Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari faoliyatini yanada ragʻbatlantirish, Vatan oldidagi sharafli burchini ado etishdagi xizmatlari uchun ularni munosib taqdirlash, shuningdek, harbiylarning shijoati, mardligi va matonatini yanada mustahkamlash, ular oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida:
1. 2004-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri” va “Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyalarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlov (keyingi oʻrinlarda — koʻrik-tanlov) oʻtkazib kelinayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlov toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlovning tashkiliy qoʻmitasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Koʻrik-tanlovning ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash, uni oʻtkazish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilish masʼuliyati koʻrik-tanlov tashkiliy qoʻmitasiga yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, birlashmalar va qoʻshilmalar qoʻmondonlari harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari bilan birgalikda koʻrik-tanlovning sifatli tashkil etilishi va oʻtkazilishi boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
4. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasiga ajratiladigan budjet mablagʻlari;
harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Bunda koʻrik-tanlov gʻoliblari va sovrindorlariga toʻlanadigan pul mukofotlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qoʻshilmalar va qismlar, harbiy okruglar va ularga tenglashtirilgan boʻlinmalarga koʻrik-tanlovni tashkil etish va oʻtkazish hamda uning gʻoliblarini taqdirlashda koʻmaklashsin.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy-axborot vositalariga koʻrik-tanlovni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmoyishlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 1-dekabr,
PQ-4905-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-dekabrdagi PQ-4905-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlov toʻgʻrisida
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlovni (keyingi oʻrinlarda — koʻrik-tanlov) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Koʻrik-tanlov tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Mudofaa vazirligi), Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (keyingi oʻrinlarda — IIV), Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya) va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati 35007-harbiy qismi hamda Chegara qoʻshinlarining (keyingi oʻrinlarda — DXX boʻlinmalari) qoʻshilma, qism va oliy harbiy taʼlim muassasalarida (keyingi oʻrinlarda — harbiy qismlar) kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkaziladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
3. Koʻrik-tanlovda:
“Eng ilgʻor serjant” nominatsiyasi boʻyicha — harbiy qismlarda serjantlar tarkibi lavozimlarida bir yildan ortiq muddat davomida harbiy xizmatni oʻtayotgan serjantlar;
“Eng ilgʻor guruh komandiri” nominatsiyasi boʻyicha — harbiy qismlarda guruh komandiri lavozimida bir yildan ortiq muddat davomida harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
“Eng ilgʻor vzvod komandiri” nominatsiyasi boʻyicha — harbiy qismlarda vzvod komandiri lavozimida harbiy xizmatni oʻtayotgan ofitserlar;
“Eng ilgʻor batalyon komandiri” nominatsiyasi boʻyicha — harbiy qismlarda batalyon komandiri lavozimida harbiy xizmatni oʻtayotgan ofitserlar;
“Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyasi boʻyicha — brigada komandiri lavozimida harbiy xizmatni oʻtayotgan ofitserlar qatnashadi.
4. Koʻrik-tanlovning maqsadi quyidagilardan iborat:
harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish, harbiy xizmatchilarda oʻz kasbiga sadoqat hislarini kuchaytirish, ular oʻrtasidagi oʻzaro sogʻlom raqobat muhitini qoʻllab-quvvatlash;
jangovar tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirish, qoʻshinlarning yuqori jangovar shayligini saqlab turish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida yuksak harbiy intizomni mustahkamlash;
komandirlik va jangovar tayyorgarlik dasturlarining samarali oʻzlashtirilishi, shaxsiy tarkibning individual kasbiy mahoratini takomillashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
qoʻmondonlik boʻgʻiniga mansub harbiy xizmatchilarning kasbiy oʻsishi, ularning harbiy bilimlarini oshirishga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, intellektual salohiyati va yetakchilik fazilatlarini rivojlantirish;
kadrlar bilan ishlashni takomillashtirish, yuqori lavozimlarga tayinlash uchun eng yaxshi tayyorgarlikka ega, istiqbolli ofitser va serjantlar zaxirasini shakllantirish.
