PF-6019-son Farmon · 06.07.2020

Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-6019
  • Qabul qilingan sana:06.07.2020
  • Kuchga kirgan sana:07.07.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/20/6019/1040

Tovar va moliya bozorlarida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish orqali samarali raqobat muhitini yaratish maqsadida mamlakatimizda iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish, narxni ortiqcha tartibga solishdan voz kechish va davlatning iqtisodiyotga taʼsirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, oldimizda davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar monopoliyasining iqtisodiyot raqobatbardoshligiga salbiy taʼsirini yanada kamaytirish, imtiyoz va preferensiyalar berish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tartibga solish yukini pasaytirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar turibdi.

Tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun teng sharoitlarni yaratish, oshkoralikni taʼminlash va davlat xaridi tartib-taomillarini yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:

1. Belgilansinki:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdordir;

(1-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

b) Qoʻmita quyidagi vazifalarni amalga oshirishda bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot kiritib boradi:

imtiyozlar, preferensiyalar va faoliyatni amalga oshirish uchun eksklyuziv huquqlar shaklida koʻrsatilayotgan davlat koʻmagining samaradorligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish hamda ular raqobat muhitiga salbiy taʼsir etgan taqdirda, ularni bekor qilish boʻyicha takliflar kiritish;

Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda alohida tartib oʻrnatilgan strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari ustidan davlat nazoratini olib borish;

davlat organlarining raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini buzuvchi qarorlarini bekor qilish va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan chora qoʻllash boʻyicha takliflar kiritish;

“kartel” kelishuvlari va til biriktirishlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda aniqlash va ularga chek qoʻyish;

davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashkil etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

v) Qoʻmita:

raqobat va monopoliyaga qarshi kurashish sohasida chora-tadbirlar va siyosat uygʻunligini, erkin va raqobatbardosh bozorni shakllantirish bilan bogʻliq tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda hamda davlat xaridlari, davlat aktivlarini sotish jarayonida raqobat sharoitlarini taʼminlashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyati bilan hamkorlik qiladi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda mamlakat iqtisodiyotida va hududlarda raqobat muhitini yaxshilash, raqobat sohasidagi strategik ustuvor yoʻnalishlar va vazifalarni belgilashda, shu jumladan institutsional islohotlarni amalga oshirishda oʻzaro muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshiradi.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2020-yil 1-oktabrdan boshlab:

tarmoq va sohalarda vakolatli etib belgilangan davlat boshqaruvi organlarining asosiy vazifalaridan biri raqobat muhitini yaxshilash va uni rivojlantirish hisoblanadi hamda mazkur vazifalarni amalga oshirish rahbar va uning birinchi oʻrinbosari zimmasiga yuklatiladi;

davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek, ularning affillangan shaxslarini va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolati berilgan davlat muassasalarini tashkil etish (qayta tashkil etish), mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadlarida tashkil etish bundan mustasno, monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligi olingandan soʻng amalga oshiriladi;

davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyati va korxonasi bilan manfaatlar toʻqnashuviga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt davlat xaridlari yoki eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoxud toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar ishtirokchisi boʻlishi mumkin emas, bundan davlat tomonidan himoya qilinishi lozim boʻlgan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasida mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni taʼminlash va ichki tartibni saqlash uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlari, shuningdek, davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan davlat xaridlari mustasno;

davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyati va korxonasi tender va tanlov savdolari, eng yaxshi takliflarni tanlab olish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazilishidan avval u bilan affillangan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni davlat xaridlari maxsus axborot portalida joylashtirishga majburdir;

b) quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:

besh va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subyekti tovar yoki moliya bozorida faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokidagi korxonani va uning affillangan shaxslarini tashkil etishga;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shu jumladan, faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni beruvchi, maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qiluvchi, roʻyxatdan oʻtkazish yoki akkreditatsiya qilish vakolatlari berilgan davlat muassasalari, shuningdek, davlat maqsadli jamgʻarmalariga faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish, shuningdek, roʻyxatdan oʻtkazish yoki akkreditatsiya qilish vakolatlari berilgan sohalarda ushbu organlar va boshqa tashkilotlar tomonidan ular ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga;

yagona yetkazib beruvchi boʻlgan yoki oʻziga mazkur huquq berilgan yoxud ustun mavqega ega boʻlgan davlat ishtirokidagi korxona tomonidan faoliyati muassisning tovarlaridan (resurslaridan) yoki tarmoq infratuzilmasidan foydalanishga bogʻliq boʻlgan hamda xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan raqobatlashadigan faoliyat bilan shugʻullanadigan, ushbu korxonaga affillangan shaxslarni tashkil etishga, bundan mazkur affillangan shaxslarning ularni raqobatchilar bilan teng faoliyat shart-sharoitlari bilan taʼminlagan holda boʻlib yuborish natijasida tashkil etilishi hollari mustasno.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)

