PF-5414-son Farmon · 12.04.2018

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5414
  • Qabul qilingan sana:12.04.2018
  • Kuchga kirgan sana:13.04.2018
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/18/5414/1070

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida davlat xizmatlarining shaffofligini va ulardan erkin foydalanish imkoniyatini, mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, eksport-import operatsiyalarining mutanosibligini taʼminlash tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, aholining turmush sharoiti va sifatini yaxshilashning eng muhim shartlari hisoblanadi.

Shu bilan birga, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvining murakkab tartib-taomillari va uzoq muddatlari, bojxona organlari xodimlari oʻrtasidagi korrupsiyaviy huquqbuzarlik va xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlarining saqlanib qolayotganligi islohotlarning toʻliq amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Bundan tashqari, tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish sohasida idoralararo va xalqaro hamkorlikning sust tashkil etilganligi kontrabanda va kontrafakt mahsulotlarni olib kirishning oldini olish vazifalarini samarali bajarish, bojxona toʻlovlarini toʻlashdan boʻyin tovlash sxemalarini aniqlash imkonini bermayapti.

Umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlar asosida bojxona organlari faoliyatini hamda bojxona maʼmuriyatchiligini tubdan takomillashtirish, tadbirkorlik va turizmni faol va jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlik uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilganligi va tergov olib borilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarini isloh qilishning muhim yoʻnalishlari hisoblansin:

birinchidan, bojxona organlarining barcha darajadagi tuzilmalari vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, shuningdek, bojxona organlari markaziy va hududiy mahkamalarining samarali faoliyat koʻrsatishini tashkil qilishda sohaviy tuzilmalarning muvofiqlashtiruvchi roli va uslubiy koʻmagini kuchaytirish;

ikkinchidan, bojxona organlari tizimida korrupsiya koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, xalqning ishonchini mustahkamlash va davlat bojxona xizmati obroʻsini oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;

uchinchidan, Oliy harbiy bojxona instituti faoliyatini, yuqori professional koʻnikmaga, maʼnaviy-axloqiy sifatlarga va Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusiga ega boʻlgan kadrlarni tayyorlash, tanlash hamda joy-joyiga qoʻyish tizimini tubdan takomillashtirish;

toʻrtinchidan, tovarlarni noqonuniy olib kirishning asosiy shakllari va uslublari hamda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan boʻyin tovlash sxemalari haqidagi maʼlumotlarni aniqlash, oʻrganish va umumlashtirish orqali bojxona toʻlovlarining oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishini taʼminlash, budjetning daromad qismini oshirish;

beshinchidan, “yalpi” bojxona nazoratini oʻtkazishdan har tomonlama tahlil asosida bojxona nazorati obyektlarini aniqlash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytirish imkonini beruvchi xavfni boshqarish tizimiga oʻtish;

oltinchidan, bojxona nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllari, uslublari va texnik vositalarini tatbiq etish hisobiga Davlat chegara oʻtkazish punktlarida bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning davomiyligini qisqartirish;

yettinchidan, bojxona organlari barcha tarkibiy tuzilmalarining faoliyati va idoralararo axborot almashinuvi samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

sakkizinchidan, xorijiy davlatlarning bojxona organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, bojxona ishi sohasida ilgʻor tajribani, xalqaro norma va standartlarni tizimli oʻrganish va joriy qilish.

3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

bojxona organlarining faoliyatini takomillashtirish boʻyicha institutsional oʻzgarishlar, ularning vazifa va funksiyalarini optimallashtirish;

bojxona organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;

bojxona nazorati samaradorligini oshirish va bojxona tartib- taomillarini soddalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

samarali idoralararo hamkorlikni taʼminlash;

kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish.

Vazirlik va idoralar, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilansin.

4. 2018-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq:

tovarlarni bojxona rejimlariga (bundan bojxona hududida/tashqarisida qayta ishlash bojxona rejimi mustasno) joylashtirishda, shuningdek, xorijiy avtotashuvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab harakatlanish marshrutlarini oʻzgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilinadi;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PF-115-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 06/22/115/0344-son)

bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida aynan bir xil tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi (jismoniy xususiyati, sifati, ishlab chiqaruvchisi, tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklatura kodi boʻyicha) davriy deklaratsiyalarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi;

aynan bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida karantin ruxsatnomalar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlarini, ozon yemiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, veterinar, gigiyenik va ekologik sertifikatlar bir kalendar yilidan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etiladi;