5. Koʻrik-tanlov ushbu Nizomga ilovadagi sxema boʻyicha oʻtkaziladi.
2-bob. Koʻrik-tanlovni tashkil etish va oʻtkazish tartibi
1-§. Koʻrik-tanlovni tashkil etish va oʻtkazishning umumiy talablari
6. Koʻrik-tanlov har yili 1-iyundan 30-dekabrga qadar quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
saralash bosqichi — iyun-iyul oylarida Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya va DXX boʻlinmalari harbiy qismlarida;
okrug bosqichi — avgust — oktabr oylarida Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya okrug (boshqarma, birlashma)larida va DXX 35007-harbiy qismi hamda Chegara qoʻshinlari operativ qoʻmondonligida;
respublika bosqichi — noyabr-dekabr oylarida alohida-alohida Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya va DXX miqyosida.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
7. Koʻrik-tanlovning saralash va okrug bosqichlari Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya va DXX boʻlinmalarida idoraviy komissiyalarni (keyingi oʻrinlarda — idoraviy komissiya) tuzgan holda oʻtkaziladi. Idoraviy komissiya rais va 6 kishidan iborat tarkibda tuziladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
8. Koʻrik-tanlovning respublika bosqichini oʻtkazish uchun quyidagi tarkibda respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) tuziladi:
rais — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻining oʻrinbosari;
aʼzolar — Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya markaziy apparatlarining va DXX 35007-harbiy qismi hamda Chegara qoʻshinlari operativ qoʻmondonligining boshqarmalari, boʻlimlari va xizmatlari ofitserlari (kamida 20 kishi).
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
9. Respublika bosqichi Mudofaa vazirligi umumqoʻshin poligonlaridan birining bazasida oʻtkaziladi.
10. Koʻrik-tanlov komissiyalari oʻz faoliyatini har yili 1-iyundan 30-dekabrga qadar olib boradi.
2-§. Koʻrik-tanlovning saralash bosqichini oʻtkazish tartibi
11. Koʻrik-tanlovning saralash bosqichida nomzodlarni saralash avvalgi oʻquv yilida erishilgan natijalarni tahlil qilgan holda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
“Eng ilgʻor serjant” nominatsiyasi boʻyicha — harbiy qismlar serjantlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning umumiy yigʻilishida taqdim qilingan nomzodlarning kasbiy va maʼnaviy-axloqiy sifatlari, funksional vazifalarini (lavozim majburiyatlarini) qay darajada bilishi va bajarishi, oʻziga ishonib topshirilgan qurol-aslaha, harbiy texnikaning holati, shuningdek, komandirlik va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik dasturining asosiy fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini muhokama qilish yoʻli bilan;
“Eng ilgʻor guruh komandiri” nominatsiyasi boʻyicha — harbiy qismlarda ofitserlar va serjantlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning umumiy yigʻilishida taqdim qilingan nomzodlarning kasbiy va maʼnaviy-axloqiy sifatlari, funksional majburiyatlarini qay darajada bilishi hamda bajarishi, komandirlik tayyorgarlik dasturining asosiy fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini, shuningdek, qoʻl ostidagi guruhning qurol-aslahasi va harbiy texnikalarining holati, jangovar tayyorgarlikda erishgan natijalarini muhokama qilish yoʻli bilan;
“Eng ilgʻor vzvod komandiri” va “Eng ilgʻor batalyon komandiri” nominatsiyalari boʻyicha vzvod, batalyon komandirlari — harbiy qismlar ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning umumiy yigʻilishida nomzodlarning kasbiy va maʼnaviy-axloqiy sifatlari, funksional vazifalarini (lavozim majburiyatlarini) qay darajada bilishi va bajarishi, shuningdek, komandirlik tayyorgarlik dasturining asosiy fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini (nomzod qoʻmondonlik qiladigan boʻysunuvchi boʻlinmaning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha erishgan natijalarini hisobga olgan holda) muhokama qilish yoʻli bilan.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qaroriga asosan uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilgan)
12. Saralash tadbirlari natijalari boʻyicha idoraviy komissiya nomzodlarni koʻrik-tanlovning okrug bosqichida ishtirok etishga tavsiya etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Idoraviy komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va unda koʻrik-tanlovning okrug bosqichida ishtirok etishga tavsiya etilgan nomzodlarning nomma-nom roʻyxati koʻrsatiladi.