3. Belgilab qoʻyilsinki, quyidagilarni nazarda tutuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligining tartibga solish taʼsirini baholash hamda Qoʻmitaning raqobat muhitiga taʼsirini baholashi natijalari asosidagi xulosalari mavjud boʻlsagina belgilangan tartibda qabul qilinadi:

xoʻjalik yurituvchi subyektlarga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud cheklov, ruxsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini bozor ishtirokchilarining yanada kengroq doirasiga tatbiq qilishni;

ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni olish uchun qoʻshimcha talablar va shartlarni joriy etishni;

yuridik shaxslar ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan talablarni oshirishni;

xoʻjalik yurituvchi subyektlarning belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki ularga qoʻshimcha majburiyatlar yoxud qoʻshimcha xarajatlar joriy qilishni;

xoʻjalik yurituvchi subyektlarga har qanday turdagi davlat yordamini, shu jumladan, imtiyoz, kafolat, preferensiyalarni belgilash, shuningdek yangi huquqlar, shu jumladan eksklyuziv huquqlarni berishni.

(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Qoʻmita bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish taʼsirini baholash toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

4. Quyidagilar:

2020 — 2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;

2020 — 2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

tadbirkorlik faoliyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadigan normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni yalpi xatlovdan oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq;

2024-yilgacha boʻlgan davrda oʻzlariga tartibga solish boʻyicha biriktirilgan tarmoqlarda raqobatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish uchun masʼul vazirlik va idoralar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)

(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

a) davlat xaridlari hamda strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari ijrochilari:

tender va tanlov savdolari hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish yakunlari boʻyicha gʻolib deb rasman eʼlon qilingan kundan yoki toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar yakunlari boʻyicha qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki kun mobaynida davlat xaridlari maxsus axborot portalida tegishli maʼlumotlarni joylashtirish orqali bevosita yoki bilvosita 25 foiz yoki undan koʻp aksiyalarga (ulushga) haqiqatdan nazorat qilishga ega boʻlgan oʻzining yakuniy manfaatdor shaxslari (benefitsiarlari) toʻgʻrisidagi axborotlarni oshkor qilishlari;

oʻzlarining veb-saytlarida va maxsus axborot portalida doimiy asosda tender va tanlov savdolari hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartib-taomillari hamda toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar yakunlari boʻyicha imzolangan shartnoma majburiyatlari bajarilishi haqidagi maʼlumotlarni joylashtirib borishga majbur;

(5-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)

6. Qoʻmita Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar:

xalqaro tajribani oʻrganish asosida va raqobat muhitini shakllantirish mexanizmini tubdan takomillashtirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi qonunlarini birlashtirgan holda yagona qonun loyihasini ishlab chiqsin;

erkin raqobat muhitini olib kirish mumkin boʻlgan monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yoʻl ochish va uni rivojlantirishni nazarda tutgan holda amaldagi qonun hujjatlariga oʻrnatilgan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritsin.

7. Davlat soliq xizmati organlarining 28 ta shtat birliklarini qisqartirish hisobiga:

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi markaziy apparati tuzilmasidagi Biznes muhitini yaxshilash va zamonaviy iqtisodiyotni shakllantirish departamentining shtatlar soni 8 ta shtat birligiga oshirilsin va unga qonun hujjatlari loyihalarini tartibga solish taʼsirini baholash vazifasi yuklatilsin;

Qoʻmita tuzilmasida Davlat koʻmagini berishni nazorat qilish va uning samaradorligini baholash boshqarmasi tashkil qilinsin, unga va Savdolarni nazorat qilish boshqarmasiga qoʻshimcha 20 ta shtat birligi kiritilsin.

8. Ushbu Farmonning 4-ilovasida keltirilgan vazirlik va idoralar Qoʻmita hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar oʻzlariga tartibga solish boʻyicha biriktirilgan tarmoqlarda raqobatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqsin va ularni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Qoʻmita:

a) bir oy muddatda raqobatni taʼminlash va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini tubdan takomillashtirish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) 2020-yil 1-oktabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga davlat buyurtmachilari, strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar bilan manfaatlar toʻqnashuviga ega boʻlgan shaxslarga, shuningdek oʻzining yakuniy manfaatdor shaxslari (benefitsiarlari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilmagan yoki ular toʻgʻrisida notoʻgʻri maʼlumot taqdim etgan davlat xaridlari hamda strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar xaridlari ijrochilariga tender va tanlov savdolarida, eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartib-taomillarida va toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarda ishtirokini taqiqlashni va bunday qonun buzilishi holatlari uchun javobgarlikni belgilash toʻgʻrisida taklif kiritsin;

v) Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

2020-yil 1-oktabrga qadar davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek ularning affillangan shaxslarini va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarini tashkil etish (qayta tashkil etish)da dastlabki rozilik olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;

