PQ-3856-son Qaror · 14.07.2018

Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3856
  • Qabul qilingan sana:14.07.2018
  • Kuchga kirgan sana:17.07.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3856/1515

Respublikada har yili aholi bandligini taʼminlash boʻyicha tasdiqlanadigan dasturlarni amalga oshirish, boʻsh va kvotalanadigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, oʻzini oʻzi band qilishning samarali shakllarini rivojlantirish borasida taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Aholining ishchanlik faolligini va tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirishga, ijtimoiy zaif qatlamlar bandligini taʼminlashga, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati, sifati va tezkorligini oshirishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Shunga qaramay, hududlardagi mehnat bozorida hali-hamon yuqori darajada keskinlik saqlanib qolmoqda, doimiy ish oʻrinlarini tashkil etish, yoshlar, xotin-qizlar, kam taʼminlangan oilalar aʼzolari bandligini, ayniqsa, qishloq joylarda taʼminlash, shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish masalalari hal etilmayapti.

Ishga joylashtirish sohasida aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun kredit, moliyaviy, maslahat-axborot berish xizmatlari va boshqa zarur xizmatlar darajasi pastligicha qolmoqda.

Ishlab chiqarish kadrlari koʻpincha iqtisodiyot tarmoqlarining joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini, ularning imkoniyatlari va resurslarini hisobga olmagan holda kasbga tayyorlanmoqda va qayta tayyorlanmoqda. Oqibatda mehnat bozorida ayrim mutaxassisliklar boʻyicha malakali kadrlar taqchilligi kuzatilmoqda.

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosini, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha davlat organlari ishlari samaradorligini oshirish, aholini mehnat faoliyatiga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yangi ish oʻrinlarini tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirishga doir “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq maʼqullansin.

2. Belgilansinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi deb yuritiladi) uchun 2018-yilda Respublika budjetiga qoʻshimcha tushumlar hisobiga 150 milliard soʻm ajratiladi, 2019-yildan boshlab esa budjet parametrlarida 300 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda qoʻshimcha mablagʻlar ajratish nazarda tutiladi;

2018-yil 15-iyuldan boshlab Mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Mehnatni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi) mablagʻlarini shakllantirish manbalari Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasining Mehnatni ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga ajratmalari hajmlarining 5 foizdan 10 foizgacha oshirilishi hisobiga kengaytiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlarining boʻsh qoldiqlarini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan tushadigan 50 foiz miqdordagi daromadlar Mehnatni ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat muassasalari shaklida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalarini (keyingi oʻrinlarda — hududiy jamgʻarmalar) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Quyidagilar hududiy jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantiruvchi manbalar etib belgilansin:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining taklifiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarori asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjeti va Toshkent shahrining shahar budjeti qoʻshimcha manbalaridan ajratiladigan mablagʻlar;

(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda begʻaraz yordami;

xayriya qiluvchilar — jismoniy va yuridik shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining belgilangan tartibda taqdim etiladigan mablagʻlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. Quyidagilar hududiy jamgʻarmalarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ayniqsa, qishloq joylarda doimiy ish oʻrinlari tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlarini kreditlar bilan qoʻllab-quvvatlash uchun respublikaning tijorat banklarida kredit liniyalari ochish;

ishchi kuchi koʻp boʻlgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, ayniqsa, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun yangi ish oʻrinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi korxonalarni tashkil etish, bunda hududiy jamgʻarmalarning tashkil etilgan korxonalardagi ulushini xususiy sheriklarga keyinchalik realizatsiya qilish shartini nazarda tutish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarorlari boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etishga hamda aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.

5. Hududiy jamgʻarmalar daromad qismi boʻyicha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etilsin, boʻshab qolgan mablagʻlar hududiy jamgʻarmalarning asosiy vazifalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda hududiy jamgʻarmaning namunaviy ustavi tasdiqlanishini taʼminlasin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda hududiy jamgʻarmalar ustavlarini tasdiqlangan namunaviy ustav asosida tasdiqlasin.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

a) ushbu qarorning 2 va 3-bandlariga muvofiq shakllantiriladigan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasiga Respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlarning kamida 50 foizi va hududiy jamgʻarmalarning mablagʻlari, asosan, “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB va Xalq banki ATBda kredit liniyalarini ochish va keyinchalik mazkur banklar tomonidan respublika tumanlari va shaharlarida yangi ish oʻrinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik va mini-loyihalarni amalga oshirish uchun mikrokreditlar ajratish maqsadida yoʻnaltiriladi;

b) mikrokreditlar kichik tadbirkorlik subyektlariga, fermer va dehqon xoʻjaliklariga, oilaviy tadbirkorlik subyektlariga quyidagilar uchun ajratiladi:

