Shanxay hamkorlik tashkiloti (keyingi oʻrinlarda — SHHT) bilan oʻzaro manfaatli sherikchilikni rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliya-investitsion va madaniy-gumanitar sohalardagi koʻp tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini yanada izchil rivojlantirish va amalda tatbiq etish, SHHT doirasida oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlarda respublikaning samarali ishtirokini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasining mazkur Tashkilot bilan oʻzaro samarali munosabatlariga koʻmaklashish maqsadida:
1. 2019-yilning 1-fevralidan Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi shtatlar jadvaliga mehnatga haq toʻlash fondini tegishli ravishda oʻzgartirgan holda birinchi kotib qoʻshimcha lavozimi (1 nafar) kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi shtatlar jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy muassasaning tashkiliy-shtat tuzilmasidagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasini 2019-yildagi xarajatlar smetasini tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi xarajatlarini shtat jadvalidagi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda 2019-yilga moʻljallangan budjetda xorijdagi muassasalarni moliyalashtirish boʻyicha tasdiqlangan miqdorlar doirasida moliyalashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasining tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2018-yil 11-iyuldagi PQ-3844-son qarorining 3-bandi va ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-yanvar,
PQ-4120-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-yanvardagi PQ-4120-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi shtatlar jadvali