Oʻzbekistonda oilani rivojlantirishga global darajada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlari doirasida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida qaraladi.
Shu bilan birga, ushbu sohada davlat siyosatini muvaffaqiyatli olib borishni toʻxtatib turuvchi bir qator tizimli muammo va kamchiliklar oila institutini mustahkamlash sohasidagi islohotlarni toʻliq roʻyobga chiqarishga va belgilangan maqsadlarga erishishga toʻsqinlik qilmoqda. Chunonchi:
birinchidan, tegishli idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilishning taʼsirchan tizimi mavjud emas, oilani rivojlantirish masalalari boʻyicha davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektor hamkorligi past darajada;
ikkinchidan, oila institutini mustahkamlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ixtisosligi tor, hozirgi hayot voqeligidan uzilib qolgan, ilmiy tadqiqotlar natijalari amaliyotga sust joriy etilmoqda;
uchinchidan, oilaning demografik rivojlanishida oʻzgarishlar yuz bermoqda, oila ajralishlari soni oʻsmoqda, mazkur sohada salbiy tendensiyalar va muammolar sabablarini asoslovchi tadqiqotlar yetishmayapti;
toʻrtinchidan, oilada, taʼlim muassasalarida madaniy-tarixiy meros salohiyatidan sust foydalanilmoqda, milliy mentalitetimizga yot boʻlgan gʻoya va qarashlar taʼsirining oldini olish borasidagi ishlar samarasiz;
beshinchidan, oila institutini mustahkamlashning qonunchilik asoslari mukammal emas, huquqni qoʻllash amaliyotini va ilgʻor xorij amaliyotini oʻrganish asosida oilani himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash sohasida mustahkam huquqiy asos mavjud emas;
oltinchidan, mutaxassislar yetishmaydi va kadrlar malakasi past darajada, taʼlim tizimida mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni prognozlashtirish mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagan, oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish boʻyicha oʻquv dasturlari mukammal emas.
Oila institutini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu jarayonda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning yaqin hamkorligini hamda faol rolini taʼminlash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5325-son Farmoniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga binoan oila jamiyatning asosiy boʻgʻini hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash boʻyicha asosiy yoʻnalishlar etib belgilansin:
oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;
zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;
demografik rivojlanishni ragʻbatlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish;
oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash;
oilalarga taʼsirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam koʻrsatishning samarali tizimini yaratish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda “Yoʻl xaritasi” deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar sifatli hamda toʻliq bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilab qoʻyilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi (keyingi oʻrinlarda “Oila” markazi deb yuritiladi):
Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish jarayonining samarali muvofiqlashtirilishi hamda tizimli monitoringi, ularning ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot berilishini taʼminlasin;
Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni aniq koʻrsatkich va natijalarni koʻrsatgan holda muntazam ravishda tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borilishi choralarini koʻrsin;
zarur hollarda, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar vakillarini, xorijiy ekspertlarni Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishda ishtirok etishga, shuningdek, oila institutini mustahkamlash boʻyicha dolzarb masalalarni muhokama qilishga jalb qilsin.
5. “Oila” markazi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va keng jamoatchilikning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993-yil 20-sentabrdagi A/RES/47/237-son rezolyutsiyasi bilan eʼlon qilingan Xalqaro oila kunini respublikaning barcha hududlarida har yili nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
“Oila” markazi respublikada 2019-yilda va keyingi yillarda Xalqaro oila kunini nishonlash toʻgʻrisidagi Hukumat farmoyishi loyihasini 2018-yil 1-sentabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda muntazam ravishda sport va madaniy tadbirlarni tashkil qilsin hamda ularni Xalqaro oila kuni arafasida oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad, vazifalari va Konsepsiyaning amalga oshirilishini yoritib borish boʻyicha maqolalar eʼlon qilinishini va mavzuga oid koʻrsatuvlar efirga uzatilishini tashkil qilsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
8. “Oila” markazi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.K. Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori D.G. Tashmuxamedova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-iyun,
PQ-3808-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PQ-3808-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash
Davlat ijtimoiy siyosatining tarkibiy qismi hisoblangan oila siyosati aholi bandligini va real daromadlarini izchil oshirib borishga, fuqarolar farovonligini oshirishga, ijtimoiy muhofaza qilish va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Davlat organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻzaro hamkorligi tizimining aniq ishlashi, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va davlat dasturlarini soʻzsiz amalga oshirish, shuningdek, oila institutini mustahkamlash sohasidagi muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va samarali hal qilish ushbu maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi.