shaxsiy tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida issiqxonalar tashkil etish, urugʻliklar, koʻchatlar, chorva mollari va parrandalar, qishloq xoʻjaligi inventari va uskunalari, sugʻorish moslamalari (nasoslar, artezian quduqlari va boshqalar) xarid qilish;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, qurilish materiallari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat isteʼmol mollari ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-uskuna va xom ashyo xarid qilish;

xizmat koʻrsatish sohasida, ayniqsa, maishiy, taʼmirlash, taʼlim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori boʻlgan sohalarda faoliyat koʻrsatadigan korxonalar tashkil etish va jihozlash;

qishloq tumanlarida, ayniqsa, xotin-qizlar oʻrtasida kasanachilikni rivojlantirish;

tuman va shaharlarning ishlab chiqarish ixtisoslashuvi, mavjud mineral xom ashyo, yer, qishloq xoʻjaligi va boshqa resurslarni hisobga olgan holda boshqa yoʻnalishlar;

v) mikrokreditlar 300 million soʻmgacha boʻlgan miqdorda har bir mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyalari asosida 3 yilgacha muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan:

(6-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-yanvardagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 07/23/39/0060-son)

2019-yil 31-dekabrga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiziga teng stavkada;

2020-yil 1-yanvardan — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida;

2022-yil 1-yanvardan — tijorat banklari tomonidan yillik 14 foiz (shundan 4 foiz bank marjasi) stavkada ajratiladi.

(6-band “v” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son)

Tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarning bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qoʻllaniladi.

(6-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)

(6-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PF-5898-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2020-y., 06/20/5898/4258-son)

7. Belgilansinki:

qishloq tumanlarida, bundan aholi soni 5 ming kishidan koʻp boʻlgan aholi punktlari mustasno, sartaroshxona xizmatlarini, yakka tartibdagi buyurtmalar boʻyicha kiyim tikish xizmatlarini, poyabzal taʼmirlash xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha faoliyatni tashkil etgan, shuningdek, jamoat hammomlarini tashkil etgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2023-yil 1-iyulgacha barcha turdagi soliqlar toʻlashdan ozod etiladi;

yakka tartibdagi tadbirkorlar har bir yollangan xodimga toʻlanadigan qatʼiy belgilangan soliqni toʻlashdan ozod etiladi;

yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik subyektlari 3 nafargacha doimiy ishchilarni yollashga, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga, shuningdek, mehnatga layoqatli yoshga toʻlgan boshqa yaqin qarindoshlarini, shu jumladan, mehnatga layoqatli yoshga toʻlgan bolalari va nevaralarining er-xotinlarini, mehnatga layoqatli yoshga toʻlgan aka-ukalari va opa-singillarini, ularning er-xotinlarini yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik subyekti ishtirokchilari sifatida jalb qilishga haqli;

ushbu qarorning 6-bandiga muvofiq birinchi marta mikrokredit olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uni olgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida qatʼiy belgilangan soliq toʻlashdan ozod etiladi;

yakka tartibdagi tadbirkorlar 3 tonnadan ortiq yuk koʻtaruvchi avtomobil transportida yuklarni bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdoridagi stavka boʻyicha tashish xizmatlaridan har oyda olinadigan qatʼiy belgilangan soliq toʻlaydi.

(7-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)

8. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga quyidagilarga bir martalik subsidiyalar berilishini nazarda tutadigan ishsizlik boʻyicha sugʻurtalash tizimini joriy etsin:

aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida roʻyxatdan oʻtgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ishsiz shaxslarga — yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, tadbirkorlikka oʻqitish va kredit olishda sugʻurta polisi toʻlovi uchun xarajatlarni bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida toʻlash;

ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida haq toʻlash;

ish beruvchilarga — aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari yoʻllanmasi boʻyicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun — har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida toʻlovni amalga oshirish.

(8-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida roʻyxatdan oʻtgan ishsiz shaxslarni, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan kasb-hunar taʼlimi muassasalariga grantlar ajratilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida katta sinf oʻquvchilari uchun ular egallashni xohlagan kasblarning asosiy xususiyatlari va kasb standartlarini taʼriflovchi multimedia vositalari bilan jihozlangan situatsion xonalarni tashkil etgan holda kasbga yoʻnaltirish kurslarini oʻtkazishni nazarda tutadigan kasbga yoʻnaltirish dasturini joriy etish masalasi ishlab chiqilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2018-yil 1-sentabrdan boshlab ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlarining tasdiqlovchi maʼlumotlari va fuqarolarning arizalari asosida shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarida ishlovchi fuqarolarni band boʻlgan shaxs sifatida hisobga olish mexanizmi joriy etilishini;

aholi va tadbirkorlik subyektlari orasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mazmun-mohiyati keng tushuntirilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Bosh vazir oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasining moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 14-iyul,

PQ-3856-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi PQ-3856-son qarorigaILOVA

Aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirishga doir

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.