[Koʻchirma]
Respublikamizda sogʻliqni saqlash hamda jismoniy tarbiya va sport sohalarini isloh qilish yuzasidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda ushbu tizimlarni takomillashtirish barobarida aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga mazkur sohada davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida ahamiyat qaratilmoqda.
Jumladan, 2025-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, 2022-yilga qadar yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyalari hamda sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi va ijroga qaratildi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, jismoniy faollik hamda ovqatlanish meʼyor va qoidalariga amal qilmaslik, tarkibida tuz, qand, yogʻ miqdori koʻp boʻlgan taom va shirinliklarni meʼyoridan ortiq isteʼmol qilish, shuningdek yetarli darajada vitamin va minerallar isteʼmol qilmaslik oqibatida yoshlarda ratsional oʻsish va aqliy rivojlanishda ortda qolish, kattalarda esa yurak qon-tomir, endokrin, xavfli oʻsma kabi insonning erta oʻlimiga olib keluvchi qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʻladi.
Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan olingan saboqlar kasallikning ogʻirligi va oʻlim holatlarining katta qismi notoʻgʻri turmush tarzi tufayli kelib chiqadigan yoʻldosh kasalliklar bilan chambarchas bogʻliqligini koʻrsatdi.
Aholining sogʻlom ovqatlanishi va jismoniy faolligini taʼminlashda davlat siyosatini yanada mustahkamlash, yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, har bir fuqaroda sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollik madaniyatini shakllantirish maqsadida:
1. Aholi salomatligini taʼminlash boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
a) 2021-yil 1-iyundan boshlab:
6 — 23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar “A” vitamini bilan;
2 — 10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlanadi;
b) 2022-yil 1-iyuldan boshlab:
homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3 — 15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan;
35 yoshgacha tugʻish yoshidagi ayollar temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul taʼminlanadi;
v) 2021-yil 1-apreldan boshlab birinchi nav bugʻdoy uni bilan bir qatorda oliy nav bugʻdoy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)
3. Bolalarning 5 yoshgacha boʻlgan davrda optimal rivojlanishi va oʻsishini taʼminlash maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi patronajning universal-progressiv modeli 2022-yil 1-yanvarga qadar bosqichma-bosqich joriy etilsin:
homilador va tugʻruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari mavjud oilalar uchun amaldagi shtatlar doirasida alohida patronaj hamshirasini biriktirish;
ushbu patronaj hamshirasi tomonidan umumiy holati qoniqarli va xavf guruhidagi aholini aniqlash hamda ular sogʻligʻining umumiy holatini differensiallashgan yondashuv asosida kuzatib borish;
umumiy holati qoniqarli boʻlgan barcha homilador va tugʻruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari mavjud oilalarni yagona meʼyor asosida bevosita kuzatish;
ruhiy tushkunlik holati, bolaning toʻgʻri ovqatlanishi va rivojlanishi uchun sogʻlom muhitni taʼminlashda qiyinchiliklari mavjud xavf guruhidagi homilador va tugʻruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarning har biriga individual reja asosida kengaytirilgan yordam koʻrsatish.
4. Sirdaryo viloyatining tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida 2021-yil 1-yanvardan boshlab eksperiment tariqasida toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini yuritish boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” xonalari tashkil etilsin.
Belgilansinki, “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” xonalari:
aholiga toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarzi va jismoniy faollik masalalarida yakka tartibda profilaktik tadbirlarni olib boradi;
respublika budjetidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan zarur moddiy-texnik vositalar bilan jihozlanadi;
Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tuman (shahar) boʻlinmalari shtatlarini qayta koʻrib chiqish hisobiga shakllantiriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (E.I. Basitxanova) Moliya vazirligi (J.I. Abruyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar eksperiment natijalarini tanqidiy tahlil qilib, uni respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. Markaz, Respublika oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi hamda tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiy xodimlari uchun diyetologiya boʻyicha qayta tayyorlash kurslarini, aholi uchun ovqatlanish boʻyicha maslahatchi tayyorlash kurslarini tashkil etish vakolati berilsin.
6. Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutiga qoʻshimcha ravishda sogʻlom va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari xomashyosining asosiy turlarini kengaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini mikronutriyentlar bilan boyitish, aholining yoshi, jinsi, fiziologik holati, kasbi va kasalliklaridan kelib chiqqan holda sogʻlom va parhezli ovqatlanish hamda profilaktik tibbiyot masalalari boʻyicha canitariya qoidalari va meʼyorlarini tayyorlash, oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va ilmiy tadqiqotlar olib borish vazifalari yuklatilsin.
Ilmiy-tadqiqot instituti (Oʻ.X. Adilov):
2021-yil 1-fevralga qadar Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida diyetolog mutaxassislar va ovqatlanish boʻyicha maslahatchilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv dasturlarini tayyorlasin;
2021-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqotlar instituti bilan birgalikda aholining yoshi, jinsi, fiziologik holati va kasbiga koʻra guruhlari uchun tavsiya etiladigan oʻrtacha kunlik ovqatlanish meʼyorlari hamda jismoniy mashqlar kompleksini ishlab chiqsin.
7. Markaz (B.T. Odilova) targʻibot ishlarini taniqli madaniyat vakillari va sportchilarni jalb qilgan holda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda videorolik shaklida, aholi orasida infografik tarqatma materiallardan foydalangan holda olib borish amaliyotini yoʻlga qoʻysin. Bunda, ayniqsa, notoʻgʻri ovqatlanish va kam harakatlanishning inson salomatligiga salbiy taʼsiri, xususan buning oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar va ularning asoratlari hamda kasalliklar profilaktikasi va uni davolashda meva va sabzavotlarning xususiyatlari, jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanishning inson salomatligiga foydasini yoritishga alohida eʼtibor qaratsin.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.I. Ikramov), Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni tizimli amalga oshirishda Markazga yaqindan koʻmaklashsin.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
8. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov, J.I. Abruyev) 2021-yildan boshlab toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini yuritish boʻyicha keng koʻlamli targʻibot ishlarini, jumladan aholi va tibbiyot xodimlari uchun tarqatma materiallarni tayyorlash hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlarni moliyalashtirish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra Davlat budjetidan mablagʻlar ajratsin.
Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, xususan sogʻlom ovqatlanish masalalari boʻyicha muammolarning yechimiga qaratilgan ilmiy loyihalarning tanlovlar asosida shakllantirilishini taʼminlasin.
9. Belgilansinki, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Shaxsiy gigiyena va jismoniy tarbiya asoslari” mashgʻulotlari oʻtkaziladi;
respublika umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv darslarini qayta koʻrib chiqqan holda 1 — 4-sinflar uchun “Tarbiya” va “Atrofimizdagi olam” fanlari, yuqori sinflar uchun “Biologiya” fani tarkibida toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha “Salomatlik saboqlari” mavzulari kiritiladi;
akademik litsey, professional va oliy taʼlim muassasalarining “Jismoniy tarbiya” fani doirasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladi;
tibbiyot texnikumlarida valeolog, diyetolog, nutritsiolog mutaxassisliklarini tayyorlash, nutritsiolog va diyetolog magistratura (internatura, klinik ordinatura) mutaxassisliklarini 1 yillik oʻquv dasturlari asosida tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;
tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat, klinik ordinatura, magistratura, tibbiyot kollejlari va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining barcha yoʻnalishlarida toʻgʻri ovqatlanish mavzulari alohida siklda oʻqitiladi;
barcha mutaxassisliklar boʻyicha vrach va oʻrta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, qayta tayyorlash kurslari boʻyicha fan dasturlariga “Sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanish mezonlari” mavzulari kiritiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Sh. Inoyatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan oʻquv mashgʻulotlarini Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida ishlab chiqsin.
10. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Sh. Inoyatov) hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (R.S. Irmatov):
a) uch oy muddatda malaka oshirish va seminar-mashgʻulotlar oʻtkaziladigan joy hamda ularni moliyalashtirish manbalarini aniq koʻrsatgan holda quyidagi dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, jumladan koʻp tarmoqli va oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlarida faoliyat yurituvchi vrach va oʻrta tibbiyot xodimlarini diyetologiyani chuqurlashtirib oʻrgatgan holda valeologiya boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish;
(10-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)
oilaviy shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlarini Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga asosan yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi boʻyicha katta yoshdagi aholiga maslahatlar berish yuzasidan oʻqitish;
(10-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)
davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga xodimlari hamda dekretiv guruh vakillari uchun toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarzi va sanitar-gigiyenik koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha seminar-mashgʻulotlar oʻtkazish;
“Salomatlik yoʻlaklari”da davlat organlari va tashkilotlarining xodimlarini jalb etgan holda piyoda va velosipedda yurish boʻyicha marafonlar va sport musobaqalarini oʻtkazish;
b) 2021-yil 1-oktabrga qadar Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini yuritish boʻyicha tavsiyalari asosida yuqumli boʻlmagan kasalliklarga oid diagnostika (davolash) standartlari va klinik protokol (qoʻllanma)larni qayta tasdiqlasin;
v) 2022-yil 1-yanvarga qadar mahallalar kesimida yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha “aholining salomatlik profili”ni yaratsin va uni oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borsin. Bunda, aholining ovqatlanish xarakteri, tana vazni indeksi, alkogolli ichimlik va tamakiga qaramlilikning mavjudligi, arterial bosim, qondagi qand miqdori va xolesterin darajasi kabi koʻrsatkichlarning qamrab olinishini nazarda tutsin.
11. Belgilansinki, oziq-ovqat mahsulotlarini tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori inson sogʻligʻi uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini koʻrsatuvchi belgilar bilan tamgʻalash quyidagi tartibda ikki bosqichda joriy etiladi:
a) 2021-yil 1-iyuldan boshlab:
oziq-ovqat mahsulotlarini tamgʻalash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;
xavfsizlik belgisi bilan tamgʻalangan oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasi imtiyozli tariflar asosida tarqatiladi (joylashtiriladi);
taʼlim, sport va tibbiyot muassasalarida xavfsizlik belgisi bilan tamgʻalanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotishga yoʻl qoʻyilmaydi hamda bunday mahsulotlarni realizatsiya qilish savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi;
b) 2025-yil 1-yanvardan boshlab respublika hududida realizatsiya qilish uchun olib kiriladigan va mahalliy ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari ularning inson sogʻligʻi uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini koʻrsatuvchi belgilar bilan majburiy tartibda tamgʻalanadi.
Bunda, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdorini hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlarining inson sogʻligʻi uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini belgilash davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
12. Quyidagilar:
2020 — 2025-yillarda aholida sogʻlom ovqatlanish odatini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2020 — 2025-yillarda aholida sogʻlom ovqatlanish odatini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish samaradorligini aniqlash indikatorlari 2-ilovaga muvofiq;
2021 — 2023-yillarda qabul qilinadigan oziq-ovqat sanoati sohasidagi xalqaro standartlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
2021 — 2023-yillarda qayta koʻrib chiqiladigan oziq-ovqat xavfsizligiga oid canitariya qoidalari va meʼyorlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
mazkur qarorning alohida bandlari ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha harakatlar rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi:
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvardan boshlab oziq-ovqat mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari milliy standart va meʼyorlarga muvofiqligini hamda mahsulot oʻramidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligini xolis oʻrganuvchi “Sifat nazorati” televizion koʻrsatuvi namoyish etib borilishini taʼminlasin;
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda “Oziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” tadbirini 2021-yildan boshlab har yili noyabr oyida oʻtkazishni yoʻlga qoʻysin.
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3818-son qaroriga 1-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi mazmundagi “2106 90 980 3” pozitsiya bilan toʻldirilsin:
16. Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, vazir oʻrinbosari E.I. Basitxanova, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi B.Q. Yusupaliyev va Markaz direktori B.T. Odilova belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 10-noyabr,
PQ-4887-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi PQ-4887-son qaroriga1-ILOVA
2020 — 2025-yillarda aholida sogʻlom ovqatlanish odatini shakllantirish boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi PQ-4887-son qaroriga2-ILOVA
2020 — 2025-yillarda aholida sogʻlom ovqatlanish odatini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish samaradorligini aniqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi PQ-4887-son qaroriga3-ILOVA
2021 — 2023-yillarda qabul qilinadigan oziq-ovqat sanoati sohasidagi xalqaro standartlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi PQ-4887-son qaroriga4-ILOVA
2021 — 2023-yillarda qayta koʻrib chiqiladigan oziq-ovqat xavfsizligiga oid canitariya qoidalari va meʼyorlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi PQ-4887-son qaroriga5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4887-son qarorining alohida bandlari ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)