PQ-5040-son Qaror · 26.03.2021

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5040
  • Qabul qilingan sana:26.03.2021
  • Kuchga kirgan sana:26.03.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5040/0243

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi oʻzgarmoqda. Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh gʻoyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Bu borada olib borilayotgan muhim ishlarga qaramasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalardagi yangilanishlar jarayonida maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning samaradorligiga toʻsiq boʻlayotgan bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Xususan, maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlarni tashkil etishda yaxlit tizim mavjud emas, xalqimiz, ayniqsa yoshlarni maʼnaviy tahdidlardan himoya qilish borasida yetarli darajada tashkiliy-amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmayapti, ushbu yoʻnalishda davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektorning ijtimoiy hamkorligi samarali yoʻlga qoʻyilmagan.

Mavjud muammolarni hal etish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samarasi va taʼsirchanligini oshirish, koʻlami va miqyosini yanada kengaytirish, mamlakat aholisi, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirishning yagona tizimini yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish;

oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash;

targʻibot-tashviqot va tarbiya yoʻnalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha boʻyicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish;

el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

aholining Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanish madaniyatini oshirish, gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish;

madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va sanʼatning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida maʼnaviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish;

geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam oʻrganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali gʻoyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

2. Quyidagilar Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) qoʻshimcha vazifalari etib belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

a) davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻnalishida:

mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va ishchi (ekspert) guruhlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid boʻlgan zararli gʻoyalar va maʼnaviy tahdidlarning mohiyatini va aholining turli qatlamlariga taʼsirini oʻrganib borish;

yoshlarimiz ongiga salbiy taʼsir etuvchi, ularni gʻoyaviy jihatdan qaram etishga yoʻnaltirilgan harakatlarga qarshi samarali kurash olib borish hamda irodali, fidoyi, vatanparvar va oʻz mustaqil fikriga ega avlodni tarbiyalash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish;

davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, keng koʻlamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha davlat va jamoat tashkilotlari uchun tegishli tavsiya va takliflar tayyorlash;

b) ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida:

maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirishning samarali va taʼsirchan targʻibot texnologiyalari hamda usullarini ishlab chiqish;

maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni tashkil etishga doir xorijiy tajribani oʻrganish, shuningdek, bugungi mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash;

maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tizimi, mahalla va boshqa tuzilmalar kesimida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning monitoringini olib borish, aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha ilmiy asoslangan tarbiya texnologiyalari, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

maʼnaviy tarbiya va ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish, ularning natijalari amaliyotga tatbiq qilinishini muvofiqlashtirish;

v) targʻibot-tashviqot yoʻnalishida:

ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan milliy gʻoya targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;

sohalar va hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, aniq maqsadga yoʻnaltirilgan targʻibot-tashviqot dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

aholi, ayniqsa, yoshlarni islom dini va falsafasiga, boshqa diniy konfessiyalarga nisbatan hurmat-ehtirom va bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, millatlararo totuvlik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish.

3. Markazning maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijtimoiy mavzulardagi dolzarb maqolalar, jamoatchilik vakillarining ilgʻor fikrlari, shuningdek, mafkuraviy jarayonlar tahlili, sohaga oid yangiliklarni toʻplash, tayyorlash va tarqatish maqsadida “oyina.uz” elektron portalini tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.

Portal faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun Markazga qoʻshimcha 15 ta shtat birligi ajratilsin va uning tuzilmasida Raqamli targʻibot boʻlimi tashkil etilsin.

Markaz Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda portalni ishga tushirish choralarini koʻrsin.

4. Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlariga qoʻshimcha 2 tadan, tuman (shahar) boʻlinmalariga aholi soni 200 mingdan ortiq boʻlganda 2 tadan, 200 mingdan kam boʻlgan taqdirda esa 1 tadan qoʻshimcha shtat birliklari ajratilsin.

Belgilansinki, mazkur shtat birliklari mahalliy budjet hisobidan moliyalashtiriladi.

5. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining:

“Maʼnaviyat targʻibotchisi” taʼlim muassasasi negizida Markaz huzurida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutini tashkil etish;

“Tafakkur” va “Maʼnaviy hayot” jurnallari hamda “Maʼnaviyat” nashriyotini Markaz tasarrufiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

“Maʼnaviyat” nashriyoti faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi hisobidan bir oy muddatda 1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilsin.

6. Quyidagilar:

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari namunaviy tuzilmalari 4-ilovaga muvofiq;

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tuman (shahar) boʻlinmalarining namunaviy tuzilmalari 5-ilovaga muvofiq;

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)

7. Taʼlim tashkilotlarida madaniy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha quyidagi tartib joriy etilsinki, unga koʻra:

har bir umumtaʼlim muassasasida joriy etilgan ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimini moliyalashtirish uchun 2021-yil 1-apreldan boshlab davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 0,5 shtat birligi ajratiladi hamda uning ish haqi miqdori umumtaʼlim muassasasi oliy maʼlumotli oʻqituvchisi uchun oʻrnatilgan bazaviy tarif stavkasi miqdorida belgilanadi;

davlat oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallarida, talabalar sonidan qatʼi nazar, yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor (direktorning birinchi oʻrinbosari) lavozimi joriy etiladi. Bunda, oliy taʼlim muassasalarida mavjud yoshlar bilan ishlash boʻyicha birinchi prorektor (direktorning birinchi oʻrinbosari) lavozimi qisqartiriladi.

(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)

8. Markaz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hududlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida maʼnaviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2021 — 2023-yillarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini barpo etishning manzilli roʻyxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur maskanlar yangi qurilishlar orqali yoki boʻsh turgan binolarda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan tashkil etilishi belgilansin.

9. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tizimining tegishli taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalariga bakalavriat bosqichida “Maʼnaviyatshunoslik”, magistratura bosqichida “Kasbiy maʼnaviyat” fanlari kiritilishini hamda magistratura taʼlim bosqichida “PR-menejer” mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanishini yoʻlga qoʻysin.

10. Innovatsion rivojlanish vazirligi Markaz bilan birgalikda ikki oy muddatda milliy gʻoya targʻiboti va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yoʻnalishida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi doirasida maqsadli fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni shakllantirsin va belgilangan tartibda moliyalashtirsin.

13. Toshkent shahar hokimligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, “Maʼnaviy hayot” va “Tafakkur” jurnallari tahririyatini joylashtirish uchun bino ajratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 8-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 9-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

16. Markaz Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etish, uning ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirishga shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari D.M. Kenjayev belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 26-mart,

PQ-5040-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qaroriga1-ILOVA

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining

Izoh: Respublika kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qaroriga2-ILOVA

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qaroriga3-ILOVA

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 75 nafar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qaroriga4-ILOVA

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari

Hududiy boʻlimlar xodimlarining cheklangan soni — 80 nafar.

* yetakchi mutaxassis lavozimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar boʻlimlarida joriy etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qaroriga5-ILOVA

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tuman (shahar) boʻlinmalari

*aholi soni 200 mingdan oshgan tuman (shahar) boʻlinmalarida joriy etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qaroriga6-ILOVA

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qaroriga7-ILOVA

2021 — 2023-yillarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini barpo etishning manzilli

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qaroriga8-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi PQ-3160-son qarori 7-bandining toʻrtinchi xatboshisidagi “Markaz xodimlariga” soʻzlari “Markaz, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari xodimlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi “Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3775-son qarori 10-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“oliy taʼlim muassasalarining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalariga yuklanadi”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4884-son qarori 11-bandida:

uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;

uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2021-yilda tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari xodimlari yillik ish haqi fondining 25 foiziga, 2022-yildan boshlab esa — 50 foiziga teng miqdordagi mablagʻlar”;

beshinchi xatboshidan “b) umumtaʼlim muassasalari direktorlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun” soʻzlari chiqarib tashlansin;

quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Xalq taʼlimi xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi xodimlari, jumladan metodistlari hamda umumtaʼlim muassasalari direktorlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash tadbirlariga yoʻnaltiriladi”.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qaroriga9-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi PQ-3160-son qarori 5-bandi va qarorga 1 — 4-ilovalar.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4307-son qarori 3 va 10-bandlari hamda qarorga 2-ilova.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.