[Koʻchirma]
Oʻtgan davr mobaynida tugʻilish, oʻlim, nikoh tuzish va nikohdan ajralish kabi muhim voqea va faktlarni qayd etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (keyingi oʻrinlarda FHDY deb yuritiladi) organlari tizimini takomillashtirish boʻyicha izchil va tizimli ish olib borildi.
Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning holati aholiga har tomonlama va sifatli davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha samarali mexanizmlar yaratilishiga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar borligidan dalolat bermoqda. Xususan:
birinchidan, FHDY organlarining maqomini, vazifa va vakolatlarini belgilab beradigan maxsus qonun mavjud emas, shuningdek, mazkur sohadagi vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining asosiy vazifa va funksiyalari aniq chegaralanmagan;
ikkinchidan, FHDY organlari faoliyatiga zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning past darajadaligi, qogʻoz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolgan andozalari asossiz moliyaviy xarajatlarga, fuqarolarning koʻp vaqt kutib qolishi hamda navbatlar yuzaga kelishiga, oqibatda, ayrim hollarda korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelmoqda;
uchinchidan, FHDY organlari va ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, vasiylik va homiylik, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda taʼlim muassasalari oʻrtasidagi idoralararo elektron hamkorlikning yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi tugʻilish va oʻlimni soʻzsiz va oʻz vaqtida qayd qilish, shuningdek, tegishli qayd etilmasdan nikoh tuzilishi va ajralishlarning oldini olish boʻyicha samarali monitoringni taʼminlamayapti;
toʻrtinchidan, davlat xizmatlari koʻrsatishning sifati va tezkorligi, FHDY organlari xodimlari tomonidan oʻz funksional vazifalarini lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat qilishning samarali mexanizmi, ayniqsa, masofadan nazorat qilish shakllantirilmagan, ular faoliyatini baholashning shaffof tizimi mavjud emas;
beshinchidan, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish boʻyicha davlat xizmatlarini joylarga chiqib koʻrsatishning keng va tizimli amaliyoti yoʻqligi, olis va borish qiyin boʻlgan tumanlardan FHDY organlariga borish uchun transport xarajatlarining yuqoriligi, aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyati darajasining yetarli emasligi tugʻilgan bolalarning tugʻilish holatining tegishli qayd etilmasdan qolishi xavfini yuzaga keltirmoqda, bu esa Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilab qoʻyilgan bolalarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini amalga oshirishga, jumladan bepul tibbiy yordam va taʼlim olishiga taʼsir oʻtkazishi mumkin.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda FHDY organlarining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash maqsadida:
1. Quyidagilar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish institutini yanada isloh qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
birinchi — vakolatli organlarda tugʻilish, oʻlim, nikoh tuzish va nikohdan ajralish, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish kabi voqea hamda faktlarni keng qamrovli qayd etish yoʻli bilan fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoya qilishni taʼminlash;
ikkinchi — eng muhim yuridik faktlarni qayd etmasdan qoldirish oqibatlariga alohida eʼtibor qaratgan holda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga, huquqiy madaniyatini yuksaltirishga va jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli huquqiy targʻibot ishlarini olib borish;
uchinchi — FHDY organlarining oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oila ajralishlarining oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarda faol ishtirok etish;
toʻrtinchi — FHDY organlari faoliyatida aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillarini yengillashtirishga, jumladan, vakolatli davlat organlari va tashkilotlariga bormasdan xizmatlar koʻrsatilishiga, xizmatlarning sifati va tezkorligini oshirishga, eksterritoriallik prinsipi asosida arxiv maʼlumotnomalari va axborotini olish imkoniyatini beruvchi fuqarolik holati yagona elektron arxivini shakllantirishga qaratilgan innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish;
beshinchi — fuqarolik holati yuridik faktlarini aniqlash va ularni oʻz vaqtida qayd etish borasida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishni amalga oshiruvchi organlar mahalliy davlat hokimiyati, ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, vasiylik va homiylik, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda taʼlim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilish;
oltinchi — mazkur sohada byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan idoralararo elektron hamkorlikni kengaytirish orqali, jumladan, olis joylardagi aholi punktlariga chiqqan holda (“mobil davlat xizmatlari”) davlat xizmatlari koʻrsatishning maqbul va qulay uslublarini ishlatish;
yettinchi — FHDY organlari tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida qulaylikni va shaffoflikni taʼminlash, xodimlar tomonidan kasb etikasi qoidalari va funksional vazifalarga amal qilish, fuqarolik holati dalolatnomalarini sifatli va tezkor qayd etish, davlat boji va boshqa toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi va undirilishi ustidan nazoratning yangi shakllarini, jumladan, masofaviy nazoratni joriy etish;
sakkizinchi — aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirishni nazarda tutgan holda davlat boji stavkalarini, gerb yigʻimlarini va FHDY organlari tomonidan koʻrsatiladigan pullik xizmat tariflarini optimallashtirish.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
4. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. 2018-yilning 1-iyulidan:
nikoh shartnomasini va aliment toʻlash haqida kelishuvni notarial tasdiqlaganlik;
sudlar tomonidan otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tugʻilganligi, shuningdek, tugʻilgan vaqti faktlarini aniqlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrganlik uchun davlat boji undirilishi bekor qilinsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
2019-yilning 1-yanvaridan boshlab FHDY organlari bilan tugʻilish va oʻlim toʻgʻrisida elektron maʼlumotlar almashishni yoʻlga qoʻyish, shuningdek tugʻilish va oʻlim haqida yagona noyob kodli unifikatsiyalangan elektron maʼlumotnoma berishning yagona tartibini joriy qilsin;
2019-yil 1-yanvarga qadar fertil yoshidagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tugʻilguniga qadar hisobini olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish hamda uni “FHDY yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilishni taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
11. Qayd etilmagan tugʻilganlik, oʻlim holatlarini aniqlash va keyinchalik ularni FHDY organlarida qayd etilishini taʼminlash boʻyicha tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligida 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda hududiy komissiyalar tashkil etilsin.