2020-yil 15-oktabrga qadar xaridlar jarayonida davlat buyurtmachilari, strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar oʻzlarining affillangan shaxslari haqidagi, shuningdek xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari tomonidan oʻzlarining yakuniy manfaatdor shaxslari (benefitsiarlari) haqidagi maʼlumotlarni majburiy oshkor etish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin;

g) Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar taqdim etilgan imtiyoz miqdorlarini kutilayotgan natijalar va olingan majburiyatlarga, Oʻzbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va raqobat muhitiga taʼsiri darajasini tizimli ravishda monitoringini yuritish va samaradorligini baholash tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

d) Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarning eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli orqali xaridlarni amalga oshirishni toʻliq elektron shaklda, Internet tarmogʻi orqali onlayn tarzda amalga oshirishga oʻtkazishni taʼminlasin;

e) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliyaviy tashkilotlarning, shu jumladan Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik koʻmagini jalb qilish orqali:

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish tashkilotining (OESR) Tovar bozorlarini tartibga solish Indeksi (Product Market Regulation-PMR) asosida respublikada iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida raqobat muhiti diagnostikasini amalga oshirish metodologiyasini ishlab chiqsin hamda xorijiy amaliyot asosida monopoliyaga qarshi kurashishning yangi samarali instrumentlarini joriy qilsin;

yangi tahrirdagi “Raqobat toʻgʻrisidagi” qonuni loyihasini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni va uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqishda yetakchi xalqaro ekspertlarni jalb qilsin;

rivojlangan davlatlarning monopoliyaga qarshi kurashish organlari, shu jumladan Xalqaro raqobat tarmogʻi (International Competition Network) bilan raqobatni himoya qilishdagi dolzarb masalalarning muhokamasini amalga oshirish uchun tizimli muloqotni oʻrnatsin;

monopollashgan sohalarni tahlil qilish va ularda raqobatni rivojlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, shuningdek Qoʻmitaning institutsional salohiyatini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

j) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar amaldagi maʼlumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan holda foydalanish imkonini beruvchi, onlayn rejimda tovar va moliya bozorlarida xususiy tadbirkorlik subyektlarining mavjudligini, shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan affillangan shaxslarni aniqlashga xizmat qiluvchi elektron tizimni joriy qilsin.

10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini keng yoritishga oid chiqishlar va tematik dasturlarni tashkil etish tavsiya etilsin.

11. Qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 6-iyul,

PF-6019-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi PF-6019-son Farmoniga 1-ILOVA

2020 — 2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish

1-bob. Strategiyani qabul qilish shart-sharoitlari va zaruriyati

Bugungi kunda, samarali raqobat muhitini yaratish hamda tovarlar va xizmatlar bozoridagi monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish vazifalarini hal etish uchun ustuvor yoʻnalish boʻlib qolmoqda.

Shu maqsadda, mamlakat iqtisodiyotida davlat ishtirokini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar va bozor mexanizmlariga oʻtish amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi yillarda tadbirkorlik faoliyati sohasida 86 ta ayrim litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-tamoyillari, shu jumladan 38 ta turini 16 taga birlashtirish, 25 ta turi boʻyicha rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish hamda 14 ta litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni berishni markazlashtirish orqali bekor qilindi va soliq yuki kamaytirildi.

Tadbirkorlik sohasi izchil rivojlanayotgani qayd etilmoqda, soʻnggi uch yilning oʻzidayoq amaldagi tadbirkorlik subyektlari soni 25 foizga oshdi.

Koʻrilayotgan choralar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqariladigan koʻplab oziq-ovqat (alkogolsiz ichimliklar, sharbatlar, non, non mahsulotlari, goʻsht va sut mahsulotlari, qandolatchilik mahsulotlari va boshqalar) hamda ayrim nooziq-ovqat tovarlar (mebel, gilam va gilam mahsulotlari, toʻqimachilik va boshqalar) bozorlarida raqobatning rivojlanishini taʼminladi. Qurilish materiallari, kabel va sim mahsulotlari, pul oʻtkazmalari xizmatlari bozorida yirik kompaniyalarning monopoliyasi tugatildi.

Yaratilgan birja mexanizmi bozor ishtirokchilarini yuqori likvidli va monopol turdagi xom ashyo va materiallar bilan bir xilda taʼminlash imkonini berdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston respublika tovar xom ashyo birjasi tovar aylanmasining 65 foizini monopol mahsulotlar tashkil etadi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida soʻnggi yillarda monopol korxonalar soni ikki baravardan ortiqqa kamaydi.

