PQ-4307-son Qaror · 03.05.2019

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4307
  • Qabul qilingan sana:03.05.2019
  • Kuchga kirgan sana:04.05.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4307/3079

Mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, jahonda gʻoyaviy-mafkuraviy kurashlar keskin davom etayotgan, maʼnaviy tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda yoshlar oʻrtasida milliy qadriyatlarga bepisandlik, zararli yot gʻoyalar taʼsiriga berilish, jinoyatchilik va ekstremizm harakatlariga adashib qoʻshilib qolish holatlari hamon uchramoqda.

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning taʼsirchanligini oshirish, maʼnaviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatiga yaqindan koʻmaklashish maqsadida:

1. Quyidagilar Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi (keyingi oʻrinlarda Respublika kengashi deb yuritiladi) faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

aholi oʻrtasida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, jamiyatda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan demokratik tamoyillarni qaror toptirish;

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka samarali yetkazish;

oila, mahalla, taʼlim muassasalari va mehnat jamoalarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish va sogʻlomlashtirishga qaratilgan faoliyatda ishtirok etish, “mahalla — tuman — viloyat — respublika” prinsipi asosida hududlar kesimidagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit xaritasini shakllantirish, bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

“Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida jamiyatda uzluksiz maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning strategik yoʻnalishlari, taʼsirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqish;

tinchlik va osoyishtalikka, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotiga, qadriyat va urf-odatlarga hamda insonparvarlik gʻoyalariga xavf soluvchi turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi samarali targʻibot ishlarini olib borish;

aholining ijtimoiy-maʼnaviy hayotida bunyodkorlik gʻoyalarini kuchaytirish, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik muhitini yanada mustahkamlash.

2. Oʻzbekiston Respublikasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Chora-tadbirlar dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 07/21/5040/0243-son)

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) hokimlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari (keyingi oʻrinlarda — hududiy kengashlar) raislari oʻn kun muddatda hududiy kengashlar tarkibini qayta tasdiqlasin.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Respublika kengashining yigʻilishi bir yilda bir marta Respublika kengashi raisi, boshqa vaqtlarda esa zaruratga qarab Respublika kengashi raisining oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladi;

hududiy kengashlarning yigʻilishlari hududiy kengashlar raislari tomonidan har yarim yilda bir marta oʻtkaziladi;

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) Respublika kengashining, uning hududiy boʻlim va boʻlinmalari tegishli hududiy kengashlarning ishchi organlari hisoblanadi.

6. Markaz:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

maʼnaviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlari;

bola tarbiyasida milliy tarbiya metodlari va zamonaviy pedagogikaning ilgʻor yutuqlaridan samarali foydalanish shakllari;

maʼnaviy tarbiyani shakllantirishda oila, taʼlim muassasalari, mahalla, ommaviy axborot vositalari va boshqa ijtimoiy tuzilmalar oʻrtasida samarali hamkorlikni oʻrnatish mexanizmlari;

tarbiyalanuvchilar bilan birga tarbiyachilarning ham bilimi va malakasini muntazam oshirib borishni nazarda tutuvchi uzluksiz maʼnaviy tarbiya tizimi;

maʼnaviy tarbiyani shakllantirishning homiladorlik davridan boshlanishi va tarbiyaning har bir bosqichdagi oʻziga xos xususiyatlari;

maʼnaviy tarbiyaning tadrijiy rivojlanish va uzluksizlik tamoyillariga asoslanishi;

b) Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitning holatini aniqlash va manzilli sogʻlomlashtirish metodikasi loyihasini ishlab chiqsin va Respublika kengashiga kiritsin:

hududlardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit holatini xonadonma-xonadon yurib aniqlash, tizimli monitoring va tahlil qilishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish shakllari;

tahlil natijalarini “mahalla — tuman — viloyat — respublika” prinsipi asosida hududlar kesimidagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit xaritasida aks ettirish tartibi;

ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan maqsadli va manzilli targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishga doir tavsiyalar;

aholining mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan innovatsion metodlarni yaratish, ilmiy-amaliy dasturlarni amaliyotga joriy etish mexanizmi;

v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda Markazning hududiy boʻlim va boʻlinmalari xodimlari, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar uchun masʼul xodimlarini Markaz huzuridagi “Maʼnaviyat targʻibotchisi” taʼlim muassasasida tizimli ravishda oʻqitish amaliyotini joriy etsin.

7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga:

“Madaniyat va maʼrifat” telekanalini Markaz, uning hududiy boʻlim va boʻlinmalari faoliyatini yoritish masalalari boʻyicha Respublika kengashining bosh axborot hamkori etib belgilash;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Xalqaro press-klub va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan maqolalar, tok-shoular, ijtimoiy roliklar, koʻrsatuvlar, publitsistik chiqishlar va eshittirishlar tashkil qilish tavsiya etilsin.

8. Markaz, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasining maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirishdagi, yuksak ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishdagi samarali mehnati va ibratli faoliyati uchun davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga topshiriladigan “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Markaz manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaror loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Markaz huzurida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati nodavlat notijorat tashkiloti shaklida taʼsis etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasiga “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati faoliyatini davlat subsidiyasi shaklida qoʻllab-quvvatlash tavsiya etilsin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 07/21/5040/0243-son)

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaz, uning hududiy boʻlim va boʻlinmalari xodimlarining ish haqi miqdorini oshirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar uchun 2019-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida mablagʻ ajratsin.

12. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripovga — Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish yuzasidan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning oʻz vaqtida va samarali bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatilishi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh. Maxmudovga — Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning toʻliq amalga oshirilishi, keyingi yillar uchun nazarda tutilgan chora-tadbirlar dasturlari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishining tashkil etilishi;

vazirliklar va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga — Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan vazifalar ijrosining toʻgʻri tashkil etilishi hamda tadbirlarning muddatida va toʻliq bajarilishi yuzasidan javobgarlik yuklansin.

14. Markaz manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvahitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 3-may,

PQ-4307-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi PQ-4307-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 07/21/5040/0243-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.