3-§. Koʻrik-tanlovning okrug bosqichini oʻtkazish tartibi
13. Koʻrik-tanlovning okrug bosqichi Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya va DXX boʻlinmalarining komandirlik, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha amaldagi dasturlari asosida ishlab chiqilgan nazariy va amaliy qismlardan iborat dasturlarga muvofiq tashkil etiladigan, koʻrik-tanlovni oʻtkazish boʻyicha komissiya raisi rahbarligidagi besh kunlik yigʻinlar davomida “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri” va “Eng ilgʻor batalyon komandiri” nominatsiyalari boʻyicha qatnashayotgan ishtirokchilar oʻrtasida oʻtkaziladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
Ishtirokchilarning bilimlari koʻp balli tizim boʻyicha baholanadi.
14. Dasturning nazariy qismi kompyuterdan foydalangan holda beriladigan test savollariga ishtirokchilar tomonidan toʻgʻri javoblarni belgilash yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Test savollari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy nizomlari hamda komandirlik, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha oʻtilgan mavzularda ishtirokchilarning olgan bilimlarni oʻzlashtirishini aniqlash imkoniyatini beradigan materiallar asosida tuziladi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
Test savollarining roʻyxati, test sinovlarini oʻtkazish tartibi va baholash mezonlari idoraviy komissiya qarori bilan tasdiqlanadi.
15. Dasturning amaliy qismi ishtirokchilar tomonidan amaliy otish mashqlarini bajarish, taktik va jismoniy tayyorgarlik normativlarini topshirish orqali oʻtkaziladi.
Amaliy otish mashqlarini bajarish, taktik va jismoniy tayyorgarlik normativlarini topshirish tartibi va baholash mezonlari idoraviy komissiya qarori bilan tasdiqlanadi.
16. Test savollariga javob berish, amaliy otish mashqlarini bajarish, taktik va jismoniy tayyorgarlik normativlarini topshirish natijalari boʻyicha toʻplangan ballar qoʻshilib, har bir ishtirokchining yakuniy bali chiqariladi.
Gʻolib va sovrindorlar ballar yigʻindisi yakuni boʻyicha aniqlanadi.
17. Ikki va undan ortiq ishtirokchilarning toʻplagan yakuniy ballari teng boʻlgan hollarda, jismoniy tayyorgarligi boʻyicha eng yaxshi natija koʻrsatgan ishtirokchi gʻolib deb topiladi.
18. “Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyasi boʻyicha — okrug (boshqarma, birlashma) ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning umumiy yigʻilishlarida nomzodning kasbiy va maʼnaviy-axloqiy sifatlari, funksional vazifalarini (lavozim majburiyatlarini) qay darajada bilishi va bajarishi, komandirlik tayyorgarlik dasturining asosiy fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini (boʻysunuvchi boʻlinmaning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha erishgan natijalarini hisobga olgan holda) muhokama qilish yoʻli bilan saralab olinadi va nomzodlar koʻrik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etishga tavsiya etiladi.
Umumiy yigʻilish qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va unda koʻrik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etishga tavsiya etilgan nomzodlarning nomma-nom roʻyxati koʻrsatiladi hamda idoraviy komissiyaga taqdim etiladi.
