Mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilishni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida izchil siyosat amalga oshirilmoqda.
Xususan, qisqa muddatda qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimining infratuzilmasini takomillashtirish, umumiy quvvati yiliga million tonnadan ortiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlarini tashkil etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borildi. Koʻrilgan chora-tadbirlar aholining sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan qamrab olish koʻlamining oʻn baravardan ziyod ortishiga imkon berdi.
Shu bilan birga, ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, aholi punktlarining sanitariya holatini lozim darajada shakllantirishga ayrim tizimli muammolar toʻsqinlik qilmoqda, xususan:
birinchidan, tegishli infratuzilmani qoniqarsiz holatga va aholi punktlari xizmatlar bilan toʻliq qamrab olinishining taʼminlanmasligiga olib keluvchi maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat-xususiy sheriklik yetarli darajada joriy etilmagan;
ikkinchidan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslikka olib kelayotgan ikkilamchi moddiy resurslardan foydalanish holati, shuningdek, maishiy chiqindilarni qayta ishlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi;
uchinchidan, aholi yashash punktlarining ifloslanishiga sabab boʻlayotgan polimer plyonkali materiallardan haddan tashqari koʻp foydalanilgan va ular tarqalgan, shuningdek, muqobil biologik chiriydigan materiallardan foydalanish tizimi mavjud emas;
toʻrtinchidan, sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar, jumladan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun javobgarlikka tortilmaslik hissining paydo boʻlishiga olib kelayotgan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklarga chora koʻrish va ularning oqibatlarini bartaraf etish tizimi samarasiz;
beshinchidan, sohada mamlakatning haqiqiy sanitariya-ekologik holatini baholash imkonini beruvchi zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mavjud emas.
Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada rivojlantirish, aholining sifatli sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan taʼminlanganligi darajasini oshirish, shuningdek, ekologik muammolarni hal etishdagi mavjud imkoniyatlarni ishga solish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi PQ-2916-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda Davlat ekologiya qoʻmitasi deb yuritiladi) tadbirkorlik subyektlarining chiqindilarni yigʻish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, koʻmish va realizatsiya qilish jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirishni nazarda tutish vazifasi yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat ekologiya qoʻmitasining mazkur sohaga investitsiya kiritish uchun qulay sharoit yaratish orqali maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish faoliyatiga tadbirkorlik subyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-martdagi PF-56-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2025-y., 06/25/56/0274-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-martdagi PF-56-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2025-y., 06/25/56/0274-son)
5. 2019-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlanadi:
polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning narxini Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar narxiga qoʻshish, shuningdek, ularni oʻz tannarxidan past narxlarda sotish (tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan paketlar bundan mustasno);
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qalinligi 40 mikrondan kam boʻlgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish (eksport uchun ishlab chiqariladigan, tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan, xoʻjalikda foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik chiriydigan polimer materiallardan tayyorlangan paketlar bundan mustasno);
polimer plyonkadan tayyorlangan tutqichli (kesiksimon, halqali) paketlarni (TIF TN boʻyicha 3923 21 000 0, 3923 29 100 0, 3923 29 900 0 kodli) “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirish, ushbu polimer plyonkalarni jismoniy shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun tovarlar va shaxsiy buyumlarini tashish va qadoqlashda, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun, shuningdek, gumanitar yordam sifatida, reklama va sinov oʻtkazish uchun olib kelinadigan hollar bundan mustasno.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-maydagi PF-5728-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 06/19/5728/3180-son)
Davlat ekologiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi mazkur bandda belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
6. Davlat ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy tajriba va jamoatchilikning har tomonlama muhokamasini hisobga olgan holda, 2020-yil 1-yanvarga qadar muddatda foydalanish xususiyatini yoʻqotgandan soʻng atrof-muhitga zarar yetkazuvchi ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar guruhiga ekologik yigʻimni joriy qilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan asoslangan takliflar kiritsin.
