PQ-5081-son Qaror · 20.04.2021

Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5081
  • Qabul qilingan sana:20.04.2021
  • Kuchga kirgan sana:21.04.2021
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5081/0360

Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt oʻlimiga, mislsiz yoʻqotishlar va talafotlarga sababchi boʻlgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirgʻinlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi.

Koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga ulkan hissa qoʻshdi. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortigʻi qahramonlarcha halok boʻldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim taʼminot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan Oʻzbekistonga koʻchirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh goʻdaklarni bagʻriga olib, ogʻir damlarda ularga beqiyos gʻamxoʻrlik koʻrsatdi.

Xalqimizning tarix sahifalariga oʻchmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, oliyjanobligi, mehr-muruvvati va yuksak maʼnaviyati barchamizning qalblarimizga cheksiz gʻurur-iftixor bagʻishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.

Shuning uchun bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini eʼzozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qoʻyish yurtimizda ezgu anʼanaga aylangan.

Mamlakatimizda 9-may umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, oramizdagi barcha faxriylarga hurmat-ehtirom koʻrsatish maqsadida:

1. Quyidagilar:

9-may — Xotira va qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

9-may — Xotira va qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Ishchi guruh (A. Aripov):

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning “Xotira bor ekan — millat barhayot”, “Eʼtibor va gʻamxoʻrlik — insoniy burch” shiorlari ostida yuqori saviyada oʻtkazilishini taʼminlasin;

yolgʻiz va kam taʼminlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xoʻjaliklarini taʼmirlash, obodonlashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar hamda harbiy qismlar rahbarlari tomonidan ushbu toifadagi shaxslarni qutlash uchun ularning yashash joyiga tashriflarini tashkil etsin;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat koʻrsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmatini yoʻlga qoʻysin;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining istaklari asosida ularni respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yuborilishini taʼminlasin.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

viloyatlar, shaharlar va tumanlarda bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;

Toshkent shahrida “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida, viloyatlarda “Vatanparvarlar” bogʻlari va boshqa belgilangan joylarda harbiy texnikalar namoyishi, Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasini, jumladan urush yillarining qoʻshiq va kuylari hamda tegishli sharoitlar yaratish bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etsin;

koʻchalar va maydonlar bayramga bagʻishlangan plakatlar va stendlar bilan bezatilishini taʼminlasin.

4. Belgilansinki, bayram tadbirlari hamda mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari vakillarining Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan asosiy marosimlarga temir yoʻl yoki avtomobil transportida kelib-ketishi, mehmonxonalarda joylashishi, ovqatlanishi, madaniy hordiq chiqarishi bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, zarur hollarda, tegishli kiyim-kechaklar bilan taʼminlanishi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

5. Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 2021-yil 9-may soat 21.00 da Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram salyutini tashkil qilsin.

6. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tantanali tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlasin.

7. Xotira va qadrlash kuni bayramini nishonlash bilan bogʻliq barcha ommaviy tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining tavsiyalari asosida amalga oshirilsin.

8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 20-aprel,

PQ-5081-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi PQ-5081-son qaroriga1-ILOVA

9-may — Xotira va qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi PQ-5081-son qaroriga2-ILOVA

9-may — Xotira va qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.