19. Idoraviy komissiya ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning umumiy yigʻilishi tomonidan tavsiya etilgan “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri” va “Eng ilgʻor batalyon komandiri” nominatsiyalari, shuningdek, “Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarning umumlashtirilgan roʻyxatini tasdiqlaydi hamda Respublika komissiyasiga belgilangan tartibda taqdim etadi.
4-§. Koʻrik-tanlovning respublika bosqichini oʻtkazish tartibi
20. Koʻrik-tanlovning respublika bosqichi Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya va DXX boʻlinmalarining komandirlik, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha amaldagi dasturlariga muvofiq besh kunlik yigʻinlar davomida “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri” va “Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyalari boʻyicha qatnashayotgan ishtirokchilar oʻrtasida oʻtkaziladi.
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
Ishtirokchilarning bilimlari koʻp balli tizim boʻyicha baholanadi.
21. Dasturning nazariy qismi kompyuterdan foydalangan holda beriladigan test savollariga ishtirokchilar tomonidan toʻgʻri javoblarni belgilash yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Test savollari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy nizomlari hamda komandirlik, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha oʻtilgan mavzularda ishtirokchilarning olgan bilimlarini aniqlash imkoniyatini beradigan materiallar asosida Respublika komissiyasi tomonidan tuziladi.
(21-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
Test savollarining roʻyxati, test sinovlarini oʻtkazish tartibi va baholash mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlovning tashkiliy qoʻmitasi qarori bilan tasdiqlanadi.
22. Dasturning amaliy qismida barcha ishtirokchilar amaliy otish mashqlarini bajaradi, jismoniy va taktik tayyorgarlik boʻyicha normativlarni topshiradi.
Amaliy otish mashqlarini bajarish, jismoniy va taktik tayyorgarlik boʻyicha normativlarni topshirish tartibi va baholash mezonlari Respublika komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlovning tashkiliy qoʻmitasi qarori bilan tasdiqlanadi.
23. Test savollariga javob berish, amaliy otish mashqlarini bajarish, jismoniy va taktik tayyorgarlik normativlarni topshirish boʻyicha toʻplangan ballar qoʻshilib, har bir ishtirokchining yakuniy bali chiqariladi.
Gʻolib va sovrindorlar yakuniy ballar yigʻindisi boʻyicha aniqlanadi.
24. Ikki va undan ortiq ishtirokchilarning toʻplagan yakuniy ballari teng boʻlgan hollarda, jismoniy tayyorgarligi boʻyicha eng yaxshi natija koʻrsatgan ishtirokchi gʻolib deb topiladi.
25. Koʻrik-tanlovning respublika bosqichi yakuni boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri” va “Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi va ularning roʻyxati tasdiqlanadi.
Koʻrik-tanlovning respublika bosqichi natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlovning tashkiliy qoʻmitasi qarori bilan rasmiylashtiriladi. Qarorga Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri” va “Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib va sovrindorlar roʻyxati ilova qilinadi.
3-bob. Koʻrik-tanlovning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash
26. Koʻrik-tanlovning okrug va respublika bosqichlarida 1-oʻrinni egallagan ishtirokchilar gʻolib, 2 va 3-oʻrinni egallagan ishtirokchilar sovrindorlar deb hisoblanadi.
27. Koʻrik-tanlovning gʻolib va sovrindorlari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
a) okrug bosqichida:
1-oʻrin uchun — diplom va lavozim maoshining bir baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
2-oʻrin uchun — lavozim maoshining 75 foizi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
3-oʻrin uchun — lavozim maoshining 50 foizi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
b) respublika bosqichida:
1-oʻrin uchun — I darajali diplom va lavozim maoshining uch baravari miqdoridagi bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti hamda navbatdagi malaka toifasi;
2-oʻrin uchun — II darajali diplom va lavozim maoshining ikki baravari miqdoridagi bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
3-oʻrin uchun — III darajali diplom va lavozim maoshining bir baravari miqdoridagi bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti.
