PQ-4247-son Qaror · 20.03.2019

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4247
  • Qabul qilingan sana:20.03.2019
  • Kuchga kirgan sana:21.03.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4247/2801

Soʻnggi yillarda respublikada oʻziga xos, noyob, qimmatli tabiiy obyektlarni va majmualarni, oʻsimliklarning va hayvonlarning irsiy fondini saqlab qolish, inson faoliyatining tabiatga boʻlgan salbiy taʼsirini oldini olish, shuningdek, tabiiy jarayonlarni oʻrganish, atrof tabiiy muhit monitoringini olib borish, ekologik taʼlim va tarbiyani takomillashtirish maqsadida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yangi turlari — landshaftlarni, oʻsimlik va hayvonot dunyosini, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan noyob va yoʻqolib borayotgan turlarini, boshqa tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish va qayta tiklashga, shuningdek, ekologik muhitni yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlashga koʻmaklashadigan davlat biosfera rezervatlari, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalar yaratildi.

Shu bilan birga muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning bir necha idoralar tasarrufida boʻlib qolayotganligi, ularni samarali boshqarishni taʼminlash hamda mazkur sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish imkoniyatini bermayapti.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni davlat tomonidan boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, ularni yanada rivojlantirish, shuningdek respublika ekotizimining bioxilmaxilligini saqlab qolish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat ekologiya qoʻmitasi deb ataladi), Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi deb ataladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining:

a) Quyidagilarni:

Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tasarrufida boʻlgan Chotqol biosfera, Zomin, Surxon, Nurota va Qizilqum davlat qoʻriqxonalari, shuningdek, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatini shtat birliklari va moddiy-texnik bazasi bilan birga hamda amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda;

Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Davlat qoʻriqxonalari, milliy bogʻlar va ovchilik xoʻjaliklari boshqarmasining 6 ta shtat birliklarini amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda Davlat ekologiya qoʻmitasi tizimiga oʻtkazish;

b) 2019 — 2022-yillar mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida quyidagi 5 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni:

“Janubiy Ustyurt” davlat qoʻriqxonasi;

“Beltov”, “Oqpetki” va “Oqdaryo-Qozoqdaryo ikki daryo oraligʻi” davlat buyurtma qoʻriqxonalari;

“Sudochye” davlat buyurtma qoʻriqxonasi negizida “Sudochye koʻllar tizimi” davlat buyurtma qoʻriqxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Davlat ekologiya qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasida Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari boshqarmasi negizida Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi tashkil etilsin.

3. Quyidagilar:

2019 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlari tizimini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tasarrufiga oʻtkaziladigan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni qabul qilish-topshirish ishlarini tashkil etish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Respublika komissiyasi (Qoʻchqorov) ikki oy muddatda:

mazkur qarorning 1-bandida koʻrsatilgan, topshiriladigan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar obyektlari, moddiy-texnik boyliklarni va boshqa mulklarni xatlovdan oʻtkazsin;

muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning shtat birliklari va moddiy-texnik bazasi bilan birga hamda amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda belgilangan tartibda qabul qilinishi-topshirilishini taʼminlasin.

5. Davlat ekologiya qoʻmitasi:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat qoʻriqxonalari, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati va “Jayron” Buxoro ixtisoslashtirilgan pitomnigini moliyalashtirishni yaxshilash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda topshiriladigan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda:

oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlari hisobini yuritish, meteorologiya va gidrologiya kuzatuvlarini olib borish, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy koʻrinishga ega maʼlumotlarni toʻplash, ifloslanishning atrof-muhitga taʼsirini oʻrganish;

xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni taʼminlasin;

v) ikki oy muddatda:

Chotqol biosfera, Zomin, Surxon, Nurota va Qizilqum davlat qoʻriqxonalari, shuningdek, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati ustavlarini tasdiqlasin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” tadbirlarining oʻz vaqtida hamda samarali amalga oshirilishini taʼminlasin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi B.T. Qoʻchqorov zimmasiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni qabul qilish-topshirish boʻyicha ishlarni tashkil etish, ularni samarali boshqarishni taʼminlash hamda mazkur sohada yagona davlat siyosatini olib borish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 20-mart,

PQ-4247-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi PQ-4247-son qaroriga 1-ILOVA

2019 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlari tizimini rivojlantirish boʻyicha

* Chora-tadbirlarni moliyalashtirish Davlat ekologiya qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi, xalqaro tashkilotlar grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi PQ-4247-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tasarrufiga oʻtkaziladigan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni qabul qilish-topshirish ishlarini tashkil etish boʻyicha respublika komissiyasi

Izoh. Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi PQ-4247-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2966-son qarorida:

a) 2-bandning oltinchi xatboshi va 5-bandning toʻrtinchi xatboshidagi “Davlat qoʻriqxonalari, milliy tabiat bogʻlari va ovchilik xoʻjaliklari boshqarmasi” soʻzlari “Milliy tabiat bogʻlari va ovchilik xoʻjaliklari boshqarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

(1-bandning “b” — “e” kichik bandlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-yanvardagi PQ-4960-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2021-y., 07/21/4960/0053-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-oktabrdagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3956-son qarorida:

a) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi TASHKILIY TUZILMASI

* Budjetdan tashqari mablagʻlar, shuningdek xoʻjalik faoliyatidan olingan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;

** Yangi tashkil etilayotgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar”.

b) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi markaziy apparati TUZILMASI

Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 98 birlik”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.