PQ-3741-son Qaror · 25.05.2018

Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3741
  • Qabul qilingan sana:25.05.2018
  • Kuchga kirgan sana:26.05.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3741/1272

Mamlakatda notariatni isloh qilish, uni preventiv odil sudlov hamda sud nizolarining oldini olish vazifalarini bajaruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini taʼminlovchi muhim institutlardan biri sifatida shakllantirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, notarial idoralarning faoliyatida sud-huquq sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishda, iqtisodiy, oilaviy, meros, uy-joy, mehnat va boshqa nizolarni oldini olishda notariatning salohiyatidan toʻliq foydalanishga toʻsqinlik qiluvchi qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud. Xususan:

birinchidan, aholiga koʻrsatilayotgan notarial xizmatlarning sifati va tezkorligining past darajadaligi, notarial idoralardagi uzundan-uzun navbatlar, davlat bojlari va boshqa yigʻimlar undirishning shaffof emasligi, shuningdek, mavjud byurokratik toʻsiq va gʻovlar aholini notariat tizimiga boʻlgan ishonchini pasaytirmoqda hamda korrupsiya koʻrinishlari paydo boʻlishiga imkon qoldirmoqda;

ikkinchidan, asosan tasdiqlash xususiyatiga ega boʻlgan vazifani bajarayotgan amaldagi notariat tizimi mamlakatning bugungi rivojlanish talablariga javob bermayapti, notarial harakatlarni bevosita aholi punktlariga chiqqan holda amalga oshirishning keng amaliyoti mavjud emas. Jamiyatning rivojlanishidan ortda qolayotgan notariatning faoliyat koʻrsatish tizimi, uning kompleks notarial xizmatlar koʻrsatuvchi yanada faol modeliga oʻtishni talab etmoqda;

uchinchidan, zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning past darajadaligi, idoralararo elektron hamkorlikni yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi aholiga tezkor notarial xizmatlarni koʻrsatish imkonini bermayapti hamda zarur maʼlumotnoma va hujjatlarni toʻplash uchun vakolatli davlat tashkilotlariga bevosita tashrif buyurishni talab etmoqda. Profilaktik choralar sifatida eng koʻp nizolashilayotgan notarial bitimlarni rasmiylashtirishda audio va video qayd etishdan foydalanilmayapti;

toʻrtinchidan, notariuslar va notarial idoralarning xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi notariat korpusini yuqori malakali kadrlar bilan shakllantirish masalalarini tizimli ravishda hal etish imkonini bermayapti. Notariuslarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlari notarial amaliyot bilan yetarli darajada uygʻunlashtirilmagan;

beshinchidan, stajirovka oʻtashning uzoq va murakkab jarayoni boʻsh turgan notarius lavozimlarini malakali kadrlar bilan tez toʻldirish uchun zarur choralarni koʻrish imkonini bermayapti;

oltinchidan, notarial xizmatlar koʻrsatishning sifati va tezkorligi, notarial idora xodimlari tomonidan oʻz funksional vazifalarini lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat qilishning samarali mexanizmi, ayniqsa, masofadan nazorat qilish shakllantirilmagan.

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notariat institutining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, aholiga koʻrsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini yaxshilash maqsadida:

1. Notariatning faol modeli doirasida Notariuslar tomonidan bitimlarni tasdiqlashda “yagona darcha” tamoyili boʻyicha amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin va 2019-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, boshqa vakolatli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda:

ikki oy muddatda notariatning faol modeli doirasida notariuslar tomonidan “yagona darcha” tamoyili boʻyicha bitimlarni tasdiqlashda davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilishning maʼmuriy reglamentlari loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

belgilangan muddatlarda ushbu qarorning 1-ilovasida nazarda tutilgan axborotlarni almashish uchun maʼlumot bazalari va axborot tizimlarini joriy etish, shuningdek, ularni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-sentabrga qadar muddatda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar boʻyicha elektron maʼlumot bazasini shakllantirilishini, keyinchalik uni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.

