PQ-5088-son Qaror · 21.04.2021

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5088
  • Qabul qilingan sana:21.04.2021
  • Kuchga kirgan sana:22.04.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5088/0368

Yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslari, startap-loyihalari va amaliy tadqiqotlari natijalarini roʻyobga chiqarilishiga koʻmaklashish, yosh tadbirkorlik subyektlarining sanoat va xizmat koʻrsatish sohalaridagi loyihalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Yoshlar ishlari agentligining 1-ilovaga muvofiq roʻyxatda koʻrsatilgan hududlarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini (keyingi oʻrinlarda — Yoshlar sanoat zonalari) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Tashkil etilayotgan Yoshlar sanoat zonalarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishlari uchun Yoshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish maydonlari taqdim etish orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish;

yoshlarga ularning sanoat va xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi loyihalari, tashabbuslari va gʻoyalari amalga oshirilishida koʻmaklashish va qulay shart-sharoitlar yaratish;

“startaplar” tashkil etish maqsadida biznes-inkubator vazifalarini amalga oshirish, yosh tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini barqaror rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirish;

yoshlarga oʻz innovatsion ishlanmalarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish va natijalarini tijoratlashtirish, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish borasida amaliy yordam koʻrsatish;

band boʻlmagan, shu jumladan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan taʼminlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish.

3. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Voitov) vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda:

2-ilovada keltirilgan roʻyxatdagi 77 ta Yoshlar sanoat zonalari — 2021-yil 1-sentabrgacha;

qolgan barcha Yoshlar sanoat zonalari — 2022-yil 1-yanvargacha toʻliq ishga tushirilishini taʼminlasin.

4. Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlashning manzilli dasturi (keyingi oʻrinlarda — Manzilli dastur) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.

Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan 100 million AQSH dollari;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va xususiy moliya kompaniyalarining qarzlari;

Jamgʻarmaning boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan va importning oʻrnini bosuvchi, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda xizmatlar koʻrsatish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish (bundan savdo, vositachilik, bino va inshootlar qurish sohasidagi loyihalar, shuningdek, davlat korxonalari va ustav jamgʻarmasida davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar, aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchilar hamda aylanma mablagʻlarni toʻldirish holatlari mustasno);

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 06/23/111/0509-son)

meva-sabzavot va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, toʻqimachilik, poyabzal va charm-galantereya, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, zamonaviy qurilish materiallari, hunarmandchilik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish va boshqa yoʻnalishlarda yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish;

mahalliy xom ashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish hamda yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yoʻnaltirish boʻyicha startap-loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov asosida 1 milliard soʻmgacha boʻlgan grantlar ajratish.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)

7. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Jamgʻarmaga 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻning 50 foizi ikki oy muddatda boshlangʻich kapitalni shakllantirish uchun, qolgan 50 foizi olti oy muddatda ajratilishini taʼminlasin.

8. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha taklif kiritsin.

9. Belgilansinki:

a) Manzilli dasturda nazarda tutilgan ishlar 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan mablagʻlar, shuningdek, mahalliy budjet va taʼminotchi tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

b) Yoshlar sanoat zonalari muhandislik-texnik kommunikatsiyalari mavjud boʻlgan yoki oʻtkazish oson boʻlgan, faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer maydonlarida tashkil etiladi;

v) Yoshlar sanoat zonalariga joylashtirish uchun investitsiya loyihalari tuman (shahar) hokimlari rahbarligida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan tanlab olinadi;

g) Yoshlar sanoat zonalari hududida yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali ajratiladi. Bunda, boʻsh bino va inshootlar (davlat koʻchmas mulk obyektlari) shartnoma asosida har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun belgilanadigan ijara toʻlovining eng kam miqdoridan oshmagan stavkalarida ijaraga beriladi;

(9-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son — 2021-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)

d) patent asosida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni taʼminlovchi startap-investitsiya loyihalari, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga moʻljallangan investitsiya loyihalari, shuningdek, import oʻrnini bosadigan va eksportga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda yaratiladigan yangi ish oʻrinlarining kamida 70 foizi yoshlar uchun moʻljallangan, shu jumladan bandligi taʼminlanmagan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan taʼminlash nazarda tutilgan investitsiya loyihalari Yoshlar sanoat zonalari hududida joylashtirilishida ustuvorlikka ega boʻladi;

e) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida:

moliyaviy resurslar tijorat banklari tomonidan bir yosh tadbirkorlik subyekti uchun bir yoʻla 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda 7 yilgacha muddat bilan taqdim etiladi;

Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining qaroriga asosan moliyaviy resurslar tijorat banklari tomonidan bir yosh tadbirkorlik subyekti uchun bir yoʻla 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan yuqori va 500 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda 7 yilgacha muddat bilan taqdim etiladi;

(9-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-97-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2022-y., 06/22/97/0275-son)

qiymati 500 ming AQSH dollari ekvivalentigacha boʻlgan investitsiya loyihalari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi, undan oshgan qismi esa ushbu qarorda nazarda tutilgan imtiyozlarsiz, tijorat banklari orqali umumiy tartibda taqdim etiladi;