Shu bilan birga, oila instituti hozirgi holatining tahlili mazkur sohadagi islohotlarni toʻlaqonli amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan qator muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda. Xususan:
tegishli idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilishning taʼsirchan tizimi mavjud emas, oilani rivojlantirish masalalari boʻyicha davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektor hamkorligi past darajada;
oila institutini mustahkamlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ixtisosligi tor, hozirgi hayot voqeligidan uzilib qolgan, ilmiy tadqiqotlar natijalari amaliyotga sust joriy etilmoqda;
oilaning demografik rivojlanishida oʻzgarishlar yuz bermoqda, oila ajralishlari soni oʻsmoqda, mazkur sohada salbiy tendensiyalar va muammolar sabablarini asoslovchi tadqiqotlar yetishmayapti;
oilada, taʼlim muassasalarida madaniy-tarixiy meros salohiyatidan sust foydalanilmoqda, milliy mentalitetimizga yot boʻlgan gʻoya va qarashlar taʼsirining oldini olish borasidagi ishlar samarasiz;
oila institutini mustahkamlashning qonunchilik asoslari mukammal emas, huquqni qoʻllash amaliyotini va ilgʻor xorij amaliyotini oʻrganish asosida oilani himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash sohasida mustahkam huquqiy asos mavjud emas;
mutaxassislar yetishmaydi va kadrlar malakasi past darajada, taʼlim tizimida mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni prognozlashtirish mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagan, oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish boʻyicha oʻquv dasturlari mukammal emas.
Oila institutini qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlash sohasidagi mavjud kamchiliklar joylarda yigʻilib qolgan muammolarni hal etish, mazkur sohada kutilayotgan ijobiy natijalarga erishish imkonini bermayapti.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini (keyingi oʻrinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) muvaffaqiyatli amalga oshirish orqali, birinchi navbatda, “Farovon oila — jamiyat ravnaqining asosi” konseptual gʻoyani hayotga tatbiq etishga qaratilgan yangi oila modelini shakllantirishning alohida mohiyatini hisobga olgan holda, davlat siyosatining quyidagi ustuvor vazifalari va asosiy yoʻnalishlari nazarda tutilmoqda:
I. Oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish
1. Normativ-huquqiy hujjatlar normalarini ularning oila institutini mustahkamlash hamda rivojlantirishga taʼsiri nuqtai nazaridan baholash.
2. Huquqni qoʻllash amaliyotini, tadqiqotlar natijalarini hamda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish asosida oilani himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash sohasida mustahkam huquqiy asosni yaratish.
3. Koʻp bolali oilalarga va ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga imtiyozli kreditlar (ipoteka, isteʼmol va boshqa) berishni va yer maydonlarini taqdim etishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish.
4. Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini ifodalovchi hamda ularning hayoti va faoliyatining asosiy tendensiyalarini aks ettiruvchi statistika koʻrsatkichlari tizimini takomillashtirish.
5. Tadqiqotlarni moliyalashtirishning moslashuvchan tizimini joriy etish, shu jumladan, oila institutini mustahkamlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratish, olib borilayotgan tadqiqotlarning oilalar real ehtiyojlari bilan oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash.
6. Oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari boʻyicha idoralararo hamkorlikni hamda davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektorning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish.
II. Zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish
1. Anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlab qolgan holda zamonaviy oila modelini shakllantirish uchun tarixiy-madaniy shart-sharoitlarni kompleks tadqiq etish, ularni keng targʻib qilish va hayotga joriy etish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish.
2. Huquqbuzarliklar, jinoyatchilik, oiladagi mojaro va zoʻravonliklar, oilalar ajrashishi hamda ularning ijtimoiy oqibatlarini kompleks tadqiq etish asosida ularning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.
3. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Internet tarmogʻining oila mustahkamligiga va rivojiga taʼsirini oʻrganish, oilaviy turmush tarzi qadriyatlarini oshirishni targʻib qilishda, oilalardagi salbiy ijtimoiy holatlarni profilaktika qilishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
4. Muqobil oilaviy vasiylikni tanlash, qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish (bola asrab oluvchi ota-onalarni topish va tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, farzand asrab olgan oilalarni professional qoʻllab-quvvatlash va vasiylik sifatini monitoring qilish tizimini yaratish) hamda xorij amaliyotini Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
5. Xayriya faoliyati holatini oʻrganish, tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslarni ogʻir turmush sharoitida qolgan oilalarni qoʻllab-quvvatlashga ragʻbatlantirishni nazarda tutadigan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.
6. Oilaviy muammolar boʻyicha magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari mavzulari doirasini kengaytirish hamda chuqurlashtirish, jahon ilm-fanida mahalliy ishlanmalarning raqobatdoshligini oshirish.
7. Xalqaro standartlarga javob beradigan ilmiy jurnal taʼsis etish, mahalliy va xorijiy olimlarning oilani mustahkamlash masalalariga doir nashrlarini koʻpaytirish.
III. Demografik rivojlanishni ragʻbatlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish
1. Oilaning reproduktiv salomatligiga va demografik rivojlanishiga doir masalalarni, oilalarning farovonlik va xotirjamlik darajasini kompleks tadqiq etish hamda muammolarni omilli asosda tahlil qilish.
2. Nikohdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtish tizimini takomillashtirish, erta va qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarning, tugʻma nuqsonlar bilan bolalar tugʻilishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish.
3. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash boʻyicha yagona yondashuvni ishlab chiqish va oʻquv dasturlarini tizimlashtirish, oilaning oqilona reproduktiv axloqini va oilani rejalashtirishni shakllantirish, sogʻlom turmush tarzi va ovqatlanish madaniyatini targʻib qilish.
