Mahalliy kino sanoati milliy madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga, yoshlarni sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, keksa avlodga hurmat-ehtirom koʻrsatishga bebaho hissa qoʻshmoqda. Kino inson bilimini orttirishda muhim rol oʻynaydi, uning boy mazmuni esa aholining bilimdonlik darajasiga bevosita taʼsir qiladi.
Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning haqiqiy holati milliy kino sanoatining jadal rivojlanishiga, kino bozorida raqobatbardoshligini oshirishga, uni xorijda targʻib qilishga toʻsqinlik qiladigan bir qator hal etilmagan muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:
birinchidan, ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining mafkuraviy-badiiy darajasining pastligi, ssenariynavislik, rejissorlik va aktyorlik ishlarining lozim darajada sifatli emasligi, yoshlar uchun maʼnaviy namuna boʻlib xizmat qiladigan badiiy obrazlarning koʻpincha mavjud emasligi yosh avlodni jasorat va qatʼiyatlilik ruhida tarbiyalash, yot “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashish kabi milliy kinematografiyaning asosiy maqsadlarini amalga oshirish imkonini bermayapti;
ikkinchidan, kino mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha davlat buyurtmasini berish yuzasidan shakllangan amaliyot qoʻllanilayotgan tartib-taomillarning ochiqligi va shaffofligini, budjet mablagʻlaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlamayapti, shuningdek, kinematografiya sohasida sogʻlom raqobat muhitini rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda;
uchinchidan, kino sanoati sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasining, ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining oʻzini qoplay olishi va daromad keltirishiga qaratilgan zamonaviy marketing tadqiqotlari va aniq maqsadli kino ishlab chiqarish dasturlarining mavjud emasligi milliy kinematografiyaning yuqori zarar bilan ishlashiga sabab boʻldi;
toʻrtinchidan, kinoprokat va respublika boʻylab kino mahsulotlarini yetkazib berish samarasiz tizimining mavjudligi, ishlab chiqarilgan kino mahsulotlarining yetarli darajada targʻib qilinmasligi sababli aholining sust xabardorligi kinoprokatchilar daromadlariga, kinokompaniyalarning ijodiy va ishlab chiqarish xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatdi, shuningdek, kinoteatrlar tarmogʻi faoliyatining tugatilishiga olib keldi;
beshinchidan, davlat buyurtmasi boʻyicha ishlab chiqariladigan kino mahsulotlariga ajratiladigan mablagʻlarning yetarli emasligi, kino ishlab chiqaruvchilarni soliqqa tortish tizimining samarasizligi va yuqori soliq yuki kino sanoati sohasining daromadliligini cheklamoqda va kinematografiyaning umumjahon rivojlanish tendensiyalariga muvofiq ilgʻor innovatsion va raqamli texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirmayapti;
oltinchidan, kino sohasida kadrlarni tayyorlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi, ixtisoslashtirilgan, shu jumladan xorijiy davlatlarning oliy oʻquv yurtlarida talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash, kino sanʼati vakillarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlari tashkil etilmagan;
yettinchidan, mualliflik huquqi obyektlarini, shu jumladan kino mahsulotlarining noqonuniy tarqatilishini aniqlash va oldini olish, ular bilan ruxsatsiz foydalanishdan ishonchli himoya qilish, oʻgʻrincha koʻchirib olishga qarshi kurashishning aniq mexanizmlari mavjud emasligi kino mahsulotlarining asl nusxalarini yuqori darajada noqonuniy aylanishiga va mamlakatning kinokompaniyalari hamda kinoteatrlariga sezilarli zarar yetkazilishiga olib kelmoqda;
sakkizinchidan, mahalliy sara kinolentalarni jahonga mashhur xalqaro kinofestivallarga taqdim etish, shu jumladan ularda ishtirok etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmayapti, madaniy oʻzaro almashinuv darajasining pastligi esa milliy kinematografiyani xorijda faol targʻib qilinishiga va uning jahon kino maydoniga qoʻshilishiga imkon bermayapti.
