PQ-3989-son Qaror · 30.10.2018

Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3989
  • Qabul qilingan sana:30.10.2018
  • Kuchga kirgan sana:01.11.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3989/2140

[Koʻchirma]

“Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksini rivojlantirish va uni bosqichma-bosqich amalga oshirish, yoʻl harakati xavfsizligini nazorat qilish va yoʻl-transport hodisalarining oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-avgustdagi PQ-3245-son hamda “2018-2019-yillarda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 19-iyuldagi PQ-3874-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining “ATLAS International” (Germaniya) kompaniyalar guruhi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” investitsiyaviy loyihasi (keyingi oʻrinlarda — loyiha)ni amalga oshirish boʻyicha taklifi maʼqullansin.

2. Loyiha doirasida quyidagi shartlar belgilansin:

yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda — avtomatlashtirilgan tizim)ni joriy etish 2018 — 2025-yillarda Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hududida amalga oshiriladi;

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-448-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 07/22/448/1115)

“ATLAS International” kompaniyalar guruhi (keyingi oʻrinlarda — Investor) tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda foto-video fiksatsiya qilish tizimining texnika va jihozlarini belgilangan standart va talablarga muvofiqligini oʻlchash boʻyicha laboratoriya ochilishi nazarda tutiladi;

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

loyihani amalga oshirish va moliyalashtirish davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Investor tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan loyiha hujjatlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqish orqali amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi loyihani amalga oshirish boʻyicha ishchi organ hisoblanadi;

(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

investitsiyaviy xarajatlarni qaytarish uchun loyiha buyurtmachisi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi masʼul hisoblanib, joriy qilinayotgan avtomatlashtirilgan tizim Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati balansiga beriladi.

(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-448-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 07/22/448/1115)

3. Belgilansinki, oʻrnatilgan avtomatlashtirilgan tizim yordamida aniqlangan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun undirilgan jarima summasi quyidagicha yoʻnaltiriladi:

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-448-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 07/22/448/1115)

20 foiz-yoʻl harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga, shundan (100 foiz deb hisoblanganda) 50 foizi yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va avtomatlashtirilgan tizimni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun toʻlovlarni amalga oshirish, qolgan 50 foizi Respublikada “Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimlarini yaratish va rivojlantirish konsepsiyasi doirasida ishlab chiqiladigan manzilli yillik dasturlarning chora-tadbirlarini moliyalashtirish maqsadlarida ishlatiladi;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

20 foiz — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga;

25 foiz — Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasiga;

35 foiz — shartnomada belgilangan investitsiyaviy xarajatlarning hajmi toʻliq qoplanguniga qadar Investor hisobiga.

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

Belgilansinki, investitsiyaviy xarajatlar toʻliq qoplanganidan soʻng, mazkur qarorda nazarda tutilgan jarima summasining Investorga tegishli qismi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga hamda Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasiga teng ulushda yoʻnaltiriladi.

(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PQ-155-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2025-y., 07/25/155/0412-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga loyihani amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida, quyidagilarga ruxsat etilsin:

avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishni texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini ishlab chiqmasdan va tasdiqlamasdan amalga oshirish;

Investor yoki u tomonidan loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil qilingan korxona (keyingi oʻrinlarda — Korxona) bilan tender va tanlov savdolarini oʻtkazmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish;

Investor bilan hamkorlikda avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish ishlarini loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda olib borish.

Investor bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda koʻk va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha, maxsus tovushli ishoralari hamda avtomatlashtirilgan jamoat tartibini nazorat qilish va yoʻl harakati qoidabuzarliklarini aniqlash moslamalari oʻrnatilgan patrul avtomobillarini amaliyotga joriy qilish.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-190-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2022-y., 07/22/190/0268-son)

5. “Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Loyihani amalga oshirish doirasida quyidagilar:

2025-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq olib kiriladigan jihozlar, butlovchi buyumlar, dasturiy taʼminot, yordamchi texnika va qurilish materiallari — bojxona bojidan;

(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-190-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2022-y., 07/22/190/0268-son)

Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajarilgan ishlar (xizmatlar), shuningdek, mahalliy yetkazib beruvchilar va subijrochilar tomonidan Investorga sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qoʻshimcha qiymat soligʻidan;

Investor, uning subijrochilari, xorijiy moliyaviy institutlari va kompaniyalari, shuningdek, ularning doimiy muassasalari — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari — yuridik shaxslar toʻlashi lozim boʻlgan soliqlarning barcha turlaridan (shu jumladan, toʻlov manbasidan undiriladigan daromad soligʻidan);

Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari — jismoniy shaxslar — loyihani amalga oshirish doirasida oladigan jismoniy shaxslarning daromad soligʻidan;

olib kirilayotgan tovarlar, jihozlar, butlovchi qismlar, dasturiy taʼminot va boshqa mol-mulk, shuningdek, koʻrsatiladigan xizmatlar — litsenziyalashtirish va sertifikatlashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlarida oʻlchov vositalarini Davlat reyestriga kiritishda olinadigan yigʻim, davlat bojlari va toʻlovlaridan;

2025-yil 1-yanvarga qadar Korxona foto-video fiksatsiya tizimini oʻrnatish, ishga tushirish, servis xizmatini koʻrsatish va laboratoriya tekshiruvlarini oʻtkazish faoliyati (shu jumladan asbob-uskunalar), qurilish-montaj, loyihalash va loyiha-qidiruv ishlari bilan bogʻliq barcha turdagi soliqlardan ozod etilsin.

(7-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-448-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 07/22/448/1115)

8. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Investor zimmasiga ushbu binolarni taʼmirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha masʼuliyat yuklatilgan holda Korxonaga xizmat koʻrsatish markazi hamda foto-video fiksatsiya tizimining qurilmalari va texnikalarini oʻlchash boʻyicha laboratoriya faoliyatini tashkil etish uchun tanlov oʻtkazmasdan, bepul asosda bino va inshootlar taqdim etilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan tizim obyektlarini oʻz vaqtida qurish va tashqi telekommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlarini moliyalashtirishni taʼminlasin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

10. Loyihani amalga oshirish doirasida quyidagilar taʼminlasin:

a) Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan:

yoʻl belgilari, axborot koʻrsatkichlari va yoʻl harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalari oʻz vaqtida oʻrnatilishi;

avtomobil yoʻllarida meʼyoriy hujjatlar talablariga mos ravishda, uzoq vaqt davomida xizmat koʻrsatuvchi chidamli yoʻl harakati chiziqlarining chizilishi;

tashkiliy, konsultativ va axborot-tahliliy koʻmak koʻrsatilishi;

b) Investor tomonidan:

qurilish va montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan loyiha hujjatlari, shu jumladan ruxsat berish hujjatlarining olinishi;

tegishli masʼul davlat tashkilotlari va idoralar bilan loyiha hujjatlarining kelishilishi;

tizimning muhandislik, kommunikatsiya va elektr tarmoqlariga ulanishi;

oʻz mablagʻlari hisobidan investitsiyaviy xarajatlar sifatida loyiha hujjatlariga muvofiq qurilish va montaj ishlari lozim darajada amalga oshirilishi hamda tashqi tarmoqlardan avtomatlashtirilgan tizimning obyektlarigacha elektr uzatish liniyalari va telekommunikatsiya tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirilishi, shuningdek, barcha hududlarda maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarining tashkil etilishi;

v) Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan tizimning muhandislik, kommunikatsiya va elektr tarmoqlariga ulanishi, qurilish va montaj ishlari oʻz vaqtida amalga oshirilishi, shuningdek, yoʻl obyektlari ekspluatatsiyaga kiritilishida Investor va Korxonaga har tomonlama tashkiliy va amaliy koʻmaklashish.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-448-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 07/22/448/1115)

11. “Oʻzbekenergo” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda loyihani amalga oshirish doirasida budjet mablagʻlari hisobidan avtomatlashtirilgan tizimning obyektlarini tashqi elektr tarmoqlariga oʻz vaqtida ulashni taʼminlasin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasining buyurtmalari asosida loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik kirish vizalarini konsullik va boshqa boj toʻlovlari undirilmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

13. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi belgilangan tartibda Investor yoki Korxonaning murojaatlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasiga yuqori tajribaga ega xorijiy mutaxassislarni (bunday mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida boʻlmagan hollarda) jalb qilishga ruxsatnoma berilishi (uzaytirilishi), shuningdek, mazkur chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi berilishi (uzaytirilishi)ni taʼminlasin.

(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investor bilan birgalikda ikki oy muddatda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish boʻyicha texnik vazifani belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorga muvofiq Ichki ishlar vazirligining maxsus hisob raqamida har oylik mablagʻlar toʻplanishini va investitsiyaviy xarajatlarni qaytarish boʻyicha toʻlovlar birinchi navbatda amalga oshirilishini taʼminlasin;

(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-sonli qarori tahririda)

Investor yoki Korxona buyurtmalariga asosan loyihani joriy etishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat bojlari undirilmagan holda koʻp martalik vizalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, berish va uzaytirish, shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin;

(14-bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

texnik va foydalanish talablariga muvofiq avtomatlashtirilgan tizim maʼlumotlarini qayta ishlash markazlarini tashkil etish boʻyicha zarur tashkiliy chora-tadbirlarni koʻrsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 30-oktabr,

PQ-3989-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PQ-3989-son qarorigaILOVA

“Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.