PQ-3846-son Qaror · 12.07.2018

Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3846
  • Qabul qilingan sana:12.07.2018
  • Kuchga kirgan sana:13.07.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3846/1502

Keyingi yillarda mamlakatda nefrologik kasalliklarga chalingan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash choralari koʻrilmoqda.

Bir qator respublika va barcha viloyat tibbiyot muassasalarida bemorlar umrining ancha uzayishini va ularning turmush sifati oshishini taʼminlaydigan gemodializ boʻlinmalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Shu bilan birga, mavjud ahvolning tahlili gemodializ yordamiga muhtoj boʻlgan bemorlarga toʻliq tibbiy xizmat koʻrsatishga toʻsqinlik qilayotgan bir qancha yechimini kutayotgan muammolar mavjudligini koʻrsatdi. Xususan:

birinchidan, tibbiyot muassasalarida gemodializ olish uchun oʻrinlarning umumiy soni real ehtiyojdan bir necha baravar kam, gemodializ boʻlinmalarining yarmidan ortigʻi moslashtirilmagan xonalarda joylashgan, koʻpgina gemodializ mashinalarining belgilangan foydalanish muddati oʻtib ketgan;

ikkinchidan, aholiga yuqori malakali nefrologiya va gemodializ yordami koʻrsatish, shuningdek, buyraklarni transplantatsiya qilish boʻyicha mintaqaviy boʻlinmalarga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazini tashkil etishga ehtiyoj mavjud;

uchinchidan, terminal va oʻtkir buyrak yetishmovchiligiga duchor boʻlgan bemorlarni davolashning yagona standartlari va protokollari joriy etilmagan, shuningdek, nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularga oʻz vaqtida tashxis qoʻyishning samarali tizimi, bemorlarni tanlash va gemodializga yuborish tartib-taomillari yoʻlga qoʻyilmagan;

toʻrtinchidan, nefrolog mutaxassislar, gemodializ shifokorlar va gemodializ boʻlinmalarining boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash boʻyicha yagona dastur mavjud emasligi sababli shifokor-nefrologlar va gemodializ boʻyicha mutaxassislar keskin yetishmayapti;

beshinchidan, nefrologik kasalliklarni davolashning zamonaviy tibbiy infratuzilmasini yaratish va ushbu sohada toʻplanib qolgan muammolarni hal etishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanilmayapti;

oltinchidan, gemodializ tibbiyot uskunalari va sarflash materiallarini olib kirish va sotib olishni roʻyxatdan oʻtkazish, sertifikatlash va ruxsatnoma olishning murakkab va shaffof boʻlmagan tartib-taomillari amal qilmoqda, bu bozorga kirishni va ularning ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi raqobatni cheklamoqda.

Mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish va kamchiliklarga barham berish, shuningdek, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishni taʼminlash va nefrologik kasalliklardan azob chekayotgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining aholiga nefrologik va gemodializ yordami koʻrsatish boʻyicha faoliyati qoniqarsiz, deb topilsin.

2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning hududiy boʻlinmalarining aholiga nefrologik va gemodializ yordami koʻrsatishni yanada oshirish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, oliy tibbiyot taʼlim muassasalari klinikalari, respublika koʻp tarmoqli shifoxonalarining yetakchi mutaxassislari ishtirokida tizimli ravishda aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini tashkil etish;

profilaktika qilish, tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy hamda samarali usullarini joriy etish yoʻli bilan sogʻliqni saqlash tizimining viloyat va tuman darajalarida aholiga ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik nefrologik tibbiy yordam koʻrsatish sifatini oshirish;

buyrak patologiyasining barvaqt oldini olish, ularni oʻz vaqtida aniqlash, mavjud bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha ishlarni tashkil etuvchi integratsiyalashtirilgan tizimni sogʻliqni saqlash tizimining barcha darajalarida yaratish, shuningdek, bemorlarga tashxis qoʻyish, tanlash va gemodializga yuborish jarayonini xalqaro amaliyotga muvofiq qayta koʻrib chiqish va optimallashtirish yoʻli bilan nefrologik kasalliklarga chalinish hamda bu kasalliklar sababli vafot etishni kamaytirish;

davolashning yuqori texnologik usullari va zamonaviy standartlaridan keng foydalangan holda gemodializ yordamga muhtoj bemorlar umrining uzayishini va ularning turmush sifati oshishini taʼminlash;

tibbiy yordam koʻrsatishning barcha bosqichlarida katta yoshdagilar va bolalarda buyrak kasalliklariga tashxis qoʻyish va uni davolashning yagona zamonaviy standartlari va protokollarini joriy etish, jumladan gemodializ seanslari uchun majburiy klinik protokollarni ishlab chiqish va tasdiqlash;

nefrologik va gemodializ muassasalarini zamonaviy yuqori texnologik tashxis qoʻyish va davolash tibbiyot uskunalari bilan toʻliq jihozlash, ularni ehtiyot qismlar, gemodializ uchun sarflash materiallari bilan uzluksiz taʼminlash va tegishli qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish yoʻli bilan nefrologiya va gemodializ muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularni oʻz vaqtida aniqlash va davolash boʻyicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;

aholiga nefrologik va gemodializ yordami koʻrsatish sohasida xususiy sektorni va davlat-xususiy sheriklikni jadal rivojlantirish.

3. Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.

4. Chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladigan muddatga 2-ilovaga muvofiq tarkibda Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi ijrosining borishini monitoring qilish boʻyicha ishchi komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) tashkil etilsin.

Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ushbu qaror qoidalarini amalga oshirish, qoʻyilgan vazifalarni bajarishda yuzaga keladigan muammolarni va ularni keltirib chiqaradigan shart-sharoitlarni aniqlash;

nefrologiya va gemodializ xizmati faoliyati, buyrak yetishmovchiligiga duchor boʻlgan bemorlarga yuqori malakali yordam koʻrsatish boʻyicha tibbiyot xodimlariga yuklangan vazifalar bajarilishining samaradorligi ustidan tizimli nazorat olib borish;

surunkali buyrak kasalligiga chalingan bemorlarga tashxis qoʻyish va ularni davolashning ishlab chiqilgan standartlari asosida nefrologiya va gemodializ yordami koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari tomonidan vazifalar bajarilishi jarayonini, jumladan joylarga borib oʻrganish;

amalga oshirilgan tadbirlar materiallarini, Komissiya qarorlarini aniqlangan kamchiliklarni va tibbiyot muassasalari faoliyatidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun Vazirlar Mahkamasiga, prokuratura organlariga va boshqa organlarga yuborish;

nefrologiya va gemodializ yordami koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari faoliyatidagi tizimli kamchiliklar va huquqbuzarliklarni aniqlash hamda bartaraf etish, bunday yordam koʻrsatishning tashkiliy tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining:

Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etishni;

yangi tashkil etilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida “Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi” kafedrasini tashkil etishni;

2019/2020 oʻquv yilidan boshlab magistratura va klinik ordinaturaning “nefrologiya” va “bolalar nefrologiyasi” mutaxassisliklari boʻyicha yangi yoʻnalishlarini ochishni nazarda tutuvchi takliflari qabul qilinsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasining huquqiy vorisi hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarining nefrologiya va gemodializ boʻlinmalari Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mintaqaviy tashkiliy-metodik boʻlinmalari hisoblanadi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi uch oy muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini joylashtirish uchun Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi binosini rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini taʼminlasin.

7. “Sogʻlom avlod uchun” fondi va keng jamoatchilikning surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, gemodializ xizmati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida “Oʻzbekiston dializ jamiyati” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Oʻzbekiston dializ jamiyati” nodavlat notijorat tashkilotini roʻyxatdan oʻtkazishda koʻmaklashsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanishini taʼminlasin:

dasturiy gemodializ koʻrsatish sohasida davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni joriy etish, shuningdek, xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha amaliy harakatlar;

davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ xizmatlari koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarini qurish, jihozlash va ulardan foydalanish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflarni joriy etish;

gemodializ apparatlari va sarflash materiallari yetkazib berishga zarur ruxsatnomalar berishning, xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan gemodializ xizmatlari koʻrsatishning amaldagi tizimini tubdan soddalashtirish boʻyicha zarur choralar koʻrish;

gemodializ xizmatlari koʻrsatish tartibini, uni amalga oshirish usullarini tartibga solishni, shuningdek, ushbu sohada davlat-xususiy sheriklik shartnomalarini tuzish, ijro etish va tugatishni nazarda tutuvchi gemodializ xizmatlari koʻrsatish sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

a) ikki hafta muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tuzilmasi va ustavini hamda uning mintaqaviy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin;

b) uch oy muddatda:

nefrologiya va gemodializ boʻlinmalarining gemodializ uskunalari parkini tanqidiy tahlil qilsin, uning yakunlari boʻyicha ularni yangilash, shuningdek, gemodializ boʻlinmalari tarmogʻini kengaytirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

dasturiy gemodializdagi bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatishning majburiy klinik protokollarini tasdiqlasin;

respublika va mintaqaviy tibbiyot muassasalari kesimida gemodializ olishga bemorlarning teng miqdorda biriktirilishini taʼminlasin;

respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda nefrologiya kabineti va boʻlimini jihozlash standartlarini nazarda tutuvchi nefrologiya ixtisosligi boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatish tartibini tasdiqlasin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda surunkali buyrak yetishmovchiligiga duchor boʻlgan bemorlar hisobini yuritish va ularning monitoringini olib borishning yagona elektron registri mexanizmini joriy etsin;

g) Chora-tadbirlar dasturi sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishini taʼminlasin, monitoring natijalari toʻgʻrisida har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

gemodializ oʻtkazish uchun sarflash materiallarini mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish;

tibbiyot muassasalarini jihozlash va gemodializ xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish uchun xayriya mablagʻlari va xalqaro (xorijiy) tashkilotlarning grantlarini jalb etish yuzasidan takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

“Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining har yilgi parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin;

davlat-xususiy sheriklik asosida standartlar va normativlar boʻyicha oʻtkazilgan gemodializ xizmatlari uchun oʻz vaqtida haq toʻlanishini taʼminlasin;

gemodializga muhtoj boʻlgan bemorlar sonining yillik oʻsishini hisobga olgan holda zarur gemodializ uskunalari, ehtiyot qismlar va sarflash materiallari Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslangan buyurtmanomalari asosida oʻz vaqtida xarid qilinishi uchun budjet mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi, shuningdek, ajratilgan mablagʻlardan oʻz vaqtida, oqilona va maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 12-iyul,

PQ-3846-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-iyuldagi PQ-3846-son qaroriga 1-ILOVA

Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-iyuldagi PQ-3846-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi ijrosining borishini monitoring qilish boʻyicha ishchi komissiya

Izoh: ishchi komissiya aʼzolari boshqa lavozimga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.