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)

tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan bojxona yuk deklaratsiyalarini Internet tarmogʻi orqali real vaqt rejimida toʻldirish va bojxona organlariga taqdim etish huquqiga ega;

import tovarlari amalda Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga yetib kelishidan oldin, jumladan tovarlarni bevosita chegara oʻtkazish punktlarida erkin muomalaga chiqarish orqali insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini ragʻbatlantirish maqsadida ushbu tovarlarni dastlabki deklaratsiyalash amaliyoti joriy etiladi;

bojxona organlari soliq organlari va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti organlari bilan birgalikda ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan davlat korxonalari va tashkilotlari tomonidan import qilinayotgan tovarlarning narxini oshirib koʻrsatish holatlari boʻyicha muntazam ravishda monitoring oʻtkazadi;

(4-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PF-5547-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.10.2018-y., 06/18/5547/1975-son)

bojxona omborlarida uch yildan ortiq saqlanib kelinayotgan mol-mulklar bojxona organlari tomonidan ushlab qolinadi va ular uch oy davomida talab qilib olinmagan hollarda sud qarori asosida davlat foydasiga undiriladi, keyinchalik belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan sotiladi yoki yoʻq qilinadi;

bojxona organlari tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan soʻng ularning bojxona nazoratini amalga oshiradi;

bojxona organlari tomonidan yetakchi xalqaro tashkilotlar uslubiyoti asosida muntazam ravishda tovarlar bojxona rasmiylashtiruvining oʻrtacha vaqti tizimli oʻrganib boriladi, ularning natijalari eʼlon qilinadi, shuningdek, ushbu sohadagi koʻrsatkichlarni izchil yaxshilash boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

4-1. Bojxona omborlari, erkin omborlar va boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalash qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va “Tashkent-AERO” ixtisoslashgan bojxona majmuasi tomonidan amalga oshiriladi.

(4-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tuzilmasida shtat birliklarining umumiy soni doirasida quyidagilar tashkil etilsin:

a) Strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boshqarmasi, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

bojxona qonunchiligini takomillashtirishda bojxona organlarining yagona pozitsiyasini shakllantirish;

Jahon savdo tashkiloti, Jahon bojxona tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning standartlari hamda tavsiyalarini tahlil qilgan holda bojxona ishini rivojlantirish va takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;

bojxona qonunchiligi va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish hamda huquqiy normalarni oʻzboshimchalik bilan, subyektiv va tanlov asosida talqin qilish holatlarini istisno etish yuzasidan takliflar tayyorlash;

bojxona sohasida huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va shart-sharoitlarini tizimli tahlil qilishni tashkil etish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

bojxona ishi hamda bojxona organlari xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, ularni Oʻzbekiston Respublikasida joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash.

Boshqarma xodimlariga (boshqa davlat organlari va tashkilotlariga xizmat safariga yuborilganlar bundan mustasno) lavozim maoshining 50 foizi miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama haq belgilansin. Bunda, mazkur ustama qonunchilik hujjatlarida belgilangan ustamalar bilan bir qatorda Davlat bojxona qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.

(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-122-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2022-y., 06/22/122/0396-son)

b) Xavflarni monitoring qilish va baholash boshqarmasi, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

bojxona organlarida bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi yuqori boʻlgan tovar va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini nazorat qilish uchun kuch va vositalarni jamlashni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;

xavfi yuqori boʻlgan, shu jumladan dastlabki maʼlumotlarni tahlil qilish va tasodifiy tanlov asosida tovar partiyalarini bojxona nazorati uchun maqsadli tanlab olish metodologiyasini ishlab chiqish;

vijdonli tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini aniqlash, ularga nisbatan soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillarini qoʻllashning tartib va mezonlarini ishlab chiqish;

xavfni boshqarish tizimi samarali qoʻllanilishini doimiy monitoring qilish, uni yanada takomillashtirish va uzluksiz ishlashini taʼminlash;

v) Daromadlar va bojxona statistikasi bosh boshqarmasi, uning qoʻshimcha vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasining tashqi savdosini rivojlantirish tendensiyalari, shuningdek, mamlakatning savdo hamkorlari boʻlgan mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar boʻyicha tahliliy maʼlumotlar tayyorlash;

tovarlarning tashqi savdosi boʻyicha bojxona statistikasini yuritish, uni shakllantirishning barcha bosqichlarida haqqoniylikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

tashqi savdo sohasida statistik maʼlumotlarning toʻgʻriligini taʼminlash va huquqbuzarlikning belgilarini aniqlash maqsadida xorijiy davlatlarning bojxona xizmatlari bilan axborot almashish.