2. 2019-yil 1-yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibini oʻrnatish orqali koʻchmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash boʻyicha talab bekor qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, 2019-yil 1-yanvardan boshlab:

koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlash faqat “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega boʻlgan qatʼiy hisobot beriladigan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshiriladi;

vasiyatnomalarni imzolash jarayoni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning 34-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda bitim, ariza va boshqa hujjatlarni imzolash jarayoni majburiy audio va video qayd etilishi lozim;

yuridik shaxs notariusga ixtiyoriy murojaat etganda uning kollegial organining qarori qabul qilinganligi fakti notarial tasdiqlanishi lozim.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining 2019-yil 1-yanvardan quyidagilarga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirishning yangi tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarning shaxsini aniqlash barmoq izlarini skaner qilish va ularni pasportdagi (fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatidagi) biometrik maʼlumotlar bilan solishtirish orqali amalga oshiriladi;

murojaat etuvchilarning notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlash notarial tasdiqlanayotgan hujjatlarga ular tomonidan imzo qoʻyish va maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan asbob va uskunalarni olishda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga texnik jihatdan amaliy yordam koʻrsatsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining:

notarius lavozimiga nomzodlarning stajirovka oʻtash muddatini ikki yildan bir yilga qisqartirish toʻgʻrisidagi;

notarius lavozimiga nomzodlar uchun sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoxud notarial faoliyatga rahbarlik va nazorat qiluvchi lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslarga majburiy stajirovka oʻtash boʻyicha talabni bekor qilish haqidagi takliflariga rozilik berilsin.

Belgilansinki, mazkur bandning amal qilishi ushbu qaror kuchga kirgan paytda notarial idoralarda stajirovka oʻtayotgan shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.

6. Notariat institutini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“Yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan vazirlik va idoralarning rahbarlari unda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi ikki oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda sudlarga murojaat etishda davlat bojlarini toʻlashdagi imtiyozlar va belgilangan davlat boji miqdorlarini tanqidiy oʻrganib chiqsin, natijasi boʻyicha notariuslarning ijro yozuvlaridan foydalanish amaliyotini kengaytirishga, sud tizimidagi ish hajmini kamaytirishga yoʻnaltirilgan davlat boji stavkalari va imtiyozlarini maqbullashtirish yuzasidan taklif kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda meros ishlarini rasmiylashtirish sohasida notarial va sud amaliyotini oʻrgansin va ushbu sohadagi yagona yondashuvni taʼminlash yuzasidan taklif kiritsin.

8. Tuman (shahar) hokimliklari uy-joyni xususiylashtirishga rozilik berilgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotni notarial idoralarga real vaqt rejimida bepul asosda taqdim qilinishini taʼminlasin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda barcha notarial idoralarni ularda belgilangan ish vaqtiga muvofiq faoliyat koʻrsatuvchi maxsus kassalar, shuningdek, maxsus kassalarni bank plastik kartochkalaridan toʻlovni qabul qilish boʻyicha hisob terminallari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tijorat banklari tomonidan notariuslar tomonidan oʻzlarining notarial idoralari bino va inshoatlarida ochilgan maxsus kassalari orqali undiriladigan davlat bojlarining jami summasidan ajratma olish haqida taklif kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida notarius lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlab olish jarayonini real vaqt rejimida audio va videotranslyatsiya qilish amaliyotini joriy etsin;

2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda notarial idoralarda notarial harakatlarning maxfiyligini saqlagan holda real vaqt rejimidagi masofaviy markazlashtirilgan audio va videokuzatuv tizimini joriy etish, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy organlari tomonidan ulardan foydalanishni taʼminlasin;

ikki oy muddatda notariuslarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-reja va dasturlarni, jumladan psixologiya va yuridik faoliyat bilan bogʻliq boʻlmagan tartiblar va koʻnikmalarga (stressni boshqarish, kelishmovchiliklarni boshqarish, ish vaqtini samarali tashkil etish) oʻrgatish boʻyicha darslarni kiritilishini nazarda tutgan holda qayta koʻrib chiqsin;

notarial amaliyotda vujudga kelayotgan dolzarb masalalarni videokonferensiyalar tashkil etish orqali muhokama qilishni nazarda tutuvchi doimiy seminar mashgʻulotlarini oʻtkazib borishni amaliyotga keng joriy etsin;

Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda aholining notarial xizmatlardan foydalanish imkonini oshirish maqsadida notarial okrugdagi notarius lavozimlarini belgilash mezonlarini qayta koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar muddatda ilgʻor xorijiy tajribani va milliy notarial amaliyotni chuqur oʻrgangan holda davlat notarial idoralarini faol nodavlat shakliga oʻtkazishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan asoslantirilgan taklif kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 25-may,

PQ-3741-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi PQ-3741-son qaroriga 1-ILOVA

Notariatning faol modeli doirasida notariuslar tomonidan bitimlarni tasdiqlashda “yagona darcha” tamoyili boʻyicha amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi PQ-3741-sonli qaroriga 2-ILOVA

Notariat institutini yanada takomillashtirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.