PQ-1709-son Qaror · 16.02.2012

“Elektr energiyasini taqsimlashda yoʻqotishlarni kamaytirish, shuningdek, Navoiy viloyatida elektr energiyasini nazorat qilish va hisoblashn ing avtomatlashtirilgan tizimi hamda billing tizimini joriy etish boʻyicha bosh reja” loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-1709
  • Qabul qilingan sana:16.02.2012
  • Kuchga kirgan sana:16.02.2012
  • Holati:Amalda

Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish tizimini takomillashtirish, elektr energiyasini taqsimlashda yoʻqotishlarni kamaytirish va avtomatlashtirilgan oʻlchash tizimini joriy etish maqsadida:

1. Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan, Koreya Respublikasi hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi hukumati oʻrtasida imzolangan hukumatlararo bitim doirasida “Elektr energiyasini taqsimlashda yoʻqotishlarni kamaytirish, shuningdek, Navoiy viloyatida elektr energiyasini nazorat qilish va hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimi hamda billing tizimini joriy etish boʻyicha bosh reja” loyihasini amalga oshirish uchun 2,5 million AQSH dollari miqdorida grant mablagʻlari ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

“Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston tomonidan “Elektr energiyasini taqsimlashda yoʻqotishlarni kamaytirish, shuningdek, Navoiy viloyatida elektr energiyasini nazorat qilish va hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimi hamda billing tizimini joriy etish boʻyicha bosh reja “ loyihasini amalga oshirish uchun masʼul ijro etuvchi organ sifatida;

Koreya Respublikasi Hukumati granti mablagʻlari hisobidan hisob-kitoblar boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiruvchi xizmat koʻrsatuvchi bank Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hisoblanadi.

3. “Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi:

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda Koreya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda Koreya Respublikasi Hukumati grantini olishning barcha zarur tartib-qoidalarini amalga oshirsin;

bir oy muddatda loyihani amalga oshirish rejasini har chorakda uning amaliy ijro holatini koʻrib chiqqan holda ishlab chiqsin;

Koreya Respublikasi hukumati grant mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishi, shuningdek, mazkur loyiha doirasida yetkazib berilayotgan asbob-uskunalar va materiallar xavfsizligi ustidan monitoring va nazoratni amalga oshirsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasining soʻroviga koʻra, mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari belgilangan tartibda, konsullik yoki boshqa yigʻimlarsiz rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasining talabiga binoan koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, vaqtinchalik propiska qilish va vaqtinchalik propiskaning muddatini uzaytirishni koʻrsatilgan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasida davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda taʼminlasin.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari G.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2012-yil 16-fevral,

PQ-1709-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.