28. Tanlov gʻoliblari va sovrindorlariga toʻlanadigan pul mukofotlari tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasiga ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
29. Koʻrik-tanlovning okrug bosqichi gʻolib va sovrindorlariga diplom va pul mukofotlari Mudofaa vazirligi harbiy okruglari, Milliy gvardiya, IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi, DXX 35007-harbiy qismi va Chegara qoʻshinlari operativ qoʻmondonligining har yili oktabr oyida oʻtkaziladigan yigʻilishlarida tantanali ravishda topshiriladi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
30. Koʻrik-tanlovning respublika bosqichi gʻolib va sovrindorlari Vatan himoyachilari kuni munosabati oʻtkaziladigan asosiy bayram tadbirida eʼlon qilinadi va taqdirlanadi.
4-bob. Gʻoliblarga beriladigan imtiyozlar
31. Koʻrik-tanlovning respublika bosqichi gʻoliblariga quyidagi imtiyozlar beriladi:
“Eng ilgʻor serjant” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga — shtatga koʻra egallab turgan lavozim uchun koʻzda tutilgan harbiy unvondan qatʼi nazar bir pogʻona yuqori harbiy unvon berish;
(31-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
“Eng ilgʻor guruh komandiri” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga — davlat mukofoti bilan taqdirlash uchun nomzodlar roʻyxatiga kiritish, shuningdek, yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish;
(31-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
“Eng ilgʻor vzvod komandiri” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining malaka oshirish markaziga tanlovsiz oʻqishga kirish, shuningdek, yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish;
(31-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-fevraldagi PF-20-sonli Farmoni tahririda)
“Eng ilgʻor batalyon komandiri” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Qurolli Kuchlar Bosh shtabi fakultetiga tanlovsiz oʻqishga kirish, shuningdek, yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish;
(31-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-fevraldagi PF-20-sonli Farmoni tahririda)
“Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga — yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Koʻrik-tanlov natijalaridan norozi boʻlgan ishtirokchilar koʻrik-tanlov natijalari oʻqib eshittirilgan kundan boshlab 1 kun davomida apellyatsiya komissiyalariga (keyingi oʻrinlarda — apellyatsiya komissiyalari) apellyatsiya berish huquqiga ega.
Apellyatsiya 1 kun ichida koʻrib chiqiladi.
33. Koʻrik-tanlovning saralash va okrug bosqichi apellyatsiya komissiyalari tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari, respublika bosqichi apellyatsiya komissiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻining oʻrinbosari tomonidan tuziladi.
Apellyatsiya komissiyalari tarkibiga koʻrik-tanlov komissiyalari faoliyatida ishtirok etmagan shaxslar kiritiladi.
Apellyatsiya komissiyalari raislari, aʼzolari va ularning soni saralash va okrug bosqichi uchun vazirlik va idoralar rahbarlari, respublika bosqichi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻining oʻrinbosari tomonidan belgilanadi.
34. Ishtirokchilarning apellyatsiya arizasini koʻrib chiqishda ularning oʻzi ham ishtirok etishlari mumkin.
35. Apellyatsiya komissiyalari ishtirokchilarning apellyatsiyasini koʻrib chiqib, uning natijasi boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi.
36. Apellyatsiya komissiyalari tegishli qaror apellyatsiya bergan ishtirokchiga yetkazilishini taʼminlaydi.
37. Koʻrik-tanlovni tashkil etish va oʻtkazish jarayonlarida kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlov toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlovni oʻtkazish
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-dekabrdagi PQ-4905-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlovning tashkiliy qoʻmitasi
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli majburiyatlarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-iyuldagi PQ-237-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-dekabrdagi PQ-4905-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim farmoyishlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida eng yaxshi kasb egasi unvoni uchun tanlovni tashkil qilish va oʻtkazish toʻgʻrisida” 2004-yil 11-fevraldagi F-1906-son farmoyishi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida eng yaxshi kasb egasi unvoni uchun tanlovni tashkil qilish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2008-yil 4-oktabrdagi F-3076-son farmoyishi.