Shu bilan birga, mamlakat iqtisodiyotidagi raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan quyidagi tizimli muammolar hal etilmagan:

iqtisodiyotda davlatning haddan ziyod yuqori ishtiroki;

narxlarning haddan ortiq tartibga solinishi;

imtiyoz va preferensiyalarning samarasiz tizimi;

biznes subyektlariga yuqori tartibga solish yuki va tarmoq tartibga soluvchi organlarning raqobatni rivojlantirishdan manfaatdor emasligi;

tabiiy monopoliya holatini suiisteʼmol qilish;

raqobatga qarshi holatlarga qarshi kurashish huquqiy mexanizmlarning takomillashmaganligi.

§ 1. Davlatning iqtisodiyotdagi haddan ziyod yuqori ishtiroki

Bugungi kunda tovar va moliya bozorlarida davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar ustun mavqega ega boʻlib qolmoqda, masalan, monopol tashkilotlarning 80 foizi davlat ulushiga ega yoki davlat ulushiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan nazorat qilinadi.

Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlatga tegishliligi va davlat tomonidan nazorat qilinishi masalasi qonun hujjatlarida tartibga solinmaganligi tufayli davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki darajasini aniqlashda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.

Davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar raqobat holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan davlat unitar korxonalari (DUK) va shuʼba korxonalar koʻrinishida oʻzlarining nazorati ostidagi tuzilmalar tashkil etmoqda. Bugungi kunda bunday korxonalar soni 4 300 tadan ortiqni tashkil etmoqda, shu jumladan aksiyadorlik va masʼuliyati cheklangan jamiyatlari shaklida — 1 300 tadan ortiq, davlat unitar korxonasi shaklida — 1 800 tadan ortiq va ularning affillangan shaxslari — 1 100 tadan ortiq.

Bozor muhitining rivojlanmaganligi va davlatning iqtisodiyotdagi haddan ziyod yuqori ishtiroki davlat ishtirokidagi alohida xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining samarasizligiga olib kelmoqda, bu esa “oʻzaro kesishuvchi” subsidiyalash, soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalar, imtiyozli kreditlar taqdim etish koʻrinishidagi davlat koʻmagi orqali qoplanmoqda.

Moliya va kapital bozorlarida (birja, markaziy depozitariy, banklar) davlatning ishtiroki va uning vakolatlarining yuqori konsentratsiyasi saqlanib qolmoqda, bu esa manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarmoqda va bozor mexanizmlarining rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Masalan, fond birjasidagi qimmatli qogʻozlar operatsiyalari boʻyicha hisob-kitob xizmati davlatga tegishli “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJning monopoliyasi oʻrnatilgan. Umuman olganda, bank sektorining 83 foizi davlat ishtirokida faoliyat koʻrsatmoqda.

§ 2. Narxlarning haddan ortiq tartibga solinishi

Bugungi kunda davlat tomonidan narxlarni tartibga solish (deklaratsiya qilish, tasdiqlash, qatʼiy belgilangan yoki cheklangan narxlarni (tariflarni), tartibga solish koeffitsiyentini, ustama va rentabellikning chegaralangan darajasini oʻrnatish va narxni tartibga solishning boshqa usullari) 30 dan ortiq tovar va xizmatlarga nisbatan amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, tabiiy monopoliyalar sohasida 10 xil turdagi tovar (ish, xizmat)lar tartibga solinishiga qaramasdan, amalda isteʼmolchilar va yetkazib beruvchilar toifalari, shuningdek, hududiy prinsipga qarab oʻrnatiladigan 137 xildagi narx darajalari orqali tartibga solinmoqda.

Monopol korxonalar va tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan foydalanilayotgan xarajatlarga asoslangan narxlarni shakllantirish usuli xarajatlarga minimal foydani qoʻshish sxemasidan iborat boʻlib, u xarajatlarning asossiz oʻsishiga undaydi, ishlab chiqarish tannarxining pasayishini ragʻbatlantirmaydi, xarajatlarning oʻsishi esa, narxlar va tariflarning isteʼmolchilar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri oshirish hisobiga qoplanadi.

§ 3. Imtiyoz va preferensiyalar taqdim etishning samarasizligi

Davlat koʻmagini koʻrsatishning monopoliyaga qarshi tartibga solish vositalari mavjud emasligi berilayotgan imtiyoz va preferensiyalarning samarasizligiga olib kelmoqda va raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Soʻnggi yillarda 40 mingdan ziyod xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, yaʼni faoliyat yuritayotgan subyektlar umumiy sonining 12 foiziga soliq imtiyozlari berilgan. Bunday vaziyat tovar va moliya bozorlarida teng boʻlmagan sharoitlarni vujudga keltiradi.

§ 4. Biznes subyektlariga tartibga solish yukining yuqoriligi va tarmoqni tartibga soluvchi organlarning oʻz sohasida raqobatni rivojlantirishga manfaatdor emasligi

Vazirlik va idoralarning oʻzlari tomonidan tartibga solinadigan tarmoqlarda raqobatni rivojlantirish boʻyicha faoliyati sustligicha qolmoqda. Iqtisodiyot sohasida mavjud 38 ta davlat organidan faqatgina 11 tasiga oʻz sohasida raqobatni rivojlantirish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri funksiyalar yuklatilgan.