Hududiy komissiyalar:
2019-yilning 1-iyuliga qadar qayd etilmagan tugʻilganlik, oʻlim holatlarini aniqlash nuqtai nazaridan toʻliq xatlovdan oʻtkazsin, uning natijasida tugʻilganlik, oʻlim holatlarining qonun hujjatlariga muvofiq manzilli qayd etilishini taʼminlasin;
oʻz faoliyatida tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi mavjud boʻlmagan bolalarni aniqlashga alohida eʼtibor qilsin, bunda “Bironta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas” va “Tugʻilganlikni qayd etilishi — bola huquqlarini roʻyobga chiqarilishining va fuqarolik boʻlmasligini oldini olishning huquqiy asosidir” degan ezgu gʻoyalarga amal qilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi:
keyinchalik “Yagona elektron FHDY arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilish uchun FHDY organlarida saqlanayotgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini raqamli koʻrinishga oʻtkazilishini, yagona elektron FHDY arxiv fondi shakllantirishni 2022-yil 1-yanvarga qadar tugatsin;
dalolatnomalar yozuvlari maʼlumotlarini “Yagona elektron FHDY arxivi” axborot tizimiga kiritish boʻyicha ishlarni bajarish uchun yuridik shaxslar bilan pudrat shartnomalarini tuzsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018-yilning 1-sentabridan davlat boji, gerb yigʻimlari va boshqa toʻlovlarni toʻlashda elektron toʻlovlar (billing) mexanizmni toʻlaqonli joriy etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2019-yilning 1-yanvaridan bola tugʻilganligi haqidagi guvohnoma qayd etilishida chaqaloqlarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami berilishini amaliyotga joriy etsin.
13. 2021-yilning 1-iyuliga qadar muddatda fuqarolik holati dalolatnomalarini raqamli koʻrinishga oʻtkazish, idoralararo elektron hamkorlik tizimini yaratish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan skaner qilish qurilmalari, server va boshqa jihozlar hamda ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilarni tasdiqlash haqida qaror qabul qilsin:
FHDY organlari hamda FHDY boʻlimlari xodimlarining martaba darajalari toʻgʻrisidagi nizomlar;
FHDY boʻlimlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha razryadlar va tarif koeffitsiyentlari;
FHDY boʻlimlarining martaba darajalariga ega boʻlgan xodimlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun beriladigan har oylik ustama haq miqdorlari;
martaba darajalari uchun sudlar va adliya organlari xodimlarining lavozim maoshlariga qoʻshiladigan qoʻshimcha haq miqdorlari.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-iyun,
PQ-3785-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-iyundagi PQ-3785-son qaroriga 1-ILOVA
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar
I. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish
II. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini FHDY organlari faoliyatiga tatbiq etish
III. FHDY organlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash va faoliyat samaradorligini taʼminlash
IV. FHDY organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-iyundagi PQ-3785-son qaroriga2-ILOVA
Qayd etilmagan tugʻilganlik, oʻlim holatlarini aniqlash boʻyicha hududiy komissiyalarning
1. Tuman (shahar) hokimi — komissiya rahbari
2. Tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari — tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi — komissiya rahbari oʻrinbosari
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar) boʻyicha Xalq qabulxonasi mudiri
4. Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo (tuman, shahar) sudi raisi
5. Tuman (shahar) prokurori
6. Tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimi boshligʻi
7. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi bosh vrachi
8. Tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi
9. Tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimi boshligʻi
10. Tuman (shahar) statistika boʻlimi boshligʻi
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
12. Tuman (shahar) bosh imom-xatibi (kelishuv boʻyicha)
13. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari (kelishuv boʻyicha)
14. Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) boʻlinmasining raisi
15. Tuman (shahar) FHDY boʻlimining mudiri — komissiya kotibi
Izoh. Tegishli hududdagi fuqarolar yigʻinlari raislari ham komissiya tarkibiga kiritiladi.