(9-band “e” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-97-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2022-y., 06/22/97/0275-son)

tijorat banklariga investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun moliyaviy resurslar Jamgʻarmaning mavjud mablagʻlari doirasida, milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha yillik 10 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlar boʻyicha yillik 2 foiz stavkalari bilan taqdim etiladi;

tijorat banklari milliy valyutadagi kreditlarni oʻz marjasi miqdorini 4 foizdan oshirmasdan yillik 14 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlarni — oʻz marjasi miqdorini 1 foizdan oshirmasdan yillik foiz stavkasini 3 foiz miqdorida belgilagan holda ajratadi;

tijorat banklari ajratilgan moliyaviy resurslarning maqsadli foydalanilishi va toʻliq qaytarilishini doimiy monitoring qilib boradi;

j) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tijorat banklariga Yoshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish uchun binolar qurish maqsadlariga moliyaviy resurslar Jamgʻarmaning moliyaviy koʻrsatkichlari va uning resurs bazasidan kelib chiqqan holda beriladi, shu jumladan:

Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tijorat banklariga yosh tadbirkorlik subyektlari uchun bino qurishga beriladigan moliyaviy resurslar milliy valyutada yillik 10 foiz stavkasi miqdorida belgilangan holda taqdim qilinadi;

tijorat banklari tomonidan yosh tadbirkorlik subyektlariga binolarni lizing asosida berish milliy valyutada yillik 14 foiz stavkasini qoʻllagan holda amalga oshiriladi.

Bunda, yosh tadbirkorlik subyekti boshlangʻich toʻlov sifatida lizingga beriladigan bino qiymatining 10 foizini tashkil qiluvchi qismini toʻlaydi.

10. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yil 31-dekabrga qadar Yoshlar sanoat zonalari hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining taʼminoti bilan bogʻliq quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi:

(10-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

b) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ziyod boʻlgan sugʻurta tashkilotlari tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarning 50 foizigacha miqdorida, biroq 2,5 mlrd soʻmdan oshmagan miqdorda, yillik 2 foiz stavkasida sugʻurta polisini taqdim etadi.

(10-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PF-233-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 06/22/233/0915-son)

Ushbu bandda nazarda tutilgan tartib soliqlar hamda oldingi tuzilgan kredit shartnomalari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorligi mavjud boʻlgan yosh tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etilmaydi.

11. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hamda Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin.

12. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda yosh tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini tanlab olish, amalga oshirishni moliyalashtirishni tashkillashtirish va yer maydonlarini ajratish jarayonlarining avtomatlashtirilishini taʼminlash maqsadida tegishli veb-sayt ishlab chiqilishi va joriy etilishini taʼminlasin.

13. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Yoshlar sanoat zonalarini tashkil qilish, rivojlantirish va faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilansin, uning hududiy boshqarmalari zimmasiga joylarda Yoshlar sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish vazifasi yuklatilsin.

14. Quyidagilar:

Bosh vazirning oʻrinbosari S.U. Umurzakovga — vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Yoshlar sanoat zonalari rivojlanishi va samarali faoliyat yuritishi, shuningdek, ularning hududida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish hamda Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish bilan bogʻliq jarayonlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlariga — ishchi guruhlari tomonidan Yoshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini amalga oshirish uchun investitsiya buyurtmanomalarining oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi, yosh tadbirkorlik subyektlariga yer maydonlari va boʻsh binolar oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlash hamda investitsiya loyihalarini Yoshlar sanoat zonalari hududida joylashtirish boʻyicha qarorlarni oʻz vaqtida qabul qilish;

energetika vaziri A.S. Sultanovga, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatovga, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikovga, transport vaziri I.R. Maxkamovga — Yoshlar sanoat zonalari hududidagi investitsiya loyihalarining obyektlari foydalanishga topshirilgunga qadar zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini hamda mavjud resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, ularga talab etiladigan ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi yetkazib berilishini taʼminlash;

iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari A.M. Boboyevga — Manzilli dasturda belgilangan mablagʻlarning oʻz vaqtida va toʻliq hajmda ajratilishi ustidan nazorat qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

15. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har chorakda Yoshlar sanoat zonalarini tashkil qilish hamda Jamgʻarma mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga hisobot kiritsin.

16. Vazirlar Mahkamasi har chorakda yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida tanqidiy muhokama qilsin hamda oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga nisbatan tegishli choralarni koʻrsin.

17. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B. Voitov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 21-aprel,

PQ-5088-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5088-son qaroriga 1-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil qilinadigan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari

* Toshkent viloyatining Boʻstonliq va Qibray tumanlari, Fargʻona viloyatining Buvayda tumani hamda Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek, Mirobod va Shayxontohur tumanlari, Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari boʻsh yer maydonlari toʻliq xatlovdan oʻtkazilgandan soʻng, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda viloyatlar hokimlarining qarorlariga asosan tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5088-son qaroriga 2-ILOVA

2021-yil 1-sentabrga qadar ishga tushirilishi lozim boʻlgan 77 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5088-son qaroriga 3-ILOVA

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlashning manzilli

* Infratuzilma obyektlarining quvvati va xarajatlarning yakuniy miqdori loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi va tasdiqlanishi natijasida aniqlanadi.

Ushbu dastur bilan tasdiqlangan barcha tadbirlarning ijro muddati etib 2021-yil 1-sentabr belgilangan.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.