Bundan tashqari, qonun hujjatlarining tartibga solish taʼsirini va raqobat muhitiga taʼsirini baholashning toʻlaqonli tizimi tatbiq etilmagan.

Buning natijasida, amaldagi 61 gaga yaqin litsenziyalar doirasida 266 tadan ortiq faoliyat turini litsenziyalanishi hamda 137 turdan ortiq ruxsat berish tartib tamoyillarini nazarda tutuvchi qiyin va murakkab litsenziyalash tizimi, shuningdek, biznesga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatuvchi 6 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat va 40 mingta texnik jihatdan tartibga soluvchi hujjatlarda tadbirkorlik subyektlarining bozorlarga kirishi uchun sunʼiy toʻsiqlar saqlanib qolmoqda.

Qonun hujjatlarida tadbirkorlik va investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligining barcha asosiy kafolatlari mustahkamlangan boʻlsa-da, Jahon banki maʼlumotlariga koʻra oxirgi yillarda Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarning sof oqimi koʻrsatkichi pastligicha qolib YAIMga nisbatan 0,5 — 1,2 foizni tashkil etmoqda, Iqtisodiy erkinlik indeksida mamlakatimiz 180 ta davlat orasida 114-oʻrinni egallamoqda, Investitsiya faoliyatini erkinlik indikatori boʻyicha koʻrsatkich 100 dan 20 ga teng boʻlmoqda.

§ 5. Tabiiy monopoliya holatini suiisteʼmol qilish

Cheklangan raqobat muhitiga ega boʻlgan bozorlarning, birinchi navbatda, tabiiy monopoliyalar sohalarining mavjudligi, oʻzaro bogʻliq boʻlgan bozorlarga taʼsir qilib, aksariyat hollarda, ularni monopollashtiradi.

Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, tabiiy monopoliya subyektlariga tabiiy monopoliya sohasiga kiritilmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorlaridagi raqobatni cheklash uchun oʻz mavqeyidan foydalanishni man etilganligiga qaramasdan, bugungi kunda bir qator oʻzaro bogʻliq raqobat taʼminlash imkoniyati mavjud boʻlgan bozorlar, misol uchun, temir yoʻllari transporti sohasida — temir yoʻllari chiptalarini sotish, yuk vagonlarini taʼmirlash, vagon-restoranlar xizmatlari, vagonlarni tozalash va boshqa bozorlar amalda monopollashtirilgan.

§ 6. Raqobatga qarshi harakatlarga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari takomillashmaganligi

Bozorga kirish uchun toʻsiqlarni bartaraf etishda, yirik korxonalar monopoliyasiga va “kartel” kelishuvlarga qarshi kurashishda, insofsiz raqobatning oldini olishda taʼsirchan mexanizmlar mavjud emas va amalda monopoliyaga qarshi organning qarorlar qabul qilishda mustaqilligi cheklangan.

Raqobatni cheklashga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha preventiv va oldini oluvchi choralar tizimi shakllanmagan, yirik korxonalarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olish boʻyicha bitimlar ustidan tahlil oʻtkazish va samarali monopoliyaga qarshi nazoratni amalga oshirish mexanizmi oʻrnatilmagan, savdolar jarayonida raqobatni cheklashni oldini olishning huquqiy mexanizmlari samarasizligicha qolmoqda, monopoliyaga qarshi organ faoliyati samaradorligining eng muhim koʻrsatkichlari ishlab chiqilmagan.

2-bob. Strategiyaning maqsadi va vazifalari

2.1. Strategiyaning asosiy maqsadi samarali faoliyat yuritadigan bozorlarni va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish hisobiga iqtisodiy oʻsishni va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, investitsiyalar oqimini oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish hisoblanadi.

2.2. Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

raqobatni himoya qilish va rivojlantirish tizimini transformatsiya qilish;

shaffoflik va kirish uchun teng sharoitlarni taʼminlagan holda samarali faoliyat yuritadigan bozorlarni yaratish;

tadbirkorlik subyektlarining maʼmuriy yukini va xarajatlarini, iqtisodiyotda davlatning ishtiroki darajasini kamaytirish, shuningdek, davlat koʻmagi taqdim etilishini tartibga solish;

narxlarni (tariflarni) davlat tomonidan oqilona tartibga solish tizimini yaratish;

tabiiy monopoliyalar sohalarining raqobat mavjud bozor holatiga oʻtishi uchun toʻsiqlarni bartaraf etish;

raqobat cheklanishini oldini oluvchi vositalarni joriy etish;

raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari buzilishiga nisbatan, birinchi navbatda, “kartel” kelishuvlar va til biriktirishlarga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini kuchaytirish;

raqamli iqtisodiyotni monopoliyaga qarshi tartibga solishning samarali vositalarini joriy etish;

monopoliyaga qarshi organ faoliyatining shaffofligini va samaradorligini taʼminlash, jamiyatda raqobat madaniyatini va raqobatga qarshi harakatlarning har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasizlikni shakllantirish;

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining kadrlari salohiyatini tizimli shaklda oshirib borish.