Mamlakatda kino sanoatini yanada rivojlantirish, kinokompaniyalarni tanlab olishning shaffofligini taʼminlash, kinematografiya sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida:
1. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekkino” MA deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda “Oʻzbekfilm” AJ aksiyadorlarining:
“Oʻzbekfilm” aksiyadorlik jamiyatini jamiyat tarkibidan chiqib ketadigan aksiyadorlar bilan qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda hisob-kitobni amalga oshirgan holda “Oʻzbekfilm” davlat unitar korxonasi etib qayta tashkil etish;
“Hujjatli filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasini mamlakatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini va davlat va jamiyat hayotidagi eng muhim sohalarda erishilgan yutuqlarni tasvirga olish va ularni keyinchalik arxivlashtirish boʻyicha vazifalarni yuklagan holda “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi sifatida qayta nomlash;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
“Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” davlat muassasasini uning balansida boʻlgan mol-mulk va boshqa moddiy-texnik qimmatliklarni (koʻchmas mulkni bepul foydalanishga) topshirish orqali nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda yangi tashkil etilayotgan nodavlat notijorat tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin, uning ustav organlarini shakllantirishda zaruriy amaliy yordam koʻrsatsin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
2019-yilning 1-yanvaridan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan kino mahsulotlarning yillik tematik rejasi yuzaga kelayotgan vaziyat, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, aholining mazmunli kinofilmlarga boʻlgan real ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
ishlab chiqariladigan badiiy filmlarni davlat buyurtmasi boʻyicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning yillik hajmiga nisbatan foizda janrlar boʻyicha kvotalash tizimi joriy etiladi;
2019-yil 1-yanvardan boshlab, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, mamlakatdagi barcha kinoteatrlarda namoyish etiladigan mahalliy badiiy filmlar namoyishi hajmlarini — sutkada ikkitadan kam boʻlmagan shu kabi toʻliq metrajli filmlar bilan, 2021-yil 1-yanvardan esa oylik ekran vaqtining 25 foizidan kam boʻlmagan, bayram kunlari 40 foizdan kam boʻlmagan miqdorda kvotalash tizimi joriy etiladi;
davlat buyurtmasi boʻyicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning smeta xarajatlarida koʻrsatilgan mablagʻning 10 foizi faqatgina ularning reklamasi va televideniye, radio va Internet tarmoqlaridagi piar-kompaniyasiga, shuningdek, tashqi reklamasini joylashtirish uchun foydalaniladi;
davlat buyurtmasi boʻyicha kino mahsulotlarini Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda reklama qilish, milliy teleradiokompaniya telekanallarida namoyish qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligining shaxsiy koni mahsulotlari uchun mualliflik va mulkiy huquqlariga rioya qilgan holda, imtiyozli shartlarda amalga oshiriladi;
kinokompaniyalarning, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, davlat buyurtmasi boʻyicha kino mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi ishtiroki faqat Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi tomonidan qonun hujjatlariga asosan tashkil etiladigan tanlov asosida amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Badiiy kengashi tarkibi prodyuserlar, adiblar, tarixchilar, kinooperatorlar, rejissorlar, kinoprokatchilar, kinotanqidchilar, psixologlar, kinematografiya sohasidagi nodavlat tashkilotlar vakillari va boshqa mutaxassislardan shakllantiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi tomonidan tasdiqlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Badiiy kengashi tarkibiga, Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlgan shaxslarning kirishiga va ularning tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi boʻyicha kino mahsulotni ishlab chiqarishning har bir bosqichi yakunida tayyor mahsulotning rejissorlik ssenariysiga, xarajatlar smetasi parametrlariga, suratga olish jarayonining texnik va texnologik talablariga mosligi hamda kino mahsulot yaratish toʻgʻrisidagi shartnomada oʻrnatilgan boshqa talablarga rioya etilishi yuzasidan baholash amalga oshiriladi, soʻngra ushbu kino mahsulot (uning qismlari) qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-oktabrga qadar muddatda davlat buyurtmasi boʻyicha ishlab chiqariladigan kino mahsulotlari uchun konkurs tashkil etish va uni oʻtkazish tartibi, shu jumladan konkursda qatnashadigan kinokompaniyalar uchun talablarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(2-bandning oltinchi — oʻn birinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-avgustdagi PQ-3176-son qarori bilan tashkil etilgan Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasining:
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining iqtidorli bitiruvchilarini hamda institutda “Ijro etuvchi prodyuser” va “Kinorejissura va kinodramaturgiya” yoʻnalishlari boʻyicha dastlabki saralashdan oʻtgan bakalavr darajasiga ega milliy kinematografiya sohasining mutaxassislarini S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat instituti (keyingi oʻrinlarda — BKDI) qoshidagi “Kino va televideniye”ning oliy kurslariga oʻqishga yuborish;
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti bakalavriatining ixtisoslashgan yoʻnalishlari iqtidorli bitiruvchilari uchun BKDI assistentura-stajirovkasida “Ijro etuvchi prodyuser”, “Dramaturgiya” va “Audiovizual sanʼat rejissurasi” mutaxassisliklari boʻyicha oʻqishlarni tashkil etish;
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Toshkent shahrida kinematografiya sohasining malakali kadrlarini tayyorlash boʻyicha BKDI filialini (qoʻshma fakultetini) ochish, oʻqituvchilik faoliyatiga BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida avval tayyorgarlikdan oʻtgan mutaxassislarni, shuningdek, master-klasslar oʻtkazish uchun institut professor-oʻqituvchilarini jalb qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-dekabrga qadar boʻlgan muddatda BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti bitiruvchilari hamda respublika mutaxassislari oʻqishini tashkil etish, shuningdek, Toshkent shahrida institut filialini (qoʻshma fakultetini) ochish boʻyicha BKDI rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazsin.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
