F-5567-son Farmoyish · 28.04.2020

Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmoyish
  • Raqami:F-5567
  • Qabul qilingan sana:28.04.2020
  • Kuchga kirgan sana:29.04.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 08/20/5567/0523

2020-yil 27-28-aprel kunlari respublikamizning qator viloyatlari ayrim tuman va shaharlarida kuchli shamol bilan yomgʻir yogʻib oʻtdi. Shamolning tezligi baʼzi hududlarda sekundiga 30 — 35 metrga yetdi.

Bu tabiiy ofat ayniqsa Buxoro viloyatiga oʻzining sezilarli taʼsirini oʻtkazdi. Natijada iqtisodiyot tarmoqlari jiddiy zarar koʻrdi. Jumladan, neft-gaz, energetika va infratuzilma sohalari, ijtimoiy obyektlar — kasalxonalar, maktablar, maktabgacha taʼlim muassasalari, koʻp qavatli hamda aholining yakka tartibdagi uy-joylari, qishloq xoʻjaligi ekinlari, shuningdek, gʻalla, paxta, meva-sabzavot maydonlari va issiqxonalar katta talofat koʻrdi.

Yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, avariya-tiklash, qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini tez kunlarda qayta joylashtirish va ekishni xamda zarar koʻrgan aholiga har tomonlama tezkor amaliy yordam koʻrsatishni tashkil etish maqsadida:

1. Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) tashkil etilsin va uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Hukumat komissiyasi (A. Ramatov) zimmasiga kuyidagi vazifalar yuklansin:

Buxoro viloyati iqtisodiyot tarmoqlarida, birinchi navbatda energetika, ijtimoiy soha, koʻp qavatli uy-joy fondi, yakka tartibdagi aholi xonadonlari, noturar joy binolari, madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zarar va yoʻqotishlar miqdorini aniqlash va baholash;

tabiiy ofatdan zarar koʻrgan fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatish, zaruratga qarab ularga vaqtincha turar joy, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va boshqa tegishli sharoitlarni yaratish;

aholi punktlarida tabiiy ofat oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik, transport va energetika infratuzilmasi hamda boshqa hayotiy muhim obyektlar va tizimlarni, uy-joy va kommunal xoʻjaligini tiklash va ishchanlik holatiga keltirish;

qurilish-tiklash ishlariga zarur boʻladigan barcha turdagi qurilish materiallarining miqdorini aniqlash va ularni respublikaning turli hududlaridagi ishlab chiqarish korxonalaridan kerakli hajmda yetkazilishini taʼminlash;

qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishida yetkazilgan zararlar, ekin maydonlaridagi yoʻqotishlar va nobudgarchiliklar oʻrnini qoplash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tiklash choralarini koʻrish;

tez kunlarda nobud boʻlgan gʻalla va paxta maydonlarini toʻliq oʻrganib chiqib, qisqa muddatlarda boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ekishni tashkil etish, zarar koʻrgan issiqxonalarni tiklash va ulardagi ekinlarni parvarishlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilash.

3. Hukumat komissiyasi (A. Ramatov) mutasaddi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Buxoro viloyatining shahar va tumanlarida yetkazilgan zarar va yoʻqotishlar koʻlamini hamda ajratiladigan moliyaviy mablagʻlarni inobatga olgan holda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini uch kun muddatda ishlab chiqib, uni amalga oshirilishini taʼminlasin.

4. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bir kun muddatda Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 100 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratsin.

Hukumat komissiyasi tabiiy ofat oqibatlarini oʻrganish natijalariga koʻra, zaruratga qarab Buxoro viloyatiga qoʻshimcha mablagʻlar ajratish boʻyicha taklif kiritsin.

5. Vazirlar Mahkamasi (Oʻ. Barnoyev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzagroinspeksiya, “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi, Buxoro viloyati hokimligi uch kun muddatda qishloq xoʻjaligi ekinlariga, jumladan gʻalla, paxta, meva-sabzavot va issiqxonalar boʻyicha zarar yetkazilgan maydonlarni aniqlab, har bir ekin turi boʻyicha tumanlar kesimida bajariladigan chora-tadbirlarni ishlab chiqsin hamda tezkor tarzda amalga oshirilishini taʼminlasin.

6. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov, Oʻ. Barnoyev), Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi besh kun muddatda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan zarar yetgan gʻoʻza maydonlariga qilingan xarajatlar va gʻalladan olinmaydigan hosil oʻrnini qoplash yuzasidan taklif kiritsin.

7. Energetika vazirligi (A. Sultanov) uch kun muddatda ishlab chiqarish, ijtimoiy soha va aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash, shuningdek, avariya-tiklash ishlariga respublikaning boshqa hududlaridan kuch-vosita va maxsus texnikalarni jalb etish choralarini koʻrsin.

8. Mudofaa vazirligi (B. Qurbonov) tabiiy ofat yuz bergan hududlarda muhandislik, qidiruv-qutqaruv va boshqa shoshilinch ishlarni bajarish, zarar koʻrgan odamlarning hayot faoliyatini birinchi navbatda taʼminlash, muhim obyekt va tizimlarning ishchanligini tezkorlik bilan tiklash ishlariga Janubiy-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiy qism va muassasalarining harbiy xizmatchilari hamda maxsus texnikalarini jalb qilsin.

9. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov):

Milliy gvardiya bilan birgalikda Buxoro viloyati hududida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini amalga oshirish jarayonida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini xamda jismoniy va yuridik shaxslar turar-joylari, bino-inshootlari va mol-mulki muhofaza qilinishini taʼminlash choralarini koʻrsin;

taʼmirlash-qayta tiklash brigadalari va maxsus xizmatlar transport vositalarining toʻsiqsiz harakatlanishini taʼminlasin, zarur hollarda belgilangan yoʻnalishlarda Yoʻl-patrul xizmati kuchlari yordamida ularning kuzatuvini tashkil etsin, transport taʼminoti va muayyan hududni qamrab olish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatsin.

10. Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A. Qoʻldoshev) tabiiy ofat oqibatida saqlanib qolayotgan tahdid va xavflarni oldindan aniqlash xamda bartaraf etish, aholi turar-joylari, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarda yonginlar kelib chiqishining oldini olish, moddiy yoʻqotishlarni kamaytirishga qaratilgan va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni tashkil etsin.

11. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov) oʻn kun muddatda Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatida aloqa vositalari, Internet tarmoqlari xamda texnik qurilmalarga yetkazilgan zararni aniqlash va barchasini ishchi holatga keltirish, uzilgan aloqa kabellari va nosoz holga kelgan mobil aloqa baza stansiya antennalarini qayta tiklash xamda ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash choralarini koʻrsin.

12. Respublika komissiyasi (A. Ramatov, K. Kamalov) oʻn kun muddatda Olot tumani aholisiga kulay shart-sharoitlar yaratish, tuman markazini yanada obod va koʻrkam qilish maqsadida koʻp qavatli uy-joylar, madaniy-maishiy hamda boshqa ijtimoiy obyektlar qurilishi boʻyicha, Moliya vazirligi (T. Ishmetov) mazkur qurilish ishlarini moliyalashtirish yuzasidan taklif kiritsin.

13. Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov Buxoro viloyati hokimligi va tijorat banklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Olot va Qorakoʻl tumanlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan taklif kiritsin.

14. Belgilansinki, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A. Ramatov — Hukumat komissiyasiga umumiy rahbarlik qilish bilan bir qatorda Buxoro viloyatida iqtisodiyot tarmoqlari, infratuzilma, qurilish va uy-joy fondini tiklash ishlari boʻyicha, Bosh vazir oʻrinbosari Oʻ. Barnoyev — qishloq xoʻjaligida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha, Mudofaa vaziri B. Qurbonov — Olot tumanida, Ichki ishlar vaziri P. Bobojonov — Qorakoʻl tumanida hamda Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari A. Qoʻldoshev — Jondor tumanida bajariladigan barcha ishlarni tashkil etish boʻyicha shaxsan masʼul hisoblanadi.

15. Respublika komissiyasi (A. Ramatov) Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov) bilan birgalikda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini tashkil etish va amalga oshirish davomida koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan joriy qilingan karantin tartib-qoidalariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlasin.

16. Mazkur farmoyish ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 28-aprel,

F-5567-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi F-5567-son farmoyishiga ILOVA

Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasiniig

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.