PQ-5110-son Qaror · 10.05.2021

Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5110
  • Qabul qilingan sana:10.05.2021
  • Kuchga kirgan sana:10.05.2021
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5110/0445

Bugungi kunda maʼnaviy qadriyatlarimizning jamiyat hayotidagi oʻrni va ahamiyatini yanada oshirish, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼrifiy merosida ulugʻlangan, xalqimiz tomonidan asrlar davomida eʼzozlab kelinayotgan insonparvarlik, shukronalik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat va saxovat tuygʻularini kuchaytirish hamda muborak Ramazon hayitini munosib nishonlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2021-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 13-may — payshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2021-yil 13-may Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “2021-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF-6122-son Farmoniga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-6222-son Farmoni bilan 2021-yil 14-15-may kunlari qoʻshimcha dam olish kunlari sifatida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon hayitining karantin talablariga muvofiq, xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 10-may,

PQ-5110-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.