PQ-4191-son Qaror · 13.02.2019

Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4191
  • Qabul qilingan sana:13.02.2019
  • Kuchga kirgan sana:15.02.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4191/2615

Respublikada aholi salomatligini muhofaza qilish va sil infeksiyasidan himoyalash, sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishining oldini olish, barqaror sanitariya-epidemiologiya holatini saqlab turish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ekologik omillar taʼsirida rivojlanadigan nafas organlari, ayniqsa surunkali obstruktiv oʻpka kasalliklariga uchragan bemorlar sonining oshishi kuzatilmoqda, respirator patologiyaning kasallik rivojlangunga qadar erta skrininglovchi funksional tashxislash amalga oshirilmayapti.

Ftiziatriya va pulmonologiya xizmatlarining integratsiyalashuvi yetarli darajada emasligi respirator kasalliklarga zamonaviy tashxis qoʻyish va ularni davolash usullarini amaliyotga samarali tatbiq etishga imkon bermayapti.

“Ftiziatriya” va “pulmonologiya” mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimi zamon talablariga javob bermaydi, natijada hududiy muassasalarning ftizioxirurg, ftiziourolog, ftizioortoped, ftiziooftalmolog, ftizioginekolog, ftiziopediatr, shuningdek pulmonolog kabi malakali mutaxassislar bilan taʼminlanishi yetarli darajada emasligi kuzatilmoqda.

Ftiziatriya muassasalari moddiy-texnik bazalarining yetarli darajada emasligi, tibbiy jihozlar va texnikalarning yetishmasligi sil kasali va oʻpkaning nospetsifik kasalliklariga chalingan bemorlarga oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli tibbiy yordam koʻrsatishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek mamlakatda barqaror sanitariya-epidemiologiya holatini taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda mazkur tizim muassasalarining resurs salohiyatini mustahkamlash maqsadida:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha asosiy vazifalari etib belgilansin:

mintaqaviy epidemiologik holatni muntazam ravishda tahlil qilish va monitoringini olib borish, sil va uning dorilarga chidamli shakllari, oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishi tendensiyalarini prognoz qilish;

sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklarini keltirib chiqaradigan qoʻzgʻatuvchilarni laborator tashxislash usullarini sifat jihatidan yanada yaxshilash;

innovatsion usullarni joriy qilish asosida sil va nospetsifik oʻpka kasalliklarining oldini olish borasidagi kompleks profilaktika ishlarini amalga oshirish, silning latent shakllarini, silni yuqtirib olish xavfi yuqori boʻlgan shaxslarni, shuningdek silning dorilarga chidamli turiga chalingan bemorlar bilan muloqotda boʻlgan shaxslarni tashxislash va davolashni tashkillashtirish;

sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklarini profilaktika qilish, oʻz vaqtida tashxislash va davolashga yoʻnaltirilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlash;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami darajasida barchaga sifatli tibbiyot xizmatlarini taʼminlagan holda silning tarqalishiga qarshi chora-tadbirlarning OIV/OITSni davolash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish dasturlari bilan integratsiyasini tashkillashtirish.

2. Quyidagilar:

2019 — 2021-yillarda sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishiga qarshi kurashish kompleks chora-tadbirlari (keyingi oʻrinlarda — Kompleks chora-tadbirlar) 1-ilovaga muvofiq:

2020-2021-yillarda ftiziatriya muassasalari binolarini rekonstruksiya qilish tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq;

2020-2021-yillarda ftiziatriya muassasalarini zamonaviy tashxislash, davolash va reanimatsiya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq;

2020-2021-yillarda silga qarshi sanatoriylarni zamonaviy reabilitatsiya, tashxislash va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlari dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari)ni, grantlarini ushbu qarorda tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlari va dasturlari bajarilishi uchun jalb qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab, Toshkent tibbiyot akademiyasida, keyinchalik boshqa tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida “Pulmonologiya” mutaxassisligi boʻyicha magistraturada kadrlarni tayyorlashni bosqichma-bosqich tashkillashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab “Ftiziatriya” va “Pulmonologiya” mutaxassisligi boʻyicha magistratura va klinik ordinaturada kadrlarni tayyorlash faqat davlat grantlari asosida amalga oshiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

immunodiagnostikani oʻtkazish maqsadida 2019-yil 1-aprelga qadar sil kasalligini yuqtirib olish xavfi yuqori boʻlgan shaxslarning asoslangan kontingentini aniqlasin;

2019-yil 1-mayga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy markazlarining yangilangan tashkiliy-shtat tuzilmalarini “Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi boʻyicha koʻzda tutilgan yillik budjet mablagʻlari doirasida tasdiqlasin;

2019-yil 1-mayga qadar respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmini, pulmonolog xonasini jihozlash standartlarini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda pulmonologiya boʻlimlari faoliyatini tashkillashtirishni nazarda tutuvchi pulmonologiya yoʻnalishi boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatish tartibini tasdiqlasin;

