PQ-3838-son Qaror · 05.07.2018

Immunologiya va inson genomikasi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ishlarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3838
  • Qabul qilingan sana:05.07.2018
  • Kuchga kirgan sana:05.07.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3838/1455

Immunologiya va inson genomikasi boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni yanada takomillashtirish, keng tarqalgan kasalliklarning immunodiagnostikasi, immunoprofilaktikasi va immunoterapiyasida innovatsion texnologiyalarni yaratish, shuningdek, mazkur sohada yuqori malakali mahalliy ilmiy kadrlarni tayyorlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining:

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika immunologiya ilmiy markazini Immunologiya va inson genomikasi instituti (keyingi oʻrinlarda Institut deb yuritiladi) etib qayta tashkil qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tasarrufiga oʻtkazish;

Institutning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan filiallarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

biotibbiyotning umumjahon yutuqlari bilan oʻzaro bogʻliq immunogenom texnologiyalarning keng spektri ishlab chiqilishini taʼminlovchi kompleks tadqiqotlarni amalga oshirish;

onkologik, autoimmun va metobolik patologiyalarda autoimmun-yalligʻlanish jarayonlarini shakllantirishning tizimli immunologik, genomik va xujayra-molekulyar mexanizmlarining umumiyligi va farqlari toʻgʻrisida yangi tasavvurlarni oʻrganish va taʼriflash;

mahalliy xom ashyodan tayyorlangan immunotrop dori vositalarini oʻrganish maqsadida yangi farmatsevtika texnologiyalarini ishlab chiqish uchun tizimli immunologiya va genomikaning yutuqlaridan foydalanish;

xalqaro talablarga muvofiq multiomilli (birikmali) kasalliklarni diagnostika qilish va davolash uchun yangi immunobiogenetik, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqishda tahliliy va texnologik asoslarni yaratish;

immunologiya, tibbiy genetika sohasida va ular bilan bogʻliq yoʻnalishlarda yuqori malakali yosh mutaxassislar va oliy malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida fan va taʼlimni integratsiyalash shakllarini takomillashtirish;

innovatsion ilmiy tadqiqotlarni rivojlantiradigan yangi dastur va uslublarni ishlab chiqish, oʻquv jarayonini uslubiy taʼminlash, shuningdek, Institut ilmiy xodimlarining sohadagi oliy taʼlim muassasalarining taʼlim jarayonida faol ishtirok etishini taʼminlash.

3. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Immunologiya va inson genomikasi institutining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Immunologiya va inson genomikasi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, innovatsion ishlarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga, zaruratga koʻra, Institutning tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi va davlat tilidagi oʻz nomi tasvirlangan muhrga va gʻazna hisob raqamlariga ega boʻladi;

Institut xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;

Institutning bino va inshootlarini saqlash xamda xodimlar (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq toʻlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar grantlari, xoʻjalik faoliyatidan keladigan tushumlar, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:

bir oy muddatda Institutning ustavini oʻrnatilgan tartibda tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika immunologiya ilmiy markazining oʻtkazib berilayotgan ilmiy-texnik loyihalari, uskunalari, moddiy boyliklari va boshqa mulkini, jumladan avtotransport vositalari va yoqilgʻi-moylash materiallari limitlarini inventarizatsiya qilsin xamda ularni Institutga oʻtkazib bersin;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Institut filiallarini zarur mebel, kompyuter texnikasi va zamonaviy ilmiy uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, ularni yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Institut huzurida immunologiya va inson genomikasi sohasida haq evaziga mutaxassislar malakasini oshiradigan va ularni qayta tayyorlaydigan ixtisoslashgan markaz tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror qoidalaridan kelib chiqqan holda 2018-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlariga zarur oʻzgartirishlar kiritsin.

8. Quyidagilar:

Institut Toshkent shahri, Mirobod tumani, Yahyo Gʻulomov koʻchasi, 74-uy manzilidagi binoni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga operativ boshqaruv huquqi bilan oʻtkazgan holda ushbu manzilga;

Institutning Andijon filiali bepul foydalanish huquqi asosida Andijon shahri, Atabekov koʻchasi, 1-uy manzildagi Andijon davlat tibbiyot institutining binosiga;

Institutning Nukus filiali bepul foydalanish huquqi asosida Nukus shahri, A. Dostanazarov koʻchasi, 108-uy manzildagi Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutining binosiga joylashtirilsin.

(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 14-fevraldagi PQ-4598-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2020-y., 07/20/4598/0170-son)

Qashqadaryo viloyat hokimligi ikki hafta muddatda Institut Qashqadaryo filialining bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 30-sentabrdagi “Immunologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishni tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2620-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yuldashev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 5-iyul,

PQ-3838-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi PQ-3838-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Immunologiya va inson genomikasi instituti

*Moliyalashtirish budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

Xodimlarning cheklangan umumiy soni (yordamchi xodimlardan tashqari) — 92 nafar, shu jumladan ilmiy xodimlar — 76 nafar.

Yordamchi xodimlar soni qonunchilikda oʻrnatilgan meʼyorlar boʻyicha belgilanadi.

Ilmiy-amaliy loyihalarni bajarish uchun shartnoma asosida mutaxassislar va olimlar jalb etilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi PQ-3838-son qaroriga 2-ILOVA

Immunologiya va inson genomikasi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, innovatsion ishlarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.