Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qoʻyishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Soʻnggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Oʻzbekistonda 30-iyun — “Yoshlar kuni” deb eʼlon qilindi. Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarimizni ragʻbatlantirib borish maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi.
Yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalarini oʻz ichiga olgan beshta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yoshlarda zamonaviy tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali ularning bandligini taʼminlash, voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini samarali tashkil etish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, yosh avlodda mustahkam vatanparvarlik gʻoyasi hamda qatʼiy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish borasida qator muammolar saqlanib qolmoqda.
Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar sohasidagi muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-dekabrdagi mamlakat yoshlari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari tashkil etilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalarini qamrab olgan beshta muhim tashabbusni keng joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etish, ularni “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari!” gʻoyasi atrofida birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasi, shu jumladan, huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda faol ishtirok etish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik qilish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini tashkil etish, shuningdek, huquqbuzarliklardan jabrlanganlar, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil boʻlgan, huquqbuzarlik sodir etgan, shu jumladan ilgari sudlangan va ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan yoshlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
yoshlarning intellektual rivojlanishga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlash;
yoshlarning bandligi va tadbirkorligiga koʻmaklashish;
yoshlar auditoriyasiga moʻljallangan media mahsulotlar yaratishga koʻmaklashish.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yoshlarning innovatsion, amaliy va istiqbolli loyihalariga grant mablagʻlari ajratish;
oʻz iqtidori va salohiyatini kamol toptirish, kelajakda qiziqqan sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib yetishishi uchun yoshlarda oʻzini oʻzi rivojlantirish boʻyicha kuchli motivatsiya uygʻotish maqsadida keng yoshlar davrasida xalqaro miqyosda yuqori nufuzga ega notiqlar jalb qilingan holda motivatsion tadbirlar oʻtkazish;
hududlarda yoshlar bandligiga koʻmaklashish maqsadida quduqlar burgʻulash (qazish), sugʻorish vositalari xarid qilish, yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻlik va koʻchatlar sotib olish uchun subsidiyalar ajratish;
yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarda hamda yosh tadbirkorlarning xalqaro forum va yarmarkalardagi ishtirokini taʼminlash, yoshlarning xalqaro mehnat bozorlariga chiqishiga koʻmaklashish;
iqtidorli va jamoat ishlarida faol boʻlgan yoshlarni (birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan oilalarning farzandlari) bepul yoʻllanmalar asosida oromgohlarga yuborish;
yoshlarni kelgusida tegishli sohada malakali mutaxassis boʻlib yetishishlari, shu jumladan tadbirkorlikka oʻqitish uchun mamlakatimizda yuqori natijalarga erishgan soha mutaxassislarini jalb etgan holda oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish;
bitiruvchilarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida barcha hududlardagi oliy taʼlim muassasalari bazasida biznes akseleratorlar tashkil etish;
Oʻzbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish;
yoshlarni tadbirkorlik va ishbilarmonlikka qiziqtirish hamda ularga bunday faoliyatni yoʻlga qoʻyishning amaliy jihatlarini oʻrgatish maqsadida joylardagi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish tashkilotlariga biznes sayohatlar tashkil etish;
yoshlarni kasbga oʻrgatish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, brending, bank, sugʻurta, mehnat va boshqa sohalarda amaliy koʻmak koʻrsatish uchun konsalting xizmatlari xarajatlarini qoplash;
koʻrgazmali savdo yarmarkalarini tashkil etish;
biznesni yoʻlga qoʻyishdan daromad olishgacha boʻlgan masalalarni oʻrgatishga qaratilgan masofaviy oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish va qoʻllanmalar yaratish;
iqtidorli yosh adib, rassom va hunarmandlar oʻrtasida ijodiy koʻrik tanlovlar tashkil etish, yosh mualliflarning ijod namunalari, jumladan, birinchi kitoblarini nashr etish, sanʼat asarlarini yaratish uchun moliyaviy yordam koʻrsatish.