(2.2.-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

3-bob. Strategiyani amalga oshirish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar

3.1. Quyidagilar orqali raqobatni himoya qilish va rivojlantirish tizimini transformatsiya qilish:

bozor ishtirokchilarining xatti-harakatlarini tahlil qilishga oʻtishni nazarda tutuvchi “aqlli” monopoliyaga qarshi tartibga solish modelini joriy qilish, halol raqobatni ragʻbatlantiruvchi tizimni yaratish, jarayonlarni raqamlashtirish orqali raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldindan yoʻl qoʻymaslik (profilaktika) mexanizmlarini joriy etish;

xulq-atvor iqtisodiyoti (behavioral economics) tamoyillariga asoslangan tovar va moliya bozorlarini tahlil qilish vositalarini joriy etish;

Butunjahon iqtisodiy forumi Global raqobatbardoshlik indeksi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tovar bozorini tartibga solish indeksi metodologiyasi asosida tovar va moliya bozorlarida raqobat holatini muntazam diagnostika qilish;

bozor ishtirokchilariga nisbatan maʼmuriy yukni kamaytirish maqsadida monopol korxonalar Davlat reyestri va tabiiy monopoliyalar Davlat reyestrlarini yuritishni bekor qilish;

bozor ulushiga asoslangan ustunlik mavqeni aniqlash mezonlarini qayta koʻrib chiqish va bozordagi ustunligini aniqlashda bozor ishtirokchilarining raqobatga zid xulq-atvorini baholashga oʻtish;

bozor konsentratsiyasini (qoʻshib yuborish va qoʻshib olish) tartibga solishda jarayonlarni raqamlashtirish va raqobatga boʻlgan taʼsirini baholash sifatini oshirish yoʻli bilan yanada takomillashtirilgan mexanizmini yaratish;

tarmoqlardan va faoliyatni halol amalga oshirishdan kelib chiqqan holda xoʻjalik yurituvchi subyektlarni toifalashtirishni nazarda tutuvchi monopoliyaga qarshi davlat nazoratini amalga oshirishda xavf-xatarga asoslangan yondashuvni joriy etish.

3.2. Samarali faoliyat koʻrsatadigan bozorlarni yaratish, ularning shaffofligini va kirish uchun teng sharoitlarni taʼminlash, shu jumladan:

asosiy tovar va moliya bozorlarda bozor ishtirokchilari sonini koʻpaytirish va ular uchun kirishni soddalashtirish hisobiga ularning samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi raqobatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish;

tender savdolari jarayonida raqobat toʻgʻrisidagi qonun buzilishlarini aniqlash mexanizmini kuchaytirish va xususiy tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan kichik biznes subyektlariga davlat xaridlari jarayonlarida qatnashish uchun teng imkoniyat yaratish;

strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarga monopoliyaga qarshi talablarni kiritish yoʻli bilan ularning xaridlari jarayonida raqobatni taʼminlash;

birja savdolariga chiqariladigan tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va ularga tadbirkorlik subyektlarining erkin kirishini taʼminlash orqali birja savdolari mexanizmini takomillashtirish;

birja savdolari jarayonida yuqori talab davrida narxlarning manipulyatsiyasini oldini olish boʻyicha monopoliyaga qarshi taʼsir koʻrsatish mexanizmini ishlab chiqish;

chakana va ulgurji savdoga nisbatan monopoliyaga qarshi talablarni joriy etish.

3.3. Quyidagilar orqali tadbirkorlik subyektlarining maʼmuriy yuki va xarajatlarini, iqtisodiyotda davlat ishtiroki darajasini kamaytirish va davlat koʻmagini koʻrsatilishini tartibga solish:

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash;

normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni monopoliyaga qarshi qonun hujjatlariga muvofiqligi nuqtai nazaridan “gilotina” usulidan foydalangan holda kompleks oʻrganib chiqish;

amaldagi litsenziya turlari va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni qayta koʻrib chiqish, keyinchalik ularni kamida ikki baravarga qisqartirish;

davlatning iqtisodiyotda ishtirok etish maqsadlarini belgilash mexanizmini joriy qilish va bozorda xususiy sektor mavjud boʻlgan holda davlat korxonalari tashkil etilishini cheklashni koʻzda tutuvchi “sariq sahifalar” tamoyiliga oʻtish;

raqobat muhitiga salbiy taʼsirini oldini olish maqsadida davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil qilishda monopoliyaga qarshi organ roziligini olish mexanizmini joriy qilish;

