PQ-4125-son Qaror · 17.01.2019

Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4125
  • Qabul qilingan sana:17.01.2019
  • Kuchga kirgan sana:19.01.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4125/2510

Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini jadal rivojlantirish, nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini shakllantirish maqsadida, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat berish va ularga 1-ilovadagi roʻyxatga muvofiq sud ekspertizalarining ayrim turlarini oʻtkazish huquqini berish haqidagi taklifi maʼqullansin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini pullik asosda 2-ilovaga muvofiq davlat muassasalarida oʻtaydilar;

sud ekspertizasi sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tamomlagan shaxslarga ularning kasbiy layoqatini va sud ekspertlariga tegishli ixtisoslik boʻyicha qoʻyiladigan malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sud eksperti sertifikati beriladi;

sud-ekspertiza sohasida kadrlarni tayyorlash oliy taʼlim muassasalarida dual taʼlim prinsipiga muvofiq bakalavriat yoki magistratura bosqichlarida taʼlim olayotgan davrda shartnoma asosida tegishli ekspertiza turlari boʻyicha kamida olti oylik ekspertlar tayyorlash kurslarida amalga oshirilishi mumkin;

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.07.2021-y., 06/21/6256/0636-son)

sud eksperti sertifikatini olgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan Yagona reyestrga kiritiladi;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud eksperti tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda sud eksperti sertifikatini olmasdan turib sud ekspertizasi oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertizasini oʻtkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, ular kabi huquqqa ega boʻladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar hisoblanadi;

sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qoʻshilmagan taqdirda, takroriy sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan uning rasmiy veb-saytida belgilangan tartibda joylashtiriladigan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari reytingi yuritiladi.

3. 2019-2020-yillarda sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga:

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan pullik xizmatlar koʻrsatishdan kelib tushadigan va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan Markazning yangi boʻlinmalarini tashkil etish va qoʻshimcha shtatlar birligini joriy qilish;

Markaz tomonidan bajariladigan ishlar, koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha tariflar, narxlar va qiymatlarni mustaqil ravishda belgilash huquqi berilsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.07.2021-y., 06/21/6256/0636-son)

6. Belgilab qoʻyilsinki:

Markaz xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim barobar miqdorda qoʻllaniladi;

ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlar bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Markazga koʻrsatilgan pullik xizmatlardan Budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga tushadigan mablagʻlarning 70 foizigacha boʻlgan qismini Markaz xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish tadbirlari uchun yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2025-y., 07/25/270/0810-son)

7. Ilmiy tadqiqotlar natijalarini sud-ekspertlik faoliyatiga tatbiq etish, sud ekspertizalarini oʻtkazish uslubiyotini takomillashtirish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishi etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalari Markazning tegishli boʻlim va laboratoriyalariga 4-ilovaga muvofiq biriktirilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Markazga malakali mutaxassislar orasidan sud ekspertlarini tanlab olishda koʻmaklashsin.

8. Toshkent shahar hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-martga qadar Markazning ixtisoslashtirilgan yangi binosi belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinishini taʼminlasin.

9. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar xodimlari sud ekspertining mustaqilligi tamoyillariga soʻzsiz rioya qilishlari hamda sud ekspertlarining professional faoliyatiga har qanday koʻrinishlarda, shu jumladan ortiqcha byurokratik sansalorlik holatlarini yuzaga keltirish va asossiz chaqiruvlar orqali taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻymaslik haqida qatʼiy ogohlantirilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 17-yanvar,

PQ-4125-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PQ-4125-son qaroriga 1-ILOVA

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan oʻtkazilishiga ruxsat berilgan sud ekspertizalari turlarining

Izoh: nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari mazkur Roʻyxat bilan tasdiqlangan sud ekspertizalari turlari boʻyicha komissiyaviy va kompleks sud ekspertizalarni oʻtkazishga haqli.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2025-y., 07/25/270/0810-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PQ-4125-son qaroriga 2-ILOVA

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etiladigan davlat muassasalarining

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2025-y., 07/25/270/0810-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PQ-4125-son qaroriga 3-ILOVA

2019-2020-yillarda sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha

Izoh.

1. Huquqiy munosabatlarning predmeti va tartibga solish sohasidan kelib chiqib, tadbirlarni amalga oshirish shakllari oʻzgarishi, ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy aktlar va boshqa hujjatlar esa birlashtirilishi mumkin.

2. Ikki va undan koʻp bandlar birlashtirilganda, ijro muddati sifatida birlashayotgan bandlar uchun koʻrsatilgan eng kechki muddat belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PQ-4125-son qaroriga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining tegishli boʻlim va laboratoriyalariga biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalarining

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-fevraldagi PF-6176-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2021-y., 06/21/6176/0156-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.