(5-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:

2018-yil 1-sentabrga qadar muddatda tovarlarning bojxona nazoratini tanlov asosida oʻtkazishni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi va joriy etilishini taʼminlasin;

qonun hujjatlari normalari bir xilda qoʻllanilishi, bojxona tartib-taomillari samaradorligi, tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasiga muvofiq tovarlarni toʻgʻri tasniflash, ularning bojxona qiymatini toʻgʻri aniqlashni monitoring qilish va baholashni nazarda tutuvchi bojxona postlari faoliyatini nazorat qilishning taʼsirchan tizimini ishlab chiqsin;

“Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” va “Toshkent-tovar” bojxona postlarida bojxona tartib-taomillarini maksimal darajada soddalashtirish, bojxona toʻlovlarining toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash, tovarlarning noqonuniy importi va kontrabandani aniqlashga qaratilgan bojxona maʼmuriyatchiligining zamonaviy uslublarini qoʻllash boʻyicha dastlabki loyihalarni amalga oshirish ishlarini tezlashtirish hamda ijobiy tajribani boshqa bojxona postlarida qoʻllash;

moddiy ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini muvozanatli koʻllash imkonini beruvchi bojxona postlari xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish va joriy etish.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi:

yuqori professional mahorat, axloqiy va maʼnaviy sifatlarga ega, har tomonlama yetuk va vatanparvar yoshlarni bojxona organlariga jalb etishga yoʻnaltirilgan kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishning prinsipial jihatdan yangi tizimini yaratish;

xodimlarning xizmatga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartirish, qonun buzilishining barcha koʻrinishlariga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratish, jamoada sogʻlom muhitni shakllantirish;

fidokorona xizmat qilayotgan xodimlarni har tomonlama ragʻbatlantirish, xizmat intizomini hamda qonunchilik talablarini qoʻpol ravishda buzgan xodimlarni intizomiy va boshqa javobgarliklarga tortish boʻyicha choralar koʻrsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) bir oy muddatda quyidagilar boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

hududlarda “yagona darcha” tamoyili asosida bojxona, bank, logistik, tezkor-laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa xizmatlar koʻrsatadigan zamonaviy logistik markazlarni tashkil etish;

davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlaridagi chegara bojxona postlarini zamonaviy inspeksiyaviy-koʻrik majmualari va boshqa bojxona nazoratining texnik vositalari bilan jihozlash;

temir yoʻl chegara bojxona postlarini davlat chegarasida temir yoʻl sostavlari kesishish joylariga koʻchirish hamda ushbu joylarda bojxona va boshqa turdagi davlat nazoratini amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani tashkil etish masalasini oʻrganish;

b) uch oy muddatda davlat chegara oʻtkazish punktlarining bino, inshootlar va avtomobil oʻtish punktlarining holatini oʻrganish hamda aniq davlat organini belgilash va unga quyidagi vazifalarni yuklash:

joriy taʼmirlash, kapital qurilish, texnik jihozlashni amalga oshirish, shuningdek, yondosh hududlarini obodonlashtirish;

yangi oʻtkazish punktlarini qurish;

davlat chegarasi orqali avtomobil oʻtkazish punktlarini bosqichma-bosqich balansga qabul qilish.

9. 26-yanvar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlarining kuni etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi belgilangan tartibda ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-noyabrga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini quyidagilarga alohida eʼtibor qaratgan holda ishlab chiqsin:

bojxona qonunchiligini liberallashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini taʼminlash, normalarni qabul qilishda barcha uchun tushunarli va turlicha talqin qilish imkoniyatini istisno etishga;

tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan bojxona qonunchiligiga rioya etilishining ragʻbatlantirish mexanizmini yaratishga;

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari normalari, umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq tamoyillarini, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va standartlarini implementatsiya qilishga;

bojxona maʼmuriyatchiligi sohasida rivojlangan mamlakatlar tajribasi, shu jumladan tariflarni tartibga solish va bojxona nazoratini tashkil etishga.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

bojxona organlari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Otajonov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 12-aprel,

PF-5414-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi PF-5414-son Farmoniga ILOVA

Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.