyalovchi va boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda mazkur Farmon talablarini inobatga olgan holda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash tartibi hamda ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni qaytadan koʻrib chiqsin;

tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi barcha nizomlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.

6. Litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli organlar rahbarlari amaldagi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash tartibi va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarning ushbu Farmon talablariga oʻz vaqtida muvofiqlashtirilishi uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakolatli organlar tomonidan ushbu band talablarining bajarilishi boʻyicha tizimli monitoring oʻrnatsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

litsenziyalar va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar sonini keskin kamaytirish ishlarini davom ettirsin, bunda zarur hujjatlar roʻyxatini qisqartirish, maʼmuriy tartib-taomillarning muddat va qiymatlarini maqbullashtirish orqali maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirishga va ularning shaffoflik darajasini yanada oshirishga, manfaatdor maqsadli auditoriyada soʻrovlar oʻtkazish, bu boradagi ilgʻor xorijiy tajribani tanqidiy oʻrganish, biznes hamjamiyati bilan maslahatlar oʻtkazish hamda yetakchi xalqaro ekspertlarni jalb qilish asosida ularning raqobat muhitiga taʼsirini tahlil qilishga alohida eʼtibor qaratsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha tegishli takliflar kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.R. Inoyatov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 11-aprel,

PF-5409-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoniga 1-ILOVA

2018-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining bekor qilinadigan ayrim turlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoniga 2-ILOVA

2018-yilda 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining ayrim turlarini birlashtirish yoʻli bilan bekor qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoniga 3-ILOVA

2018-yil 1-iyundan boshlab rasmiylashtirish muddatlari qisqartirilayotgan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalar va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoniga 4-ILOVA

2018-yil 1-iyundan boshlab litsenziyalash boʻyicha funksiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan tegishli davlat organlariga oʻtkaziladigan ayrim faoliyat turlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoniga 5-ILOVA

2018-yil 1-iyundan boshlab litsenziyalar va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni taqdim etish funksiyasini respublika davlat boshqaruvi organlaridan ularning hududiy boshqarmalariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklaridan tuman (shahar) hokimliklariga oʻtkaziladigan litsenziya va ruxsatnomalar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoniga6-ILOVA

2018-yildan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-tamoillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.