Respublika iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish faoliyati samaradorligini oshirish, xorijiy investorlarni mamlakatimiz imkoniyatlari va salohiyati toʻgʻrisida xabardor qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va oʻzlashtirish sohasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining quyidagilar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini faollashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
kimyo va neft-gaz sanoati, mashinasozlik sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, bank-sugʻurta tashkilotlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish;
toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun tayyor investitsiya takliflarini ishlab chiqish;
investitsiya va biznes forumlar, taqdimotlar (“Road Show”) va marketing kampaniyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni tashkil etish.
2. Quyidagilar:
Investorlarga, shu jumladan xorijiy investorlarga sotish uchun taklif qilinadigan xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi davlat aksiyalar (ulushlar) paketlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Belgilangan tartibda sotiladigan davlat aktivlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Xorijiy investorlarga taklif qilinadigan investitsiya takliflari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etishi uchun tavsiya qilinadigan xalqaro iqtisodiy va investitsiyaviy forumlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasiga xoʻjalik jamiyatlari davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini xorijiy investorlarga sotish shartlari va usullariga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2019-yil kuz faslida Toshkent shahrida Toshkent xalqaro investitsiya forumini (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro investitsiya forumi) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) 5-ilovaga muvofiq tuzilsin.
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tashkiliy qoʻmitaga (Aripov):
zarur hollarda, Xalqaro investitsiya forumini moliyaviy, yuridik va axborot jihatdan taʼminlash uchun yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilish;
Xalqaro investitsiya forumi dasturi va uni oʻtkazishning aniq sanasi, shuningdek, unga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha xarajatlar smetasini tasdiqlash;
istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari boʻyicha dastlabki TIA va boshqa loyiha hujjatlarini loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda ishlab chiqishni taʼminlash huquqi berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi istiqbolli investitsiya loyihalarini Tashkiliy qoʻmitaga taqdim qilgan holda tadbirkorlik subyektlarining Xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etishlarini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi:
2019-yil davomida muntazam ravishda yirik xalqaro biznes va moliyaviy xablarga maqsadli auditoriya uchun moʻljallangan taqdimotlar bilan tashrif buyurgan holda “Road Show” dasturlarini ishlab chiqsin va taqdim etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida investitsiyaviy rezidentlik toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda marketingning eng yangi texnologiyalaridan foydalanish, mamlakatning yagona integratsiyalashgan brendini yaratish va ilgari surish hamda strategik kommunikatsiyalar boʻyicha xalqaro maslahatchilarni jalb qilish orqali xalqaro biznes arenada Oʻzbekistonning ijobiy imidjini ilgari surish boʻyicha “Invest in Uzbekistan” — yagona, muvofiqlashtirilgan axborot kampaniyasini ishlab chiqsin.
9. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga — vazirlik va idoralarning Xalqaro investitsiya forumi doirasida xorijiy investorlarga taklif qilinadigan investitsiya loyihalarini tayyorlash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari zimmasiga — Xalqaro investitsiya forumida qatnashishi uchun potensial investorlar va xorijiy mamlakatlarning ishbilarmon tuzilmalari vakillarini taklif qilish va ularning faol ishtirokini taʼminlash yuzasidan;
tarmoq vazirlik va idoralari rahbarlari zimmasiga — tegishli sohalarda istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish va Tashkiliy qoʻmitaga taqdim qilish yuzasidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga — Xalqaro investitsiya forumida tegishli hududlarning faol ishtirokini taʼminlash, uning investitsiyaviy salohiyatini taqdim qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
xorijiy mamlakatlarda “Road Show”da ishtirok etadigan Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi vakillariga koʻmaklashsin;
Xalqaro investitsiya forumining xorijiy ishtirokchilari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining viza talablariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalarini belgilangan tartibda konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
Xalqaro investitsiya forumining oʻtkazilishini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali keng yoritishni taʼminlasin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har bir yer uchastkasi va xorijiy investorlarga foydalanishga tayyor holda taklif qilinadigan boʻsh turgan davlat mulki obyektlari, shu jumladan maxsus turistik zonalar hududlarida joylashgan obyektlar boʻyicha investitsiya loyihalari materiallarining ingliz va rus tillaridagi taqdimot katalogini har oy tayyorlasin va kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda:
2019-yil 1-iyulga qadar xorijiy investorlar uchun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiyaviy talab va potensial loyihalar, zarur taqdimot materiallarini tayyorlasin;
2019-yil davomida mamlakatda keng miqyosli islohotlarning amalga oshirilayotganligi, investitsiya kiritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ishbilarmonlik muhitining yaxshilanganligi toʻgʻrisida, eng avvalo, xorijiy ishbilarmonlar, tadbirkorlar, potensial investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targʻibot va keng xabardor qilish masalalari boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Xalqaro investitsiya forumi doirasida, amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya loyihalarining dolzarb jihatlariga bagʻishlangan, shu jumladan tarmoq vazirlik va idoralari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mutaxassislar va tadbirkorlar, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining ishtirokida brifinglar, matbuot anjumanlari, davra suhbatlarini oʻtkazsin;
