PQ-2667-son Qaror · 02.12.2016

Buyuk davlat va siyosat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish boʻyicha Xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2667
  • Qabul qilingan sana:02.12.2016
  • Kuchga kirgan sana:02.12.2016
  • Holati:Amalda

Mustaqil Oʻzbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, oʻzbek xalqining ulugʻ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov Vatanimizni uzoq yillar davom etgan mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yoʻlboshchimiz gʻoyat ogʻir va tahlikali vaziyatda turli qiyinchilik va mashaqqatlarga qaramasdan, tarixan qisqa davr mobaynida Oʻzbekistonni jadal va barqaror surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.

Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti oʻzining serqirra siyosiy faoliyati, oliyjanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning koʻp asrlik tarixida oʻchmas va yorqin iz qoldirdi. U nafaqat Oʻzbekiston, balki butun jahon miqyosida katta hurmat va obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanildi.

Xalqimizning samimiy istaklari va xohish-irodasidan kelib chiqqan holda, ona Vatanimiz taraqqiyoti, el-yurtimiz manfaati yoʻlidagi unutilmas buyuk tarixiy xizmatlarini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Oʻzbekiston Qahramoni Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi va keng jamoatchilikning Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish boʻyicha Xalqaro ijodiy tanlovni (keyingi oʻrinlarda Xalqaro tanlov deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish boʻyicha Xalqaro ijodiy tanlovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda tashkiliy qoʻmita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov) oʻn besh kun muddatda Xalqaro tanlovning tadbirlar rejasi, xarajatlar smetasi, nizomi, reglamenti va dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Xalqaro tanlovga tayyorgarlik koʻrish va uni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining 2016-2017-yillar uchun xarajatlar smetasida nazarda tutilgan budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi va xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari orqali Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan taqdim qilingan Xalqaro tanlov hamda unda ishtirok etish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning tegishli xorijiy ijodiy tashkilotlarga yigirma kun muddatda yetkazilishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Tashkiliy qoʻmita buyurtmanomalariga binoan Xalqaro tanlov oʻtkazilishi jarayonida tarjimonlar ishtirokini taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining buyurtmanomalariga binoan Xalqaro tanlov doirasida xorijiy davlatlardan keltiriladigan yuklar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro tanlovning xorijiy qatnashchilariga kirish vizalarining konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

8. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Xalqaro tanlovning xorijiy qatnashchilarini va unga aloqador yuklarni toʻlovlarning barcha turlaridan ozod qilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalqaro tanlovning gʻoliblarini taqdirlash bilan bogʻliq tadbir oʻtkaziladigan joylarda jamoat tartibini hamda uning qatnashchilari va mehmonlariga xizmat koʻrsatuvchi avtotransport vositalari harakati xavfsizligini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Xalqaro tanlov jarayonlarini keng yoritish tavsiya etilsin.

11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2016-yil 2-dekabr,

PQ-2667-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-dekabrdagi PQ-2667-son qarorigaILOVA

Buyuk davlat va siyosat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish boʻyicha Xalqaro ijodiy tanlovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.