PQ-3781-son Qaror · 11.06.2018

Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3781
  • Qabul qilingan sana:11.06.2018
  • Kuchga kirgan sana:12.06.2018
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3781/1336

Xalqimiz maʼnaviy hayoti, milliy qadriyat va anʼanalarimizning ajralmas bir qismi boʻlgan, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini yaqqol ifoda etadigan Ramazon hayitini munosib nishonlash, jamiyatimizda oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat va shukronalik tuygʻularini kuchaytirish, yoshlarimizda yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2018-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 15-iyun juma kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi “2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF-5290-sonli Farmoniga muvofiq 2018-yil 15 — 17-iyun kunlari — Ramazon hayitining birinchi uch kuni bayram sifatida keng nishonlansin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻlik tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 11-iyun,

PQ-3781-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.