Belgilansinki:
BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida oʻqishga yuboriladigan shaxslar soni Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda tegishli soha mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda belgilanadi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida oʻqish bilan bogʻliq xarajatlar Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan markazga ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
BKDI oliy kurslarida va assistentura-stajirovkasida oʻqish uchun saralashdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar bilan shartnomalar tuziladi. Shartnomalarda nomzodlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shu jumladan Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida hamda BKDIning Toshkent shahrida tashkil etiladigan filialida (qoʻshma fakultetida) kamida uch yil muddatda mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyati belgilab qoʻyiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
6. Quyidagilar:
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
Oʻzbekiston Respublikasida kinoindustriyani yanada takomillashtirish “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
“Uchta shahar”, “101” va “Qahramonlar” loyihalarini amalga oshirish “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Uchta shahar” loyihasini amalga oshirish doirasida kompleks tashkiliy-texnik va huquqiy masalalarning sifatli hamda oʻz vaqtida hal etilishi uchun:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining raisi S.R. Xolmurodov — “Xalq diplomatiyasi shahri” majmui qismi yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov — “Etnoshahar” majmui qismi yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvining raisi A.S. Sultonov — “Kinoshahar” majmui qismi yuzasidan shaxsan javobgar ekanligi belgilab qoʻyilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston kinematografiyasini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda har yili eng yaxshi mahalliy kino mahsulotlarini Kann, Berlin, Venetsiya, Rotterdam, Pusan, Moskva va boshqa mashhur xalqaro kinofestivallarda, shuningdek, jahonning yirik nufuzli kinobozorlarida namoyish etilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblari boʻyicha xalqaro kinofestivallar va kinobozorlarda mahalliy kino mahsulotlarini namoyish etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini hisobga olgan holda budjet mablagʻlarini ajratsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
8. Belgilansinki:
2018-yil 1-avgustdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi markaziy apparatining xodimlariga ularning mehnatiga haq toʻlash oylik jamgʻarmasining 100 foizi miqdorida;
2021-yil 1-maydan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi huzuridagi “Oʻzbekiston milliy kinofondi” davlat muassasasining xodimlariga ularning mehnatiga haq toʻlash oylik jamgʻarmasining 50 foizi miqdorida shaxsiy ustamalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
9. 2020-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga:
kino mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning prokati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar toʻlashdan, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga ajratmalar mustasno, shuningdek, oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan kino ishlab chiqarish va kino namoyish etish uskunalari uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimidan tashqari);
“Oʻzbekkino” MA oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha “Oʻzbekfilm”, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi”, “Respublika kinofondi”, “Respublika kinoprokat markazi”, “Multiplikatsion filmlar studiyasi” davlat unitar korxonalarini qayta qurish va jihozlash doirasida olib kiriladigan kino ishlab chiqarish hamda kino namoyish etish uskunalari uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimidan tashqari) ozod etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror talablari, shuningdek, kinoindustriya sohasidagi boshqa ustuvor vazifalarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga:
a) 2018-yil 1-avgustga qadar kinematografiya sohasida talab yuqori boʻlgan kadrlarni (kinodramaturg, kinorejissor, kinoprodyuser va boshqalar) tayyorlovchi yangi fakultet ochishni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;
b) 2018-yil 1-noyabrga qadar:
“Kinematografiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy kinokompaniyalar tomonidan badiiy filmlarni kinoga, videoga tushurishdagi tartib-taomillar va talablarni yanada soddalashtirishga doir takliflarni kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-apreldagi 272-son qarorining 4-bandida koʻrsatilgan yagona kinoprokat elektron tarmogʻini ishlab chiqish, kinoteatrlarni optik tolali aloqa liniyasi orqali kinoprokat tarmogʻiga bosqichma-bosqich ulash, kinoteatrlarda elektron kinochiptalarning tezkor hisobini yuritish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor koʻchasi, 1a-uy manziliga joylashtirilsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
13. “Oʻzbekkino” MA Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M. Sultonov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-iyul,
PQ-3880-son
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 06/21/6202/0342-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2018-yil 24-iyuldagi PQ-3880-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida kinoindustriyani yanada takomillashtirish
Izoh. Normativ-huquqiy hujjatlar tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohalari va predmetiga qarab yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2018-yil 24-iyuldagi PQ-3880-son qaroriga 3-ILOVA
“Uchta shahar”, “101” va “Qahramonlar” loyihalarini amalga oshirish boʻyicha
Izoh:
* “Uchta shahar” loyihasi doirasida bosqichlar va ishlarni amalga oshirish davomida investitsiyalar summasi oʻsish tomonga oʻzgarishi mumkin;
** xorijiy investorlar guruhining tarkibi oʻzgarishi yoki toʻldirilishi mumkin;
*** dastlabki summa koʻrsatilgan.