7. 2023-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga:
maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar sotib oladigan, mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi maxsus avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻimlardan;
maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar boʻshayotgan mablagʻlarni ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yoʻnaltirgan holda yer soligʻidan;
respublikada ishlab chiqarilmaydigan, tovarlarni qadoqlash va joylash-oʻrash uchun biologik chiriydigan polimer materiallarni ishlab chiqarishning texnologik jarayonida foydalanish uchun oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar asosida olib kirilgan texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimidan tashqari);
maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar tomonidan respublikada ishlab chiqarilmaydigan, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar asosida olib kirilgan maxsus texnika, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimidan tashqari) ozod qilinsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentabrdagi PQ-4845-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2020-y., 07/20/4845/1343-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Markaziy bankining:
maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlarini tashkil qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida xorijiy kredit liniyalari hisobidan ajratilgan kreditlarni (keyingi oʻrinlarda — ajratilgan kreditlar) milliy valyutaga almashtirib, ularning foiz stavkasini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan yuqori boʻlmagan miqdorda belgilab, restrukturizatsiya qilish;
kreditlarni qaytarish jadvallariga tegishli oʻzgartishlar kiritgan holda, ularning soʻnggi toʻlov muddatlarini restrukturizatsiya qilingan sanadan boshlab 7 yil etib belgilash;
berilgan kreditlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining aktivlar sifatini tasniflash toʻgʻrisidagi talablarini qoʻllamaslik, ularni qayta koʻrilgan kreditlar hisob varaqlariga oʻtkazmaslik va ular boʻyicha zaxiralar tashkil qilmaslik toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
9. Quyidagilar:
2019 — 2021-yillarda “Toza hudud” DUKlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan maxsus texnika va uskunalar bilan qoʻshimcha jihozlashning prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
2019-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan chiqindi toʻplash shoxobchalarini qurish va ularni konteynerlar bilan jihozlash boʻyicha manzilli dastur 2-ilovaga muvofiq;
2020-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan “Toza hudud” DUKlarning faoliyat koʻrsatayotgan amaldagi poligonlarini jihozlash boʻyicha manzilli dastur 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish boʻyicha Respublika komissiyasiga mazkur bandda nazarda tutilgan prognoz parametrlari va manzilli dasturlarga oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qoʻmitasi:
a) Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-iyulga qadar muddatda:
Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish uchun hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;
jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish boʻyicha namunaviy ommaviy shartnoma loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-avgustga qadar muddatda:
hududlarni ifloslantirganlik uchun shaxslarni javobgarlikka tortishning taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqishni, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni;
jamoat joylarida chiqindilarni toʻplash uchun konteynerlar (chiqindi qutilari)ni oʻrnatishga, jumladan ularning namunaviy shakllariga, shuningdek, tashkilotlarning oʻzlariga tegishli boʻlgan binolarga yaqin yoki tutash hududlarga mazkur konteynerlar (chiqindi qutilari)ni oʻrnatish boʻyicha talablarni nazarda tutuvchi takliflar kiritsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-sentabrga qadar muddatda:
aholiga atrof-muhit holati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatiga ega boʻlgan maxsus veb-portalni yaratish hamda har bir xabar berilgan holat boʻyicha tezkor choralar koʻrish tizimi joriy qilinishini;
Davlat ekologiya qoʻmitasining rasmiy veb-saytida mazkur sohada davlat-xususiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida mamlakat hududlari kesimida aholi yashash punktlari, yashovchi aholi va mavjud konteynerlar sonini koʻrsatgan holda barcha chiqindi toʻplash shoxobchalari joylashishining elektron xaritasini koʻrsatuvchi sahifa ochilishini taʼminlasin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tuman hokimlari maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga tegishli boʻlgan maxsus avtotransport vositalarini ularning faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan (qishloq xoʻjaligi, qurilish va boshqalar) ishlarga jalb qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-may,
PQ-3730-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-maydagi PQ-3730-son qaroriga 1-ILOVA
2019 — 2021-yillarda “Toza hudud” hududiy DUKlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan maxsus texnika bilan qoʻshimcha jihozlashning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-maydagi PQ-3730-son qaroriga 2-ILOVA
2019-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan chiqindi toʻplash shahobchalarini qurish va ularni konteynerlar bilan jihozlash boʻyicha manzilli dastur
Izoh:
* Chiqindi toʻplash shahobchasi qurishning yakuniy qiymati ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga va tanlov (tender) savdolarini oʻtkazish natijalariga muvofiq aniqlashtirilishi lozim.
** Konteyner narxi yetkazib beruvchining narxi oʻzgarishiga qarab oʻzgarishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-maydagi PQ-3730-son qaroriga 3-ILOVA
2020-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan “Toza hudud” DUKlarning faoliyat koʻrsatayotgan poligonlarini jihozlash boʻyicha manzilli dastur
Izoh:
* Yakuniy qiymat ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga va tanlov (tender) savdolarini oʻtkazish natijalariga muvofiq aniqlashtirilishi lozim.
** Elektr tarmoqlariga ulanish qiymati yuqori boʻlgan taqdirda, muqobil energiya manbalarini oʻrnatish boʻyicha qarorlar qabul qilinishi mumkin.