davlat organlarining ayrim davlat va xoʻjalik funksiyalarini bajarish uchun xususiy sektorni jalb qilish boʻyicha dasturlarni tayyorlash;

raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatadigan davlat organlari tomonidan taʼsis etiladigan, shuningdek, davlat ishtirokidagi yirik xoʻjalik birlashmalari va tabiiy monopoliya subyektlari bilan affillangan davlat unitar korxonalari sonini qisqartirish;

raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga “davlat koʻmagi” tushunchasini hamda imtiyozlar va preferensiyalar berilishida monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olishni nazarda tutuvchi mexanizmni joriy qilish;

imtiyoz va preferensiyalarning reyestrini joriy etish va ularning samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish;

davlat tomonidan berilgan imtiyoz va preferensiyalarning samaradorligini tahlil qilish;

oʻzini oʻzi tartibga solish mexanizmi kabi davlat tomonidan tartibga solishga muqobil boʻlgan mexanizmlarni joriy qilish.

3.4. Raqobatni ragʻbatlantiruvchi taʼsirni vujudga keltiruvchi narxlarni shakllantirishning yuqori samarali usullarini qoʻllagan holda narxlarni (tariflarni) davlat tomonidan oqilona tartibga solish tizimini yaratish:

iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, isteʼmolchilarning manfaatlari, xarajatlarni kamaytirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan xarajatlarini pasaytirish va sarmoyaning qaytishini ragʻbatlantirishga asoslangan tovar va moliya bozorlaridagi narxlarni (tariflarni) shakllantirishda bozor mexanizmlariga toʻlaqonli oʻtish;

tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatida raqobatni ragʻbatlantirish effektini yaratuvchi narxlarni shakllantirishning progressiv bozor mexanizmlarini (investitsiya qilingan sarmoyaning iqtisodiy asoslangan rentabelligi usuli (Regulatory Asset Base), qiyosiy tahlil va boshqalar) joriy qilish;

tartibga solinadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar xarajatlarining asosliligini aniqlash uchun taqqoslanadigan bozorlar va oʻzaro bogʻliq bozorlarda narxlarning “qiyosiy qiymatlari” usulidan foydalanishni nazarda tutadigan tartibga solinadigan narxlardan foydalanishni monitoring qilishning yangi modelini ishlab chiqish.

3.5. Quyidagilar orqali tabiiy monopoliya sohalarining raqobat bozori holatiga oʻtishi uchun toʻsiqlarni bartaraf etish:

tabiiy monopoliya subyektlari faoliyati va ishlashini, shu jumladan oʻzaro bogʻliq bozorlarda raqobat sharoitlarini yaratish imkoniyati nuqtai nazaridan oʻrganib chiqish;

tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatining shaffofligini va ularning infratuzilmasiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kamsitishsiz kirishini taʼminlash;

elektr energiyasini ishlab chiqarish va sotish funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish va elektr energiyasining ulgurji bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish;

temir yoʻl va havo transportida tashish bozorida raqobatni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish.

3.6. Raqobatni himoya qilishda qonun hujjatlari talablari buzilishiga oldindan yoʻl qoʻymaslik (profilaktika) vositalarini, shu jumladan davlat organlarida va xoʻjalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayensni — raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiqligini taʼminlash, ularning buzilishi xavf-xatarlarini aniqlash va oldini olish boʻyicha ichki tartib-qoidalar tizimini joriy qilish.

3.7. Quyidagilar orqali til biriktirishlar va “kartel” kelishuvlarini bartaraf etish chora-tadbirlarini kuchaytirish va halol raqobatni ragʻbatlantirish:

ijtimoiy ahamiyatga ega va monopol turdagi tovarlar va xizmatlar narxlarini doimiy kuzatib borishning yangi mexanizmini ishlab chiqish;

til biriktirishlar va “kartel” kelishuvlariga qarshi kurashish boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bitimlar tuzish;

“kartel” kelishuvlarini aniqlash maqsadida “yumshatuvchi holatlar” dasturi samaradorligini oshirish yoʻli bilan jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish;

raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun, shu jumladan “kartel” kelishuvlari va til biriktirishlarga nisbatan taʼsir choralari va jarima sanksiyalarini qayta koʻrib chiqish;

raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishlariga samarali chek qoʻyish uchun muayyan holatlarda monopoliyaga qarshi aralashuvning quyi chegarasini joriy etish;

nohalol raqobat holatlarini sodir etganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish boʻyicha qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish;

intellektual mulk huquqlarini buzadigan nohalol xoʻjalik yurituvchi subyektlar reyestrini yuritish;

informatsion texnologiyalar yordamida Adliya vazirligi bilan axborot almashinuvining yangi mexanizmlarini joriy qilish;

(3.7-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

monopoliyaga qarshi kurashish organi huzurida huquqshunoslar, patent vakillari hamda Adliya vazirligi mutaxassislaridan tuzilgan mahsulotning oʻxshashlik darajasini baholash boʻyicha ekspert komissiyasini tashkil qilish.