2019-yil 1-iyunga qadar Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan shaxslarda aniqlangan latent silni tashxislash va davolash tadbirlarini tashkillashtirish, shuningdek ushbu tadbirlarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash boʻyicha takliflar kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda sifatli tashxislash, silga qarshi dori va individual himoya vositalarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish va rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlari va yuklamalarini tanqidiy oʻrganish natijalari asosida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining “Ftiziatriya” kafedralarini “Ftiziatriya va pulmonologiya” kafedralariga qayta ixtisoslashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-sentabrga qadar sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari, shuningdek ftiziatriya muassasalarini moddiy-texnik jihozlashning zamonaviy klinik qoʻllanma va protokollar, tashxis va davolash sifatiga oid standartlarni ishlab chiqsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining har yilgi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda ftiziatriya muassasalarini immunodiagnostika va silga qarshi dori vositalari bilan taʼminlash uchun zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.

7. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimovga — ushbu qarorda belgilangan vazifalarning toʻliq bajarilishi boʻyicha vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish hamda uning amalga oshirilishini muntazam koʻrib chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorovga — ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni toʻliq bajarish uchun zarur mablagʻlarni oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda ajratish;

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shodmonovga — ushbu qarorda belgilangan barcha tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, ftiziatriya muassasalari va silga qarshi sanatoriylari binolarining oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi hamda zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanishi yuzasidan shaxsiy javobgarligi koʻrsatib oʻtilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi aholi orasida sil va nospetsifik oʻpka kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash, davolash masalalari boʻyicha axborot-maʼrifat ishlarini muntazam ravishda amalga oshirsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 13-fevral,

PQ-4191-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi PQ-4191-son qaroriga 1-ILOVA

2019 — 2021-yillarda sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishiga qarshi kurashish

Izoh:

1. Tadbirlarni amalga oshirish shakli oʻzgarishi, ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar esa, huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasidan kelib chiqqan holda birlashtirilishi mumkin;

2. Ikki va undan ortiq bandlar birlashtirilganda ushbu bandlar uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi PQ-4191-son qaroriga2-ILOVA

2020-2021-yillarda ftiziatriya muassasalari binolarini rekonstruksiya qilish tadbirlari

Izoh

1. Rekonstruksiya ishlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

2. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tender savdolari natijalariga koʻra ishlar qiymatiga tuzatishlar kiritilishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi PQ-4191-son qaroriga3-ILOVA

2020-2021-yillarda ftiziatriya muassasalarini zamonaviy tashxislash, davolash va reanimatsiya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlar

Izoh:

Ushbu ilovada keltirilgan diagnostika, davolash va reanimatsiya asbob-uskunalarini oluvchilar:

1. Nukus ftiziatriya va pulmonologiya respublika shifoxonasi;

2. Viloyatlar ftiziatriya va pulmonologiya markazlari;

3. 1-son shahar sil kasalliklari klinik shifoxonasi;

4. Toshkent shahar bolalar sil kasalligi shifoxonasi (1 donadan ultratovush universal uskunasi, yarimavtomat biokimyo analizatori reagentlar toʻplami bilan, shuningdek kuchlanish stabilizatori)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi PQ-4191-son qaroriga4-ILOVA

2020–2021-yillarda silga qarshi sanatoriylarni zamonaviy reabilitatsiya, tashxislash va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlari

Izoh:

Ushbu ilovada keltirilgan reabilitatsiya, diagnostika va laboratoriya asbob-uskunalarini oluvchilar:

1. Respublika bolalar sil sanatoriysi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi);

2. Andijon viloyat sil sanatoriysi (chiroqli vanna, “Sollyuks” davolash lampasi, veloergometr);

3. Andijon viloyat bolalar sil sanatoriysi (qolgan asbob-uskunalar);

4. Buxoro viloyat bolalar sil sanatoriysi;

5. Jizzax viloyat bolalar sil sanatoriysi;

6. Qashqadaryo viloyat sil sanatoriysi (chiroqli vanna, “Sollyuks” davolash lampasi, veloergometr);

7. Qashqadaryo viloyat bolalar sil sanatoriysi (qolgan asbob-uskunalar);

8. Navoiy viloyat bolalar sil sanatoriysi;

9. Namangan viloyat bolalar sil sanatoriysi;

10. Samarqand viloyat ixtisoslashtirilgan bolalar sil sanatoriysi;

11. Surxondaryo viloyat bolalar sil sanatoriysi;

12. Toshkent viloyat bolalar sil sanatoriysi;

13. Fargʻona viloyat bolalar sil sanatoriysi;

14. Xorazm viloyat bolalar sil sanatoriysi;

15. Toshkent shahar bolalar sil sanatoriysi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.