PQ-4884-son Qaror · 06.11.2020

Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4884
  • Qabul qilingan sana:06.11.2020
  • Kuchga kirgan sana:07.11.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4884/1484

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6108-son Farmoni (keyingi oʻrinlarda — Farmon) ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Maktabgacha taʼlim vazirligi:

a) Xalq taʼlimi vazirligi va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda 2021-yil 1-avgustga qadar bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bepul bir yillik tayyorlash hamda boshlangʻich taʼlim oʻquv dasturlarining oʻzaro uzviyligini taʼminlash choralarini koʻrsin;

b) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar maktabgacha taʼlim tizimida zamonaviy oʻqitish shakllari, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy qilsin, jumladan:

xalqaro standartlar va talablar asosida maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarning rivojlanishini baholash mezonlari va koʻrsatkichlarini ishlab chiqsin;

bolalarning oʻsishi hamda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish jarayonlarini monitoring qilish boʻyicha “Bolalar bogʻchasi” axborot boshqaruv tizimini ishga tushirsin va unga kiritiladigan maʼlumotlarning shaffofligini taʼminlasin;

maktabgacha taʼlim xizmatlari uchun elektron toʻlov tizimlarini joriy qilsin;

maktabgacha taʼlim sohasida axborot boshqaruv tizimini boshqa vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin.

2. Milliy oʻquv dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) joriy qilish boʻyicha tajriba-sinovni lozim darajada oʻtkazish maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markaziga quyidagi vakolatlar berilsin:

Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi talablari asosida umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti, tayanch va variativ oʻquv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish;

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi buyurtmasiga asosan muallif va tuzuvchilarni tanlash hamda darsliklar va oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalarning yagona maketlarini yaratish;

(2-bandning birinchi — uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

yaratilgan darsliklar va oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalarni ekspertiza qilish, ularni taʼlim tizimida qoʻllash boʻyicha xulosa berish;

oʻquv reja, dasturlar, yaratilgan darslik va oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalarni tajriba-sinovdan oʻtkazish ishlariga rahbarlik qilish.

Xalq taʼlimi vazirligi uch oy muddatda Respublika taʼlim markazi faoliyatiga yuqori malakali va ilmiy salohiyatli kadrlarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish choralarini koʻrsin.

3. Bosh vazir oʻrinbosari B.A. Musayev va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi:

Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar Finlyandiyaning taʼlim sohasidagi tajribasini, shu jumladan oʻquv dasturlari, darsliklari, oʻqitish metodikalari va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini xorijga xizmat safarini tashkil etgan holda oʻrganib chiqsin;

Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Finlyandiyaning taʼlim sohasidagi ijobiy tajribasini Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tizimiga hamda Dasturga joriy qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

4. Xalq taʼlimi vazirligi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar:

xalq taʼlimi xodimlarining malaka oshirish jarayonini “hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida uzluksiz malaka oshirishni nazarda tutuvchi tizimga aylantirsin;

xalq taʼlimi xodimlarining kasbiy ehtiyojlarini tashxis qilish asosida ularning individual rivojlanish dasturini ishlab chiqish va dasturga muvofiq malakasini oshirish tartibini amaliyotga kiritsin;

xalq taʼlimi xodimlarining malaka oshirish jarayoniga kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy qilsin;

xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish, har bir xodimning malaka oshirish jarayonlarini monitoring qilish va shaxsiy hisobini yuritish imkoniyatini taʼminlovchi “Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasini ishga tushirsin.

5. A. Avloniy nomidagi Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining A. Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) sifatida qayta tashkil etilsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

6. Belgilansinki, Institut Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar Pedagogik mahorat markazlari (keyingi oʻrinlarda — hududiy markazlar) uchun bosh taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda ularning oʻquv, metodik va ilmiy faoliyatiga rahbarlik qiladi.

(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

Xalq taʼlimi vazirligi:

2021-yil 1-fevralga qadar Institut va hududiy markazlarni yuqori malakali, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalariga hamda ilmiy salohiyat va amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;

uch oy muddatda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim tashkilotlari hamda hududiy markazlarning pedagog kadrlar malakasini oshirish oʻquv rejalariga sinf rahbarlarini tayyorlash boʻyicha oʻquv modullarini kiritsin.

7. Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlarining Pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish shuʼbalari negizida belgilangan shtatlar doirasida yuridik shaxs maqomisiz Bolalarni ijtimoiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash markazlari tashkil etilsin.