(3.7-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

3.8. Quyidagilar orqali raqamli iqtisodiyotni monopoliyaga qarshi tartibga solishning samarali vositalarini joriy etish:

raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga “raqamli bozorlar” tushunchasini kiritish, ularning geografik va tovar chegaralarini hamda tartibga solish usullarini belgilash;

raqamli bozorlarda ustun mavqeni aniqlash mezonlarini joriy etish;

elektron tijorat orqali savdolarning monopoliyaga qarshi qoidalarini joriy etish;

monopoliyaga qarshi tartibga solish maqsadida “RegTech” (raqamli bozor ishtirokchilari tomonidan raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini samarali qoʻllashga imkon beruvchi tartibga solish texnologiyalari) konsepsiyasiga asoslangan raqamli platformani yaratish;

raqamli bozorlarda innovatsiyalarni ortiqcha tartibga solish hujjatlarisiz sinash imkoniyatini beruvchi maxsus huquqiy rejim — “tartibga solish qumdoni” (regulatory sandbox)ni yaratish.

3.9. Quyidagilar orqali monopoliyaga qarshi organ faoliyatining shaffofligini va samaradorligini taʼminlash, jamiyatda raqobat madaniyatini va raqobatga qarshi harakatlarning har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasizlikni shakllantirish:

jamoat tashkilotlari, ekspertlar va biznes hamjamiyatlari bilan oʻzaro munosabatlarni kuchaytirish va ularni sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash ishlariga keng jalb qilish maqsadida “Raqobat 4.0” munozaralar platformasini (maydonchasini) yanada rivojlantirish;

raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha Ekspertlar kengashini tuzish;

raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha nodavlat tashkilotlarni shakllantirish;

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti metodikasiga muvofiq tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitining rivojlanishi koʻrsatkichlaridan foydalangan holda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlarini (KPI) joriy qilish;

(3.9.-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

raqobatni cheklash holatlarini aniqlash va taʼsir choralarini qoʻllash tezkorligini oshirish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining faoliyatiga innovatsion ishlanmalar va axborot texnologiyalarini joriy etish;

(3.9.-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

tadbirkorlik subyektlari uchun raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga oid bozor koʻnikmalarini shakllantirish va bilimlarni oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil qilish.

3.10. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining kadr salohiyatini tizimli oshirish, shu jumladan:

(3.10.-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

oliy taʼlim muassasalari oʻquv dasturlariga monopoliyaga qarshi tartibga solish va raqobat huquqi boʻyicha kadrlar tayyorlash boʻyicha maxsus yoʻnalishlarni joriy etish;

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi markaziy apparati va hududiy organlari xodimlari uchun raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish.

(3.10.-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

4-bob. 2024-yilga qadar erishiladigan Strategiya samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlari

1. Monopollashgan tovar bozorlari sonini kamida 45 foizga kamaytirish.

2. Monopol korxonalar sonini 40 foizga qisqartirish.

3. Monopol korxonalarning kamida 80 foizida monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy qilish.

4. Iqtisodiyotda taqdim etilgan imtiyozlar hajmini YAIM koʻrsatkichiga nisbatan 10 foizgacha kamaytirish.

5. Eksklyuziv huquqlar va preferensiyalarni taqdim etishni koʻzda tutgan normativ-huquqiy hujjatlarning kamida 60 foizini bekor qilish.

6. Iqtisodiy erkinlik indeksida Investitsion faoliyat erkinligi indikatori boʻyicha koʻrsatkichni 20 dan 80 gacha oshirish.

7. Global raqobatbardoshlik indeksida Oʻzbekiston Respublikasining ishtirok etishi va uning koʻrsatkichlarini izchil ravishda yaxshilash.

8. Tovar, moliya va raqamli bozorlar ishtirokchilari sonini kamida 25 foizga oshirish.

9. Davlat xaridlari ishtirokchilari sonini 40 foizga oshirish.

10. Davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki koʻrsatkichini YAIM koʻrsatkichiga nisbatan 40 foizgacha pasaytirish.

11. “Tartibga solish gilotina” usuli foydalangan holda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlardagi tadbirkorlik faoliyatini qiyinlashtiruvchi va raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi normalarni kamida 30 foizga qisqartirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi PF-6019-son Farmoniga2-ILOVA

2020 — 2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi PF-6019-son Farmoniga3-ILOVA

Tadbirkorlik faoliyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadigan normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni yalpi xatlovdan oʻtkazish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi PF-6019-son Farmoniga4-ILOVA

2024-yilgacha boʻlgan davrda oʻzlariga tartibga solish boʻyicha biriktirilgan tarmoqlarda raqobatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish uchun masʼul vazirlik va idoralar

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.