Internet tarmoqlarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tarmoq islohotlari, har bir amalga oshiriladigan investitsiya loyihasining asosiy parametrlari, loyihalarni amalga oshirish kafolatlari, ularning raqobatdagi ustunliklari va boshqalar toʻgʻrisida batafsil va tushunarli rasmiylashtirilgan axborot resurslarini tayyorlash borasidagi ishlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Xalqaro investitsiya forumini oʻtkazish kunlarida xorijiy ishtirokchilarning tegishli hududlarda joylashgan madaniy-tarixiy obyektlarga tashrifini yuqori darajada tashkil etish choralarini koʻrsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar Xalqaro investitsiya forumi va “Road Show”ni oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining xalqaro investitsiya va biznes forumlarda ishtirokiga oid tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2019-yilda ishlab chiqilishi lozim boʻlgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari roʻyxati 7-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga mazkur qarorning 7-ilovasida nazarda tutilgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining toʻlaqonli bajarilishi uchun zarur boʻlgan moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblarni oʻz vaqtida amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoniga asosan 16-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari E.M. Gʻaniyev va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-aprel,
PQ-4300-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-son qaroriga 1-ILOVA
Investorlarga, shu jumladan xorijiy investorlarga sotish uchun taklif qilinadigan xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi davlat aksiyalar (ulushlar) paketlari
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi PF-5992-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2020-y., 06/20/5992/0581-son)
Izoh:
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita zaruratga koʻra mazkur Roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
Sotilishi belgilangan davlat ulushi yoki xoʻjalik boshqaruvi organlarining ulushi miqdori oʻzgargan taqdirda, aktivlarning sotilishi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
-1) aksiya paketlari (ulushlar)ni baholash nufuzli xalqaro baholovchi kompaniyalar tomonidan umumqabul qilingan xalqaro baholash standartlari asosida amalga oshiriladi. Aksiya paketlari (ulushlar)ni baholash nufuzli xalqaro baholovchi kompaniyalar tomonidan amalga oshirilganda baholash hisobotlarining haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi. Baholovchilarni tanlab olish eng maqbul takliflar asosida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi, bunda baholash xizmatlariga haq toʻlash aksiya paketlari (ulushlar) sotilishi belgilangan xoʻjalik jamiyatlari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
-2) sotish investitsiyaviy vositachilar yoki konsultantlar orqali amalga oshirilishi mumkin.
-3) aksiyalarni ommaviy joylashtirish (SPO)ga moʻljallangan 10 foizni hisobga olgan holda. Bunda, potensial investorlarning taklifi mavjud boʻlganda Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi unga aksiyalarni ommaviy joylashtirishning oldingi bosqichi tugaganidan soʻng SPO yoʻli bilan realizatsiya qilinadigan qoʻshimcha ulushni sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
(izohning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)
-4) ustav kapitalining amalda shakllangan qismidan kelib chiqib, aksiyalarni ommaviy joylashtirish (IPO)ga moʻljallangan 10 foizni hisobga olgan holda. Bunda, potensial investorlarning taklifi mavjud boʻlganda Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi unga aksiyalarni ommaviy joylashtirishning oldingi bosqichi tugaganidan soʻng IPO yoʻli bilan realizatsiya qilinadigan qoʻshimcha ulushni sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
(izohning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)
-5) sotish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-apreldagi PQ–4265-son “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda mazkur qarorga muvofiq amalga oshiriladi.
-6) SPO orqali 20 foiz aksiya paketini bosqichma-bosqich ommaviy joylashtirgandan soʻng, 15,0 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiyalarni kiritish yoki uchinchi shaxslarga qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish sharti bilan. Bunda, ommaviy joylashtirishning avvalgi bosqichi yakunlangandan soʻng salohiyatli investor mavjud boʻlganda Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi SPO yoʻli bilan realizatsiya qilinadigan qoʻshimcha ulushni mazkur salohiyatli investorga sotish boʻyicha qaror qabul qilish huquqiga ega.
(izohning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-son qaroriga 2-ILOVA
Belgilangan tartibda sotiladigan davlat aktivlari
Izoh:
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita zaruratga koʻra mazkur Roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
1) nominal qiymatda “Oʻzagrokimyohimoya” AJ ustav kapitaliga beriladi.
2) xoʻjalik jamiyatlarining tashkiliy-huquqiy shakli yoki sotilishi belgilangan davlat ulushi miqdori oʻzgargan taqdirda, aktivlarning sotilishi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-son qaroriga 3-ILOVA
Xorijiy investorlarga taklif etiladigan istiqbolli investitsiya takliflarining
Izoh:
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita, zaruriyat boʻlgan taqdirda, ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyuldagi PF-6263-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2021-y., 06/21/6263/0685-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-son qaroriga 4-ILOVA
2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etishi uchun tavsiya qilinadigan xalqaro iqtisodiy va investitsiyaviy forumlar
Izoh:
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita zaruratga koʻra mazkur Roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-son qaroriga 5-ILOVA
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqirda, ushbu lavozimga qayta tayinlangan shaxslar yoki ularning funksiyalarini bajarish topshirilgan shaxslar uning tarkibiga qoʻshiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-son qaroriga 6-ILOVA
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha
Izoh:
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita zarurat boʻlganda Forumni oʻtkazishning aniq sanasi belgilangandan keyin ham Chora-tadbirlar rejasiga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-son qaroriga 7-ILOVA
2019-yilda ishlab chiqilishi lozim boʻlgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari
Izoh
Yakuniy parametrlar va muddatlar loyiha hujjatlarini ishlab chiqish natijalariga koʻra aniqlanadi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita zarur hollarda mazkur roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishi mumkin, shu jumladan koʻrsatilgan 13 — 15-bandlarda koʻrsatilgan xususiy sheriklarni almashtirish boʻyicha.