(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Markazlarning asosiy vazifalari etib, quyidagilar belgilansin:

oʻquvchi-yoshlarning psixologik salomatligini muhofaza qilish, ularning barqaror ijtimoiy va intellektual rivojlanishini taʼminlash;

oʻsmirlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, turli xil zoʻravonlik koʻrinishlarining oldini olish, suitsidal holatlarga moyilligi boʻlgan oʻquvchilarni barvaqt aniqlash va ularga ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatish;

maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik xizmat koʻrsatish, ilgʻor tajribalarga asoslangan kasb-hunarga yoʻnaltirishning zamonaviy shakl va uslublarini joriy etish;

(7-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

maktablarda psixologik xizmatni takomillashtirish, psixologlarni metodik qoʻllab-quvvatlash va professional rivojlantirish, maktabgacha va maktab taʼlimi xodimlarining pedagogik faoliyatga shaxsiy muvofiqligini oʻrganish.

(7-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

8. Belgilansinki:

Bolalarni ijtimoiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash markazlariga ehtiyojga qarab umumtaʼlim maktablarida faoliyat yurituvchi hamda xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi tajribali psixologlar fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etiladi;

Bolalarni ijtimoiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash markazlarining faoliyati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi;

(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

2021/2022 oʻquv yilida psixologiya sohasidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat buyurtmasi asosidagi qabul parametrlari 30 foizga oshiriladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda psixologiya sohasi boʻyicha kadrlarni tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalariga oʻquv rejalari va taʼlim dasturlarini ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishda, ularni ish beruvchilarning talablariga moslashtirishda koʻmaklashsin.

Xalq taʼlimi vazirligi pedagog kadrlar malakasini oshirishda bolalar psixologiyasi boʻyicha oʻquv kurslarini oʻtkazsin va mazkur jarayonga malakali, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilsin.

9. 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat oliy taʼlim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan oʻtkazishning yangi tartibi joriy qilinsin, unga muvofiq:

test sinovi topshiriqlari davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari asosida tuziladi;

test sinovi materiallarining maʼno-mazmuni umumiy oʻrta taʼlim tizimidagi fanlarning oʻquv dasturlariga moslashtiriladi;

abituriyentlarning nazariy bilimlarni oʻzlashtirish darajasi bilan birga mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va taʼlimning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan, kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlari ishlab chiqiladi;

amaldagi ABITUR dasturini takomillashtirish hisobiga yangi dasturiy mahsulot ishlab chiqiladi hamda 2021/2022 oʻquv yili uchun saralash test sinovlari yangi test savollari asosida oʻtkaziladi.

10. Xalq taʼlimi vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda:

2021-yil 1-martga qadar tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlari va metodistlari, kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilari faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqib, ushbu lavozimlarda mehnat qiladigan xodimlarga qoʻyiladigan talablar va ularning faoliyat samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlasin;

2021-yil 1-aprelga qadar tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlari va metodistlari, kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilari lavozimlarini yangi talablarga mos keladigan, yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin.

11. 2021-yil 1-yanvardan tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Maktabgacha va maktab taʼlimi xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmalari tashkil etilsin.

Quyidagilar Maktabgacha va maktab taʼlimi xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmalarining manbalari etib belgilansin:

2021-yilda tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari xodimlari yillik ish haqi fondining 25 foiziga, 2022-yildan boshlab esa — 50 foiziga teng miqdordagi mablagʻlar;

tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari tasarrufidagi muassasalarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari daromadlari (homiylik xayriyalaridan tashqari), shu jumladan boʻsh turgan bino va yerlarini ijaraga berish hisobidan tushgan tushumlardan 3 foiz miqdoridagi ajratmalar;

(11-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son)

Maktabgacha va maktab taʼlimi xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi xodimlari, shu jumladan metodistlari moddiy qoʻllab-quvvatlash tadbirlariga yoʻnaltiriladi.

(11-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son)

12. Moliya vazirligi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda optik tolali yuqori tezlikdagi Internet liniyalari olib borilgan umumtaʼlim muassasalarining ichki lokal uskunalarini oʻrnatish, yagona “Elektron taʼlim” tarmogʻini joriy qilish, uni boshqarish, kontent yaratish va texnik qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari umumtaʼlim muassasalarining Internetdan foydalanish xizmatlari uchun xarajatlarni oʻz vaqtida mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan toʻlanishini taʼminlasin.

13. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar:

professional taʼlimning taʼlim dasturlari va oʻqitish materiallari toʻplamlarini mehnat bozorining talablari, tarmoq malaka ramkalari va professional standartlar asosida ish beruvchilar bilan birgalikda ishlab chiqsin va tizimli ravishda takomillashtirib borsin;

kasb-hunar maktablarini hududlar boʻyicha joylashuvi hamda tayyorlanadigan ishchi kasblardan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish uchun ish beruvchilarga biriktirsin;

professional taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning metodik taʼminotini mustahkamlash, ularni yangi taʼlim resurslari bilan taʼminlab borish imkoniyatini beradigan alohida elektron platformani ishlab chiqsin va taʼlim dasturlari, oʻqitish materiallari hamda boshqa uslubiy qoʻllanmalardan masofaviy tarzda foydalanish imkoniyatini yaratsin;

professional taʼlim muassasalari guruh rahbarlarini tayyorlash uchun oʻquvchilar bilan ishlash, ular psixologiyasini oʻrganish va metodik taʼminlashga qaratilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etsin;

rivojlangan davlatlarning IT-texnologiyalari, robototexnika, qurilish, turizm, transport, energetika va boshqa sohalar boʻyicha yetakchi professional taʼlim muassasalari filiallarini tashkil qilish boʻyicha tegishli choralar koʻrsin;

professional taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha xususiy sektorning salmogʻini kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida professional taʼlim tashkilotlarini tashkil etish choralarini koʻrsin.

14. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

oliy taʼlim tashkilotlarining pedagogik boʻlmagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalari uchun ixtiyoriy ravishda oʻzlashtiriladigan pedagogik tayyorgarlik modullarini ishlab chiqsin va amaliyotga kiritsin;

pedagogik tayyorgarlik modullarining mazmuni va hajmiga quyiladigan talablarni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan kelishsin;

(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

barcha oliy taʼlim tashkilotlarida axborot-resurs markazlari bazasida mavjud darslik, oʻquv-uslubiy va boshqa qoʻllanmalar raqamli formatga oʻtkazilib, ularning elektron platformasi shakllantirilishini taʼminlasin hamda ular boʻyicha raqamli yagona axborot qidiruv tizimini joriy qilsin;

har bir fan kesimida maʼruza, amaliy (seminar) va laboratoriya mashgʻulotlari, mustaqil ishlar boʻyicha elektron modullarni ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin;

davlat oliy taʼlim tashkilotlariga xorijiy talabalarni jalb etish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida taʼlim xorijiy tillarda olib boriladigan guruhlar salmogʻini bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini koʻrsin;

xorijiy talabalarni davlat oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilishni yilda ikki marta semestrning boshida tashkil qilsin.

15. Taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining birinchi rahbarlari zimmasiga dasturda belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga quyidagilar tavsiya etilsin:

idoralararo ishchi guruhi tuzib, Farmon va mazkur qarorning mazmun-mohiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borish;

taʼlim sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish, bitiruvchilarning bandligini taʼminlash, pedagog xodimlar va olimlarning faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish, taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan faoliyat ustidan taʼsirchan parlament nazoratini yoʻlga qoʻyish.

17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish, Farmon va mazkur qarorning joylarda ijrosini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xarita”larini tasdiqlasin.

18. Vazirlar Mahkamasi:

2021-yil 1-martga qadar oʻqituvchi va muallimlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagog xodimlarning maqomi toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin;

2021-yil 1-yanvarga qadar Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi hamda Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

19. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda taʼlim va ilm-fan sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka toʻgʻri yetkazish maqsadida oʻqituvchilik kasbini ulugʻlovchi videoroliklar, ilmiy-ommabop koʻrsatuvlar, badiiy va hujjatli filmlarni ishlab chiqsin, televideniye orqali doimiy namoyish qilsin hamda ijtimoiy reklama sifatida ularni televideniye va radiokanallarda joylashtirsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Farmon hamda mazkur qarorning maqsad va vazifalarini, malakali oʻqituvchilar, namunali sinf rahbarlari, maktablar va direktorlarning ijobiy tajribalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.

21. Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 6-noyabr,

PQ-4884-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4884-son qaroriga ILOVA

Taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.