PQ-3743-son Qaror · 28.05.2018

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining xorijiy vakolatxonalarini ochish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3743
  • Qabul qilingan sana:28.05.2018
  • Kuchga kirgan sana:28.05.2018
  • Holati:Amalda

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ish bilan taʼminlash boʻyicha faoliyati samaradorligini oshirish, ularning xorijiy davlatlar hududidagi huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ilovadagi jadvalga muvofiq Agentlikning Koreya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida xorijiy vakolatxonalarini ochish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin .

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini amalga oshirish doirasida boshqa davlatlar hududida Agentlikning vakolatxonalarini ochish huquqi berilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ikki oy muddatda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining xorijiy vakolatxonalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin, shuningdek ularning faoliyatini tashkil etish boʻyicha boshqa chora-tadbirlarni koʻrsin.

3. Belgilansinki, Agentlikning xorijiy vakolatxonalarini ochish va yuritish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.

4. Agentlikning xorijiy vakolatxonalari faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar kelib chiqishi munosabati bilan Agentlik yuridik shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, yer soligʻi va mol-mulk soligʻini toʻlashdan 2021-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga ozod etilsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D. Kudbiev zimmasiga yuklatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 28-may,

PQ-3743-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-maydagi PQ-3743-son qarorigaILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining xorijiy vakolatxonalarini ochish

T/rMamlakatShaharOchilish sanasi1.Koreya RespublikasiGvanjuKoreya tomoni bilan 2018-yilda kelishilgan2.Rossiya FederatsiyasiMoskva2018-yilning birinchi yarmi3.Sankt-Peterburg2018-yilning birinchi yarmi

Eslatma. Zarur boʻlganda, ushbu jadvalga xorijiy tomon bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.