(3-bandning oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
5. Agentlik:
a) 2020-yilda tegishli sohalarga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida respublikaning tuman (shahar)laridagi mahallalarda beshta muhim tashabbusni amalga oshirish uchun quyidagi zaruriy choralarni koʻrsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda madaniyat markazlari va umumtaʼlim maktablarida yoshlarni madaniyat va sanʼatga jalb etish uchun toʻgaraklar tashkil etish hamda ularni musiqa jihozlari bilan taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablari va sport inshootlarida yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini tagʻrib qilish maqsadida toʻgaraklar tashkil etish va ularga sport anjomlari yetkazib berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda yoshlarni qamrab olishga moʻljallangan “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, umumtaʼlim maktablarida axborot texnologiyalari yoʻnalishida toʻgaraklar tashkil etish va kompyuter jihozlari bilan taʼminlash;
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda yoshlarni kitobxonlikka jalb etish va kutubxonalarga badiiy adabiyotlarni yetkazib berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda tikuv va toʻqimachilik korxonalarida xotin-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida ularni kasb-hunarga oʻqitish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda hududlar kesimida ishsiz yoshlar roʻyxatini shakllantirsin hamda ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan manzilli, shu jumladan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirsin:
“Fidoyi yoshlar otryadlari”ni tuzish orqali ishsiz yoshlarni haq toʻlanadigan jamoat va mavsumiy ishlarga jalb etish;
“Yoshlar qurilish otryadlari”ni tashkil etish va oliy taʼlim muassasalari talabalarini yozgi taʼtil vaqtida haq toʻlanadigan qurilish ishlariga jalb etish;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda asosiy faoliyati quyidagilarga yoʻnaltiriladigan koʻngilli yoshlardan iborat volontyorlik guruhlarini shakllantirsin:
(5-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
qarovsiz va yolgʻiz keksalarga yordam koʻrsatish, nogironligi boʻlgan shaxslar va imkoniyati cheklangan fuqarolarga koʻmaklashish;
(5-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)
tarbiyasi ogʻir yoshlar bilan ishlash, ularning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish;
g) yoshlar hayotida uchrayotgan muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida tizimli ravishda sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazsin hamda yakuni boʻyicha har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ular yuzasidan tahliliy hujjatlar kiritsin;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda yuqori kasbiy salohiyatga ega, tashabbuskor va islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi yosh kadrlar zaxirasini shakllantirsin.
6. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-5466-son Farmoni doirasidagi:
hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda koʻzda tutilgan tadbirlarni “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish, ajratilgan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya va subsidiyalar berish tartibi bekor qilinadi.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
7. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining:
Jamgʻarmani 2021-yil 1-yanvardan mustaqil nodavlat notijorat tashkilot sifatida qayta tashkil etish;
2021-yil 1-yanvardan boshlab “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratilgan resurs mablagʻlari boʻyicha tijorat banklarining Jamgʻarma oldidagi majburiyatlarini Davlat budjeti oldidagi majburiyatlar sifatida qayta rasmiylashtirish va har yili ushbu majburiyatlarning Davlat budjetiga qaytarilgan qismi hisobidan Agentlikning ustuvor dasturiy vazifalari amalga oshirilishini moliyalashtirish;
Jamgʻarma tomonidan uning va filiallari tuzilmasi, shtatlar birligini olingan daromadlaridan kelib chiqib mustaqil belgilash hamda Jamgʻarmaning tuman (shahar) filiallarini maqbullashtirish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.
8. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻziga yuklatilgan vazifalarni sifatli va yuqori saviyada amalga oshirish uchun qoʻshimcha daromad manbaalarini belgilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida 2020-yilda Dasturda koʻzda tutilgan tadbirlar uchun mablagʻlar ajratsin, 2021-yildan boshlab esa har yili zarur budjet mablagʻlarini nazarda tutsin. Bunda, Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgunga qadar xarajatlarni moliyalashtirish 2020-yil uchun Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin.
10. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmon ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev — hududlar, vazirlik, idora va tashkilotlar kesimida yoshlar siyosati samaradorligini baholab borish va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar belgilash, mamlakatning xalqaro reytinglardagi mavqeyini oshirish, yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini taʼminlash choralarini koʻrsin;
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori — yoshlar orasidan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishni nazarda tutuvchi tashabbuskor, islohotlarni amalga oshirish va joylardagi muammolarni hal etishda faol ishtirok etuvchi, rahbarlik lavozimlariga munosib yoshlarni qoʻllab-quvvatlovchi “Vatan iftixorlari” institutsional tizimini joriy etsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari — yoshlar muammolarini oʻrganib, ularning hal etilishiga koʻmaklashsin, yosh avlodning isteʼdodi va qobiliyatlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin;
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
Agentlikning hududiy boshqarmalari (boʻlimlari) rahbarlari Agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har yarim yilda tegishincha xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sessiyalarida hisobot berib borsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev va Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-iyun,
PF-6017-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi PF-6017-son Farmoniga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)