PQ-4906-son Qaror · 02.12.2020

Oʻzbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4906
  • Qabul qilingan sana:02.12.2020
  • Kuchga kirgan sana:03.12.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4906/1596

Oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi, uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuygʻusini, oliyjanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos oʻrni va ahamiyatini inobatga olib hamda tavalludining 80 yilligini munosib nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda jamoatchilik vakillarining 2021-yilda Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, tasdiqlasin:

2021-yil mart oyining uchinchi oʻn kunligida Oʻzbekiston Xalqaro anjumanlar saroyida Abdulla Oripov xotirasiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechasini oʻtkazish;

Abdulla Oripovning oʻzbek tilidagi ikki jildlik “Tanlangan asarlar”ini, qoraqalpoq, rus, ingliz va boshqa tillarga tarjima qilingan sheʼriy toʻplamlarini, shuningdek, “Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida” kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Abdulla Oripov ijodiy merosining oʻzbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya oʻtkazish hamda anjuman materiallarini alohida toʻplam holida chop etish;

Toshkent viloyati Qibray tumani Argʻin mahallasidagi Abdulla Oripov yashagan xonadonda yodgorlik lavhasi oʻrnatish;

Abdulla Oripovning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;

mamlakatimiz teatrlarida Abdulla Oripov asarlari asosida spektakllar sahnalashtirish;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ijod maktablari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?” mavzusida insholar tanlovlarini oʻtkazish;

Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida ijod maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Mitti yulduz jilolari” sheʼriyat bellashuvini oʻtkazish;

taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirokida Abdulla Oripov ijodiga bagʻishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari, kitobxonlik va sheʼriyat kechalari tashkil etish.

Tashkiliy qoʻmitaga Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifalari yuklatilsin.

4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 2-dekabr,

PQ-4906-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-dekabrdagi PQ-4906-son qaroriga ILOVA

Oʻzbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita

Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga shu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.