4. Oilani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish, shu jumladan, voyaga yetmagan farzandlarni, nogironligi boʻlgan farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalarni, shuningdek, yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalarni ishga joylashtirishda koʻmaklashish.
5. Oila aʼzolarini tadbirkorlik asoslariga oʻqitish, oilaviy tadbirkorlikni, kasanachilikni, hunarmandchilikni, yordamchi xoʻjaliklarni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish. Voyaga yetmagan farzandlarni, nogironligi boʻlgan farzandlarni tarbiyalayotgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalarga oʻzlariga tegishli yer uchastkalaridan samarali foydalanishida koʻmaklashish.
IV. Oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash
1. Yosh avlodda maʼnaviy-axloqiy, odob qadriyatlarni va ota-onaga hamda katta yoshdagi insonlarga hurmatni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy va madaniy-ilmiy salohiyatini oshirish.
2. Oilaning birdamligini mustahkamlashga, oilada avlodlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqani saqlash va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan oilaviy anʼanalarni rivojlantirish.
3. Ota-onalari yoki vasiylari fuqarolik, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan voyaga yetmagan bolalarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, ruhiy qoʻllab-quvvatlash tizim va mexanizmlari samaradorligini oshirish.
4. Oilalarda ichki oilaviy va shaxsiy munosabatlarni, xususan ota-ona va farzandlar, er va xotin, qaynona va kelin oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash, oilada mojaroli va ogʻir turmush sharoitini amaliy hal qilish mexanizmlarini joriy etish.
5. Oilaviy notinchlik, bolalarning nazoratsizligi va qarovsizligi, shuningdek, bolalar orasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olishga doir samarali mexanizmlarni joriy qilish.
6. Oʻsmirlar, yoshlar, yosh ota-onalar bilan ularning bilim darajasini oshirish va ibratli ota-onalik koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha ishlarning samaradorligini oshirish.
V. Oilalarga taʼsirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam koʻrsatishning samarali tizimini yaratish
1. Demografiya, sotsiologiya, oilaviy psixologiya, ijtimoiy faoliyat boʻyicha kadrlarni tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
2. Fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasi faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish, nizolashish arafasida va nizoli vaziyatda boʻlgan oilalar bilan ishni tashkil qilishning yangi shakllari va usullarini joriy etish.
3. Oilalarga tadbirkorlik faoliyati asosida ijtimoiy va psixologik yordam berishga qaratilgan xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish.
4. Oilalar bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun oilalarga taʼsirchan uslubiy, konsultativ va amaliy yordam koʻrsatish maqsadida professional superviziya tizimini ishlab chiqish.
5. Ogʻir turmush sharoitida qolgan shaxslarga moʻljallangan ijtimoiy moslashuv markazlari va “Ishonch telefonlari” faoliyatini takomillashtirish.
VI. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Konsepsiyaning asosiy yoʻnalishlari ularni demografik, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi davlat siyosatining boshqa yoʻnalishlari bilan muvofiqlashtirish zarurligini hisobga olgan holda belgilandi.
Kutilayotgan natijalar samaradorligi va unga erishish darajasi Konsepsiyada koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning doimiy monitoringi natijalari asosida baholanadi.
Oilani mustahkamlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish va Oʻzbekistonda yangi oila modelini shakllantirishga qaratilgan quyidagilar mazkur Konsepsiyani amalga oshirish samaradorligining koʻrsatkichlari boʻladi:
farzand tarbiyasida oilaning javobgarligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, saqlash va rivojlantirish, oila aʼzolarining huquqlariga rioya qilish;
oilalarda tinch, doʻstona va ahillik muhitini yaratish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga aniq mazmun baxsh etish;
oila instituti sohasidagi fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning aniq maqsadga qaratilganligini hamda dolzarbligini taʼminlaydigan tizimni joriy qilish va tadqiqotlar natijalarini amaliyotda qoʻllash;
oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, oilalar farovonligini hamda tinch-totuvligini taʼminlash tizimini rivojlantirish;
oilalarga taʼsirchan, sifatli, uslubiy va konsultativ yordam berish hamda ogʻir turmush sharoitida, ularning oilaviy muammolarini hal qilishda amaliy ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimi samaradorligini oshirish;
amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari asosida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash hamda oilalardagi nizolar va ajrashishlarning oldini olish boʻyicha taʼlim tizimini takomillashtirish;
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli vaziyatlarni hal qilish, ajrashishlarning oldini olish sohasida, shuningdek, oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bilan bogʻliq boshqa masalalar boʻyicha kadrlar malakasini oshirishning samarali shakllarini joriy etish;
jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlashda, mustahkam oilalarni shakllantirishda, sogʻlom farzandlar tugʻilishida, sogʻlom turmush tarziga amal qilishda, bolaning oilada yashash va tarbiya olish huquqini taʼminlashda, barkamol avlodni tarbiyalashda, munosib keksalikni taʼminlashda oilaning oʻrni va rolini oshirish.
Jamiyatda zamonaviy oila modelini hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini toʻliq roʻyobga chiqarish oila institutini mustahkamlash sohasidagi islohotlarni samarali amalga oshirishning pirovard natijasiga aylanishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PQ-3808-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha