PQ-3955-son Qaror · 30.09.2018

Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3955
  • Qabul qilingan sana:30.09.2018
  • Kuchga kirgan sana:01.10.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3955/1978

Maktabgacha taʼlim tizimini yaxlit uzluksiz taʼlim tizimining muhim boʻgʻini sifatida yanada takomillashtirish, maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, bolalarni har tomonlama intellektual, maʼnaviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy etish, ularning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik deb ataladi) negizida quyidagilarni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

(1-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-iyuldagi PF-5759-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2019-y., 06/19/5759/3385-son)

b) Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etish hamda Institutni maktabgacha taʼlim tizimi buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq investitsiya loyihalari boʻyicha, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda bosh loyiha tashkiloti sifatida belgilash;

v) Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha injiniring kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda — Injiniring kompaniyasi) davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etish hamda Injiniring kompaniyasiga maktabgacha taʼlim tizimi obyektlarini qurish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini yuklash hamda kompaniya xizmatlari bilan bogʻliq xarajatlarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish, kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilish qiymatiga kiritish.

(1-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

(1-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son)

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

3. Belgilansinki:

(3-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-152-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/152/0773-son)

b) 2019-yil 1-yanvardan:

(3-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PF-5597-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 06/18/5597/2300-son)

maktabgacha taʼlim bilan bogʻliq yoʻnalish boʻyicha faoliyatga litsenziya berish uchun majburiy litsenziyaviy talab maktabgacha taʼlim tashkiloti, uning tarbiyalanuvchilari, pedagoglari va taʼlim-tarbiya jarayoni toʻgʻrisidagi ishonchli axborotni Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimiga kiritishdir;

(3-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti litsenziyasini toʻxtatish yoki bekor qilish uchun Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimida maktabgacha taʼlim tashkiloti, uning tarbiyalanuvchilari, pedagoglari va taʼlim-tarbiya jarayoni toʻgʻrisidagi ishonchli axborotning yoʻqligi asos boʻladi.

(3-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

4. 2018-2019-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgar ekanligi koʻrsatilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasidan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi muassisligidagi “Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyatga (keyingi oʻrinlarda — Markaz) begʻarazlik asosida bosqichma-bosqich 10 million AQSH dollari ekvivalentida, shu jumladan, 2018-yilda Markazni joylashtirish, jihozlash va saqlash bilan bogʻliq tashkiliy-amaliy tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻ ajratsin;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

Vazirlik bilan birgalikda belgilangan tartibda maktabgacha taʼlim tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan keng polosali internet tarmogʻidan foydalanishini taʼminlasin.

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

6. Quyidagilar:

xorijiy sheriklar bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar doirasida ilgʻor pedagogik texnologiyalar va innovatsion oʻqitish usullarini joriy etish hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini tashkil qilish, shu jumladan, maktabgacha taʼlim sohasida korxonalar tashkil qilish uchun olib kiriladigan tovarlar;

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, Markaz, Injiniring kompaniyasi va Institut tomonidan olib kiriladigan maxsus texnika, uskunalar, shu jumladan, asboblar, ehtiyot va butlovchi qismlar, texnik hujjatlar va dasturiy mahsulotlar belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha 2022-yilning 1-yanvarigacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, yuqorida koʻrsatilgan tovarlardan maqsadsiz foydalanilgan taqdirda bojxona imtiyozlari berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti foydasiga undiriladi hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va Moliya vazirligi:

2019-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining uchta tumanida jon boshiga normativ moliyalashtirishning sinov rejimida joriy etilishini;

2019-yil 15-iyulgacha boʻlgan muddatda sinov tariqasidagi jon boshiga normativ moliyalashtirish natijalarining batafsil tahlil qilinishini;

2019-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga oʻtkazilgan tahlil natijalarini hisobga olgan holda maktabgacha taʼlim tizimida moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Vazirlik hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2018-yil 1-noyabrgacha boʻlgan muddatda qishloq joylarda bir nechta koʻp qavatli turarjoy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi majmualarni loyihalashtirish normativlari va tartibini ishlab chiqsin hamda koʻp qavatli turarjoy uylarining birinchi qavatlarida yoki alohida bino koʻrinishida maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlishini nazarda tutsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

9. Belgilansinki:

qishloq joylarda bir nechta koʻp qavatli turarjoy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi qurilayotgan majmualardagi maktabgacha taʼlim tashkilotining eng kam quvvati 50 oʻrindan kam boʻlmasligi kerak;

qurilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari binolari yoki xonalari davlat yoki nodavlat taʼlim muassasalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida, turarjoy mulkdorlarining qaroriga muvofiq tashkil qilish uchun foydalanilishi mumkin;

davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari va koʻchmas mulkni olib qoʻyish faqat Vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida belgilangan boshqa tartiblar bundan mustasno;

(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)

davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qayta tashkil etish yoki tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari va koʻchmas mulkni olib qoʻyish haqida Vazirlik bilan kelishmagan holda qaror qabul qilgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

10. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi hamda Vazirlik Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ bilan birgalikda 2019-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda 2025-yilgacha maktabgacha taʼlim tashkilotlarini ichimlik suvi, isitish tizimi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlashni tubdan yaxshilash dasturi loyihasini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

11. “UZINFOCOM” davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator” MCHJ hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha:

bolani davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatidan foydalanganda;

maktabgacha taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan bolalar uchun jismoniy shaxs shaxsiy identifikatsiya raqamini berish boʻyicha xizmatni joriy etsin.

12. Vazirlik:

a) oʻn kunlik muddatda Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarining Vasiylik kengashlarini tugatsin hamda Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarining Kuzatuv kengashlarini tuzsin;

b) bir oylik muddatda:

davlat maktabgacha taʼlim muassasalari tomonidan dam olish kunlarida va ish kuni tugagandan keyin belgilangan dasturdan tashqari faoliyat ixtisosligi boʻyicha qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatish (bolalarni parvarishlash, qarab turish, oʻqitish boʻyicha va boshqalar) tartibini tasdiqlasin;

Maktabgacha taʼlim muassasasining kuzatuv kengashi haqida nizomni tasdiqlasin va unda, shu jumladan, Kuzatuv kengashiga Vazirlikning hududiy boʻlinmalari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan maktabgacha taʼlim muassasasi rahbarini saylash huquqi berilishi nazarda tutilsin.

13. Belgilansinki:

a) Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalarining Budjet tashkilotini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlari, tovarlar, ishlar, xizmatlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish boʻyicha umumiy xarajatlar (homiylik, begʻaraz yordam summalaridan tashqari) qoplangandan keyin moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha tadbirlar uchun foydalaniladi;

b) davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hisobvaragʻiga qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatish boʻyicha umumiy xarajatlar qoplangandan keyin:

80 foizi — maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti moddiy-texnika bazasini yaxshilashga (taʼmirlash, inventar va uskunalar, oʻquv-uslubiy materiallar sotib olish va boshqalar);

(13-band “b” kichik bandining birinchi va ikkinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

10 foizi — Jamgʻarmaga;

5 foizi — tegishli tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimining Budjet tashkilotini rivojlantirish jamgʻarmasiga;

5 foizi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasining Budjet tashkilotini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirishni birgalikda moliyalashtirish, davlat maktabgacha taʼlim muassasalarini jihozlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlanadigan 2018-2019-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari dasturini birgalikda moliyalashtirish uchun donor mamlakatlar va xalqaro moliyaviy institutlar mablagʻlarini (kreditlar, qarzlar, grantlar) davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilishni taʼminlasin.

15. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibini belgilaydigan Hukumat qarorini, bunday vakolatlar berilgan organlarning qatʼiy roʻyxatini, tekshiruvlarni tayinlash va oʻtkazishning huquqiy asoslarini koʻrsatgan holda ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini noqonuniy tekshirishlarga yoʻl qoʻyilmasligi ustidan nazoratni kuchaytirsin hamda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq qatʼiy javobgarlik choralarini qoʻllasin.

Nazorat qiluvchi organlar joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini tekshirish chogʻida aniqlangan qoidabuzarliklarning bartaraf etilishi va keyinchalik yoʻl qoʻyilmasligiga har tomonlama yordam koʻrsatsin.

(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

17. Moliya vazirligi mazkur qarorning amalga oshirilishi uchun zarur mablagʻlarni 2018-yilda “Taʼlim” tarmogʻi boʻyicha Davlat budjeti parametrlari chegarasida ajratsin, 2019-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining parametrlarida har yili nazarda tutsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Markaz, Institut va Injiniring kompaniyasining faoliyatini tashkil qilish boʻyicha, shu jumladan, ularni moliyalashtirish manbalarini nazarda tutgan holda;

Jamgʻarmaning faoliyatini tashkil qilish boʻyicha qaror qabul qilsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirini Jamgʻarma mablagʻlarini taqsimlovchi etib belgilashni nazarda tutsin.

19. Markaz, Institut va Injiniring kompaniyasini Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Oqdaryo koʻchasi, 122-uyda joylashgan Yashnobod kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji binolarida joylashtirsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

22. Vazirlik boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvoxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 30-sentabr,

PQ-3955-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PQ-3955-sonli qaroriga 3-ILOVA

2018-2019-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-iyuldagi PF-5759-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2019-y., 06/19/5759/3385-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PQ-3955-sonli qaroriga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 2017-yil 30-sentabrdagi PQ-3305-son qarorining 1-bandi ikkinchi, uchinchi va beshinchi xatboshilari, shuningdek, 1 va 5-ilovalari.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarorining 13-bandi oltinchi xatboshi, shuningdek, 2, 3 va 4-ilovalari.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PQ-3955-sonli qaroriga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq toʻlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3571-son qarorining oʻzbek tilidagi matni 1-bandida:

a) toʻrtinchi xatboshidagi “tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari, oliy maʼlumotli” degan soʻzlar “oliy maʼlumotli tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;

b) beshinchi xatboshidagi “tarbiyachining oʻrinbosarlari” degan soʻzlar “tarbiyachi yordamchisi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi nizomning 99-bandida:

a) “12” raqami “25” raqami bilan almashtirilsin;

b) “qishloq joydagi” soʻzlari chiqarib tashlansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.